15-MAVZU: XARIDLAR. BOSQICHMA-BOSQICH BUYURTMA ASOSIDA ISHLASH TIZIMI
H ozirgi zamon bozorida ishlab chiqaruvchilar, iste’molchilar va mol yetkazib beruvchilarning hech biri yakka holda ish olib borolmaydi. Shuning uchun tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish jarayonida tadbirkor hamkorlari bilan ishbilarmonlik aloqasida bo‘ladi. Hamkor topish uncha murakkab emas, ammo bu yerda shunday savol tug‘iladiki, uni qanday topish va baholash mumkin?
Tadbirkor o‘z faoliyatini boshlash oldidan quyidagilarga e’tibor berishi kerak:
O‘z mijozlari orasida sizning imkoniyatli hamkoringiz qanday mavqega ega?
Bozordagi holatni o‘rganing;
Hamkoringizning tashkiloti hozirgi zamon talabiga mos keladimi?
Debitorlik va kreditorlik holatini tekshiring;
Rahbarning shaxsiy fazilatini tekshiring, qo‘l ostidagi xodimlarga qanday munosabatda bo‘ladi, ularga ishonadimi?
Shuni unutmangki, agar hamkoringiz nobop bo‘lsa, u sizga ko‘p muammo tug‘diradi. Har qanday holatda bo‘lg‘usi hamkor quyidagi talablarga javob berishi lozim:
Katta moliyaviy imkoniyatga ega bo‘lishi;
Bozorni yaxshi bilishi;
Unda siz bilan hamkorlik qilish uchun xohish bo‘lishi.
Ko‘p holatlarda hamkorning yoshini tanlash maqsadga muvofiqdir. Hamkorlar orasidagi munosabat – erkin axborot almashinuvi munosabatlari asosida tashkil etilishi lozim. Ular umumiy muammolarni hal etishda, yangi turdagi tovarlar ishlab chiqarish, yangi loyihani ishga tushirishda hamkorlikda ishtirok etishi zarur.
Hamkorlik turli sohalarda, jumladan, ishlab chiqarish, xizmat ko‘rsatish, savdo sohasida bo‘lishi mumkin.
Ishlab chiqarish sohasidagi hamkorlikning asosiy shakli shartnoma asosida mayda va yirik korxonalar o‘rtasidagi aloqalar hisoblanadi. Bunga yirik korxonalar mayda korxonalarni uzoq muddatli shartnomalar asosida zaruriy manbalar bilan ta’minlab turishi misol bo‘la oladi. Hamkorlar orasida shartnomalar aniq tuziladi. Unda tovar sifati, xizmat ko‘rsatish bahosi, muddati va mol yetkazib berish shartlari aniq ko‘rsatiladi. Bu mayda korxonalar uchun qulay, sababi ularning bozorda mustahkam o‘rin olish imkoniyati past. Bundan tashqari, ayrim murakkab texnologiyaga asoslangan mahsulotni ishlab chiqarish va sotishda katta miqdorda moliya hamda texnik shartlar talab etadigan holatlarda mayda korxonalar bunday imkoniyatlarga ega bo‘lmaydi. Yirik korxona ularga bir qator imtiyozlar beradi: ishlab chiqarilayotgan mahsulotning katta qismini sotib olish; ishlab chiqarish vositalarini ijaraga berish; xomashyo va materiallarni sotib olishda imtiyozli sharoit yaratib berish; savdo belgisidan foydalanish va hokazo shular jumlasidandir.
Xizmat ko‘rsatish sohasida ham hamkorlik amalga oshiriladi. Bu yerda yirik va mayda korxonalar o‘rtasida murakkab xo‘jalik munosabatlari mavjud bo‘ladi. Ko‘pchilik yirik korxonalar asta-sekin yordamchi va tayyorlov sexlaridan ozod bo‘lmoqda, qurilish va ta’mirlash sexlarini yopmoqda, natijada yuqoridagi funksiyalarni ixtisoslashgan korxonalarga topshirmoqda. Mayda korxonalar yirik korxonalarning mashina va qurilmalarini muddatli hamda joriy ta’mirdan chiqarish uchun shartnomalar tuzishi mumkin. Yirik korxonalar bir necha mayda korxonalar bilan yuqoridagi ishlarni bajarish maqsadida shartnomalar tuzishga qodir.
Shunday qilib, mayda korxonalar oldindan belgilangan shartlar asosida o‘zlarining moliyaviy va tashkiliy mustaqilligini saqlab qolgan holda harakat qiladi. Bu ko‘p hollarda bosh korxona va filial orasidagi munosabatni eslatadi.
Savdo sohasidagi shatnoma sohasida hamkorning mayda va yirik korxonalar orasidagi munosabati «franchayzing» deb yuritiladi. «Franchayzing» fransuzcha so‘zdan olingan bo‘lib, imtiyoz ma’nosini anglatadi. Buning mohiyati shundan iboratki, yirik korxona mayda mustaqil korxonalar bilan shartnoma tuzadi. Bu shartnomaga asosan mayda korxonaga belgilangan bozorda yirik korxona nomidan mahsulotni sotish huquqini beradi. Yirik korxona mayda korxonaga barcha sharoitlarni yaratib berishi mumkin. Ayrim hollarda mayda korxonaning bankdan kredit olishini ham kafolatlaydi.
Qoida bo‘yicha shartnomada sotishdan olingan tushumning mayda korxonaga ajratish miqdori ham ko‘rsatiladi. U, odatda, oylik sotish hajmining 2–3 foizi miqdorida belgilanadi. Ko‘p hollarda shartnomada hamkorning binoni, qurilmani, xomashyo va materiallarni ijaraga olishi mumkinligi ham ko‘rsatib o‘tiladi.
Hamkorning majburiyati tovar sifati va savdo belgisi sofligiga javob berishdir. O‘z navbatida, korxona hamkordan hisob-kitobda yordam ko‘rsatadi, sotish strategiyasi bo‘yicha maslahatlar beradi, xodimlarni o‘qitadi va hokazo. Tomonlar orasidagi shartnoma 5–10 yilga tuziladi. Agar bosh korxona andozalarga amal qilmasa, shartnoma zudlik bilan bekor qilinadi.
Tadbirkorlikda faoliyat yuritish uchun muloqotni ham o‘z yurtidan boshlamoq ma’qul. Chet ellik tadbirkorlar hamkorlarni qanday qabul qiladi va baholaydi? Bu uch bosqichda amalga oshiriladi:
Bozorda o‘rganadi;
Shu korxonada ishlovchi mahalliy vakilni tanlaydi, u filialni tashkil etishdan ko‘ra arzonroq tushadi;
O‘z filialini tashkil etish yoki mahalliy hamkor ishtirokida qo‘shma korxona ochish masalasini o‘rganadi.
Tadbirkor o‘z xaridorini qanday topishi kerak? Hozirda xaridor topishning ikki usuli mavjud:
Xaridor tadbirkor yoki uning vakili bilan aloqa bog‘laydi.
Tashabbus tadbirkor tomonidan taklif etiladi.
Tadbirkorlikka xaridorlarni jalb etish maqsadida reklamadan, o‘z xizmati va mahsuloti haqidagi ma’lumotlardan keng foydalanish zarur. Yaxshi reklama qimmat bo‘lsa-da, xaridorlarni jalb etishda katta ahamiyatga ega.
Tadbirkorlikda imkoniyatli xaridorlarni topishning sinalgan usullarini tavsiya etish mumkin:
Xaridorga ma’lum bir paytdda tovarni sotib olish yuzasidan aloqa bo‘limi orqali yozma ravishda murojaat qilish;
Tovarlarni namoyish etish, peshtaxtalarni bezash, ko‘rgazmalar o‘tkazish;
Imkoniyatli xaridorlarga yangi tovarlarni tanishtirish;
Tovar ishlab chiqaruvchi korxonaga sayohat uyushtirish;
Tovarning bozorga kirishi munosabati bilan matbuot anjumani o‘tkazish.
Bugungi kundagi xaridorlar ishlab chiqaruvchilardan nimani kutadi?
Ular o‘z puliga yaxshi sifatli tovar va xizmatlar olishni;
Katta qulaylik yaratilishini;
O‘zlarini qiynaydigan muammolar yechilishini;
Yaroqsiz mahsulotlarni qaytarib olish imkoniyatlari mavjud.
Do'stlaringiz bilan baham: |