Bog'liq 5-y-Xalqaro-turizm.-Darslik.Mamatqulov-X.M-va-bosh.-S-2008
Kompaniya zimmasiga yuklatilgan vazifalarga muvofiq quyidagi funksiyalarni bajaradi:
O‘zbekiston Respublikasida turizmni rivojlantirishga qaratilgan asosiy strategik yo‘nalishlarni ishlab chiqadi;
Turizmni rivojlantirish bo‘yicha ishlab chiqiladigan huquqiy-normativ hujjatlarni tayyorlashda ishtirok etadi;
Turistik faoliyatni litsenziyalash bo‘yicha ishchi organ funksiyasini bajaradi;
«Turizm to‘g‘risida»gi qonunga binoan turistik xizmatlarni sertifikatlashtirishni o‘tkazadi;
Turizm sohasida statistik hisob-kitoblarni yuritishni takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqadi;
Turizm sohasida marketing tadqiqotlarini tashkil qiladi;
Respublikada turizmni rivojlantirish prognozlari va asosiy tendensiyalarini belgilaydi, taxliliy ishlar olib boradi;
Turizmni rivojlantirish bo‘yicha hududiy va sohaviy dasturlarni tayyorlaydi, uni maqsadli bajarilishini koordinatsiyalashni tashkil qiladi va takliflar tayyorlaydi;
Turistik xizmatlarni amalga oshirilishini ta’minlash bo‘yicha reklamaaxborot faoliyatni yo‘lga qo‘yadi;
O‘zbekiston Respublikasida xorijiy davlatlar milliy turistik ma’muriyatlari va ularning vakillari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yadi;
BTT va boshqa turizm bilan bog‘liq xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni ta’minlaydi, ularda respublika manfaatlarini ifoda etadi; Turistik industriya taraqqiyotiga investitsiyalarni jalb etish bo‘yicha ishlarda ishtirok etadi;
Turistik infratuzilmalarni rivojlantirish sohasida investitsion loyihalarni ishlab chiqadi;
Tashqi bozorda O‘zbekiston Respublikasi manfaatlariga amal qilinishini tahlil etadi va turistik sohada shu asosda salbiy nuqsonlarni tugatish bo‘yicha takliflar tayyorlaydi;
Turistik sohaga kadrlar tayyorlash bo‘yicha xalqaro dasturini amalga oshiradi.
O‘zbekistonda turizm taraqqiyotini jahon standartlari darajasiga ko‘tarish «O‘zbekturizm» milliy kompaniyasining muhim vazifalardandir. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmoni bilan arxitektura yodgorliklarini o‘rganish va restovratsiya qilish bo‘yicha kata ishlar qilindi. Kichik shaharlarda, aholi punktlarida Buyuk ipak yo‘li bo‘ylab joylashgan o‘tmish me’moriy yodgorliklarini restavratsiya qilish bo‘yicha «Meros» dasturi ishlab chiqildi. Savdo iqtisodiy – madaniy aloqalar bo‘yicha bir paytlar boy berilgan imkoniyat va shuhratni qayta tiklash uchun zamonaviy yo‘lda katta ishlar qilinmoqda. Mustaqil davlatimizda aholining faol dam olishi, an’anaviy sayohatlarni jahon turizmi taraqqiyoti darajasiga tashkil etish tiklanayapti. O‘tmish madaniyatimiz yutuqlariga yangicha munosabat shakllanayapti. Qo‘shni davlatlar yutuqlariga e’tibor oshayapti. Xalqimizga xos bo‘lgan tinchliksevarlik, mehmonnovozlik, yaxshilik va ma’naviyat singari fazilatlar yuksak darajaga ko‘tarilmoqda.
O‘zbek xalqining dunyo sivilizatsiyasi, madaniyati va ilm-faniga qo‘shgan buyuk hissasi u 1993 yilda oktyabrda a’zo bo‘lgan nufuzli xalqaro tashkilot YUNESKO tomonidan e’tirof etildi. Bu tashkilot xalqlar o‘rtasida ta’lim, fan va madaniyat sohalarida hamkorlikni rivojlantirish maqsadida ulug‘ ajdodlarimiz Abu Rayhon Beruniy, Ibn Sinoning 1000 yillik, al-Xorazmiyning 1200, Samarqand shahrining 2750, Qarshi shahrining 2700 yilligi, Toshkent, Marg‘ilon shaharlarining 2000 yillik yubileylarini o‘tkazish tashabbuskori va tashkilotchisi bo‘ldi.
Ulug‘ munajjim va davlat arbobi Mirzo Ulug‘bekning YUNESKOni
Parijdagi shtab-kvartirasida 1994 yilda 600 yilligini keng nishonlanishi hamkorlikda yangi shonli sahifalar ochdi. YUNESKO Bosh assambleyasining 28-sessiyasida O‘zbekiston delegatsiyasining dunyo sivilizatsiyasi taraqqiyotiga buyuk hissa qo‘shgan, Yevropani vayronaga aylanishidan saqlab qolgan, Buyuk ipak yo‘li orqali jahon savdo-iqtisodiy, madaniy aloqalarini rivojlanishida katta xizmat qilgan buyuk bobomiz Amir Temurning 660 yilligi, Buyuk ipak yo‘lida yirik markazlar bo‘lgan
Buxoro, Xiva shaharlarining 2500 yillik yubileylarini o‘tkazish, Orol dengizi muammolarini hal etishga jahon jamoatchiligi e’tiborini tortish to‘g‘risidagi konstruktiv takliflari va tadbirlari ma’qullandi. Shu munosabat bilan Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun YUNESKO maxsus «Ipak yo‘li-muloqotlar yo‘li» dasturini ishlab chiqdi.
Amir Temurning 660 yillik yubileyi Sohibqironning ona shahri Shahrisabzda, temuriylar poytaxti Samarqandda, Temurning bolaligi, o‘spirinligi, buyuk faoliyati bilan bog‘liq shaharlar, qo‘rg‘onlarda Temur davri o‘rta asr me’morchiligi noyob namunalari - obidalar, qadamjolarda ta’mirlash, obodonlashtirish ishlari olib borildi. Prezident farmoni bilan ulug‘ sarkarda hayot paytida bo‘lgan joylarda unga xaykallar o‘rnatildi, muzeylar tashkil etildi.
Ilmiy tadqiqot va ta’mirlash harakteridagi kata hajmdagi ishlar Buxoroi sharifning 2500 yillik yubeleyi munosabati bilan bajarildi. Islomgacha, undan oldingi o‘rta asrlarga va zamonimizga tegishli me’moriy- madaniy inshoatlar, savdo tizimlari ta’mirlandi.
Tiklash ishlari qadimgi Xorazmning poytaxti Xivadagi Ichon qa’la va Tashan qa’lada ham olib borildi. Ganch, yog‘och o‘ymakorligi yodgorliklari bilan dong taratgan yubilyar shahar va hudud qiyofasi qayta jonlandi.
Samarqand, Buxoro, Xiva, Qo‘qon shaharlarining qadimgi va o‘rta asrlarga doir noyob madaniy yodgorliklarini tiklash bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi va BMT hamkorligida qo‘shma faoliyat keng dasturi ishlab chiqildi va tasdiqlandi. Respublika turistik markazlarida ko‘rsatiladigan noyob ob’ektlar aniqlanib ta’mirlash ishlari rejalari tuzildi va tasdiqlandi. Mahalliy restavratorlarni va mutaxassislarni tayorlash bo‘yicha xorijiy investorlar bilan shartnomalar tuzildi. Turistik korxonalar komplekslari moddiy bazasini yaratish va rivojlantirishga qo‘yiladigan mablag‘lar hajmi belgilandi.