Postkeynschilar nazariyalari. Yangi mumtoz maktab vakillari nazariyalarining ma’lum darajada rivojlangan bo’lishiga qaramasdan keynschilar ta’limoti yangi sharoitlarga muvofiq rivojlanishda davom etmoqda. 1970-yillarda postkeynschilar yo’nalishi shakllandiki, uning yirik namoyandalari qatoriga AQShda X.Minskiy, R.Klauer, Buyuk Britaniyada – N.Kaldor, G.Shekl va boshqalarni kiritish mumkin. Bu yo’nalish ham yangi keynschilarning va ham yangi maktab vakillarining asosiy qoidalarini tanqid ostiga oldi. Postkeynschilar nazariyasining asosini hamon moliya mexanizmi yordamida davlat aralashuvini kengaytirish g’oyasi yotmoqda. Moliyaviy siyosat asosiy
siyosatga aylanmog’i va u monopoliyalar faoliyatini cheklashga hamda harbiy xarajatlarni qisqartirishga yo’naltirilgan bo’lmog’i lozim. “Daromadlar siyosati”da ular ijtimoiy islohotlarni amalga oshirish va ijtimoiy muammolarni hal etish tarafdorlari sifatida maydonga chiqmoqdalar. Ularning fikricha, eng yaxshi soliqqa tortish usuli bu xarajatlarni soliqqa tortishdir. Ingliz tadqiqotchisi N.Kaldor daromad solig’ini iste’mol solig’i bilan almashtirish g’oyasini taklif etadi. U iste’mol solig’ini shaxsiy xarajatlarni qondirishga sarflanadigan daromadlarning bir qismini soliqqa tortish sifatida talqin qiladi. Uning nazarida, bu chora jamg’arishni rag’batlantirishi va inflyatsiyaning darajasini pasaytirishi mumkin.
N.Kaldorning fikri G’arb olimlari tomonidan keng qo’llab- quvvatlanildi. Ular ham soliq tizimini xarajatlardan olinadigan yagona soliqqacha soddalashtirish tarafdori bo’lib, fuqarolarning faqat iste’mol xarajatlari soliqqa tortilishi kerak, deb hisoblashdi.
XX yuz yillikning oxiri va XX1 yuz yillikning boshlarida iqtisod ilmi, yaxlit holda bozor tizimini, biznes qonunlarini, iqtisodiyotning har qanday sohasidagi amaliy faoliyatni o’rganishni zarur hisoblamoqda. Bir vaqtning o’zida esa, amerikalik mashhur olimlar K.R.Makkonnell va S.L.Bryular o’zlarining “Ekonomiks. Printsiplar, muammolar, siyosat” asarida yozganlaridek, moddiy ehtiyojlar cheklanmagan, resurslar esa (kapital, er, mehnat, tadbirkorlik qobiliyati va boshqalar) aksincha, cheklangandir. Shuning uchun ham iqtisodiyot taraqqiyotining turli davrlarida uning darajasi turlicha bo’lishiga qaramasdan iqtisodiy jarayonlarni tartibga solish doimiy ravishda talab qilinadi. Yuqoridagi har ikkala muallif taklifga yo’naltirilgan fiskal siyosatni qo’llab-quvvatlaydilar. Fiskal siyosat esa jami talabga va soliqlarni o’zgartirish orqali esa taklifga ham ta’sir ko’rsatadi. Byudjetdan transfert to’lovlari va soliq tizimi, bu olimlar fikricha, turli iqtisodiy vaziyatlarda talab qilingan muvozanatni ta’minlashi mumkin.
Xorijiy mamlakatlarning zamonaviy moliya fanida, turli maktablar o’rtasida doimiy ravishda munozaralar va farqlanuvchi fikrlar bo’lishiga qaramasdan, konvergentsiya jarayoni kuzatilmoqda. Masalan, keynschilar nazariyasida qarashlar yangi mumtoz maktab vakillarining qarashlariga va yangi mumtoz nazariyalar esa keynschilar nazariyalaridagi qarashlarga kirib bormoqda. Bu, eng avvalo, barcha nazariyalarda mavjud bo’lgan moliya-kredit-pul mexanizmiga tegishlidir. Barcha nazariyalar mamlakatning xo’jalik hayotiga ta’sir ko’rsatish uchun bu instrumentlarni tadqiq etish zarur ekanligini bir ovozdan tan oladilar, so’zsiz e’tirof etadilar. Holbuki,
bunday ta’sir choralari, ulardan foydalanish vositalari va vaqtlari bir- biriga mos tushmasligi mumkin.
Xorijiy olimlar tomonidan yaratilgan moliyaviy kontseptsiyalarining tahlili quyidagi yakuniy xulosalarni chiqarishga imkon beradi:
moliya sohasidagi qarashlar tizimi umumiqtisodiy nazariyaning ma’lum bir qismi hisoblanadi, ular moliya fanini boyitadi va rivojlantiradi;
moliyaviy kontseptsiyalarning vujudga kelishi mamlakat makro- va mikroiqtisodiyotining talablariga javob reaktsiyasidir yoki ma’lum hukmron ijtimoiy guruhlar buyurtmasining bajarilishidir (ijro etilishidir);
xorijiy olimlarning progressiv moliyaviy g’oyalari iqtisodiy o’sishning etarli yuqori darajasini ta’minlab, insonning turli-tuman ehtiyojlarini qondirishda jamiyatga yordam beradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |