75-modda. Sudyaga nisbatan intizomiy ish qo‘zg‘atish Sudyaga nisbatan intizomiy ish tegishli sudyalar malaka hay’ati tomonidan sudya ushbu Qonun 74-moddasining birinchi qismida nazarda tutilgan harakatlarni sodir etilgani to‘g‘risidagi ariza yoki xabar bo‘yicha o‘tkazilgan xizmat tekshiruvi natijalariga ko‘ra qo‘zg‘atilishi mumkin.
76-modda. Sudyaga nisbatan qo‘llaniladigan intizomiy jazo choralari Sudyalarning malaka hay’ati intizomiy javobgarlikka tortilgan sudyaga quyidagi intizomiy jazo choralaridan birini qo‘llashi mumkin:
ogohlantirish;
hayfsan;
o‘rtacha oylik ish haqining o‘ttiz foizidan ortiq bo‘lmagan miqdorda jarima;
malaka darajasini bir pog‘onaga pasaytirish;
vakolatlarini muddatidan ilgari tugatish.
Intizomiy jazo choralari qo‘llanilayotganida qoidabuzarlikning xususiyati va oqibatlari, nojo‘ya xatti-harakatning og‘ir-yengilligi, sudyaning shaxsi, aybdorlik darajasi inobatga olinadi.
77-modda. Intizomiy jazo choralarini qo‘llash to‘g‘risidagi qaror ustidan shikoyat qilish Sudyalar malaka hay’atining intizomiy jazo choralarini qo‘llash to‘g‘risidagi qarori ustidan Sudyalar oliy malaka hay’atiga shikoyat qilish mumkin.
Sudyalar oliy malaka hay’atining qarori ustidan O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashiga shikoyat berish mumkin.
12-bob. Sudyaning vakolatlarini to‘xtatib turish va tugatish 78-modda. Sudyaning vakolatlarini to‘xtatib turish Sudyaning vakolatlari tegishli sudyalar malaka hay’ati qarori bilan quyidagi hollarda to‘xtatib turiladi, agar:
sudya o‘z lavozimiga zid faoliyat bilan shug‘ullanayotgan bo‘lsa;
sudyaga nisbatan tibbiy yo‘sindagi majburlov choralari qo‘llanilgan bo‘lsa;
sudya sudning hal qiluv qarori bilan bedarak yo‘qolgan deb topilgan bo‘lsa;
sudyaga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lsa;
sudya davlat hokimiyati vakillik organlari saylovida deputatlikka nomzod sifatida ishtirok etayotgan bo‘lsa.
Sudyaning vakolatlari ularni to‘xtatib turishga sabab bo‘lgan asoslar bekor bo‘lgunga qadar to‘xtatib turiladi.
Sudya qonunda belgilangan tartibda tegishli sudyalar malaka hay’ati qarori ustidan shikoyat qilishga haqli.
Sudyaning vakolatlari to‘xtatib turilishi unga ish haqi to‘lashni to‘xtatishga yoki ish haqi miqdorini kamaytirishga, uning ta’minoti darajasini pasaytirishga va sudyani ushbu Qonunda belgilangan daxlsizlik kafolatlaridan mahrum qilishga sabab bo‘lmaydi, bundan ehtiyot chorasi sifatida sudyaga nisbatan qamoqqa olish chorasi tanlangan hollar mustasno.
Sudyaning vakolatlarini qayta tiklash to‘g‘risidagi qaror sudyaning vakolatlarini to‘xtatib turgan tegishli sudyalar malaka hay’ati tomonidan qabul qilinadi.