Sunniylik va shialik
Reja:
Islom dinida e’tirof etilgan yo’nalish va mazhablar.
Shialik va uning mazxablari.
Xorijiylar.
E’tirof etilmagan mazxablar hamda zamonaviy diniy siyosiy partiya va oqimlar.
Sunniylik oqimiga mansub mazhablar imomlik masalasini, ya`ni davlat rahbarligiga doir muammoni shariat qoidalari va tarixiy tajribalarga tayanib hal qilishadi.
Sunniylarcha, hazrat Muhammad vafotidan keyin Abu Bakr, Umar, Usmon va Ali butunlay islom qoidalariga mos keladigan suratda Payg`ambar o`rinbosari qilib tayinlanganlar. Xalifalik Payg`ambar oilasiga xos ish bo`lmay, butun musulmonlar jamoasiga bog`liq bo`lgan bir siyosiy-huquqiy masala hisoblanadi.
Biz Abdulqoxir Bag`dodiy (1037y) tomonidan yozilgan sharh asosida ushbu mavzuni yaratish uchun «Islomda huquq» kitobidan qisqartirib foydalanamiz.
1.Imomlik (xalifalik)ning zarurligi. Musulmonlar uchun har doim barcha tomonidan itoat qilinadigan imom (davlat rahariga)ga zarurat bo`ladi. Imom ularning talablarini bajarib, qonuniy jazolarni tatbiq etib, haribiy faoliyatlarni olib boradi. Beva qolgan ayollarni turmushga chiqaradi, qo`lga kiritilgan o`ljalarni taqsimlaydi.
2.Imom mavjud bo`lmagan holatda, uni tayinlash va unga itoat qilish zaruriy masala hisoblanadi. Ammo shia mazhabiga ko`ra imom mavjud bo`lmagan holatda,g`oyib imomga itoat qilish zarur bo`ladi.
3.Bir vaqtning o`zida ikki imom bo`lishi mumkin emas. Agar o`rtada biror daryo masofa bo`lib, ikki tomon bir-biriga qarshi turib g`alaba qozona olmasa, o`shanda ikkita imom bo`lishi mumkin.
4.Imom quraysh qabilasidan bo`ladi. Chunki Payg`ambar«Imomlar qurayshdan bo`ladi» degan edilar. (Lekin keyinroq buyuk mutafakkiir va muarrix Ibn Xaldun (14-asr) imomning qurayshdan bo`lishi shart emasligini ta`kidlagan).
5.Sunniylik nazariyotchilari imom bo`lish uchun qo`yidagi to`rtta shartni o`rtaga qo`yadilar:
Birinchi shart: Shariat ilmini puxta egallab, ijtihod qilish darajasiga yetgan bo`lsin.
Ikkinchi shart: Oliy ahloq va yuksak fazilatlar egasi bo`lsin.
Uchinchi shart: Hokimiyat ishlari bo`yicha yetarli tajriba va ma`lumotga, harbiy ishlarni tashkil etish qobiliyatiga ega bo`lsin.
To`rtinchi shart: quraysh naslidan bo`lsin (albatta, Ibn Xaldun bufikrga qarshi).
6. Shialar aqidasiga qarshi o`laroq, imom uchun ismat (gunoxdan butunlay poklik) shart emas.
7.Musulmonlar jamoasi o`z salohiyatli namoyondalari orqali imomni saylab, hokimiyat tepasiga ko`taradilar.
8.Payg`ambar vafotidan keyin uning o`rinbosari-xulofoi roshidin islom qonuniga muvofiq saylanadilar.
9.Imom o`z vakolati-vazifasini vasiyat orqali boshqa bir salohiyatli kishiga topshirsa, musulmon jamoasi uning vasiyatini qabul qilishga majburdir.
Sunniylik oqimi, aytib o`tganimizdek, to`rta asosiy mazhab (Hanafiy, Molikiy, Shofi`iy va Hanbaliy huquq maktablari)ga bo`linadi. Ularning mushtarak tomonlari shundan iboratki, Qur`on, sunna, ijmo va qiyosni asosiy manba deb biladilar. Ularning farqlari asosiy masalalar bo`yicha qo`yidagilardan iborat:
Birinchidan, u yoki bu huquqiy manbaga ko`proq e`tibor berish;
kkinchidan, har bir huquqiy muammoni o`ziga xos va boshqalarga o`xshamaydigan uslubda hal qilish.
Qo`yida mazhablar haqida qisqacha to`xtalamiz.
SHialik. SHialik islomdagi uch yirik oqimdan biri bo’lib, hokimiyat masalasida islom jamoasida paydo bo’lgan ixtilof natijasida vujudga kelgan.
SHia so’zining to’liq shakli «ash-shi‘a» («tarafdorlar, guruh, partiya»), aniqrog’i «SHi‘at Ali» («Ali tarafdorlari partiyasi») bo’lib, bu nom xalifa Ali (656-661) va uning avlodlariga ergashganlarga nisbatan berilgan.
SHialikda imomat masalasi asosiy diniy ruknlardan hisoblanadi. Imomat jamiyat manfaatlaridan emas, balki din ruknlaridan kelib chiqadi, deb e’tiqod qilinadi. Ularning ta’limotiga ko’ra, rahbar jamoa tomonidan saylanmay, balki u meros sifatida o’tadi. Mazkur ta’limotga binoan, Muhammad payg’ambar Alini xalifa etib tayinlagan, undan keyin esa xalifalik uning avlodlarida qonuniy meros sifatida vasiyat yo’li bilan uzatiladi. Imomlik (xalifalik) payg’ambarlik kabi ilohiy mansab hisoblanib, Alloh bandalari orasidan payg’ambarlarini tanlab, ularni gunohlardan saqlagani va ularga ilmi ladun (Alloh huzuridan berilgan ilm) bergani kabi xalifalarni ham shunday tanlaydi deyiladi. Abu Bakr, Umar va Usmonlar esa bu huquqni Alidan zo’rlik bilan tortib olishgan. Alining xalifaligi Payg’ambar vafotining birinchi kunidan boshlangan, deb hisoblaydilar.
Ash-SHahrastoniy (vaf. 1153 y. ) iborasi bilan aytganda: «SHialarning e’tiqodiga ko’ra, Alining imomligi va xalifaligiga oshkora va maxfiy dalillar kelgan hamda undan keyingi imomlik uning avlodlaridan tashqariga chiqmaydi, agarda chiqsa ham, bu ularga zulm qilish yo’li bilan oshirilishi mumkin».
SHialar aynan imomat masalasida o’zaro bir necha firqalarga bo’linib ketganlar.
Zaydiya. Zaydiya firqasining asoschisi Zayd ibn Ali Zayn al-obidin (698-740) Madinada tug’ilgan. Imom Zayd otasi qo’lida tahsil oladi. Otasining vafotidan so’ng diniy ilmlarni akasi Muhammad Boqirdan o’rganadi. SHuningdek, o’z tengqurlaridan bo’lgan Ja’far as-Sodiqdan hadis va fiqh ilmlarini o’rgandi. Zayd ibn Ali ilm yo’lida Basraga borib, mu’tazila, qadariya, jahmiya va boshqa turli firqalar aqidalari asoslarini o’rgandi. U vaqtda Basra va Kufada mazkur firqalar kabi xristian va fors falsafasidan ta’sirlangan oqimlar ko’p edi. Bu yerda Vosil ibn Ato (mu’tazila kalom maktabi asoschisi)dan aqida ilmini mukammal egallagach, o’zi uchun mu’taziliylar yo’lini tanladi.
Keyinchalik Zayd ibn Ali imomat masalasida o’rta yo’lni tanladi. Uning fikriga ko’ra, imomlik bir shaxs tomonidan tayin qilinmaydi va u o’z avlodlariga imomlikni vasiyat ham qilmaydi, balki Fotimaning zurriyotidan bo’lgan shijoatli, mujtahid, haqiqatni baralla aytuvchi kishi saylanadi.
Zaydiylar e’tiqodiga ko’ra:
bir vaqtning o’zida ikki o’lkada ikki imomga bay’at qilish joiz;
imomlar begunoh emas, taqiya (sharoit og’irlashgan paytda e’tiqodni sir tutish) nojoiz;
sahobalar haqida noloyiq so’zlarni aytish mumkin emas;
Abu Bakr, Umar va Usmonlar ham xalifalikka loyiq bo’lganlar.
Zayd ibn Alining tutgan siyosiy mavqei mazkur e’tiqod paydo bo’lishiga sabab bo’lgan. U Umaviylarga qarshi urush ochdi va Kufada xalifa etib saylandi. Uning fikricha, xalifalik faqat ma’lum kishilargagina (masalan, Imom Muhammad al-Boqir) emas, balki Fotimaning ikki o’g’li al-Hasan va al-Husayn avlodlaridan bo’lgan har bir olim, taqvodor, shijoatli, urushga qodir, podshohga qarshi chiqa oladigan kishiga o’tishi hamda u xalifa etib saylanishi mumkin.
Imom Zayd ibn Alining «al-Majmu’» nomli kitobida bayon etgan fikrlari zaydiya fiqhining asosini tashkil qiladi. U ham boshqa mazhab faqihlari kabi birinchi o’rinda Qur’onni, keyin esa sunna, ijmo’, qiyos, istihson, so’ngra esa aqlni shariat asoslaridan deb hisoblaydi.
Zaydiya fiqhining o’ziga xos tomonlari quyidagilar:
ahl al-kitob (samoviy kitobga ega bo’lgan boshqa din vakillari: yahudiylar, xristianlar, sobilar) tomonidan so’yilgan hayvon go’shtini yeyish, lekin ular bilan quda-andachilik qilish harom;
mahsi (oyoq kiyim)ga mash tortish joiz emas.
Zaydiya mazhabiga mansub asosiy manbalar – Zayd ibn Alining «al-Majmu’» asari va unga sharh sifatida yozilgan SHarafaddin al-Husayn ibn Ahmadning «ar-Ravd an-nodir» kitobi hisoblanadi. Zaydiylar SHimoliy Afrikada Idrisiylar (789-926), Tabaristonda Zaydiylar (863-928), Yaman (901-1962) davlatlariga asos solganlar.
Zaydiya firqasi vakillari hozirgi kunda Yaman Arab Respublikasi, Saudiya Arabistonida, Pokistonda yashaydilar. Bu firqa bir necha mayda firqachalarga bo’lingan. Ular orasidan jorudiya, sulaymoniya, butriya (solihiya), qosimiya, nosiriya, hoduviyalarni zikr etish mumkin.
Ja’fariya. SHialikning isno’ashariya firqasidagi imomlardan biri bo’lgan Abu Abdulloh Ja’far as-Sodiq 699 yil Madinada tug’ildi. U Imom Muhammad al-Boqirning o’g’li bo’lib, ota tarafidan nasabi Ali ibn Abi Tolibga borsa, ona tarafidan nasabi Abu Bakr as-Siddiqqa taѓaladi. Yoshligida Ja’far bobosi Zayn al-Obidin qo’lida tarbiya topib, undan ilm oldi. Bobosi vafot etgach, otasining qo’lida ilm olib, keyinchalik zamonasining kuchli olimlaridan biriga aylandi. Otasi 732 yil vafot etgach, ularning xonadoni go’yo Madina dorilfununlaridan biriga aylandi. Kufa, Basra va Hijozdan ko’pgina olimlar kelib, undan ilm olganlar. Abu Abdulloh diniy va dunyoviy ilmlarni egallagan olimlardan edi. U islomda birinchilardan bo’lib falsafa yo’nalishiga asos solgan. Bundan tashqari fiqh, hadis, kalom ilmlarida ham peshqadamlardan bo’lgan.
Ja’fariya mazhabining o’ziga xos tomoni shundaki, ularda qiyos bilan fatvo chiqarish usuli tan olinmaydi, hadislardan faqat Payg’ambar xonadonidan bo’lgan Ahl al-Bayt rivoyat qilganlarigina qabul qilinadi. Bundan tashqari ularda mut’a va taqiya halol deb hisoblanadi.
Ismoiliya. Ismoiliya firqasi – islomdagi shia oqimining asosiy shaxobchalaridan biri bo’lib, islom tarixida juda muhim o’rin tutadi. Ushbu firqa vakillari turli mamlakatlarda botiniya, sab’iya, qarmatiya, ta’limiya, mulhidiya va h.k. nomlar bilan atalganlar.
Ismoiliyaning paydo bo’lishi VIII asrda shialar orasidagi o’zaro bo’linishdan boshlandi. SHialarning keyinchalik «imomiylar» deb atalgan bir guruhi Ja’far as-Sodiqning kichik o’g’li Muso al-Kozimni yettinchi imom deb tan oldilar. CHunki Imom Ja’far katta o’g’li Ismoilni vorislikdan mahrum etib, imomlikni kichik o’g’liga vasiyat qilgan edi.
Ammo, shunga qaramay, boshqa bir guruh Ja’far as-Sodiqning katta o’g’li Ismoilni imomlikning merosxo’ri sifatida tan oldilar. Ismoil otasi tirikligida vafot etganligi sababli keyinchalik uning o’g’li Muhammad ibn Ismoilni yettinchi imom sifatida qabul qildilar. Imomiya shialaridan farqli ravishda imomatning davomchisi Ismoildir, deb da’vo qiluvchi ushbu firqa o’zlarini «ismoiliylar» deb atadilar.
Manbalarda muborakiylar va xattobiylar ismoiliyaning g’oyaviy asoschilari sifatida ko’rsatiladi. Biroq keyingi ismoiliya mualliflari xattobiylarni tanqid qilib, ularning mazkur yo’nalishga hech qanday aloqasi yo’q deb ta’kidlaydilar.
Muhammad ibn Ismoilning o’limidan so’ng ular orasida bo’linish yuzaga keldi. Ulardan bir guruhlari yettinchi imom deb Muhammadni tan oldilar. SHuning uchun ular sab’iya (ettinchilar) deb ataldilar.
Fotimiya (Ubaydiya). Imom Ubaydulloh al-Mahdiy Abbosiylar va qarmatiylardan qochib, o’z safdoshlari bilan Mag’ribda joylashadi va 909 yilda Fotimiylar davlatiga asos soladi. SHu tariqa ismoiliylar imomlari yashirin davrdan oshkora davrga o’tadi. Fotimiylar davlati o’z ta’limotini yoyish maqsadida SHarqqa targ’ibotchilar yubora boshladi.
Fotimiy askarlari Javhar as-Siqilliy boshchiligida Misrni qo’lga olib, so’ngra al-Qohira shahrini o’zlariga poytaxt qildilar. Ilmiy markaz sifatida al-Azharni qurdilar. Keyinchalik al-Mustansir bi-l-loh (1036-1094) o’zidan so’ng imomlik o’g’li Nizorga o’tishini ta’kidlaydi, lekin uning vaziri Afzal ibn Badr al-Jamoliy al-Mustansirning vafotidan foydalanib, uning kichik o’g’li al-Musta’liyni imom deb e’lon qiladi. Ammo Ismoiliya firqasi da’vatchilarining ko’p qismi al-Musta’liyga bay’at qilishdan bosh tortib, Nizor va uning o’g’illarini imomlikka haqli deb hisoblashgan.
Demak, ismoiliya shialari shundan so’ng ikkita: Musta’liya (g’arbiy ismoiliylar) va Nizoriya (sharqiy ismoiliylar)ga ajraldi.
Do'stlaringiz bilan baham: |