Bog'liq favqulodda vaziyat ma\'ruzaOffice Word (2)
4-bob. Yagona tizim faoliyatini tashkil etish Oldingi tahrirga qarang. (8-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 26-avgustdagi 515-sonli qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 27.08.2020-y., 09/20/515/1223-son) 9. Yagona tizim faoliyatini boshqarish va davlat nazoratini amalga oshirish O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi tomonidan amalga oshiriladi (keyingi o‘rinlarda FVV deb ataladi).
10. Yagona tizim ishtirokchilarining o‘zaro hamkorligi javobgarlik zonalari aniq ajratilgan tamoyil bo‘yicha: obyekt — tuman (shahar) — viloyat (Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri) — respublika, ketma-ketlikda monitoring va prognoz ma’lumotlari almashinuvini ta’minlash orqali amalga oshiriladi.
11. Yagona tizim ishtirokchilari FVV va uning hududiy tuzilmalariga favqulodda vaziyat manbalari holati va faollashuv ehtimoli to‘g‘risida, shuningdek, favqulodda vaziyatlarda xavfli tabiiy-texnogen jarayonlar va hodisalarning holati to‘g‘risidagi monitoring va prognoz ma’lumotlarini mazkur Nizomning 1 va 2-ilovalarida* keltirilgan ro‘yxatga muvofiq taqdim etishlari shart hisoblanadi.
12. Xavfli jarayon va hodisalar to‘g‘risidagi monitoring ma’lumoti, favqulodda vaziyatlarga olib keluvchi xavfli tabiiy-texnogen jarayonlar va hodisalar tahdidi to‘g‘risidagi prognoz ma’lumoti, sodir bo‘lgan favqulodda vaziyat asosiy parametrlari, shuningdek, uning oqibatlari to‘g‘risidagi ma’lumot mazkur Nizomning 3, 4 va 5-ilovalariga* muvofiq shaklda taqdim etiladi.
1 — 5-ilovalar rus tilidagi matnda berilgan.
13. Yagona tizim ishtirokchilari tashkiliy-funksional tuzilmaga muvofiq ma’lumot almashinuvini quyidagi muddatlarda amalga oshiradi:
a) favqulodda vaziyatlarga olib keluvchi xavfli tabiiy-texnogen jarayon va hodisalarni monitoring va prognozlash natijalari bo‘yicha:
respublika darajasida:
har oy — 28 sanaga qadar;
har chorak — 20 sanaga qadar (chorak boshlanishidan oldin);
har yili — 1-dekabrga qadar;
mahalliy darajada:
har hafta — juma kuni;
har oy — 25 sanaga qadar;
obyekt darajasida:
har kuni;
har hafta — juma kuni;
b) favqulodda vaziyatlar xavfi tug‘ilganda yoki sodir bo‘lganda — zudlik bilan;
v) favqulodda vaziyatlarning oqibatlari to‘g‘risida — sutka davomida, favqulodda vaziyat oqibatlari to‘liq bartaraf etilgunga qadar har kuni.
14. Ma’lumotlarni uzatish ularning turiga ko‘ra:
favqulodda vaziyatlar tahdidi va sodir bo‘lganligi to‘g‘risidagi og‘zaki ma’lumotlar — mavjud telefon va radioaloqa kanallari orqali;
monitoring va prognoz ma’lumotlari, sodir bo‘lgan favqulodda vaziyatning asosiy parametrlari va oqibatlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar, fotomateriallar, GATda shakllantirilgan mavzuli qatlamlar — Yagona tizimning himoyalangan axborot almashish kanallari, shuningdek, pochta yoki faksimil aloqa orqali amalga oshiriladi.
Chegaralangan xususiyatga ega ma’lumotlarni uzatish yopiq aloqa kanallari orqali yoki maxsus pochta orqali belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
15. Yagona tizim doirasida xorijiy davlatlarning vakolatli organlari va xalqaro tashkilotlar bilan ma’lumot almashinuvi O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga, shuningdek, xalqaro shartnomalarga muvofiq amalga oshiriladi.
16. Monitoring va tahliliy ma’lumotlar asosida FVV quyidagi ko‘rinishdagi prognozlarni tayyorlaydi va FVDT rahbar organlariga taqdim etadi:
qisqa muddatli haftalik favqulodda vaziyatlar prognozi;
o‘rta muddatli oylik favqulodda vaziyatlar prognozi;
o‘rta muddatli choraklik favqulodda vaziyatlar prognozi;
uzoq muddatli yillik favqulodda vaziyatlar prognozi.
17. FVDTning hududiy va funksional quyi tizimlari monitoring va prognoz ma’lumotlari asosida favqulodda vaziyatlarning oldini olish bo‘yicha zaruriy chora-tadbirlar amalga oshirilishini ta’minlaydi.
18. Prognozlashtirilayotgan xavfli tabiiy-texnogen jarayon va hodisalar yoki yuzaga kelgan favqulodda vaziyat ko‘lamidan kelib chiqqan holda Yagona tizimning quyidagi uchta faoliyat ko‘rsatish rejimlaridan biri o‘rnatiladi:
kundalik faoliyat;
yuqori tayyorgarlik;
favqulodda vaziyat.
19. Yagona tizim kundalik faoliyat rejimida faoliyat ko‘rsatganda quyidagilar amalga oshiriladi:
monitoring obyekti holatini, potensial xavfli obyektlardagi va unga chegaradosh hududlardagi yuzaga kelgan holatni kuzatish va nazorat qilish;
monitoring ma’lumotlarini yig‘ish, axborot almashish, qayta ishlash va tahlil qilish, GATga monitoring ma’lumotlarini kiritish va yangilash;
yuzaga kelgan holatni prognozlashtirish, favqulodda vaziyatlarga olib keladigan xavfli tabiiy-texnogen jarayon va hodisalar xavfini baholash;
favqulodda vaziyatning oldini olish, bartaraf etish va oqibatlarini kamaytirish tadbirlari samaradorligini oshirish yuzasidan tavsiyalar ishlab chiqish;
favqulodda vaziyatlar yuzaga kelishi tahdidi va xavf omillarini oldindan aniqlash, shuningdek, ular yuzaga kelganda iqtisodiyot obyektlarining barqarorligini oshirish bo‘yicha maqsadli va ilmiy-texnik dasturlarni rejalashtirish va amalga oshirishda ishtirok etish;
Yagona tizim tuzilmalarini zamonaviy texnik vositalar bilan jihozlash, shuningdek, mutaxassislarni tayyorlash va malakasini oshirish.
20. Yagona tizim yuqori tayyorgarlik rejimida faoliyat ko‘rsatganda quyidagilar amalga oshiriladi:
favqulodda vaziyat manbalarining holatini (zarur hollarda) kuchaytirilgan tarzda kuzatuv olib borish;
monitoring ma’lumotlarini yig‘ish, o‘zaro axborot almashish, qayta ishlash va tahlil qilish, favqulodda vaziyatlar ehtimoli rivojini modellashtirish;
favqulodda vaziyatlarni joriy va tezkor prognozlashtirish;
favqulodda vaziyatni bartaraf etish va oqibatlarini to‘xtatish uchun zarur kuch va vositalar birlamchi hisob-kitobini qilish;
yuzaga kelishi mumkin favqulodda vaziyatning oldini olish va oqibatlarini kamaytirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish.
21. Yagona tizim favqulodda vaziyat rejimida faoliyat ko‘rsatganda quyidagilar amalga oshiriladi:
favqulodda vaziyatlar zonasiga Yagona tizim tuzilmasi maxsus guruhlarini yuborish;
favqulodda vaziyat zonalari chegaralarini aniqlash;
uzluksiz kuzatuvlar olib borish va favqulodda vaziyat rivojini tezkor prognozlashtirish;
favqulodda vaziyatni to‘xtatish va oqibatlarini kamaytirish bo‘yicha tadbirlar va takliflar ishlab chiqish.