7-modda. Malaka darajasiga ega bo‘lgan sudyalarning lavozim maoshlariga qonunchilikda belgilangan miqdorlarda ustamalar belgilanadi.
8-modda. Sudyalarni malaka attestatsiyasidan o‘tkazish tartibi qonun bilan tasdiqlanadigan nizomda belgilanadi.
“Sudlar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga
3-ILOVA
Sud tizimi xodimlarining mansab darajalari to‘g‘risida
NIZOM
1-modda. Ushbu Nizom sudlar apparati, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi (bundan buyon matnda Konstitutsiyaviy sud deb yuritiladi), O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi (bundan buyon matnda Sudyalar oliy kengashi deb yuritiladi), O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi huzuridagi Sudyalar oliy maktabi (bundan buyon matnda Oliy maktab deb yuritiladi) va O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi huzuridagi Sudlar faoliyatini ta’minlash departamenti (bundan buyon matnda Departament deb yuritiladi) hamda uning hududiy bo‘limlari xodimlariga maxsus unvonlar — mansab darajalari berish tartibini belgilaydi.
2-modda. Sudlar apparati, Konstitutsiyaviy sud, Sudyalar oliy kengashi, Oliy maktab, Departament va uning hududiy bo‘limlari xodimlarining maxsus unvonlari quyidagi mansab darajalaridan iborat:
1-darajali Davlat adliya maslahatchisi;
2-darajali Davlat adliya maslahatchisi;
3-darajali Davlat adliya maslahatchisi;
1-darajali adliya maslahatchisi;
2-darajali adliya maslahatchisi;
3-darajali adliya maslahatchisi;
1-darajali yurist;
2-darajali yurist;
3-darajali yurist.
3-modda. Mansab darajalari oliy yuridik ma’lumotga yoki boshqa oliy ma’lumotga ega xodimlarga, egallab turgan lavozimi, malakasi va ish stajiga muvofiq ketma-ketlikda yoxud ilgarigi ish yoki xizmat joyida berilgan maxsus unvonlar va mansab darajalarini inobatga olgan holda beriladi.
4-modda. Mansab darajalari:
1-darajali Davlat adliya maslahatchisi — Sudyalar oliy kengashi raisiga;
2-darajali Davlat adliya maslahatchisi — Oliy maktab direktoriga, Departament direktoriga;
3-darajali Davlat adliya maslahatchisi — Oliy maktab direktorining o‘rinbosariga, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi apparati rahbariga;
1-darajali adliya maslahatchisi — Konstitutsiyaviy sud kotibiyati mudiriga, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi boshqarmalari boshliqlariga, Sudyalar oliy kengashi kotibiga, Oliy maktabning kafedra mudiriga, kafedra professoriga, kafedra dotsentiga, Departament direktorining o‘rinbosariga;
2-darajali adliya maslahatchisi — Konstitutsiyaviy sudning katta ekspertlariga, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining boshqarma boshliqlari o‘rinbosarlariga va bo‘lim boshliqlariga, Konstitutsiyaviy sud raisining yordamchisiga, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisining maslahatchisiga, Sudyalar oliy kengashining yetakchi inspektorlariga, birinchi bo‘limi mudiriga, Oliy maktabning bo‘lim boshliqlariga, kafedra o‘qituvchilariga, Departamentning bo‘limlari va hududiy bo‘limlari boshliqlariga;
3-darajali adliya maslahatchisi — Konstitutsiyaviy sudning ekspertlariga, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi va Rayosati kotibiyatining boshlig‘iga, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining bo‘lim boshliqlari o‘rinbosarlariga, bosh va katta konsultantlariga, Sudyalar oliy kengashining arxiv mudiriga va devonxona mudiriga, Oliy maktabning yuriskonsultiga, bosh va yetakchi mutaxassislariga, Departamentning bosh mutaxassislariga, kadrlar bo‘yicha bosh inspektoriga va yuriskonsultiga;
1-darajali yurist — Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudi, viloyat sudlari va Toshkent shahar sudining, O‘zbekiston Respublikasi Harbiy sudining, Qoraqalpog‘iston Respublikasi ma’muriy sudining, viloyatlar, Toshkent shahar ma’muriy sudlarining bo‘lim boshliqlariga, bosh mutaxassislariga, sudya katta yordamchilariga, Oliy maktabning devonxona mudiriga va arxiv mudiriga;
2-darajali yurist — Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudining, viloyat sudlari va Toshkent shahar sudining, O‘zbekiston Respublikasi Harbiy sudining, Qoraqalpog‘iston Respublikasi ma’muriy sudining, viloyatlar, Toshkent shahar ma’muriy sudlarining katta mutaxassislariga, devonxona mudirlariga, sudyalar malaka hay’atlari kotiblariga, Departament hududiy bo‘limlarining bosh mutaxassislariga;
3-darajali yurist — tumanlararo, tuman, shahar sudlarining, hududiy harbiy sudlarning sudya yordamchilariga, devonxona mudirlariga beriladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |