DORIVOR QASHQARBEDA (SARIQBEDA) — Melilotus
Officinalis Descr.
Dorivor qashqarbeda (sariqbeda) — Melilotus Officinalis Descr. dukkakdoshlar — Fabaceae oilasiga kiradi. Ikki yillik, bo‘yi 50—100 sm ga (ba’zan 2 m ga) yetadigan o‘t o‘simlik. Ildizi syershox, o‘q ildiz. Poyasi bitta yoki bir nechta, qirrali bo‘lib, yuqori qismi shoxlangan. Bargi uch plastinkali murakkab barg, poyada bandi bilan ketma-ket o‘rnashgan. Bargchasi teskari tuxumsimon, tuxumsimon yoki cho‘ziq lansetsimon, tekis qirrali yoki mayda arrasimon-tishsimon qirrali va tuksiz bo‘lib, uzunligi 3 sm. Bargda ingichka, tekis qirrali qo‘shimcha bargchalar bor. Gullari mayda, sariq, shingilga to‘plangan. Gulkosachasi yarmigacha uchburchak lansetsimon shakldagi 5 bo‘lakka qirqilgan. Gultoji kapalak-guldoshlarga xos tuzilgan. Otaligi 10 ta, shundan bittasi birlashmagan, qolganlari birlashgan. Onalik tuguni bir xonali, yuqoriga joylashgan. Mevasi — tuxumsimon, ko‘ndalangiga burishgan, kulrang tusli, tuksiz, bir urug‘li dukkak. Iyun-sentyabr oylarida gullaydi, urug‘i esa avgust oyidan boshlab yetiladi.
Geografik tarqalishi. Yo‘l yoqalarida, o‘tloqlarda, ekinzorlarda o‘sadi. Asosan Ukraina, Belorus, Moldova, Boltiq bo‘yi davlatlar, Rossiyaning Yevropa qismida, g‘arbiy Sibirda, Kavkazda va O‘rta Osiyoda uchraydi.
Mahsulotning tashqi ko‘rinishi. Tayyor mahsulot maydalangan barg va gul aralashmalaridan iborat. Mahsulotning yoqimli hidi, sho‘r va achchiq mazasi bor.
Mahsulotga qashqarbedaning boshqa turlari (Melilotus dentatus Pyers. — guli hidsiz, qo‘shimcha bargi tishsimon qirrali, Melilotus albus Desr. — guli oq rangli) aralashib qolmasligi lozim. Mahsulot namligi 14%, umumiy kuli 10%, diametri 3 mm dan yo‘g‘on bo‘lgan poyalar 2%, teshigining diametri 0,5 mm li elakdan o‘tadigan mayda bo‘laklar 5%, sarg‘aygan, qo‘ng‘ir rangli va qoraygan bo‘laklar 2%, organik aralashmalar 1% va minyeral aralashmalar 0,5% dan ko‘p bo‘lmasligi kyerak.
Kimyoviy tarkibi. Mahsulot tarkibida 0,4—0,9% gacha kumarin, dikumarin (dikumarol), melilotin, melilotozid glikozidi, kumar va melilot kislotalar hamda 0,01% efir moyi bo‘ladi. Kumarin va qisman melilotin hidi mahsulotga xos yoqimli hidni byeradi.
Ishlatilishi. Mahsulotning dorivor preparatlari yumshatuvchi va ta’sirlovchi dori sifatida yaralarni davolash uchun (yiringni so‘rib olishda) qo‘llaniladi. Dikumarol qonni ivitmaydigan ta’sirga ega, u kumaringa nisbatan 1000—5000 marta kuchli ta’sir qiladi. Shuning uchun dikumarol antikoagulyant (qon ivishga qarshi ta’sir etuvchi) preparat sifatida ishlatiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |