Bog'liq Sug’urta ishi” fanidan 1-qismi o’quv tarqatma materiallari
IV. Arizalarni ko‘rib chiqish va litsenziya berish yoki litsenziya berishni rad etish to‘g‘risida qaror qabul qilish 12. Litsenziya talabgorining arizasi ko‘rib chiqilganligi uchun O‘zbekiston Respublikasida belgilangan bazaviy hisoblash miqdorining besh baravari miqdorida yig‘im undiriladi.
Ariza ko‘rib chiqilganligi uchun yig‘im summasi litsenziyalovchi organning maxsus hisob raqamiga o‘tkaziladi. Litsenziya talabgori berilgan arizadan voz kechgan taqdirda to‘langan yig‘im summasi qaytarilmaydi.
13. Sug‘urtalovchilar va sug‘urta brokyerlarining sug‘urta faoliyatini litsenziyalash ushbu Nizomga 2-ilovaga muvofiq sxemaga binoan amalga oshiriladi.
Litsenziya berish yoki berishni rad etish to‘g‘risidagi qaror litsenziya talabgoridan barcha zarur hujjatlar bilan ariza olingan kundan boshlab yigirma kundan ortiq bo‘lmagan muddatda qabul qilinadi.
Agar litsenziyalovchi organ ko‘rsatilgan muddatda litsenziya berish yoki uni berishni rad etish haqida qaror qabul qilmasa, ko‘rsatilgan muddat tugashi bilan litsenziya talabgori o‘zi e’lon qilgan faoliyatni, litsenziyalovchi organni bu haqda yozma ravishda xabardor qilgan holda amalga oshirishga haqli. Bunda litsenziyalovchi organ litsenziya talabgoridan yozma xabarni olgandan boshlab besh ish kuni ichida litsenziya berishi shart.
14. Litsenziyalar berish, ular yuzasidan xulosalar tayyorlash uchun litsenziyalovchi organda ekspert komissiyasi tashkil etiladi. Ekspert komissiyasi tarkibi va komissiya to‘g‘risidagi nizom litsenziyalovchi organ tomonidan tasdiqlanadi. Ekspert komissiyasi majlislari har oyda kamida bir marta o‘tkaziladi. Majlislarning so‘rov yo‘li bilan o‘tkazilishiga va rasmiylashtirilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Litsenziya talabgorining barcha zarur hujjatlar bilan arizasi ular qabul qilib olingan kunda ekspert komissiyaga ko‘rib chiqish uchun kiritiladi.
Ekspert komissiyasi taqdim etilgan hujjatlarni o‘n yetti kundan ortiq bo‘lmagan muddatda ko‘rib chiqadi va ular bo‘yicha litsenziya berish yoki berishni rad etish to‘g‘risida ekspert xulosasi tayyorlaydi.
15. Litsenziyalovchi organ uch kun muddatda ekspert komissiyasi xulosasi asosida litsenziya berish yoki berishni rad etish to‘g‘risida qaror qabul qiladi.
Litsenziyalovchi organ tegishli qaror qabul qilingandan keyin uch kun muddatda litsenziya talabgorini qabul qilingan qaror to‘g‘risida xabardor qiladi.
Litsenziya berish qarori qabul qilinganligi haqidagi xabarnoma litsenziya talabgoriga yozma shaklda, shu jumladan, axborot tizimi orqali elektron shaklda bank hisobvarag‘i rekvizitlari va davlat boji to‘lov muddatlari ko‘rsatilgan holda jo‘natiladi (beriladi). Litsenziya berish qarori qabul qilinganligi haqidagi xabarnoma bilan bir vaqtning o‘zida litsenziya talabgoriga imzolash uchun litsenziya bitimi jo‘natiladi.
16. Litsenziyalovchi organ bilan litsenziatning o‘zaro huquq va majburiyatlarini belgilovchi litsenziya bitimida quyidagilar bo‘lishi kerak:
bitimni imzolagan shaxslarning familiyasi, ismi, otasining ismi, lavozimi;
tomonlarning rekvizitlari;
amalga oshirilishiga litsenziya berilayotgan faoliyat turi;
litsenziatga qo‘yiladigan litsenziya talablari va shartlari;
litsenziya bitimi talablari va shartlari buzilganligi uchun tomonlarning javobgarligi;
litsenziat tomonidan litsenziya bitimi talablari va shartlari bajarilishini litsenziyalovchi organ tomonidan nazorat qilish tartibi.
Litsenziya bitimi ikki nusxada — litsenziat va litsenziyalovchi organ uchun bir nusxadan tuziladi.
17. Sug‘urtalovchilar va sug‘urta brokyerlarining sug‘urta faoliyatiga litsenziyalar belgilangan shakldagi maxsus blankalarda rasmiylashtiriladi. Litsenziyalar blankalari qat’iy hisobda turadigan hujjatlar hisoblanadi, hisobga olish seriyasiga, tartib raqamiga va himoyalanganlik darajasiga ega bo‘ladi. Litsenziya blankasi namunalari litsenziyalovchi organ tomonidan ishlab chiqiladi va tasdiqlanadi, “Davlat belgisi” davlat-ishlab chiqarish birlashmasida bosmaxona usulida tayyorlanadi.
Litsenziyalar litsenziya talabgori davlat boji to‘langanligini tasdiqlovchi hujjatni taqdim etgandan hamda u litsenziya bitimini imzolagandan keyin litsenziyalovchi organ tomonidan ikki kun muddatda rasmiylashtiriladi.
Litsenziyaning asl nusxasi litsenziatga beriladi, litsenziya nusxasi belgilangan tartibda litsenziyalovchi organda saqlanadi. Litsenziyani yoki litsenziya bo‘yicha huquqlarni boshqa shaxslarga berish taqiqlanadi.
18. Agar litsenziat litsenziya berish to‘g‘risida qaror qabul qilinganligi haqidagi bildirishnoma yuborilgan (topshirilgan) vaqtdan boshlab uch oy mobaynida litsenziyalovchi organga litsenziya berilganligi uchun davlat boji to‘langanligini tasdiqlovchi hujjatni taqdim etmasa yoxud litsenziya bitimini imzolamasa, litsenziyalovchi organ litsenziyani bekor qilish to‘g‘risida qaror qabul qilishga haqlidir.
19. Litsenziya berish “Faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 17-moddasida nazarda tutilgan asoslar bo‘yicha rad etilishi mumkin.
Litsenziya talabgori litsenziyalovchi organning litsenziya berishni rad etish to‘g‘risidagi qarori, shuningdek litsenziyalovchi organ mansabdor shaxsining xatti-harakati (harakatsizligi) yuzasidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda shikoyat qilish huquqiga egadir.
Oldingi tahrirga qarang. 20. Litsenziya berishni rad etish to‘g‘risida qaror qabul qilingan taqdirda rad etish to‘g‘risida xabarnoma litsenziya talabgoriga yozma ravishda, shu jumladan, axborot tizimi orqali elektron shaklda, rad etish sabablari va litsenziya talabgori ko‘rsatilgan sabablarni bartaraf etib, hujjatlarni qayta ko‘rib chiqish uchun kiritishi mumkin bo‘lgan muddat ko‘rsatilgan holda yuboriladi. Litsenziya berishni rad etish to‘g‘risidagi xabarnomada ko‘rsatilgan muddat kamchiliklarni bartaraf etish uchun zarur bo‘lgan vaqtga mutanosib bo‘lishi shart.
21. Litsenziya talabgori tomonidan litsenziya berish rad etilishiga asos bo‘lgan sabablar bartaraf etilgan taqdirda, hujjatlarni takroran ko‘rib chiqish litsenziya talabgorining arizasi barcha zarur hujjatlar bilan birgalikda olingan kundan boshlab o‘n kundan ortiq bo‘lmagan muddatda amalga oshiriladi.
Bunda takroran taqdim etilgan hujjatlar ular qabul qilingan kunda ko‘rib chiqish uchun ekspert komissiyasiga kiritiladi.
Ekspert komissiyasi taqdim etilgan hujjatlarni olti kundan ortiq bo‘lmagan muddatda ko‘rib chiqadi va ular yuzasidan litsenziya berish yoki litsenziya berishni rad etish to‘g‘risida ekspert xulosasi tayyorlaydi.
Litsenziyalovchi organ ekspert komissiyasi xulosasi asosida litsenziya berish yoki litsenziya berishni rad etish to‘g‘risida uch kun muddatda qaror qabul qiladi.
Arizalar takroran ko‘rib chiqilganligi uchun litsenziya talabgorlaridan yig‘im undirilmaydi.
Litsenziya talabgorining arizasi qayta ko‘rib chiqilgan taqdirda litsenziya berishning litsenziya berishni rad etish to‘g‘risidagi bildirishnomada ilgari ko‘rsatilmagan yangi asoslar bo‘yicha rad etilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Litsenziya berish rad etilganligi to‘g‘risidagi bildirishnomada ko‘rsatilgan muddat o‘tgandan keyin berilgan ariza yangidan berilgan ariza hisoblanadi.