2. Ilonlar (Ophidia) kenja turkumi vakillarining gavdasi uzun silindr shaklida bo`lib, deyarli qismlarga bo`linmagan. Oyoqlari yo`q. Qovoqlari o`zaro qo`shilib ketib yupqa parda hosil qiladi. Nog`ora pardasi yo`q. O`pkasi toq, buyraklari tasmasimon cho`ziq. Jag` apparatining suyaklari (tanglay, qanotsimon va tangachasimon) o`zaro harakatchan qo`shilgan. Shu sababli ilonlar o`z o`ljalarini butunlay yutadi. Bo`g`ma ilonlar o`ljasini gavdasi bilan o`rab olib bo`g`adi. Zaharli ilonlar esa o`ljasini zahari bilan o`ldiradi.
Zaharli ilonlarning ustki ikkita tishi kattaligi bilan boshqa tishlaridan farq qilib turadi va yuqori jag` suyaklariga o`rnashgan bo`ladi. Zahar tishlar jag` ochilganda ustki jag`ga vertikal, yopilganda esa ular uchi orqa tomonga qaratiladi. Qora ilonlarning zahar tishlari ichida kanal bo`lsa, ko`zoynakli ilonlar zahar tishlarining pastki yuzasida nov bo`ladi. Zahar shu nov va kanallardan ilon chaqqanda oqib chiqadi. Zahar maxsus ustki jag` bezlari tomonidan ishlab chiqiladi.
Ko`zoynakli (kapcha ilon), qora, chinqiroq ilonlar inson uchun juda xavfli hisoblanadi. Bu ilonlar respublikamizning cho`l va tog`li mintaqalarida tarqalgan. MDH da yana chipor ilonlar va suv ilonlari keng tarqalgan. Sobiq ittifoqning "Qizil kitobi"ga 19 tur kaltakesak va 16 tur ilonlar kiritilgan. Bularga Qrim gekkoni, turkman gekkoni, Xantov to`garak boshi, bo`z echkiemar, turk kaltakesagi, Kavkaz- orti chipor iloni, O`rta Osiyo ko`zoynakli iloni, Kichik Osiyo qora iloni va boshqalar kiradi.
3. Xameleonlar (Chameleontes) kenja turkumi vakillari daraxtda yashashga moslashgan sudralib yuruvchilardir. Panjalari ombur shaklida, dumlari uzun va ilmoqli. Gavdasi yon tomondan qisilgan. Ko`zlari katta-katta va harakatchan bo`lib, bir-biriga bog`liq bo`lgan holda o`ljasini hasharotlarni axtaradi. Xameleonlar tashqi muhitga qarab rangini o`zgartira oladi. Ularning kattaligi 3-5 sm dan 50-60 sm gacha bo`ladi.
3. Timsohlar (Crocodilia) turkumi vakillari hozirgi zamon sudralib yuruvchilari ichida eng yuqori taraqqiy etgan va suv muhitida yashashga moslashgan. Boshi, bo`yni va tanasi, yapaloq dumi, yon tomondan qisilgan, orqa oyog`ining barmoqlari orasida suzgich pardasi bo`ladi. Gavdasi shox qalqon bilan qoplangan. Bu qalqonlarning tagida suyak plastinkalar joylashgan.
Tishlari jag`lararo, yuqorigi jag` va tish suyaklarida bo`lib, xuddi sutemizuvchilardagidek chuqurchalarda joylashadi. Jag`lararo va yuqorigi jag` suyaklarining o`simtalari va tanglay suyaklarining qo`shilishidan ikkilamchi suyak tanglay hosil bo`ladi. Ikkilamchi tanglay og`iz bo`shlig`ini ustki burun-halqum yo`li va pastki haqiqiy og`iz bo`shlig`iga ajratib turadi. Yurak qorinchasi to`liq 2 qismga bo`lingan, ya'ni yurak 4 kamerali. Lekin chap yurak qorinchasidan chiqqan o`ng aorta yoki arterial qon va o`ng yurak qorinchasidan chiqqan chap aorta yoki venoz qon o`zaro qo`shiladi.
Hozirda timsohlarning 25 ta turi ma'lum. Bular tropik mamlakatlarning daryo, ko`l va botqoqliklarida yashaydi. Bo`yi 10 m ga yetadigan Nil timsohi, Hindiston daryolarida yashaydigan uzun tumshuqli gavial, Amerikada yashovchi alligator va kaymanlar timsohlarning tipik vakilidir. Timsohlar suvda yashovchi va suv qirg`og`iga yaqinlashgan hayvonlar bilan oziqlanadi. Qimmatbaho terisi va go`shti uchun ovlanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |