Ta’limda psixologik xizmat ko‘rsatish
Ma’lumki, shaxsning sotsializatsiyasi asosan ta’lim-tarbiya maskanlarida amalga oshadi. Shuning uchun ham ta’im maskanlari orasida: oila, bog‘cha, maktab, litsey, kollej, oliygoh oldiga qo‘yilgan asosiy vazifalardan biri shaxsning kamoloti uchun barcha sharoitlarni yaratish, uning individual va psixologik xususiyatlarini hisobga olgan holda ta’lim va tarbiyaning eng maqbul shakllarini joriy etishdir. Oxirgi yillarda O‘zbekiston Respublikasi ko‘rsatmalariga asosan yoshlarning layoqatlarini ilk yoshligidan aniqlash, ular iqtidorini har taraflama o‘stirish vazifalari shaxsga individual yondashuvning zarurligini, o‘qishning differensial bo‘lishini talab qilmoqda, shunga yarasha maktab va jamoatchilik oldiga qator muammolarni keltirib chiqarmoqda. Testlar vositasida bilimlarni tekshirish, oliy o‘quv yurtlariga va ta’limning barcha tarmoqlariga ham test sinovlari orqali qabulning amalga oshirilishi psixologik xizmatning tezroq yo‘lga qo‘yilishiii talab qilmoqda. Ijtimoiy psixologiya ham davrimizning ta’lim maskanlari oldiga qo‘yayotgan talablari, uning hozirgi kunlarda boshdan kechirayotgan qiyinchiliklarni hisobga olgan holda, o‘z oldiga:
a) ularni anglash;
b) ilmiy analiz qilish;
v) oldini olish yo‘llarini qidirish;
g) yo‘l-yo‘riqlar ko‘rsatish vazifasini qo‘ymoqda.
Bu borada ijtimoiy psixolog nima ishlarni qilishi mumkin?
1. Joylarda tashkil etilgan psixologiya xizmati, avvalo psixologdan o‘sha ta’lim maskani sharoitini har tomonlama, to‘liq o‘rganib chiqishni, har bir yosh xususiyatlariga qarab, individual va guruhda ishlash uslublarini aniqlashi lozim.
2. Psixolog shaxs o‘rtasida uchrab turadigan psixik rivojlanishdan chekinish hollarini to‘liq o‘rganishi, unga sabab bo‘lgan ijtimoiy-psixologik shart-sharoitlarni analiz qilishi lozim.
3. Psixologda turli yoshli shaxs bo‘yicha ularning qobiliyatlari, yo‘nalishi, layoqatlari va kasbga qiziqishiga doir aniq ilmiy analizlar, test natijalari asosida tuzilgan ma’lumotlar blanki bo‘lishi kerak. Bu ma’lumotlarga asoslanib, psixolog xar bir shaxsga alohida-alohida yondashish, ayrimlariga qo‘shimcha darslar tashkil etish shaxsdagi qobiliyatlarni o‘stirish bilan bog‘liq aniq ko‘rsatmalar ishlab chiqmog‘i lozim.
4. Ta’lmi maskanlaridagi alohida sinflardagi ruhiy holatlarni, o‘zaro munosabatlar bilan bog‘liq bo‘lgan psixologik muhitni aniqlashi va rasmiy va norasmiy liderlar o‘rtasidagi munosabatlarni chuqur o‘rganib, ma’muriyatga kerakli yo‘l-yo‘riqlarni berib turishi kerak.
5. Bundan tashqari, psixolog turli mojarolar, ziddiyatlar, tartibbuzarliklarning oldini olish, ularning tabiatini o‘rganish chora-tadbirlari bo‘yicha konsultatsiyalar tashkil etishi kerak. Bunday konsultatsiyalar alohida ota-onalar va pedagoglar jamoasi uchun tashkil qilinadi. Amaliy psixolog faoliyatining yana bir tomoni turli masalalar bo‘yicha o‘qituvchilar jamoasiga konsultatsiya va yordamlar berishdir.
Yuqoridagi vazifalardan kelib chiqib, diagnostik va tuzatish ishlari (har qanday rivojlanish jarayonidagi cheklanishlar, orqada qolish holatlarini aniqlab, chorasini topish, ular oldini olish); psixoprofilaktik ishlar (psixogigiyena, bolaning psixologik jihatdan normal rivojlanishini ta’minlovchi sharoitlar yaratish); psixologik konsultatsiyalar, o‘kituvchilar, ota-onalar va o‘quvchilarning psixologik savodxonligini ko‘tarish; psixolog qo‘llaydigan metodlarni konkret sharoitlarga moslashtirish, ulardan samarali foydalanish, to‘plangan ilmiy ma’lumotlarni sistemali tarzda analiz qilib borish; testlar tuzish, ularning sezgirligini ilmiy asoslash va har bir bola qobiliyatini, qolaversa, o‘qituvchilar bilimdonligini testlar yordamida muntazam tekshirib, ilmiy xulosalar va ko‘rsatmalar tayyorlash kabilardan iboratdir.
O‘ylaymizki, respublikamizda ta’lim maskanlarida psixologik xizmat ko‘rsatish ishlarini takomillashtirish kelajagimiz bo‘lgan bolalarimizni jamiyat oldida turgan ulkan va ulug‘vor ishlarga tayyorlashda o‘zining munosib hissasini qo‘shadi.
Umuman jamiyatning psixologiya fani oldiga qo‘ygan talablari ko‘p. Ularni qondirish uchun jumxuriyatimizda avvalo keng ilmiy-tadqiqot ishlarini rivojlantirish, ularning natijalarini dadil amaliyotga tadbiq qilish davri keldi. Amaliyot bilan nazariya o‘rtasidagi bog‘liqlik har bir ilmiy g‘oyani hayotga tadbiq qilish psixologlar oldida turgan asosiy vazifalardandir.
Do'stlaringiz bilan baham: |