Sug‘urtalanuvchi – sug‘urtalovchi bilan aniq sug‘urta munosabati o‘rnatgan va tegishli sug‘urta mukofotlarini to‘lovchi yuridik yoki jismoniy shaxs.
Sug‘urta vositachilari – sug‘urtalovchi va sug‘urtalanuvchi o‘rtasida vositachilik vazifasini bajaruvchi yuridik shaxs. Maqomi bo‘yicha vositachi sug‘urtalanuvchining manfaatlarini himoya qiladi. Ko‘rsatgan xizmatlari uchun vositachi tegishli vositachilik haqini oladi.
Risk- bitta kutilayotgan hodisa bo‘yicha xavfning yuzaga kelishi. Risk tushunchasi ko‘rinishlarining xilma-xilligi, uni sodir bo‘lishi natijasida yuzaga kelgan oqibatlarning og‘irligi, riskni ro‘y berishi sababli paydo bo‘lgan zararlarni mutloq tugatishni imkoniyati bo‘lmaganligi sug‘urta ishini tashkil etish uchun asos yaratdi. SHunday qilib, risk sug‘urtaviy huquqiy munosabatlarni shakllantirish uchun shart-sharoit yaratadi. Risk-riskli holatlarning yagonalik va o‘zaro aloqadorlik yig‘indisidir.
Sug‘urta fanida risk tushunchasiga turlicha tariflar berilgan. Jumladan, risk-bu konkret hodisa yoki hodisalar yig‘indisi bo‘lib, ular sodir bo‘lgan taqdirda sug‘urta kompaniyasi qoplamalar to‘laydi. Risk sug‘urta ob’ekti bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri bog‘langan. Ob’ektga risk salbiy ta’sir ko‘rsatib, uni shikastlashi yoxud nobud qilishi mumkin. SHu tufayli risk - bu yagona tasodifiy hodisa bo‘lib, uning ro‘y berishi inson ongiga yoki irodasiga bog‘liq emas. Sug‘urta risklarining ro‘yxati sug‘urtalovchining sug‘urta javobgarligi hajmini tashkil etadi.
Risk bahosining puldagi ifodasi sug‘urta tarif stavkasini tashkil etadi; sug‘urta ob’ekti; sug‘urta javobgarligining turi.
931-modda. Sug‘urta shartnomasi tuzilayotganda sug‘urta qildiruvchi taqdim etadigan ma’lumotlar Sug‘urta shartnomasi tuzilayotganda sug‘urta qildiruvchi o‘ziga ma’lum bo‘lib, sug‘urta hodisasi yuz berishi ehtimolini va uning yuz berishi tufayli kutilajak zarar miqdori (sug‘urta xavfi)ni aniqlash uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lgan holatlarni sug‘urtalovchiga xabar qilishi shart.
Sug‘urta shartnomasi (polisi)ning standart shaklida, sug‘urta qildiruvchiga berilgan sug‘urta qoidalarida yoki yozma so‘rovda sug‘urtalovchi tomonidan oldindan aniq aytib qo‘yilgan holatlar muhim deb hisoblanadi.
Agar sug‘urta shartnomasi sug‘urtalovchining qandaydir savollariga sug‘urta qildiruvchining javoblari bo‘lmagan holda tuzilgan bo‘lsa, sug‘urtalovchi tegishli holatlar sug‘urta qildiruvchi tomonidan ma’lum qilinmaganligiga asoslanib keyinchalik shartnomani bekor qilishni yoxud uni haqiqiy emas deb topishni talab qila olmaydi.
Agar sug‘urta shartnomasi tuzilganidan keyin, ushbu moddaning birinchi qismida ko‘rsatilgan holatlar to‘g‘risida sug‘urta qildiruvchi sug‘urtalovchiga bila turib yolg‘on ma’lumot berganligi aniqlansa, sug‘urtalovchi shartnomani haqiqiy emas deb topishni va ushbu Kodeks 123-moddasining ikkinchi qismida nazarda tutilgan oqibatlar qo‘llanilishini talab qilishga haqli.