Tayanch iboralar:«tajriba», «amaliy uslub», «amaliy ish», «amaliy mashg’ulot», «ekskursiya», «ekskursiyada amaliy ish», «eksperimental».
Tajriba — o’qitish metodi bo’lib, uning yordamida o’rganilayotgan hodisa qonuniyatini aniqlashga yordam beruvchi sharoitlar yaratiladi. Tajribalar o’tkazishda bolalarda boshqa metodlar bilan egallash mumkin bo’lmagan tabiatshunoslik tasavvurlari shakllanadi. Tajribalar atrof olamni bilib olishning qiziqarli va samarali metodidir. Ular materialistik dunyoga qarashni shakllantirish, kuzatuvchanlik, mantiqiy tafakkur va nutqni mashqlantirishda katta axamiyatga ega. U dunyoning moddiyligini, uni idrok qilib olish mumkinligini tasdiqlovchi har xil tabiat jismlarining xossalarini bilib olishning chinakam ilmiy metodidir.
Tajribalar mavhum tushunchalarni aniq tushunchalarga aylantirishda bolalarga yordam beradi. Masalan, ular faqat tajriba jarayonidagina termometrning simob ustuni haroratning o’zgarishiga qarab ko’tarilishi va pasayishiga ishonch hosil qiladilar. Faqat tajribagina suvning bir holatdan ikkinchi holatga o’tishini ko’rsatadi.
Oddiy tajribalar bolalar tomonidan uy sharoitlarida, o’quv-tajriba uchastkasida yoki tirik tabiat burchagida mustaqil bajariladi. Murakkabroq tajribalarni tarbiyachi darsda namoyish qiladi. Shuni esda tutish kerakki, mazmuni jihatidan eng oddiy tajriba faqat aniq bilim berishi bilangina emas, balki kuzatish jarayonini fahmlashga, uning natijalarini ta‘riflashga yordam berishi bilan ham qimmatlidir.
Faraz qilaylik bolalar darsda Quyoshning Yer yuzasiga nisbatan holatiga qarab kuzda sovib borish to’g’risida bilim olishlari kerak. Bu hodisani tushuntirish uchun tarbiyachi tajriba o’tkazadi. U yonib turgan shamga ingichka qog’oz tasmachasini tutadi. Bitta tasmani shamning tepasida, ikkinchisini shamdan sal uzoqroqda ushlab turadi. Bolalar qog’oz tasmalarning qaysinisi oldinroq yonganligini aytishlari va nima uchunligini tushuntirishlari kerak. Bolalar bu tajribaning yozda va kuzda quyosh nurlarining yer yuzasini isitishini tushuntirishga yordam berishini payqashlari kerak.
Tajribaning borishini kuzatib, bolalar kuzda quyosh yer ustida kun sayin tobora pasayishi to’g’risida xulosalar chiqaradilar. Uning qiya tushayotgan nurlari yer yuzasiga siyranib o’tadi va havoni isitmaydi. Shuning uchun ham kuzda sovuq tusha boshlaydi.
Materialni mustahkamlash uchun tarbiyachi namoyish qilgan va bolalarning o’zlari o’tkazgan tajribalarning rasmini chizish yoki ularni ta‘riflab yozish, ba‘zi hollarda uni ham, buni ham qilish kerak. Asbob va moddalar bilan ishlashda ehtiyotlikni talab qiluvchi tajribalarni tarbiyachining o’zi o’tkazadi. Har qaysi tajribani boshlashdan oldin bolalarga uning maqsadini, tajriba o’tkazishda nima uchun xuddi shu asbob va moddalar olinganligini yaxshilab tushuntirish, tajribaning o’tkazilishini hikoya qilib berish planini yozish kerak. Tirik tabiat burchagi yoki o’quv-tajriba uchastkasida bolalar tajriba va kontrol o’simliklarining o’sishini parallel holda kuzatib boradilar, ularning rivojlanishini taqqoslaydilar, tajriba ishlari natijalarini qayd qilib boradilar. Bolalar tajriba qo’yilishining rasmini chizadilar, daftarlariga xulosalarni yozadilar (tajriba va nazorat qilinayotgan o’simliklar hosilidagi farqlarni belgilaydilar). Bu tajriba bolalar materialni chuqurroq o’zlashtirib olishlari uchun mavzuni o’rganishdan oldinroq o’tkaziladi.
Agar tarbiyachi oldiga quyidagicha muammoli savollar qo’ysa tajriba bolalarning fikrlash faolligini oshiradi: qanday isbot qilish kerak? Qanday aniqlash kerak. Tajriba davomida tarbiyachi hamma vaqt bolalar e‘tiborini borayotgan jarayonlarga qaratishi, ular tafakkurini ushbu savollarga yo’naltirishi kerak: Siz hozir nimani ko’rayapsiz? Borayotganlarni qanday tushuntirish mumkin? Nima uchun siz shunday hisoblaysiz? Tajriba tugallangach, bolalar shunday xulosaga olib kelinadiki, uning asosida bolalar qaysi ehtimol to’g’ri, qaysilari xato ekanligiga ishonsinlar.
Amaliy uslublar tarbiyachi tomonidan tashkil qilinadigan va yo’naltiriladigan, bolalar fikrini rivojlantirishga mo’ljallangan so’z, ko’rgazmalilik va amaliy ishning o’zaro murakkab bog’lanishida ko’rsatadi.
Amaliy uslublar qo’lanilishi bolalar retseptorlari va effektorlarining faol faoliyati Bilan bog’liq. Amaliy uslublar o’rganilgan materialni chutishga, ko’nikma va malakalar hosil qilishga imkoniyat yaratadi. Amaliy uslublarni qo’llashga bolalar faoliyatining o’zi bilim manbai hisoblanadi. Bunday usullar sirasiga og’zaki, yozma mashqlar, laboratoriya ishlari, maktab yer maydoni, tirik tabiat burchagida sinfdan tashqari bajariladigan mashg’ulotlar kiradi. Amaliy uslublarning turlariga:
Bolalarning tarqatma didaktik material bilan turli narsalar yasash;
Rasm chizish;
Tabiat ob‘ektlarini tanib olish va aniqlash bo’yicha ishlar;
Hodisalarni kuzatish va qayd qilish ishlari;
Tajriba o’tkazishlari (tajriba vositasida masalalarni hal qilish) kiradi.
Amaliy ish boshlanishi oldidan qo’yiladigan savol, muammo, masalaga bolalar uning natijalari bilan javob berishlari kerak. Tabiatshunoslik darslari tanib olish va aniqlash amaliy metodlarining bir turi bo’lib, tarqalgan o’simliklarni yoki ularning qismlarini farqiga borib, tanib olish xususiyatlarini o’rgatadi.
Taqqoslashdagi farqqa borish bolaning aniqlash qobiliyatini rivojlantiradi. Farq qilish va aniqlash bo’yicha ishlar darslardagina olib borilmaydi, tarbiyachi tabiatga uyushtiriladigan ekskursiyalarda ham o’simliklarni topi shva to’plashni, namunalar yig’ishni, ularning yoshi,vegetativ usullari, tuproq kesmalari, moslashishlarini, o’zgaruvchanlikni bolalarning o’zlashtira olish qobiliyatlariga qarab tanlab berishi kerak. O’simliklar, ular qismlarining shaklini bilib olish bo’yicha ishlarni bolalar uy vazifasi sifatida bajaradilar.
Do'stlaringiz bilan baham: |