Bog'liq 258-II-сон 29.08.2001. Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida
7-BOB. QARZDORNING ISh HAQI VA UNGA TENGLAShTIRILGAN TO‘LOVLARGA NISBATAN UNDIRUV 64-modda. Undiruvni qarzdorning ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlarga qaratish Undiruv quyidagi hollarda qarzdorning ish haqiga yoki boshqa unga tenglashtirilgan
to‘lovlarga qaratiladi:
davriy to‘lovlarni undirish to‘g‘risidagi qarorlarni ijro etishda;
bazaviy hisoblash miqdorining ikki baravaridan ko‘p bo‘lmagan miqdordagi, shu jumladan
yig‘ma ijro ishi yuritishga birlashtirilgan ijro hujjatlari bo‘yicha ushbu miqdordagi pul summasini
undirishda;
undirilayotgan summalarni to‘liq uzish uchun qarzdorning mol-mulki bo‘lmaganda yoki
uning mol-mulki yetarli bo‘lmaganda.
Qarzdor jismoniy shaxsga ish haqi yoki boshqa unga tenglashtirilgan to‘lovlarni to‘layotgan
tashkilotlar yoki o‘zga shaxslar undiruvchidan yoxud davlat ijrochisidan ijro hujjatini olgan kundan
e’tiboran qarzdor jismoniy shaxsning ish haqi va boshqa daromadlaridan pul mablag‘larini ijro
hujjatidagi talablarga muvofiq ushlab qolishi shart.
Qarzdorga ish haqi yoki boshqa unga tenglashtirilgan to‘lovlarni to‘layotgan tashkilot yoki
o‘zga shaxs ushlab qolingan pul mablag‘larini undiruvchiga to‘lov amalga oshirilgan kundan
e’tiboran uch kun ichida to‘lashi yoki o‘tkazishi shart. Pul mablag‘larini to‘lash va o‘tkazish qarzdor
hisobidan amalga oshiriladi.
Qarzdor bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilinganda, u o‘qishni bitirganda (boshqa
joyga o‘tkazilganda), pensiya va boshqa daromadlar olish joyidan ketganda, qarzdor jismoniy
shaxsga ish haqi yoki boshqa unga tenglashtirilgan to‘lovlarni to‘layotgan tashkilot yoki o‘zga shaxs
bu haqda darhol davlat ijrochisiga xabar berishi va amalga oshirilgan undiruvlar to‘g‘risida belgi
qo‘yilgan ijro hujjatini unga qaytarishi shart.
Qarzdor jismoniy shaxs yangi ish, o‘qish joyi, pensiya va boshqa daromadlar olish joyi
to‘g‘risida darhol davlat ijrochisiga va undiruvchiga xabar berishi shart.
Qarzdorga ish haqi yoki boshqa unga tenglashtirilgan to‘lovlarni to‘layotgan tashkilot yoki
o‘zga shaxs ijro hujjatlarining o‘z vaqtida va to‘g‘ri ijro etilishini, ularning hisobini va saqlanishini
O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi tomonidan tasdiqlanadigan qarzdor jismoniy shaxsga
ish haqi yoki boshqa unga tenglashtirilgan to‘lovlarni to‘layotgan tashkilotlar yoki o‘zga shaxslar
tomonidan ijro hujjatlarining ijro etilishi qoidalariga muvofiq holda ta’minlaydi.
Davlat ijrochisi qarzdor jismoniy shaxsga ish haqi yoki boshqa unga tenglashtirilgan
to‘lovlarni to‘layotgan tashkilot yoki o‘zga shaxs tomonidan ijro hujjati talablari bajarilishi ustidan
nazoratni amalga oshiradi, shu jumladan ijro hujjati bo‘yicha pul mablag‘larining to‘g‘ri ushlab
qolinishi va o‘z vaqtida o‘tkazilishi, ularning saqlanishiga va hisobga olinishiga doir belgilangan
talablarga rioya etilishi yuzasidan undiruvchining arizasiga ko‘ra yoki o‘z tashabbusi bilan tekshirish
o‘tkazadi. Bunday tekshirishni o‘tkazishda qarzdor jismoniy shaxsga ish haqi yoki boshqa unga
tenglashtirilgan to‘lovlarni to‘layotgan tashkilot yoki o‘zga shaxs tegishli buxgalteriya hujjatlarini va
boshqa hujjatlarni davlat ijrochisiga taqdim etishi shart.