4. Quyidagilar belgilab qo‘yilsin:
O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligiga O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining tavsiyasi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanadigan va undan ozod etiladigan vazir rahbarlik qiladi; O‘zbekiston Respublikasi bandlik va mehnat munosabatlari vazirining o‘rinbosarlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanadi va undan ozod etiladi;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi bandlik va mehnat munosabatlari vazirini lavozimga tayinlash Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi bandlik va mehnat munosabatlari vaziri bilan kelishgan holda amalga oshiriladi; viloyatlar va Toshkent shahar bandlik bosh boshqarmalarining boshliqlarini lavozimga tayinlash O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri tomonidan viloyatlar va Toshkent shahri hokimlari bilan kelishgan holda amalga oshiriladi; tuman (shahar) bandlikka ko‘maklashish markazlari rahbarlarini lavozimga tayinlash Qoraqalpog‘iston Respublikasi bandlik va mehnat munosabatlari vaziri, viloyatlar va Toshkent shahar bandlik bosh boshqarmalari boshliqlari tomonidan tuman va shaharlar hokimlari va O‘zbekiston Respublikasi bandlik va mehnat munosabatlari vaziri bilan kelishgan holda amalga oshiriladi.
5. O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Adliya vazirligi boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga aholining tashqi mehnat migratsiyasini tashkil etish tizimini hamda Aholi tashqi mehnat migratsiyasi agentligi faoliyatini yanada takomillashtirish bo‘yicha aniq takliflar kiritsin.
6. O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Moliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi-ning: 2018-yilning 1-yanvaridan boshlab kasb-hunar kollejlari, akademik litseylar va oliy ta’lim muassasalarining birinchi marta ishga joylashgan bitiruvchilari ish haqidan olingan daromadlaridan yagona ijtimoiy to‘lovning o‘rnatilgan stavkasini, ta’lim muassasasini tamomlagan kundan boshlab uch yildan ortiq vaqt o‘tmaganlik sharti bilan, ularni ishga joylashganliklaridan keyingi bir yil ichida 50 foizga, ikkinchi va uchinchi yil davomida 25 foizga, byudjet tashkilotlari, monopolist tashkilotlar, ustav jamg‘armasida (ustav kapitalida) davlat ulushi 50 foizdan ortiq bo‘lgan tashkilotlarga ishga joylashganlar bundan mustasno bo‘lgan holda, kamaytirish; xodimlarning ish joyi va davlat ijtimoiy sug‘urtasiga to‘lov qilgan davri bo‘yicha ro‘yxatga olishning “elektron mehnat daftari” tizimini joriy etish, 2019-yilning 1-yanvaridan boshlab birinchi marta ishga joylashtirilgan xodimlarga qog‘oz shaklidagi mehnat daftarchalari berilishini to‘xtatish va mehnat daftarchalaridagi yozuvlarni soliq to‘lovchining individual raqami (STIR) va fuqarolarning jamg‘arib boriladigan pensiya to‘lovi bo‘yicha individual raqami (PTIR) asosida, xodimning ish joyi va O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Byudjetdan tashqari pensiya jamg‘armasiga to‘lovlar amalga oshirilgan davri bo‘yicha hisobga olish bilan bosqichma-bosqich almashtirib borish;
2018-yilning 1-yanvaridan boshlab kasb-hunar kollejlari, akademik litseylarning barcha o‘quvchilarini, ularning har biriga soliq to‘lovchining individual raqami berilgan va elektron raqamli imzo (ERI)ni tegishli to‘lovni undirmasdan bergan holda, soliq to‘lovchi sifatida davlat soliq organlarida ro‘yxatga qo‘yish;
2018-yilning 1-iyunidan boshlab nodavlat tashkilotlarga fuqarolarni O‘zbekiston Respublikasi hududida ishga joylashtirish sohasida pullik, ular tomonidan fuqarolarni xorijda ishga joylashtirish faoliyati amalga oshiriladigan hollarda esa O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan beriladigan litsenziya asosida xizmatlar ko‘rsatish huquqini berish;
mikrofirmalar, kichik korxonalar va fermer xo‘jaliklariga, tegishli ta’lim muassasasini tamomlagan davrdan boshlab uch yil ichida birinchi marta ishga kirayotgan oliy va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalarining bitiruvchilari bilan tuziladigan mehnat shartnomalaridan tashqari, xodimlarning roziligini olgan holda, muayyan muddatli mehnat shartnomalari, jumladan, vaqtinchalik bir martalik ishlarni bajarishga (muddatli mehnat shartnomalari) tuzishga ruxsat berish;
tuman (shahar) bandlikka ko‘maklashish markazlarini saqlab turish xarajatlarini, 2018-yilning 1-yanvaridan boshlab O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti hisobidan moliyalashtirish, natijada O‘zbekiston Respublikasi Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasining bo‘shaydigan mablag‘larini ishsizlarni kasb-hunarga tayyorlash va qayta tayyorlashni tashkil etishga, ishsiz fuqarolarni ijtimoiy himoya qilish va mehnat organlarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash bo‘yicha choralarni amalga oshirishga yo‘naltirish;
O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligida ish tashkil etishning barcha davlat xizmatlarini to‘liq hajmda qayta ko‘rib chiqish (reinjiniring), ishga tanlov asosida qabul qilish, “yagona darcha” tamoyilida davlat xizmatlari ko‘rsatish, mehnat organlari tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, mehnatga haq to‘lashning zamonaviy rag‘batlantiruvchi uslublarini qo‘llagan holda, samaradorlikning asosiy ko‘rsatkichlari (KPI) asosida xodimlar mehnatining sifati va samaradorligini baholashning ilg‘or shakllarini joriy etish to‘g‘risidagi takliflariga rozilik berilsin.
7. O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzurida yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lgan Jamoat ishlari jamg‘armasi tashkil etilsin, uning asosiy vazifasi vaqtinchalik band bo‘lmagan aholining yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirishda, yo‘l va uy-joy kommunal infratuzilmasi obyektlarini qurishda, ta’mirlash va rekonstruksiya qilishda, shahar va tumanlarni obodonlashtirishda, mavsumiy qishloq xo‘jaligi ishlarida ishtirok etishini moliyalashtirish hisoblanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Moliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2017-yilning 1-sentabrigacha O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Jamoat ishlari jamg‘armasi faoliyatini, jamg‘arma tuzilmasini tasdiqlash, jamg‘arma mablag‘larini shakllantirish manbalari, shuningdek, mablag‘lardan foydalanish tartibini belgilagan holda, tashkil etish bo‘yicha hukumat qarori loyihasini ishlab chiqsin va Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
8. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Markaziy bank Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi va Iqtisodiyot vazirligi bilan birgalikda, ikki oy muddatda kichik biznes, kasanachilik, yakka tartibdagi va oilaviy tadbirkorlikni, shaxsiy tomorqa xo‘jaligini rivojlantirish asosida bandlikni ta’minlash uchun moliya resurslarini taqdim etish, aholining keng qatlamlariga, birinchi navbatda qishloq joylarda mikromoliyalashtirish xizmatlaridan foydalanishning qulay imkoniyatlarini yaratish borasida “Mikrokreditbank” ATB faoliyatining va barcha bank tizimining samaradorligini tanqidiy tahlil qilish asosida hukumatning tegishli qarori loyihasini ishlab chiqsin va Vazirlar Mahkamasiga kiritsin, unda quyidagilar nazarda tutilsin:
2017-2020-yillarda faoliyatini endi boshlayotgan tadbirkorlar uchun mikromoliyalash xizmatlaridan foydalanish qulayliklarini, yo‘nalish va hajmlarini kengaytirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturini tasdiqlash, unda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sohasida yangi ish o‘rinlari tashkil etishga tijorat banklari tomonidan ajratilayotgan mikrokreditlarning manzilliligini ta’minlashni kuchaytirish, birinchi navbatda kam ta’minlangan oila a’zolarini, ayniqsa shaharlarda, eng avvalo yakka tartibdagi va oilaviy tadbirkorlik sohasiga, kasanachilikka, qishloq joylarda esa shaxsiy tomorqa xo‘jaliklari asosida iqtisodiy faollikka jalb etishga qaratilgan tadbirlar va mexanizmlar ishlab chiqish;
“Mikrokreditbank” ATBning aholi bandligini ta’minlash masalalaridagi rolini tubdan oshirishni ta’minlaydigan bank faoliyati samaradorligini baholashning mezon va ko‘rsatkichlarini ishlab chiqqan holda, uning qo‘shimcha kapitallashuvini oshirish, tuzilmasini, boshqaruv tizimini takomillashtirish va filiallari joylashuvini optimallashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish.
9. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bir hafta muddatda belgilangan tartibda mazkur farmonni amalga oshirish va O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi faoliyatini, uning yangi tuzilmasini tasdiqlagan holda, tashkil etish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori loyihasini kiritsin.
10. O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu farmondan kelib chiqadigan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish yuzasidan takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
11. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 22-fevraldagi “Aholining hojatmand qatlamlarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash hamda tibbiy-ijtimoiy yordam ko‘rsatish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-4782-sonli farmonining 3- va 4-bandlari o‘z kuchini yo‘qotgan, deb hisoblansin.
12. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N.Aripov zimmasiga yuklansin.
Do'stlaringiz bilan baham: |