David Gilbert - haqiqiy parishonxotir olim
Biz bilishimiz lozim va bilib olamiz ham!
David Gilbert.
David Gilbert 1862-yilning 23-yanvar sanasida Sharqiy Prussiya davlati poytaxti Kyoningsbergda (hozirda Rossiya Federatsiyasining Kaliningrad shahri) tavallud topgan. Gilbertning otasi ushbu shahar mahkamasida sudya bo‘lib ishlagan. Oilaviy muhitning ilmiy faoliyatga rag‘bat beradigan darajada bo‘lganidan, Gilbertlar oilasining hamma a'zolari ziyoli insonlar bo‘lib yetishishgan. Xususan uning onasi ham falsafa, astronomiya hamda matematikani juda yaxshi biluvchi olima ayol bo'lgan.
18 yoshida o‘rta maktabni tugatgan David Gilbert Kyoningsberg universitetiga o‘qishga kiradi. Ushbu oliy ma'hadda Gilbert matematika yo‘nalishida tahsil olgan. Gilbertning ustozlar borasida omadi kelgan edi. Unga ustozlik qilgan insonlar o‘z davrining eng kuchli matematik olimlari bo‘lib, xususan Genrix Veber va Ferdinand Lindemanlarni alohida ko‘rsatish mumkin. Talabalik yillarida David Gilbert invariantlar nazariyasini tadqiq qila boshlaydi va bu borada ilmiy bahs olib borishga tayyor bo'lgan boshqa bir kuchli matematik - German Minkovskiy bilan yaqindan tanishadi. Minkovskiy va Gilbert keyinchalik, bir umrga qalin do‘st bo‘lib qolishgan. Aynan Minkovskiy orqali Gilbert, Ernst Kummer, Leopold Kroneker, Karl Vayershtrass, hamda Felkis Klyayn kabi o‘sha zamonning eng yetuk matematik mutaxassislari bilan ilmiy aloqalar o‘rnatadi. Gilbertning kasbiy faoliyatiga eng katta ta'sir ko‘rsatgan matematik aynan Feliks Klyayan bo‘lib, u bilan David 1885 yilda Leyptsigda amaliyot o‘tash paytida tanishgan edi. 1892-yilda Gilbertni Kyoningsberg universitetining matematika kafedrasida privat-dostesnt lavozimiga ishga tayinlanadi. Bu lavozim unga nafaqat moddiy tarafdan to‘kinchilikni, balki, nufuzli ilmiy doiralardan eng kuchli olim va mutaxassislar bilan muntazam kasbiy aloqalar o‘rnatish imkonini ham berdi. Gilbert ishga joylashgach, oila qurishga qaror qiladi va Keyte Yerosh ismli ayolga uylanadi. Ko‘pchilik Gilbertning xotinini XIX-asr Olmoniyasining mashhur avangard rassomi bo'lgan Keyt Kolvits bilan adashtirib yuborishadi. Ta'kidlash joizki, Keyt Kolvits ijodini Gilbert yoshligidanoq qattiq hurmat qilgan va uni kerakli o‘rinlarda himoya qilgan ersa-da, harholda u bilan faqat do‘stona munosabat yuritgan. Gilbertning xotini Keytni esa, tasviriy san'atga umuman aloqasi bo‘lmagan.
1895-yilda Gilbertning hayotidagi eng muhim voqea yuz beradi. Uning nomzodini Feliks Klyayan tavsiyasi bilan Gyottingen universiteti matematika kafedrasi mudiri lavozimi uchun tasdiqlandi. Gilbert shaxsi bilan bog‘liq eng muhim jihatlardan biri shuki, u o‘z prinsplariga doimo sodiq qoluvchi kishi bo'lgan. Jumladan u XX-asr dastlabki ikki o‘n yilligining eng nufuzli matematigi bo‘lib butun dunyoga dong‘i ketgan paytlarda ham, o‘z alma-materi, ya'ni Gyottingen universitetiga sodiq qolgan. Gilbertning jahonning eng nufuzli oliy dargohlaridagi, jumladan Berlin universiteti matematika kafedrasini boshqarish bo‘yicha tushgan takliflarni qat'iyan inkor etgani ma'lum. 1930-yilda nafaqaga chiqqunicha Gyottingenda ishladi. Nafaqaga chiqqanidan keyin ham 4 yil, ya'ni 1934-yilgacha mazkur institutda matematikada dars berishda davom etgan.
XX-asr matematiklarining bir necha avlodiga tinchlik bermagan mashhur 23 ta Gilbert muammolarini bayon qilgan ham aynan David Gilbert bo'lgan. Uning 1900-yil avgustida Parijda o‘tgan II-xalqaro butunjahon matematiklari kongressida qilgan nutqida bayon qilingan 23 ta eng muhim va murakkav matematik masala va gipotezalar, ilm-fanda keyinchalik yangi sohalarni ochilishiga, yangi yutuqlarga erishilishiga sabab bo'lgan edi.
1920-yilda Gilbert kamqonlik xastaligiga chalinadi. o‘sha paytlarda ushbu kasallikni butunlay davolash usuli jahon tibbbiyot amaliyotida mavjud bo‘lmagan. U butunlay kuch-quvvatdan qolib, organizmi nihoyatda zaiflashib qoldi. Shunga qaramay u o‘z vaqtini asosan fundamental fanlarni tadqiq qilish bilan o‘tkazar edi. 1927 yilda esa David Gilbert jahonda sariq kasalga qarshi ishlab chiqilgan ilk vaksinani o‘ziga emlatib, amalda sinab ko‘rgan eng birinchi mijoz-bemorlardan bir bo‘ldi. U vaksinaning muvaffaqiyatli davolovchi ta'sirini o‘z tanasida his qilganini ta'kidlagan. Ya'ni, vaksina uning sog‘ligini ushbu yomon kasallikdan saqlab qolgan edi.
XX asrning shubhasiz eng buyuk matematigi bo'lgan David Gilbert 1943-yilning 14-fevral kuni olamdan ko‘z yumdi. U umrining so‘nggi 10 yilini mavjud siyosiy tuzum bilan nomuvofiq dunyoqarashga ega ekani tufayli, uy qamog‘ida o‘tkazdi. Eslatib o‘tamiz, 1933-yildan e'tiboran, Germaniya davlati (Federatsiyasi) boshqaruvida o‘ta keskin millatchilik kayfiyatidagi fashizm tuzumi qaror topgan edi.
Gilbertning dafn marosimiga ham unchalik ko‘p odam qo‘yilmadi. Marosimda qatnashgan kam sonli kishilardan biri bu vaqtga kelib ko‘zi deyarli ko‘rmaydigan bo‘lib qolgan xotini Keyt Yarosh bo'lgan bo‘lsa, yana biri mashhur fizik Arnold Zommerfeld bo'lgan. Zommerfeld ham Myunxenda Gyottingenga arang, bir amallab yetib keladi va dafn marosimida vidolashuv nutqini o‘qiydi. Tobut ustida Zommerfld marhum haqida jumladan shunday degan: "Gilbertning eng buyuk xizmati nimada?" Savol ritorik mohiyat kasb etgan bo‘lib, Zommerfeld Gilbertning invariantlar nazariyasinimi, geometriyaning aksiomalashtirilishimi, yoki, sonlar nazariyasi, yoxud, isbotlashlar nazariyalari orasidan qaysi birini eng buyuk ish deb tan olishni bilolmay qolganini aytadi. Shunday bo‘lsada, Gilbertning hayotida ilm-fanga qo‘shgan eng buyuk xissalari qatorida, yuqoridagilardan tashqari yana, matematik analiz, funksiyalar nazariyasi, integral tenglamalar nazariyasi, kabi matematik ishlari, hamda, umumiy nisbiylik nazariyasining hamda, gazlar nazariyasining rivojiga qo‘shgan fizikaviy ishlarini e'tirof etish lozim.
1872-yilda olmon ilm-fanida kuchli ta'sirga ega bo'lgan olim Emil Genrix Dyubua-Reymon, pessimistik ruh bilan shunday degan edi: "Bilmaymiz va bilolmaymiz ham" (Ignoramus et ignorabimus). Bunga nisbatan mutlaq zid qarashlarga ega bo'lgan David Gilbert esa, 1930-yilda nafaqaga chiqishi munosabati bilan qilgan ma'ruzasida "Tabiatni anglash va mantiq" nomli nutq so‘lagan. o‘z nutqini olim quyidagicha ibora bilan yakunlagan: "Biz bilishimiz lozim va bilib olamiz ham!" (Wir messen wissen, wir werden wissen!).
Do'stlaringiz bilan baham: |