-rasm. Zog`ora baliqning umurt-qalari: A - tana umurtqasi, B - dum umurtqasi:
1 - umurtqa tanasi, 2 - ko`ndalang o`simta,
3 - qovurg`a, 4 - ustki yoy, 5 - ustki ostist o`simta, 6 - pastki yoy, 7 - pastki ostist o`simta.
Umurtqalarning ustki qismidan ustki yoylar chiqib, ular ustki qiltanoq o`simtalar bilan qo`shiladi. Ustki yoylardan hosil bo`lgan kanalda orqa miya joylashgan. Dum bo`limi umurtqalarining ham tana va yoy qismlari bo`ladi. Biroq ularning ko`ndalang o`simtalari pastga joylashib, pastki yoylarni hosil qiladi va ostki qiltanoq o`simtalari bilan qo`shiladi. Ostki yoylardan hosil bo`lgan kanal gemal kanal deb ataladi, unda dum arteriyalari va venalari joylashgan (51-rasm). Bundan tashqari, zog’ora baliqda ko`pchilik suyakli biliqlarda bo`lgani kabi yon tomonidan har qaysi qovurg’a muskullariga o`rnashgan ingichka muskul suyakchasi kelib qo`shiladi, bu suyakchalar qiltanoqlar deb ataladi.
Bosh skeleti. Suyakli baliqlarning bosh skeleti ham akulalarning bosh skeleti singari ikkita asosiy bo`limga: miya qutisi va vistseral skeletga bo`linadi. Suyakli baliqlarning bosh skeleti deyarli faqat suyak to`qimadan tashkil topgan bir qancha ayrim suyaklardan tuzilgan.
Miya qutisi bir necha bo`limga bo`linib, bu bo`limlarda bir qancha suyaklar joylashgan. Uning ensa bo`limi ensa teshigini o`rab turadigan to`rtta ensa suyagidan tashkil topgan: katta ensa teshigining pastki qismida toq asosiy ensa suyagi, ikki yon tomonida bir juft yon ensa suyagi va ustida bitta ustki ensa suyagi bo`ladi (52-rasm).
Eshituv bo`limida eshituv kapsulasini tashkil etadigan quloq suyaklari bor, ular zog’ora baliq miya qutisining har tomonida to`rttadan ko`pchiligida tog’ayligicha qoladigan ponasimon suyaklar yoki sfenoidlar yotadi. Chunonchi: toq asosiy ponasimon suyak, juft qanot-ponasimon suyak va juft ko`z-ponasimon suyak bo`ladi. Nihoyat, miya qutisining oldingi qismi, ya`ni hidlov bo`limini, odatda ko`p qismi tog’ay holicha qoladigan hidlov suyaklari tashkil etadi. Bu bo`limda bitta oraliq hidlov suyagi bo`ladi.
Bu suyaklarning hammasi kelib chiqishi jihatidan xondral (birlamchi) suyaklardir. Miya qutisini ustki va ostki tomondan qoplovchi suyaklar kelib chiqishi jihatidan qoplag’ich (ikkilamchi) suyaklardir. Ular dastlab terining biriktiruvchi to`qima qatlamida vujudga kelgan bo`lib, so`ngra terining ostiga, ya`ni bosh skelet tog’ayining ustiga joylashgan. Shulardan miya qutisining ust qismiga juft bosh tepa suyagi, manglay suyagi va burun suyagi, pastki qismida esa katta toq parasfenoid suyagi o`rnashgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |