So‘z boshi
Keyingi yillarda mamlakatimizda sug‘urta bozorini rivojlantirish va tizimni takomillashtirish borasida salmoqli ishlar olib borilmoqda. O‘zbekistonda sug‘urta xizmati bozorini rivojlantirish, shuningdek aholining keng qatlamlari va xo‘jalik subyektlarini sug‘urtada ishtiroklarini rag‘batlantirish maqsadida sug‘urta kompaniyalari va iste’molchilarga qulay sharoitlar, soliq to‘lashda imtiyoz yaratilgan. Sohaga bo‘lgan e’tibor tarmoqda faoliyat olib borayotgan kompaniyalar soni o‘sib borayotganida ham namoyon bo‘lmoqda. Ayni paytda O‘zbekistonda 30dan ortiq sug‘urta kompaniyalari faoliyat olib borayotgani va aholiga 200 dan ortiq sug‘urta xizmatlarini taklif etayotgani bunga dalildir.
Sug‘urta faoliyati bozor iqtisodiyoti moliyaviy infratuzilmasining ajralmas tarkibiy qismi bo‘lib, iqtisodiyotning yaxlitlikda barqaror rivojlanishini taominlovchi muhim omillardandir
Prezidentimiz Islom Karimovning 2008-yilda mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2009- yilda iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirishning eng muhim ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan Vazirlar Mahkamasi majlisidagi ma’ruzasida bozor iqtisodiyoti institutlari, xususan, sug‘urtaning zamonaviy shakllarini keng rivojlantirish zarurligiga alohida e’tibor qaratildi. Shu asosda hozirgi kunda sug‘urta xizmatlarining raqobat bozorini yanada takomillashtirish, sug‘urta faoliyatining zamonaviy turlarini rivojlantirish va sifatini oshirish, sug‘urta tizimini rivojlantirishda rivojlangan sug‘urta tizimiga ega xorijiy mamlakatlarning tajribalarini o‘rganish va ulardan samarali foydalanishga alohida eotibor qaratilmoqda.
Respublikamiz sug‘urta tizimini rivojlantirishda bevosita iqtisodchi mutaxassislarning roli kattadir. Bo‘lajak iqtisodchilarni oliy ta’lim muassasalarida olayotgan bilimlari orasida «Sug‘urta asoslari» fanining ham alohida o‘ziga xos o‘rni mavjud bo‘lib, bu fanni o‘rganishda mazkur ma’ruzalar kursining yordami tegadi, chunki ma’ruzalar ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha davlat standartlari va o‘quv dasturlari asosida qator chet el, ya’ni rivojlangan sug‘urta tizimiga ega davlatlar iqtisodchi-olimlari tomonidan yaratilgan o‘quv adabiyotlari, respublikamizning sug‘urtaga doir qonunchiligi, sug‘urta amaliyotida qo‘llanilayotgan me’yoriy hujjatlar asosida va ulardan unumli foydalanilgan, milliy istiqlol g‘oyasi singdirilgan, kadrlar tayyorlash Milliy dasturi talablari o‘rganilgan holda yozilgan.
«Sug‘urta asoslari» fanidan ma’ruzalar kursi sug‘urtaning iqtisodiy mohiyati, vazifalari, roli va rivojlangan jamiyatda qo‘llash sohalarini o‘rganishni qamrab oluvchi sug‘urta nazariyasining asosiy masalalarini yoritib beradi. U sug‘urtaning kelib chiqish va O‘zbekiston hududida rivojlanish tarixi, muhim sug‘urta atamalarining mazmunini, sug‘urtaning turkumlanishi va sug‘urtani tashkil etishning tamoyillarini va boshqalarni yoritib beradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |