52-rasm. Suyakli baliqlar bosh skeletining tuzilishi sxemasi. Jabra qopqog’i va ko`z oldi suyaklari olib tashlangan. Tog’ay suyaklar punktir bilan ko`rsatilgan: 1-pastki ensa suyagi; 2-yon ensa suyagi; 3-tepa ensa suyagi; 4-quloq suyagi; 5-asosiy ponasimon suyak; 6-qanotsimon-ponasimon suyak; 7-ko`z-ponasimon suyagi; 8-oraliq hidlov suyagi; 9-yon hidlov suyagi; 10-tepa suyagi; 11-peshona suyagi; 12-burun suyagi; 13-parasfenoid; 14-soshnik; 15-tanglay suyagi;
16-kvadrat suyak; 17-qanotsimon suyak; 18-jag’lararo suyak; 19-yuqorigi jag’ suyagi;
20-birikuvchi suyak; 21-tish suyagi; 22-burchak suyagi; 23-giomandibulyar suyak;
24-simplektikum; 25-29 I-Y-jabra yoylari; 30-gioid; 31-kopula.
Parasfenoid suyak butun miya qutisi uchun asosiy to`siq vazifasini bajaradi va uning oldida toq dumog’ suyagi ham bo`ladi. Yuqorida aytilganlardan tashqari miya qutisining yon tomonida ko`z kosasini har tomonlama halqasimon o`rab olgan mayda ko`z atrof suyakchalari bor, bulardan eng oldingisi ko`z yosh suyagidir.
Suyakli baliqlarning vistseral yoylari ham xuddi akulalarning vistseral yoylariga o`xshash, jag’ yoyi, til osti va jabra yoylaridan iborat. Jag’ yoyi birlamchi va ikkilamchi jag’lardan iborat. Birlamchi jag’ xondral suyaklardan tashkil topgan. Ustki jag’da ular oldingi qism uchida joylashgan bir juft tanglay suyak orqasida (pastki jag’ bilan birikkan joyda) bir juft kvadrat suyakdan iborat, bu suyaklarning orasida uchta qanotsimon suyaklar bor; bulardan bittasi keyingi qanotsimon xondral suyak, qolgan ikkitasi qoplag’ich suyakdir.
Suyakli baliqlarda tutib turish funktsiyasini birlamchi jag’ emas, balki qoplag’ich suyaklar, chunonchi jag’lararo juft suyak va ustki juft suyaklardan hosil bo`lgan ikkilamchi (so`nggi) jag’ bajaradi. Pastki jag’ tarkibiga uch juft suyak: kvadrat suyak bilan birikadigan va akuladagi mekkel tog’ayiga gomolog bo`lgan xondral qo`shuv suyagi, ikkita yangi qoplag’ich element – qo`shuv suyagining distal qismini g’ilof kabi qoplab olgan katta tish suyagi va qo`shuv suyagining orqa burchagiga o`rnashgan kichkina burchak suyagi kiradi. Til osti yoyi faqat xondral suyaklardan tashkil topgan.
53-rasm. Zog`ora baliqning yelka kamari va ko`krak suzgich qanot-larining skeleti: 1-kurak suyagi,
2-korakoid, 3-kleytrum, 4-kleytrum usti suyagi, 5-orqa ensa suyagi, 6-orqa o`mrov suyagi, 7-radialiyalar, 8-teri suyak shu`lalar.
Suyakli baliqlarda besh juft jabra yoylari bir-biri bilan o`zaro harakatchan birikkan to`rt juft suyakchalardan va yoylarni ostki tomondan birlashtiruvchi bitta (toq) element (kopula)dan hosil bo`lgan. Biroq suyakli baliqlarda beshinchi jabra yoyi (oxirgisi) kuchli reduktsiyalangan.
Suyakli baliqlarda yangi tuzilma – jabra qopqog’i bo`lib, u har tomondan giomandibulyar suyakka qo`shiladigan to`rtta yapaloq qoplag’ich suyakdan: qopqoq, qopqoq oldi, qopqoq osti va qopqoq oraliq suyaklaridan tuzilgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |