4.2.Motoo‘qchi (tank) guruhi (seksiya, tank) safar muhofazalanishida
Guruh marshda asosiy (yon, orqa) safar zastavasiga, ba’zan esa qo‘zg‘almas yon zastavasiga yoki asosiy (orqa tomon) dozoriga dushmaning muhofaza qilinayotgan kolonnaga to‘satdan hujum qilishiga yo‘l qo‘ymaslik, kolonnaning jangga kirishi uchun qulay sharoitlarni yaratib berish va unga dushmanning erdagi razvedkasi hamda razvedka-qo‘poruv guruhlarining kirib kelishiga yo‘l qo‘ymaslik vazifasi bilan tayinlanishi mumkin. Guruhga kuchaytirish vositalari biriktirilishi mumkin.
Asosiy (yon, orqa) safar zastavasi (asosiy, orqa tomon dozori) da erdagi va havodagi dushmanni kuzatish tashkil etiladi, dozor guruhi (seksiya, tank) dan signallarni qabul qilish uchun kuzatuvni tayinlanadi va dushman bilan duch kelishga doimo tayyor bo‘lib turiladi.
Safar muhofazalanishiga tayinlangan guruh komandiri olingan vazifalarni aniqlashtirib olishi va vaziyatga baho berishda quyidagilarni amalga oshirishi shart: muhofaza qilinayotgan kolonnaning vazifasini va uni bajarishga tayyor bo‘lish vaqtini aniqlab olish; karta bo‘yicha harakat marshrutini va joyning xususiyatini o‘rganish, dushman bilan duch kelish ehtimoli bo‘lgan joylarni, shuningdek, uning pistirmalari bo‘lishi mumkin bo‘lgan joylarni aniqlash, dozor seksiya va guruhining asosiy kuchlarini dushman bilan duch kelgandagi harakatlari tartibini belgilash; navbatchi o‘t ochish vositalari va kuzatuvchilari tarkibini hamda guruhning marshga tayyorgarlik ko‘rish tartibini belgilash.
O‘zaro hamkorlikdagi harakatni tashkil etishda guruh komandiri quyidagilarni ko‘rsatadi: kuzatuv, aloqa tartibini, dushmanning havodagi nishonlarga qarata o‘t ochish va o‘t ochishni olib borish tartibini; guruh dozor seksiyasi (tank) ning dushman bilan duch kelish ehtimoli bo‘lgan joyni va u bilan duch kelgan paytdagi harakatlarini hamda kuchaytirish vositalarini; niqoblashga rioya qilish va tungi ko‘rish asboblari (yorug‘likni niqoblovchi qurilmalar) dan foydalanish tartibini; xabar berish, boshqaruv va o‘zaro hamkorlikdagi harakat signallarini.
Jangovar buyruqni bergandan va o‘zaro hamkorlikdagi harakatni tashkil etgandan so‘ng guruh komandiri marshni ta’minlash, yuqori darajada aniqlikdagi va yondiruvchi quroldan himoya qilish bo‘yicha ko‘rsatmalar beradi, o‘q-dorilar, yonilg‘i va oziq-ovqatni belgilangan me’yorlarga qadar to‘ldirilishini tashkil etadi, guruhning jangovar vazifani bajarishga shayligini tekshiradi va batalon (vzvod) komandiriga axborot beradi.
Dozor seksiyasi (tank) ning komandiri: karta (chizma) bo‘yicha harakat marshrutini, dushman bilan duch kelish ehtimoli bo‘lgan joyni o‘rganish va seksiya (tank) ning dushman bilan duch kelgan paytdagi harakati va faoliyatining tartibini belgilashini; joyni, erdagi va havodagi dushmanni kuzatish tartibini, shuningdek, dozor seksiyasi (tank) ni yuborgan komandirning signallarini kuzatish va axborot berish tartibini belgilashini; seksiya (tank ekipaji) ga jangovar buyruqni berishini bajarishi shart.
Bosh safar zastavasi (bosh dozor) ga tayinlangan guruh belgilangan vaqtda dastlabki punktdan o‘tadi va ko‘rsatilgan marshrut bo‘yicha belgilangan tezlikda harakat qiladi, guruh komandiri bosh safar zastavasi (bosh dozor) ning kolonnasi boshiga joylashadi, karta bo‘yicha harakat marshrutini, dozor seksiyasi (tank) ning harakatlarini kuzatadi, shaxsan o‘zi dushmanni va joyni kuzatish orqali razvedka olib boradi va muhofazani yuborgan komandirga dushman bilan duch kelish, marshrutdagi to‘siqlar va zaharlangan uchastkalar haqida axborot beradi.
Jarlar, tonnellar, ko‘priklar va boshqa tor joylarni bosh safar zastavasi (bosh dozor) to‘xtamasdan bosib o‘tadi. Buzilgan ko‘priklar, marshning minalashtirilgan yoki zaharlangan uchastkalarini bosh safar zastavasi (bosh dozor, dozor bo‘limi, tank) aylanib o‘tadi va aylanib o‘tish yo‘nalishini ko‘rsatkichlar bilan belgilaydi.
Marshrutning minalashtirilgan uchastkasini aylanib o‘tish mumkin bo‘lmaganda, ular guruh tarkibiga berilgan muhandislik-sapyorlik bo‘linmalarining shaxsiy tarkibi tomonidan o‘t ochishga tayyor turgan piyodalarning jangovar mashinalari (bronetransportyorlar), tanklarning muhofazasi ostida yoki mustaqil ravishda tashib yuriladigan minasizlantirish majmualaridan foydalanib yoki boshqa usulllar bilan minalardan tozalanadi.
Dozor seksiyasi (tank) unga ko‘rsatilgan yo‘nalishda pana joydan pana joyga sakrab tevarak-atrofdagi joyni kuzatgan holda olg‘a siljiydi. Joyning berk uchastkalari, ayrim binolar, o‘rmon chizig‘ining ochiq joylari, dushmanning yashirincha joylashib olishi va kutilmaganda pistirmadan turib hujum qilishi mumkin bo‘lgan daralar hamda tonnellarning kirish joylarini, shuningdek, tor o‘tish joylari va boshqa ob’ektlarni u ko‘rib chiqadi va zarur bo‘lganda belgilangan ogohlantirish belgilarini qo‘yadi. Harakat yo‘lida aniqlangan barcha narsalar va dushman bilan to‘qnashish haqida dozor seksiyasi (tank) komandiri o‘zini jo‘natgan komandirga zudlik bilan axborot beradi.
Dushmanning kichik guruhlarini bosh safar zastavasi (bosh dozor, dozor seksiyasi, tank) odatda, yo‘q qiladi, qurol-yarog‘ namunalarini, topografik kartalarni va boshqa hujjatlarni esa qo‘lga oladi hamda qo‘yilgan vazifani bajarishda davom etadi. Kuch jihatidan ustun bo‘lgan dushman bilan duch kelganda u vaziyatdan kelib chiqqan holda harakat qiladi: qulay pozitsiyadan turib to‘satdan ochilgan o‘t va qat’iy hujum bilan uni yakson qiladi, agar bosh safar zastavasi o‘z kuchlari bilan dushmanni yo‘q qilish imkoniga ega bo‘lmasa, u holda egallab turgan pozitsiyasini mahkam saqlab turadi va qo‘riqlanayotgan kolonnaning asosiy kuchlarini yoyilishi va jangga kirishini ta’minlaydi.
Yon safar zastavasiga tayinlangan guruh qo‘riqlanayotgan kolonna boshi bilan bir darajada, komandir tomonidan belgilangan masofada uzoqlashgan holda ketadi. Qo‘riqlanayotgan kolonnaning yon qanotida paydo bo‘lgan dushmanning mayda guruhlarini yon safar zastavasi yo‘q qiladi va vazifani bajarishda davom etadi. Dushmanning ustun kuchlari hujum qilishi xavfi tug‘ilganda u qulay pozitsiyani egallab oladi va dushmanning qo‘riqlanayotgan yon qanotdan kutilmaganda hujum qilishiga yo‘l qo‘ymaydi.
Orqa safar zastavasiga tayinlangan guruh qo‘riqlanayotgan kolonnaning orqasidan komandir belgilagan oraliq masofani saqlagan holda keladi.
Dushmanning kichik guruhlarini orqa safar zastavasi o‘t ochish pistirmalaridan turib yakson qiladi, dushmanning ustun bo‘lgan kuchlarini qo‘riqlanayotgan kolonnaga chiqishi xavfi tug‘ilganda, u qulay pozitsiyani egallaydi va barcha vositalardan ochilgan o‘t bilan dushmanga shikast etkazadi, uni to‘xtatib qoladi hamda qo‘riqlanayotgan kolonnaga hujum qilishiga yo‘l qo‘ymaydi.
Dushmanning olg‘a siljishini to‘xtatib turish uchun guruh komandiri zastavani yuborgan komandirning buyrug‘i bilan kechuvlar, ko‘prik va yo‘llarning buzib tashlanishini, qulatilgan g‘ovlar va minali-portlovchi to‘siqlarni o‘rnatishni tashkil qiladi.
Manzilda to‘xtash vaqtida va qo‘riqlanayotgan kolonna dam olish uchun joylashganda bosh (yon, orqa) safar zastavasi (bosh, orqa dozor, dozor seksiyasi, tank) qulay pozitsiyani egallab, qo‘riqlash muhofazasi sifatida harakat qilgan holda vazifani bajarishni davom ettiradi. Safar zastavasi (dozor, dozor seksiyasi, tank) qo‘riqlanayotgan kolonna komandirning buyrug‘i (signali) bo‘yicha to‘xtaydi va harakatni qayta davom ettiradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |