Ogahiy - tarjimonlik maktabi haqida
Shoir, tarjimon, tarixnavis sifatida tanilgan Muhammadrizo Erniyozbek o‘g‘li - Ogahiy o‘zbek adabiyotining yirik siymolaridan biri. Shoir o‘z ijodida insonni, hayot go‘zalliklarini, muhabbat mavzuini to‘lib-toshib taranumm etadi. Mutafakkir o‘z asarlariga ijtimoiy fikrlarni mahorat bilan singdirib yuborgan. Ogahiy dunyoga, insonga tuganmas muhabbat, hayotga cheksiz mehr bilan qaraydi, ijtimoiy jarayonlarga qattiq qiziqadi. Ogahiyning yuksak insonparvarlik ruhi bilan sug‘orilgan g‘oyalari, ayniqsa, Xiva xoni Feruzga bergan siyosiy-ma’rifiy saboqlari o‘z davrida ham bugungi kunda ham o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan. Mutafakkir shoir jamiyatning insonparvarlik imkoniyatlarini oshirishning barcha yo‘llaridan foydalanishga harakat qiladi. Ogahiyning tarixiy asarlari daliliy manbalarning boyligi va ishonchli bo‘lishi bilan ajralib turadi.
Shu bois, adabiy merosimizni o‘rganish, tariximizni xolisona yoritish orqali o‘sib kelayotgan yosh avlodga bu boy xazinaning qadri naqadar ulug‘ligini, undan bahramand bo‘lish, ma’naviy oziq olish muhim vazifalardan biridir.
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi hamda Toshkent davlat Sharqshunoslik universiteti bilan hamkorlikda Adiblar xiyobonida o‘zbek adabiyotining buyuk namoyondasi Muhammadrizo Erniyozbek Ogahiyning hayoti va ijodiga bag‘ishlab “Ogahiy – tarjimonlik maktabi” nomlangan ma’rifiy tadbir o‘tkazildi.
Tadbirda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi mas’ul xodimlari, Toshkent davlat Sharqshunoslik universiteti professor-o‘qituvchilari va talabalari, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Muhammadrizo Erniyozbek o‘g‘li – Ogahiy X1X asr Xorazm adabiy muhitining yirik siymolaridan biri. Ogahiy 1809 yil 17 dekabrda Xiva atrofidagi Qiyot qishlog‘ida dunyoga kelgan. U dastlabki bilimni tog‘asi Munis Xorazmiydan olgan. Ogahiy 1872 yilda “Oshiqlar tumori” nomli devon tuzgan. Madaniyatimizning durdonasi bo‘lgan bu devon o‘zbek mumtoz she’riyatining 22 janrini o‘z ichiga qamrab olgan. Ogahiydan bizga boy ijodiy meros qoldi. O‘zbekistonda ko‘chalar, maktablar, Xorazm viloyati musiqali drama va komediya teatri, istirohat bog‘i va boshqa muassasalarida Ogahiy nomi berilgan. Qiyot qishlog‘ida Ogahiy bog‘i tashkil etilib, shoirning uy-muzeyi, muzey oldida Ogahiyga xaykal o‘rnatilgan.
Tadbirda talabalar tomonidan turli tillarda ulug‘ shoir qalamiga mansub g‘azallaridan namunalar o‘qildi.
Xalqlar o‘rtasida do‘stlik va madaniy aloqalarni mustahkamlashga, o‘zbek adabiyoti xazinasini yangi asarlar bilan boyitgan, serqirra ijodi faqat o‘zbek adabiyotidagina emas, qardosh xalqlar adabiyotiga ham hissa qo‘shgan ulug‘ shoirimizga bag‘ishlangan “Ogahiy– tarjimonlik maktabi” mavzuidagi ma’rifiy tadbir yoshlarimizning Ogahiy asarlarini qiziqib, o‘rganishida yana bir muhim qadam bo‘ldi.
Bugungi kunda O‘zbekistonda tarjima tarixini o‘rganishga qiziqish bor. Xulosa shuki, tarjima turli xalqlar adabiyoti, san’ati, madaniyatini yaqinlashtiradi. Bu esa mustqil O‘zbekistonimizda o‘tkazilayotgan islohatlar talabiga to‘la muvofiqdir.
Foydalangan adabiyotlar:
1. Abdurahmonova N. (2000) Badiiy tarjima programmasi “Filologiya masalalari”, 2000
2. Valiqulov Yu. (2004) Tarjima ijod ko‘prigi. Ma’rifat gazetasi, 2004
3. Xujaev. G. (1995) Badiiy tarjima va milliy kolorit. Maqollar to‘plami, tarjima nazariyasi masalalari, Toshkent 1995 yil.
4. http://diss.natlib.uz
5. http://ziyonet.uz
Do'stlaringiz bilan baham: |