[OKOZ: 1.09.00.00.00 Tadbirkorlik va xo‘jalik faoliyati / 09.21.00.00 Suv xo‘jaligi]
[TSZ: 1.Iqtisodiyot / Qishloq xo‘jaligi]
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Suv xo‘jaligini boshqarishni tashkil etishni takomillashtirish to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Qishloq xo‘jaligida islohotlarni chuqurlashtirishning eng muhim yo‘nalishlari to‘g‘risida” 2003-yil 24-martdagi PF-3226-son Farmonini bajarish yuzasidan hamda irrigatsiya tizimlarini boshqarishning ma’muriy-hududiy prinsipidan havza prinsipiga o‘tish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi va Moliya vazirligining O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligining mavjud suv xo‘jaligi tashkilotlari va xizmatlari tuzilmalari hamda uning hududiy bo‘linmalari negizida:
Norin-Qoradaryo irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi;
Norin-Sirdaryo irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi;
Sirdaryo-So‘x irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi;
Quyi Sirdaryo irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi;
Chirchiq-Ohangaron irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi;
Amu-Surxon irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi;
Amu-Qashqadaryo irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi;
Amu-Buxoro irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi;
Quyi Amudaryo irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi;
Zarafshon irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi;
Birlashgan dispetcherlik markaziga ega bo‘lgan Farg‘ona vodiysi magistral kanallari tizimi boshqarmasini tashkil etish to‘g‘risidagi taklifi qabul qilinsin.
Respublika mintaqalarining irrigatsiya tizimlari havza boshqarmalariga 1-ilovaga muvofiq birkitib qo‘yilishiga rozilik berilsin.
2. Quyidagilar irrigatsiya tizimlari havza boshqarmalarining asosiy vazifalari etib belgilansin:
suvdan foydalanishning va suv iste’molining bozor prinsiplari va mexanizmlarini joriy etish asosida suv resurslaridan maqsadli va oqilona foydalanishni tashkil etish;
ilg‘or texnologiyalarni joriy etish asosida suv xo‘jaligida yagona texnika siyosatini o‘tkazish;
iste’molchilarni suv bilan uzluksiz va o‘z vaqtida ta’minlashni tashkil etish;
irrigatsiya tizimlari va suv xo‘jaligi inshootlarining texnik ishonchliligini ta’minlash;
havza hududida suv resurslarini oqilona boshqarish hamda uning tezkorligini oshirish;
suvdan foydalanuvchilar va suv iste’molchilari bo‘yicha suv resurslaridan foydalanishning aniq hisobi va hisobotini ta’minlash.
3. Quyidagilar:
respublika suv xo‘jaligini boshqarishning tashkiliy tuzilmasi 2-ilovaga muvofiq;
Irrigatsiya tizimlari havza boshqarmalari bo‘linmalari ro‘yxati va ular apparati xodimlarining cheklangan soni 3-ilovaga muvofiq;
Irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi, Magistral kanallar boshqarmasi apparatining namunaviy tuzilmalari 4, 4a va 4b-ilovalarga muvofiq;
O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligining Suv xo‘jaligi bosh boshqarmasi to‘g‘risidagi Nizom, shuningdek Irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi va Magistral kanallar boshqarmasi to‘g‘risidagi Namunaviy nizomlar 5, 5a va 5b-ilovalarga muvofiq tasdiqlansin.
4. Belgilab qo‘yilsinki, Irrigatsiya tizimlari havza boshqarmalari boshliqlari va ularning o‘rinbosarlari, Magistral kanallar boshqarmalari boshliqlari O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vaziri tomonidan tanlov asosida lavozimga tayinlanadi. Tanlovni o‘tkazish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vaziri tomonidan tasdiqlanadi.
5. O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi Moliya vazirligi bilan birgalikda:
2003-yil 1-oktabrgacha bo‘lgan muddatda Irrigatsiya tizimlari havza boshqarmalarini tashkil etishni tugallasin;
viloyat qishloq va suv xo‘jaligi boshqarmalarining, tuman qishloq va suv xo‘jaligi bo‘limlarining, shuningdek ularga qarashli suv xo‘jaligi korxonalarining asosiy fondlari, limitlari, moddiy-texnika resurslari, mexanizmlari, avtotransporti, xodimlar shtatlari, budjet mablag‘lari yangi tashkil etilgan Irrigatsiya tizimlari havza boshqarmalariga belgilangan tartibda berilishini ta’minlasin;
O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligining mazkur qarorga muvofiq yangi tashkil etilgan tuzilmalarining shtat jadvallarini va xarajatlar smetalarini 2003-yil 1-iyuldagi holatiga ko‘ra qayta ro‘yxatdan o‘tkazsin.
6. O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi Iqtisodiyot vazirligi va Moliya vazirligi bilan birgalikda 2003-yil 1-dekabrgacha bo‘lgan muddatda:
Suv resurslaridan foydalanishda bozor prinsiplarini joriy etish chora-tadbirlari dasturini ishlab chiqsin va Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
hududiy Nasos stansiyalari, energetika va aloqa boshqarmalari, shuningdek viloyat gidrogeologiya-melioratsiya ekspeditsiyalarining belgilangan tartibda tegishli Irrigatsiya tizimlari havza boshqarmalariga berilishini ta’minlasin.
7. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi, O‘rmon xo‘jaligi bosh boshqarmasi, Suv xo‘jaligi departamenti, O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi ilmiy-ishlab chiqarish markazi, Shartnoma majburiyatlari bajarilishini nazorat qilish bosh davlat inspeksiyasi to‘g‘risidagi nizomlarni tasdiqlash haqida” 2001-yil 30-martdagi 160-son qaroriga (O‘zbekiston Respublikasi QT, 2001-y., 3-son, 20-modda) 4-ilova o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
8. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda amaldagi qonun hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiquvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
9. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri O‘.T. Sultonov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi I.H. Jo‘rabekov zimmasiga yuklansin.