99-modda. Ushbu Qonunning ijrosini, yetkazilishini, mohiyati va ahamiyati tushuntirilishini ta’minlash
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi, Sudyalar oliy kengashi, boshqa manfaatdor tashkilotlar ushbu Qonunning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini hamda mohiyati va ahamiyati aholi o‘rtasida tushuntirilishini ta’minlasin.
100-modda. Qonunchilikni ushbu Qonunga muvofiqlashtirish
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;
davlat boshqaruvi organlari ushbu Qonunga zid bo‘lgan o‘z normativ-huquqiy hujjatlarini qayta ko‘rib chiqishlari va bekor qilishlarini ta’minlasin.
101-modda. Ushbu Qonunning kuchga kirishi
Ushbu Qonun rasman e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.
O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2021-yil 28-iyul,
O‘RQ-703-son
“Sudlar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga
1-ILOVA
Harbiy sudlar faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida
NIZOM
1-modda. Harbiy sudlar O‘zbekiston Respublikasi sud tizimiga kiradi hamda O‘zbekiston Respublikasi Harbiy sudi va hududiy harbiy sudlardan iborat bo‘ladi.
Harbiy sudlar chiqaradigan hal qiluv qarorlari va hukmlar O‘zbekiston Respublikasi nomidan e’lon qilinadi.
2-modda. O‘zbekiston Respublikasi Harbiy sudi viloyat sudi huquqi asosida ish yuritadi hamda sudyalar, shu jumladan sud raisi, rais o‘rinbosari, shuningdek xalq maslahatchilaridan iborat bo‘ladi.
Hududiy harbiy sudlar tuman sudi huquqi asosida ish yuritadi va sudyalar, shu jumladan sud raisi, shuningdek xalq maslahatchilaridan iborat bo‘ladi.
3-modda. Harbiy sudlar sudyalarini tayinlash tartibi va ularning maqomi “Sudlar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni bilan belgilanadi.
4-modda. O‘zbekiston Respublikasi harbiy sudlari:
1) O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti davlat xavfsizlik xizmati, Milliy gvardiya, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Ichki ishlar vazirligi qo‘shinlari va qonunchilikka muvofiq tashkil etiladigan boshqa harbiy tuzilmalar harbiy xizmatchilari, shuningdek o‘quv yig‘inlarida bo‘lgan davrda harbiy xizmatga majburlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar to‘g‘risidagi ishlarni;
2) harbiy qismlar, qo‘shilmalar va birlashmalarning, harbiy boshqaruv organlarining qo‘mondonligiga nisbatan harbiy xizmatchilarning da’volari bo‘yicha fuqarolik ishlarini hamda harbiy boshqaruv organlari va harbiy mansabdor shaxslarning harbiy xizmatchilar huquq va erkinliklarini buzuvchi xatti-harakatlari (qarorlari) ustidan shikoyatlarni;
3) alohida holatlar tufayli sudlar ish yuritmayotgan joylarda barcha fuqarolik va jinoyat ishlarini;
4) davlat sirlariga taalluqli ishlarni;
5) qonun bilan o‘z vakolatlariga kiritilgan ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘radi.
O‘zbekiston Respublikasi harbiy sudlari qonunga muvofiq boshqa ishlarni ham ko‘rishi mumkin.
Ushbu modda birinchi qismining 1-bandida ko‘rsatilgan shaxslar harbiy yoki unga tenglashtirilgan xizmatni o‘tash davrida sodir etgan jinoyatlar to‘g‘risidagi ishlar, agar ular ish sudda ko‘rilish paytiga kelib xizmatdan bo‘shab ketgan bo‘lsa ham, harbiy sudlar tomonidan ko‘riladi.
Ushbu modda birinchi qismining 1-bandida ko‘rsatilgan shaxslar harbiy yoki unga tenglashtirilgan xizmatga chaqirilgunga yoki kirgunga qadar sodir etgan jinoyatlar va ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlar jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan ko‘riladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |