(Н. Ф. Крахотин “O’zbekistonda asalarichilik”, “Mehnat” Tosh-1991.)
Asalarilar. Asalarichilik bilan qadimdan shug’ullanib kelganlar. Yaqinda qadimgi Misrda arxeologlar tomonidan o’tkazilgan qidirishlar vaqtida topilgan sopol idishlarda qurib qolgan asal va mum qoldiqlari borligi aniqlangan. Bu idishlar fir’avnlarning 15 dinastiyasiga tug’ri kelib, bundan 3000 yillar ilgari ham kishilar asalarichilik bilan shug’ullanganliklaridan dalolat beradi. Bundan tashqari, kishilar asalning davolash xususiyatini ham yaxshi bilganlar.
Eramizdan oldingi 323- yilda Hindistonda mashhur sarkarda Aleksandr Makedonskiy vafot etadi. Uning jasadi bir necha ming kilometr masofaga (o’sha zamon transportida) Grestiyaga keltiriladi. Bunda jasad butunlay buzilmagan holda keltirilgan bo’ladi, chunki, murda butunlay asal bilan shuvalgan va u chirituvchi bakteriyalarni o’ldirish xususiyatiga ega bo’lgan.
Asalarilar haqida gap ketganda ko’z o’ngimizga asal va uning mumi keladi. Asalarilar ko’pchilik o’simliklarni changlantirib, hosildorligini oshirishda ham katta ro’l o’ynaydi.
Asaldan yaralarni davolashda, har xil kasalliklarda parxez ovqat sifatida, darmonsiz organizmni quvvatlantirishda, ichak va shamollash kasalliklarini davolashda keng foydalaniladi. Asal tarkibida ko’p miqdorda tez hazm bo’luvchi shakar moddasi, vitaminlar bo’lib, oziq moddalarning tez hazm bo’lishiga yordam beradi. Bundan tashqari, asal antibiotik xususiyatiga ega bo’lib, har xil kasallik tarqatuvchi mikroblarni nobud qiladi. Asal uzoq, yillar davomida buzilmasdan saqlanish xususiyatiga ega.
Asalarilar oila bo’lib yashab, har qaysi oilada bitta ona asalari 100—1000 ta erkak ari, 70—100 minglab ishchi asalarilar bo’ladi. Oiladagi asalarilar ma’lum ishlarni bajaradilar. Masalan, urg’ochi va erkak asalari ko’payish, ishchi asalarilar esa (jinsiy organlari rivojlanmagan urg’ochi asalarilar) lichinkani boqish, ovqat tashib kelish uy qurish va uni himoya qilish kabi ishlarni bajaradi. Ona asalari o’rtacha 4—5 yil, erkagi esa bir necha oy, ishchi asalarilar 35—50 kun yashaydi. Ishchi asalarilar halqum bezlarida ishlanib chiqqan maxsus oziq modda «sut» bilan, ona asalari lichinkasini asal bilan boqadi. Qorin bezlarida hosil bo’lgan mumlardan mum kataklar (xonalar, uyalar) quradi, unda lichinka, g’umbak rivojlanadi va asal zapasi saqlanadi.
Ishchi asalarilar guldan chang va nektar yig’adi. Asalarilar gulga qo’nganda butun tanasi gul changiga bulanadi, uchayotganda esa u oyog’i bilan tanasining changini tozalab, panjalari yordamida orqa oyog’ining boldir qismidagi «savatcha»ga yig’adi. Uyaga olib kelingan gulchangi to’kilib usti asal bilan yopiladi va mum bilan shuvab quyiladi. Butun yoz mobaynida bir oila 25—30 kg gulchangi yig’adi. Bir oiladagi asalarilar bir kunda 30—40 mln. Gulni changlan-tirishi aniqlangan, o’rtacha oiladagi asalarilar 1 gektar maydondagi meva daraxtlarini 1,5 soatda changlantira oladi, agar uni qo’l bilan changlantirilganda buning uchun 100 soat vaqt ketgan bo’lar edi. Bunday tashqari, asalarilar har xil gullarga qo’nib, ularni chetdan changlantiradi. Chetdan changlantirilgan gulning meva va urugi sifatli bo’ladi. Asalari o’z xartumida 30—40 mg gacha nektar olib keladi. Bu nektar xartumdan jig’ildonga o’tadi. Unda asalarining so’lagi bilan aralashtirib, shakarga aylantiriladi. Tayyorlangan asal kekirib mumkataklarga chiqariladi.
Har bir asalari oilasi yil davomida 100—120 kg asal to’playdi. Shundan 60—70 kg asalarining o’zi uchun oziq bo’lsa, qolgan 40—50 kg asal esa biz uchun qoladi. Kushandalardan himoyalanish uchun asalarilarda o’tkir nish bo’ladi. U ketingi qorinning uchki qismida joylashgan zaxarli bezlari bilan tutashgandir. Bu bezlarda ishlanib chiqqan asalari zaxarining tarkibi oqsil moddalar va kislotalardan iborat bo’lib, uning rangi va tarkibi ilon zaxariga o’xshab ketadi. Asalari zahari har xil hayvonlarga turlicha ta’sir etadi. Tipratikan, ayiq kabilarga asalari zaxari unchalik ta’sir ko’rsatmaydi. Agar odamni asalari chaqsa, uning nishi va nerv tugunchalari asalari tanasidan ajralib qoladi va asalarining o’zi tezda o’ladi.Asalari zaxaridan ba’zi kasalliklarni davolashda foydalaniladi. Bunda asalari zaxarining konsentratsiyasini kamaytirib yoki undan malham tayyorlab bod va nerv kasallik-larini davolashda, qon bosimini kamaytirishda yoki organizmning umumiy tonu-sini hamda ish qobiliyatini oshirishda foydalaniladi. Ammo asalari zaxaridan vrach maslahati bilan foydalanish kerak, chunki u o’ziga xos xususiyatga ega bo’lib, odamlarga turlicha ta’sir etadi.
Ko’pchilik odamga unchalik ta’sir ko’rsatmasa ham, lekin ba’zi kishilarda esa ich surishi, qusish va hushsiz bo’lib qolishi, biror organga qon quyilishi kabi nohush oqibatlarga olib kelishi mumkin. Hatto juda ko’p asalari chaqqanida odamlarning o’lib qolish hollari ham kuzatilgan. Shuning uchun ko’p asalari chaqishidan saqlanish kerak.
Do'stlaringiz bilan baham: |