Tibbiyotda ijtimoiy psixologik yondashuv muammosi
Oxirgi yillarda ijtimoiy psixologiya bilan odamlarning salomatliklarini muhofaza qiluvchilar, tibbiyot xodimlarini o‘rtasidagi aloqalar ham kuchaymoqda. «Salomatlik psixologiyasi» deb nomlanuvchi bo‘lim paydo bo‘ldiki, u o‘z boshidan turli tangliklarni kechirgan, yolg‘iz va serxavotir odamlarning ruhiy xolatlari, kutishlari va munosabatlarini o‘rganmoqda. Masalan, olimlarning tekshirishlariga ko‘ra, o‘zida depressiya - tanglik xolatini boshidan kechirayotgan odamning o‘zi xaqidagi fikrlari ham salbiy bo‘larkan. Normal odamlarga nisbatan ular tushuntirishlarida o‘zlarini yomon baholab, voqoye-xodisalar orasida ham faqat yomonlarini eslab, kelajakka ishonchlari ham kam bo‘ladi. Ular fikrlashlari odatda depressiv tafakkur deb ataladi. Shunga o‘hshash xolatlar yolg‘iz qolgan odamlar va burli vaziyatlar oqibatida stress xolatiga tushib qolganlarga ham xosdir. Psixologiya bu borada ularga ijtimoiy muhitga aralashish, kutishlar tizimini o‘zgartirish va o‘ziga munosabatni ijobiylashtirish uchun treninglardan o‘tishni tavsiya etadi. Bunda asosan uch tamoyilga bo‘ysunish kerak bo‘ladi:
tashqi xatti-xarakatlardagi o‘zgarishlar ichki dunyo va fikrlashni keltirib chiqaradi;
xulqdagi ijobiy malakalarning paydo bo‘lishi ijobiy tajribaga asos bo‘ladi va bu orqali odamning o‘zini o‘zi idrok qilishi o‘zgaradi, oqibatda negativ fikrlash ham chekinadi;
davolanish maskanlarida sog‘lig‘ini tiklagandan so‘ng agar odam bu xolatni doktorlarning davolash dasturlaridan emas, balki o‘zidagi ichki ruhiy omillar tufayli ro‘y berdi, deb xulosalasa, davolanish samarasi uzoqroqqa cho‘ziladi.
Yuqoridagi fikrlardan kelib chiqib shuni qat’iy ta’kidlash mumkinki, tibbiyot xodimi yoki shifokor albatta psixologiyani yaxshi bilishi, ayniqsa, uning tarmog‘i bo‘lgan ijtimoiy psixologiya asoslarini bilishi zarur. Bu narsa nafaqat kasalliklarning kelib chiqishi, negizi psixogen omillar ta’sirida bo‘lishidan, balki shifokor va kasal odamlarning ham biri o‘ziga xos shaxslar bo‘lib, ular o‘rtasidagi bir-birini idrok qilish, tushunish va ta’sir ko‘rsatishlari turli sharoitlarda turlicha kechishi bilan izohlanadi. Hayotiy kuzatishlar shuni ko‘rsatadiki, malakali shifokorning bir bemor bilan amalga oshirgan muvaffaqiyatli muolajasi, muloqoti tajribasi, boshqa sharoitda boshqa bemorlar bilan samara bermasligi va bu narsa insonning yosh, jins, professional xususiyatlaridan ham kelib chiqadi. Shuning uchun ham oxirgi yillarda masalaning aynan shu psixologik jihatlariga – muomaladagi etika, estetika va xalq mentaliteti xususiyatlari, qadriyatlarga ko‘proq e’tibor berilmoqda. Zero, ayniqsa, asab buzilishlaridan kelib chiqadigan har qanday kasallik, masalan, nevrozlar inson qalbi va uning ruhiy dunyosidagi qarama-qarshiliklar va muammolardan kelib chiqadi.
Shuning uchun ham salomatlik psixologiyasi bevosita hayotga bog‘liq bo‘lgan konkret yo‘nalish sifatida O‘zbekistonda ham o‘z rivojini topayotganligini hayot ko‘rsatib turibdi, masalan, 2005-yilni Prezidentimiz tomonlaridan “Sihat-salomatlik yili” deb e’lon qilinganligi besabab bo‘lmasa kerak, deb o‘ylaymiz.
Amaliyotda faoliyat ko‘rsatayotgan psixolog joylarda uch asosiy funksiyani bajaradi:
Ekspert sifatida, ya’ni, bu shunday shaxski, u kliyent yoki mijoz tomonidan taklif qilinadi. Ular birgalikda biror ijtimoiy-psixologik vaziyatni tahlil qilishadi, xulosalar natijasida yangiliklar kiritishadi, ziddiyatli yoki janjalli vaziyatlarda maqsadga muvofiq to‘g‘ri xulq shaklini taklif etishadi. Demak, ekspert ishining oqibati - xulosa chiqarib, so‘ng tavsiyalar berishdir.
Maslahatchi – ekspertdan farqli, mijoz tomonidan bir martalik emas, balki bir necha marta ayni muammo bo‘yicha maslahat berish va xulosalar chiqarish uchun taklif etiladi. Uning aralashuvi bevosita bo‘lib, faoliyati oqibatida biror shaxs yoki yaxlit jamoaga yordam ko‘rsatiladi, yangi loyihalar qabul qilinadi.
O‘rgatuvchi – odatda buyurtma asosida joylarda o‘quvlar, kurslar tashkil qiladi. Uning asosiy vositasi ijtimoiy-psixologik trening va uning turli ko‘rinishlari bo‘lib, oqibati - ijtimoiy muloqotning turli shakllariga o‘rgatishdir.
Yurtimizda ma’naviyag sohasidagi islohotlar va amalga oshirilgan va oshirilayotgan ishlarning ahamiyati shundaki, ular yoshlarda o‘z xalqining madaniyati, Vatanining o‘tmishi va buguni, milliy qadriyatlarga to‘g‘ri munosabatlarning shakllanishiga sabab bo‘ladi va bu – ziyoli, bilimdon kishilar uchun eng zarur fazilatdir. Aks holda, olam siru asrorlarini chuqur bilgan, qiziqishlari doirasida jiddiy izlanishlar olib borishga tayyor shaxs, agar u, bu bilimlarni avval o‘z xalqi, millati, yaqinlari manfaatiga yo‘naltira olmasa, uning jamiyat taraqqiyotiga aloqasini tasavvur qilolmasa, ma’naviyati qashshoq, iqtidori esa samarasiz, xudbin shaxs sifatida baholanadi.
Amaliy psixologning bu boradagi asosiy vazifasi shuki, Ijtimoiy psixologiya ning faol metodlaridan omilkorona foydalangan holda yoshlarni oilaviy munosabatlarga tayyorlash, oilalarda shaxslararo moslikni shakllantirish, oilaviy ziddiyatlar yechimini topishda odamlarga yordam berish, turli treninglar o‘tkazish va ularning samarasi orqali insonlarda ishonch hissini tarkib toptirishdir.
Do'stlaringiz bilan baham: |