Haqiqatan ham, Fermi ilmiy faoliyati va shaxsiyatiga diqqat qaratilsa, u fan-texnika mislsiz inqiloblar bilan taraqqiy etgan XX-asr ham favqulodda noyob shaxs ekaniga amin bo‘lasiz. Bu asrda fanlar juda-juda tor ichki yo‘nalishlarga bo‘linib ketdi va o‘sha tor fan sohasini o‘zlashtirishning o‘zi ham kishidan katta ilmiy zehn va salohiyat talab qiladigan bo‘ldi. Masalan, endi bu paytga kelib, shunchaki "fizik olim" degan gap o‘tmay qolgandi. Uning o‘rniga "yadro fizikasi", "optik fizika", "astrofizika" va shu singari ho kazo alohida fundamental fanlar shakllandi. Bu nafaqat fizikada, balki barcha aniq va tabiiy fanlar sohasida shunday bo‘ldi. Shunday sharoitda, ilm-fanning deyarli barcha zamonaviy tendensiyalari bilan hamnafas bo‘lgan, istalgan fan sohasidagi yetakchi olim bilan tengma-teng bahslasha oladigan universial olim - Enriko Fermi dahosi - ilm-fan ayvoni uchun haqiqiy fenomen edi. Chunonchi fiziklar o‘z ixtiyorlari bilan, o‘zlari "nazariyotchi fizik" va "amaliyotchi fizik" (yoki, fizik-eksperimentator) kabi "qutb"larga bo‘linib olgan bir zamonda, Fermi ham nazariy fizikaga, ham uning amaliyotga tatbiqiga mislsiz jonbozlik ko‘rsatgan olimdir. U ta'bir joiz bo‘lsa, bir tanaga joylashgan ham buyuk nazariyotchi fizik, ham buyuk muhandis bo‘lgan. Undan tashqari, olimning astrofizika, struktura kimyosi, hamda matematika sohalariga qo‘shgan favqulodda katta hissasini ham tasavvur qilishning o‘zi qiyin.
Siz bu so‘zlarni o‘qib, orbita.uz oshirib yubormadimikin? - deb o‘ylayotgandirsiz? Maqolani batafsil o‘qib chiqsangiz, buning hecham mubolag‘a emasligiga ishonch hosil qilasiz deb o‘ylayman.
Enriko Fermi 1901-yilning 29-sentyabrida Rimda tug‘ilgan. U oilada uch farzandning eng kenjasi bo‘lib, bitta akasi va bitta opasi bor edi. Enriko Fermining otasi Albert Fermi temiryo‘l muhandisi, onasi Ida de Gattis esa maktabda o‘qituvchi bo‘lgan. Juda kichik yoshlaridayoq Fermining matematikaga bo‘lgan zehni hammani hayron qoldirar edi. U asosan otasi ko‘magida matematikani juda erta o‘zlashtirib olgan. Keyinchalik, o‘smir yoshdagi Fermini Rimdagi eski-tuski kitoblar sotiladigan rastalar orasida ko‘p uchratishadigan bo‘lib qolgan. U otasi va onasida olgan choychaqa pullarni ataylab to‘plab, kitob rastalaridan o‘ziga yoqqan kerakli kitoblarni olib kelib mutolaa qilardi. Kitob rastalaridan esa u asosan matematika va fizikaga oid eski kitoblarni qidirardi. Qizig‘i shundaki, Fermi o‘qish va yozishni ustozlaridan o‘rgangan bo‘lsa hamki, lekin, algebra va oliy matematika bo‘yicha bilimlarni, hamda, nazariy fizika kursini, o‘sha arzon-garovga sotib olingan eski kitoblardan mustaqil o‘qish orqali o‘zlashtirgan.
Asosan mustaqil o‘qib bilim orttirgan 17-yoshli Fermi 1918-yilda Piza universiteti qoshidagi Oliy maktabga o‘qishga kiradi va imtiyozli stipendiyaga ham ega bo‘ladi. Uning favqulodda o‘tkir ilmiy salohiyatini Piza universiteti olimlari deyarli darhol payqashgan. Ko‘p o‘tmay, Piza universitetidagi favqulodda iqtidorli talaba haqidagi gap-so‘zlar Italiyaning deyarli barcha akademik doiralarida muhokama qilinadigan bo‘ldi. Fermini Rim universiteti dotsenti hamda, mamlakat parlamenti senatori Korbino suhbatga taklif qilib, uning iste'dodiga shaxsan tan beradi va bo‘lajak buyuk olimni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga va'da beradi. Ko‘p o‘tmay, Korbinoning sayi-harakatlari bilan, Enriko Fermi Rim universitetida kimyo fakulteti talabalari uchun matematikadan dars bera boshlaydi va yaxshigina maoshga ega bo‘ladi. Rimda ham o‘qib, ham ishlab katta tajriba orttirib borayotgan yosh olimni Italyan akademik doiralarida obro‘si keskin ortib ketdi. o‘sha yillarda jahonda yadro fizikasi fani endi-endi rivojlanib kelayotgan davr edi. Italyanlar ham ushbu istiqbolli va dolzarb ilmiy taraqqiyot bilan tengma-teng bo‘lish maqsadida, yadro fizikasi tadqiqotlari bo‘yicha kuchli ilmiy maktablar shakllangan dargohlarga o‘z iqtidorli yoshlarini yuborishga kirishishgan. Shunday yoshlar ichida albatta eng yetakchisi - Enriko Fermi edi. Uni avvaliga 1923-yilda Gyottingenga, Maks Born huzuriga shogird qilib yuborishdi. Bu yerda Fermi yangi zamon fizikasi bilan mukammal tanishib, katta tajriba orttirdi. Lekin, Gyottingenda qaytishda hali uning bu soha bo‘yicha o‘ziga ishonchi u qadar emasdi. 1924-yilda endi u Gollandiyaga - Leyden universitetidagi Pol Erenfestga shogird bo‘lib bordi. Keyinchalik Fermi o‘ziga bo‘lgan katta ilmiy dadillikning uyg‘onishida va yadro fizikasining kelajagi borasida qat'iy ishonchga ega bo‘lishida aynan Erenfestning kuchli qo‘llab-quvvatlashi va mohirona ustozlik salohiyati yordam berganini ko‘p eslagan. U Leydendan Rimga qaytarkan, endi o‘z oldiga qat'iy aniq maqsad qo‘yib bo‘lgandi: yadro fizikasining sirlarini tagiga yetish! Tabiatan o‘ta kamtar bo‘lsa-da, lekin, gapidan qaytmaydigan va "tishlaganini uzadigan" xarakteri bilan ajralib turgan Enriko Fermi bir ishga kirishsa, butun vujudi bilan kirishardi. Uning hamma ishni mukammal bajarishga intilish va "mayda-chuyda" narsalarga ham puxtalik bilan yondoshishi ko‘pchilikni hayron qoldirardi. Fermining aldamchi favqulodda bamaylixotir qiyofasi va uning favqulodda ishchan xarakteri esa birinchi ko‘rib turgan odamni lol qoldirmasdan qo‘ymasdi.
Enriko Fermi yoshlik paytida
Leydendan qaytgach, Fermini avvaliga Florensiya universitetiga fizika va matematikadan dars berish uchun yuborishadi. U 1925-1926 yillarda ushbu dargohda dotsent unvoni bilan dars bergan. Bu paytda o‘zi atiga 25-yoshda bo‘lgan Enriko Fermi nazariy fizika bo‘yicha eng zamonaviy bilimlarni talabalarga ulasha boshlagan edi. U aynan Florensiyada o‘zining kvant statistikasiga bag‘ishlangan ilk ilmiy ishini yaratgan.
1926-yilning oxirida, ya'ni, dekabr oyida uni yana Rimga chaqirib olishdi. Chunki, bu paytda Rim universitetida endigina tashkil qilingan nazariy fizika kafedrasiga rahbar kerak edi. Eng yaxshi nomzod esa Enriko Fermi bo‘lib, u Rimga qaytgach, o‘zi rahbarlik qila boshlagan kafedra qoshida o‘zi bilan maslakdosh bo‘lgan ilg‘or fikrli yosh Italyan olimlaridan iborat kuchli ilmiy jamoa shakllantirdi. Uning tarkibiga keyinchalik nafaqat Italiyada, balki, butun Yevropa va jahonda o‘z obro‘siga ega bo‘lgan yetuk olimlar - Emil Segre, Amaldi, Rozetti, Pontekorvo va boshqalar kirgan. Ushbu ilmiy guruh o‘z davri uchun eng dolzarb bo‘lgan ilmiy masalalar yuzasidan chuqur ilmiy izlanishlar olib borardi va ularning natijalari o‘sha zamonning eng ilg‘or olimlari tomonidan katta qiziqish bilan qarshi olinardi. Bu guruhning dovrug‘i tez kuchayib, uni xalqaro ilmiy jurnallarda va konferensiyalarda "Fermi guruhi" nomi bilan tez-tez tilga olishadigan bo‘ldi. Natijada, ilmiy guruh nafaqat Italyan ilm-fanining, balki, siyosiy doiralarining ham faxrlanadigan obyektiga aylandi. Hali 30 ga ham to‘lmagan Fermi esa Italyan Qirollik Akademiyasining faxriy a'zosiga aylandi.
1928-yilda Enriko Fermi uylandi. Uning rafiqasi Rimdagi obro‘li oilalardan birining farzandi Laura Kapone bo‘lgan. Lauraning oilasi yahudiy millatiga mansub bo‘lib, aynan shu fakt keyinchalik Fermiga ko‘p tashvishlar keltirgan edi. Enriko va Laura oilasida bir o‘g‘il va bir qiz farzand dunyoga kelgan.
XX-asrning 20-yillarida atomda ikki xil zaryadlangan zarralar - manfiy zaryadli elektronlar va musbat zaryadli protonlar mavjud deb qaralar edi. Fiziklar esa, yadroda elektr zaryadiga ega bo‘lmagan, ya'ni, neytral zarracha ham mavjud bo‘lsa kerak degan savol ustida bosh qotirishardi. Elektroneytral zarrachani topish masalasi ustidagi tajribalar 1932-yilda o‘zining kulminatsion nuqtasiga yetdi. Ya'ni, o‘sha yili Angliyada Jeyms Chedvik neytronni kashf qildi.
Oradan ikki yil o‘tib, 1934-yilda er-xotin olimlar Frederik Jolio va Iren Jolio-Kyurilar sun'iy radioaktivlik hodisasini kashf qilishdi. Ular bor hamda alyuminiy yadrosini alfa-zarralar bilan bombardimon qilish orqali, o‘sha paytda fanga ma'lum bo‘lgan barcha kimyoviy elementlarning radioaktiv izotoplarini yaratishga muvaffaq bo‘lishgan edi. Ushbu kashfiyot ilm-fanda juda katta rezonans keltirib chiqardi va ilgari olimlarning tushiga ham kirmagan qator istiqbolli loyihalarga yo‘l ochdi. Chunonchi, bir qator yangi radioaktiv izotoplar olindi.
Lekin mashhur olima Mariya Kyurining kuyovi va qizi bo‘lgan Frederik va Irenlarning ushbu ilmiy kashfiyotida bitta nozik va xavfli jihat bor edi: atomlarni zaryadlangan zarralar bilan bombardimon qilish uchun, juda kuchli va o‘ta qimmatga tushadigan tezlatkichlar zarur bo‘lardi. Buning ustiga, mazkur turdagi nishonga olishda, snaryad sifatida qo‘llangan, ya'ni, uchib borib nishondagi atomga urilishi kerak bo‘lgan zaryadlangan zarralarning o‘zi, aynan ushbu zaryadi evaziga nishonga borib-bormay, yo‘ldan og‘ib ketishi evaziga, kutilgan samaradorlikka erishish qiyin bo‘lardi. Chunki, yaxshi bilasiz, bir xil ko‘rsatkichli zaryadlar bir-birini itaradi. Shunga ko‘ra, nishondagi atomni nima bilan bombardimon qilinsa ham, o‘sha uchib borayotgan zaryadlangan zarra agar elektron bo‘lsa, u nishondagi atomning elektronidan itarilib og‘ib ketishi, protonlar esa nishondagi atom protonidan xuddi shunday itarilishi aniq edi. Bunday itarish kuchini ham yengib o‘tib zaryadlangan zarra nishonni aniq urishi uchun esa ularni juda katta energiya bilan tezlatish talab etilardi. Bu esa, yuqorida aytilgandek, birinchidan juda qimmat, ikkinchidan juda xavfli bo‘lgan. 30-yillarning texnologiyasi bilan esa, bu usulni amaliyotga olib chiqish deyarli imkonsiz narsa edi.
Fermi uchun esa ustuvor vazifa - ilmiy ishlarning natijalarini albatta amaliyotga tatbiq etish; undan ilm-fan, jamiyat va oddiy xalq turmushi uchun qandaydir maksimal foyda chiqarish bo‘lgan. Shu nuqtai nazarda, Fermi yadroviy reaksiyalarni hosil qilishda bu kabi qimmat va xatarli usullarni qo‘llash o‘rniga, nisbatan xavfsiz va arzonroq bo‘ladigan boshqa yo‘lini topishni maqsad qiladi. Buning uchun esa u neytronlardan foydalanishni o‘ylab qo‘ygandi. Uning zehniga yarq etib kelgan dohiyona fikrga ko‘ra, zaryadga ega bo‘lmaganligi uchun nishondan qaytmaydigan va shu sababli, kuchli energiya talab qiluvchi tezlatkichlarga ehtiyoj qoldirmaydigan zarrachalar - neytronlar bilan yadroviy reaksiyalar o‘tkazish katta samara berishi kerak edi.
1934-yilning bahorida Fermi o‘zining elementlarni neytronlar bilan nurlatish borasidagi tajribalarini boshladi. Bu o‘sha payt olimlari uchun kutilmagan va dadil jur'atli qadam edi. Bu haqida Otto Frish shunda yozgandi: "Men yaxshi eslayman, ko‘pchilik fiziklarning, shu jumladan mening ham munosabatim juda ishonchsizlikka to‘la edi: Fermining eksperimentlarida ma'no yo‘qdek ko‘rinardi. Chunki, neytronlar alfa-zarralardan ko‘ra ancha kichik edi".
o‘z tajribalarining natijalaridan darak beruvchi eng birinchi ilmiy maqolasida Fermi alyuminiy va ftorni neytronlar bilan bombardimon qilish orqali o‘zidan elektron nurlatayotgan azot va natriy izotoplarini olishga muvaffaq bo‘lganini bayon qiladi. Eslatib o‘tamiz, Frederik Jolio va Iren Kyurilarning tajribasida bombardimondan keyin hosil bo‘lgan izotoplar elektron emas, balki pozitron nurlatgan.
Neytronlar bilan bombardimonlash usuli juda samarador bo‘lib chiqdi. Fermi o‘zi ham bu haqida to‘lqinlanib yozgan edi. Jumladan u "Neytronlarga asoslangan yadroviy parchalanishning ushbu samaradorlik darajasi, neytron manbalarining alfa-zarralar va proton manbalariga nisbatan taqqoslagandagi kuchsizligini bemalol kompensatsiyalab bera oladi" - deb xulosa qilgandi. o‘sha paytda fanga ma'lum bo‘lgan 68 ta kimyoviy elementdan 47 xilini Fermi shunday usul bilan faollashtira oldi.
Muvaffaqiyatdan ruhlangan olim, o‘z hamkasblari - Rozetti va D'Agostino bilan birgalikda, endi og‘ir elementlarni, xususan, toriy va uranni bombardimon qilishga kirishdi. Bu haqidagi ilmiy maqolasida Fermi "Tajribalar shuni ko‘rsatdiki, ushbu elementlarni avvaliga faol aralashmalardan tozalab olib, keyin neytronlar bilan bombardimon qilinsa, ular kuchli faollashar ekan" - deb yozgan edi.
Ushbu ilmiy guruh davriy jadvaldagi 92-element bo‘lmish, tabiatda uchraydigan elementlar ichidagi eng og‘iri bo‘lgan - uranni neytronlar bilan bombardimon qilish orqali murakkab tarkibiy tuzilishga ega izotoplar aralashmasini olishdi. Olingan izotoplarni kimyoviy tahlil qilish natijalari esa ko‘pchilik yetuk fizik va kimyogar olimlarni ham aqlini shoshirib qo‘ydi. Chunki, uranni bunday bombardimonlashdan olingan izotoplar tarkibida uranning o‘zi ham, unga qo‘shni elementlar ham yo‘q edi! Boz ustiga, kimyoviy tahlil shuni ko‘rsatdiki, olingan izotoplar ichida 86-dan boshlab 91-elementgacha bo‘lgan biror kimyoviy element mavjud emas ekan! Ko‘pchilik olimlar bu natijalardan boxabar bo‘lgach, Fermi laboratoriyasi tabiatda uchramaydigan 93-raqamli kimyoviy elementni sun'iy olishga muvaffaq bo‘lishdi shekilli degan fikrga borishgan edi. Albatta, Fermi va uning shogirdlaridan ham bunday fikr yo‘q emasdi. Lekin, Enriko Fermi o‘ziga xos talabchanlik bilan, tajriba natijalarini avval qat'iy isbotlanishi kerakligini kutardi. U hech qachon o‘zi aniq ishonmagan narsani gapirmas va taxminan ish ko‘rishdan tiyilar edi. Qolaversa, dalillanmagan gaplarni yoqtirmasdi. Biroq, o‘sha izotop tarkibini mukammal tekshirmasdan va eksperimentlarni qayta takrorlab ko‘rmasdan turib tarqalib ketgan bunday shov-shuvlar o‘sha yuqorida tilga olingan senator - Orsi Korbinoga tinchlik bermasdi. U aynan o‘zi rahbarlik qiyayotgan dargohda va aynan o‘zi kashf qilgan olim tomonidan shunday ulkan kashfiyot qilinganini e'lon qilib tezroq obro‘ olmoqchi bo‘lgan. Shu tariqa, hali qayta tajriba natijalari ma'lum bo‘lmay turib, Korbino butun dunyoga Fermi laboratoriyasi 93-elementni olishga muvaffaq bo‘lgan haqida xabar bilan jar solib yubordi. Aslida haqiqat unday emasdi. Aslida Fermi shunchaki uranni ikki va undan ortiq qismlarga parchalab yuborgandi. U mohiyatan uranni parchalashga asoslangan birinchi eksperiment bo‘lgan va faqat uni o‘tkazgan olimlarning o‘zi bundan bexabar bo‘lishgan. Shu sababli, uranning parchalanishini haqiqatan ham sistematik o‘rganish yo‘li bilan, ongli ravishda kashf qilinishi 1938-yilda ro‘y berdi. Buni nemis fiziklari Otto Gan, Liza Meytner hamda, Frits Shtrassman uddalashgan.
Ushbu tajribalar va ularning xulosalari o‘sha zamon fiziklarining deyarli barchasini qattiq qiziqtirib qo‘ygan edi. Xususan, Ernest Rezerford ham Fermining ishlarini diqqat bilan kuzatardi. 1934-yilning 23-aprelida Rezerford Fermiga shunday yozgan: "Siz qayd etayotgan natijalar juda qiziq. Yaqin orada ushbu parchalanishlar mexanizmlarini to‘liq bilib olishimizga shubham yo‘q".
1934-yilning 22-oktyabr sanasi butun jahon ilm-fani uchun eng muhim sanalardan biriga aylandi. Chunki, Enriko Fermi aynan shu kuni fizika uchun eng muhim bo‘lgan fundamental kashfiyotini amalga oshirdi. U neytronlar manbasi va faollashtiriladigan kumush silindr orasiga parafin pona qo‘yib vaziyatni kuzatarkan, pona neytronlar yo‘liga to‘g‘anoq bo‘lish o‘rniga, aksincha, ularning faolligini ortishiga sabab bo‘layotganini payqab qoldi. Uning o‘tkir fahmi vaziyatni darhol angladi: neytronlar faolligini kuchaytiruvchi ushbu effekt parafindagi vodorod atomlari tufayli edi. Ushbu taxminni haq ekanini tekshirib ko‘rish uchun, Fermi shunday pona sifatida tarkibida vodorod mo‘l bo‘lgan boshqa moddalardan foydalanib ko‘rishga qaror qildi. U avvaliga parafin va suv bilan tajriba qilib ko‘rib, sekin harakatlanuvchi neytronlarning (sust neytronlarning) juda katta samaradorlikka ega ekanini aniqladi.
Eksperimental fizikada shunday muhim natijalar qayd etish bilan birga, Fermi nazariy fizikani ham bir chetga tashlab qo‘ymagan. U 1933-yildayoq, Italyan ilmiy jurnalida o‘zining beta-yemirilish haqidagi fundamental ilmiy maqolalarini e'lon qilgan edi. 1934-yilning boshida esa uning keyinchalik fizika fani uchun klassikiga aylangan "Beta-nurlar nazariyasi" nomli maqolasi bosildi. Maqola avvalidagi muallif rezyumesida shunday deyilgan edi: "Maqolada, tabiatda neytrinoning mavjudligi haqidagi ilmiy taxminga asoslangan holda bayon qilingan beta-yemirilish nazariyasi keltirilgan; bunda, elektron va neytrinolarning nurlanishi, nurlanish nazariyasidagi qo‘zg‘atilgan atomdan yorug‘lik kvantlarining emissiyalanishiga o‘xshash tarzda qaraladi. Beta-nurlarning uzluksiz spektri uchun yadroning yashash vaqti formulalari keltiriladi; olingan formulalar eksperimental tekshiriladi".
Ushbu nazariya orqali Fermi XX-asr fizikasi uchun fundamental masalalardan biri bo‘lgan - neytrinoning mavjudligi gipotezasiga, hamda, yadroning proton-neytron modeliga hayot bag‘ishlagan edi. Shuningdek, u ushbu modelga Geyzenbergning izotonik spin gipotezasini tadbiq qilish orqali, ushbu gipotezaning ham to‘g‘ri ekanini yo‘l-yo‘lakay tasdiqlab ketgan. Fermining ushbu ilmiy ishlari XX-asr fizikasida yana bir ulkan inqilob yasab berdi. Ya'ni, u atom biz bo‘lgan proton, neytron va elektrondangina iborat bo‘lmay, balki tabiatda bundan boshqa yana ko‘plab subatom zarralar mavjudligiga ishora qilib bergandi. Ya'ni, Fermi mohiyatan elementar zarralar fizikasi uchun tamal toshini qo‘yib berdi. Uning nazariy hisob-kitoblariga asoslangan holda, 1935-yilda yapon fizigi Xideki Yukava fan uchun noma'lum bo‘lgan yangi bir elementar zarrani - pi-mezonlarni kashf qildi. (Keyinchalik, ushbu elementar zarrani pionlar deb atay boshlashgan).
Fermining mazkur nazariyasi tarixda kamdan-kam uchraydigan darajada tugal va mukammal bo‘lib chiqdi. Hech bir fizik nazariya birdaniga avvalboshdanoq bunday tugal bo‘lib tug‘ilmagan edi, U keyingi bir necha o‘n yillar uchun yadro fizikasi fanida asosiy fundament bo‘lib qoldi.
Biroq, Enriko Fermining shunday o‘ta muhim nazariyalari va amaliy tajribalari butun jahonda birin-ketin tan olinayotgan va olimning dohiyona g‘oyalari ro‘yobga chiqayotgan bir paytda, uning vatani Italiyada barcha ishning beliga tepgan ahmoqona siyosiy o‘zgarishlar yuz berdi. Avvaliga, benito mussolini boshchiligidagi fashist kuchlari 1935-yilda Afrikada Efiopiyaga qarshi urush boshladi. Mamlakat iqtisodiyoti uchun tinkani qurituvchi ta'sir ko‘rsatgan bu urush Italyan jamiyati tomonidan ham, jahon hamjamiyati tomonidan ham keskin qoralandi. Lekin hukumat tepasiga kelib olgan millatchilik va fashistik kayfiyatdagi to‘da hech kim bilan hisoblashmasdi. Natijada, Efiopiyaga qilingan hujum evaziga, Italiya Millatlar Ligasi[1]ga a'zo mamlakatlar tomonidan joriy etilgan turli sanksiyalar iskanjasida qoldi. Siyosiy va ijtimoiy tanglik yuzaga keldi. Jamiyatda xavotir va tushkun kayfiyat hukm sura boshladi. Ziyolilar va olimlarning ko‘pi Italiya hukumatining bunday agressiv harakatlariga qarshi edilar. o‘lganni ustiga tepgan qilib, 1939-yilda mussolini hukumati fashistlar Germaniyasi bilan, aniqrog‘i gitler bilan ittifoqchilik shartnomasi tuzdi. Bu esa, Italiyada ham antisemit siyosatini avj olishiga sabab bo‘ldi. Xuddi Germaniyada bo‘lgani singari, Italiyada ham yahudiylari ta'qibga uchray boshladi. Fermining ilmiy guruhidagi yetakchi ilmiy xodimlar va iste'dodli shogirdlaridan ko‘pi aynan yahudiylar edi. Qolaversa, Fermining rafiqasi ham yahudiy ayol bo‘lib, bu degani uning farzandlari ham ta'qibga uchrashini anglatardi. Xullas, shunday siyosiy holat tufayli, avvaliga Fermining yahudiy shogirdlari va hamkasblari Italiyadan qochib ketishga majbur bo‘lishdi. Eng muhim ilmiy tadqiqotlar ham eng asosiy nuqtasida uzilib qoldi. Fermi esa nima qilarini bilmay, hafsalasi pir bo‘lgan holda tushkunlikka tushib qoldi. 1938-yilda hukumat tomonidan fuqarolar erkinligiga qarshi bolta uradigan antisemit qonun hujjatining rasman qabul qilinishi esa Fermining toqatini toq qildi. U AQSHga muhojirlikka ketishga qaror qildi. Bu paytda Fermining jahon ilmiy doiralaridagi obro‘si juda kuchli edi. Uni okean ortidagi eng nufuzli ilmiy dargohlar o‘z safida ko‘rishni istaydigan akademiyalar avvaldan chorlab turishardi. Enriko Fermiga esa Kolumbiya universitetining taklifi ko‘proq ma'qul kelgandi va u o‘sha yoqqa jo‘nashga otlandi.
Biroq, Fermini Italiya hukumati ham qo‘yib yuborishni istamasdi. Unga nisbatan yuqori hukumat doiralarida hali kuchli hurmat saqlanib turgan bo‘lsa-da, mamlakatdan ketishga bo‘lgan har qanday urinish sotqinlik sifatida baholanishi va buning oqibati ayanchli bo‘lishi mumkin edi. Fermi o‘zidan ham ko‘ra ko‘proq bolalari va xotini uchun tashvish chekardi. Chunki, ularda yahudiy qoni oqayotganini bilgan millatchi politsiyachilari, bu Italiya uchun eng muhim olimning oilasi ekaniga ham qarab o‘tirmay, ularni yo‘q qilishga urinishi aniq bo‘lgan. Chunki, millatchi natsistlarga ilm-fanning sariq chaqalik qizig‘i yo‘q bo‘lib, "sallasini olib kel" desa biryo‘lasi "kallasini olib" keladigan maxfiy fashist politsiyasidan hamma narsa kutish mumkin edi. Boz ustiga, Fermini shaxsan mussolini o‘zi ulug‘lab nutqlaridan birida "buyuk Italyan fashizmining ilmiy dohiysi" - deb e'lon qilib yuborgandi. Bu narsalar hammasi Enriko Fermiga umuman yoqmasdi. U birinchi navbatda oilasini tinch va sog‘-omon asrab, tezroq xavfsiz joyga qochishni o‘ylardi. Fermi payt poylay boshladi.
Uning baxtiga 1938-yil oktyabrida Shvetsiya Fanlar Akademiyasi Enriko Fermiga fizika bo‘yicha Nobel mukofoti topshirilishini e'lon qildi. Bu mamlakatdan qochish uchun juda zo‘r imkoniyat edi. Fermi o‘shanda Nobel mukofotidan ham ko‘ra, Italiyani qonuniy asosda tark etish imkoniyati ochilganidan ko‘proq xursand bo‘lgan bo‘lsa kerak.
Xullas, o‘sha yili dekabrning boshidayoq Fermi oilasi bilan Stokgolm tomon yo‘lga chiqdi. U o‘zini xuddi Shvetsiyaga borib qaytib keladigandek tutsa ham, maqsadi mukofotni qabul qilib olgach, undan nari biryo‘la Amerikaga qochib qolish edi.
Nobel mukofotini topshirish marosimida Fermiga "Neytronlar bilan nurlatish orqali yangi kimyoviy elementlarning mavjudligini isbotlagani uchun hamda, shunga bog‘liq ravishda, sekin harakatlanuvchi neytronlar vositasida yuzaga keltiriladigan yadro reaksiyalarini kashf etganligi uchun" ushbu eng nufuzli mukofot loyiq ko‘rilgani e'lon qilinadi. Mukofot egasini tanishtirar ekan, fizika bo‘yicha Nobel mukofoti qo‘mitasi raisi, Shvetsiya Fanlar Akademiyasi a'zosi Xans Pleyl "Fermining buyuk kashfiyotlari bilan birgalikda, uning san'at darajasiga yetgan favqulodda omilkor eksperimentatorlik qobiliyati, kishini lol qoldiruvchi ixtirochiligi, o‘ta ziyrak fahm-farosatga asoslangan intuitsiyasiga ham tan berish kerak... uning ilmiy ishlari hali kelajakda yadro va uning strukturasini tadqiq qilishda, hamda, atom sohasidagi boshqa tadqiqotlarda biz uchun yangi gorizontlarni ochib beradi" - deb e'tirof etgan edi.
Albatta, tantanali marosimda Fermi bunday e'tirofdan nihoyatda xursand bo‘lgan edi. Lekin, u baribir ko‘ngli to‘la hadik bilan marosimda xotirjam o‘tira olmadi. Uning maqsadi aniq edi: marosimdan keyinoq, eng birinchi kemaga o‘tirib AQSHga ketib qolish!
Mukofot topshirilgach, Fermi Shved qiroli bilan odatiy qo‘l berishib ko‘rishdi va hamma qatori rahmat aytib joyiga o‘tirdi. Vaholanki, italyan va nemis fashistlari undan fashistlarga xos tarzda, o‘ng qo‘lini yuqoriga keskin ko‘tarib fashistcha salyut berib ko‘rishishini kutishgan edi (bu narsa unga safar oldidan italyan fashizmiga sodiq maxsus xizmatlar tomonidan qattiq tayinlangan ham bo‘lsa kerak).
Natijada, bir kun avval Fermini ko‘klarga ko‘tarib maqtab yotgan italyan matbuoti va radiosi, unga nisbatan mag‘zava ag‘daradigan bo‘lmag‘ur gaplarni tarqatishga tushdi. Fermi Italiyaga qaytgach, toza ta'zirini berib, tavbasiga tayantirishmoqchi edi.
Lekin, ular Fermining rejasidan bexabar edilar. Fermi tantanali marosimdan chiqa solib to‘g‘ri bandargohga yo‘l oldi va eng birinchi yo‘liqqan kemaga o‘tirib, AQSHga yo‘lga chiqdi...
Amerikada o‘sha paytda ham muhojirlarga nisbatan qat'iy talablar bor edi. AQSH tuprog‘iga kelib tushgan Enriko Fermidek daho olimni hech kim tanimadi. Uni avvaliga hamma qatori qora ishlarga tayinlash uchun umumiy guruhga qo‘shib yuborishdi. Fermi o‘sha jarayonni doimo hazil va kulgi aralash xotirlagan. Xususan, unga "aqliy qobiliyatini tekshirish" testlaridan o‘tishga majburlashgani va "kallasi yetmaydigan ishlarga burun suqmaslikni" tavsiya qilishganini keyinchalik gapirib bergan edi. Tasavvur qiling, kechagina Nobel mukofotiga ega bo‘lgan jahonning eng daho fizik va matematik olimlaridan biriga, AQSH migratsiya xizmati 15 ni 27 ga qo‘shish va 29 ni ikkiga bo‘lish singari oddiy arifmetikadan savollar bergan ekan .
Fermi bularning barchasiga hazil-huzul aralash sarkazm bilan javob berdi va amallab AQSHda erkin ishlash imkonini beradigan ruxsatnomani qo‘lga kiritdi. Aks holda uni shunchaki mamlakatga kiritmasliklari mumkin edi. U Nyu-Yorkda joylashdi. Ko‘p o‘tmay, xuddi uning singari taqdir bilan Amerikaga yana bir buyuk fizik olim - Nils Bor yetib keldi. U o‘zi bilan, Germaniyada Otto Gan va Liza Meytner tomonidan uranni neytronlar bilan bombardimon qilish asnosida yadroviy reaksiyani hosil qilish uddalangani haqidagi xabarni olib keldi. Bu juda jiddiy ma'lumot edi. Axir, gap boshqariladigan yadro reaksiyasi haqida borayotgandi va bu narsa, taraqqiyparvar yaxshi insonlar qo‘lida bitmas-tuganmas arzon energiya manbai, badniyat yomonlar qo‘lida esa qirg‘inbarot ajal quroliga aylanardi. Eng asosiysi esa, bunday qirg‘in qurolini fashistlarning qo‘liga tushib qolishidan panoh so‘rash va bunday qurolni ulardan avval yaratish kerak edi.
Fermi o‘zi ham shunday zanjir yadro reaksiyalarini boshqarish ustida anchadan beri mulohaza qilayotgandi. U Amerikada qo‘nim topgach, darhol bu boradagi tajribalarni rejalashtirishga kirishdi. 1939-yilda AQSH harbiy floti bilan muzokaralardan so‘ng, Fermi federal moliyalashtirish manbaiga ega bo‘ldi va tadqiqotlarni boshlab yubordi.
Tadqiqotlar jarayonida uning hamkasbi va sodiq shogirdi Emilio Segre uranni parchalanishiga tayanuvchi atom bombasini detonatsiyalash uchun, hali u payda fanga ma'lum bo‘lmagan plutoniy elementidan foydalanish kerakligini nazariy hisoblab chiqdi. Garchi, bu paytda hali plutoniy-239 hali kashf qilinmagan bo‘lsa-da, Fermi ham, Segre ham bunday kimyoviy elementni uran reaktorida uran-238 ni neytron iskanjasida qoldirish orqali olish mumkinligini aniq hisoblab bo‘lishgandi.
Bu orada Yevropada II-jahon urushi boshlanib ketdi. Butun dunyo qo‘rquv va dahshat bilan har kuni minglab qurbonlar haqidagi xabarlarni eshitardi. Fermining vatani Italiya ham fashistlar tomonda jangga kirgani unin qattiq qayg‘uga soldi. Fermi urush qanday balo ekanligini juda yaxshi bilardi. U urushda yaqinlaridan ayrilish nima ekanligini, judolik qanday musibat ekanligini yuragidan o‘tkazgan inson sifatida, har doim urushga qarshi bo‘lgan. Chunki, u hali o‘spirin paytida - atiga 14-yoshlik chog‘ida katta akasi I-jahon urushida qurbon bo‘lgandi. U bir umr akasining muqaddas xotirasini dilida saqlab, o‘g‘liga ham o‘sha akasining ismni bergandi. U urush imkon qadar tez tugashini istab Italyan xalqiga omonlik tilardi.
1942-yilda AQSH hukumati tarixda ilk atom bombasini yaratish borasidagi maxfiy loyihani ishga tushirdi. Shartli nomi "Manxetten loyihasi" bo‘lgan ushbu jarayonga hukumat eng kuchli olimlarni jalb eta boshlagan edi. Xususan, loyihada Jon fon Neyman, Robert Oppengeymer va boshqa ko‘zga ko‘ringan olimlar ishtirok etishardi. Shu o‘rinda o‘sha paytdagi AQSH hukumati ham juda nozik va ayyorona o‘ylangan ish tutdi. Ya'ni, boshqariladigan yadro reaksiyasi va bunda plutoniyni olish loyihasini "muhojir" hamda, "asli dushman taraf fuqarosi" bo‘lgan Enriko Fermiga topshirdi. Albatta, bunda birinchi navbatda Fermining bu sohaning eng yetuk bilimdoni ekanligi inobatga olingan. Lekin, nimadir ish chappa ketsa, aybni Italiyaga ag‘darish rejasi ham yo‘q bo‘lmagan. Ya'ni, Fermini josus deb e'lon qilib yuborishlari ham hech gap emasdi. Harholda, o‘sha zamonda urush holatida hamma narsani kutsa bo‘lardi. Ishlar asosan Los-Alamosda olib borilardi va olimlar asosan vaqtini o‘sha yerda, turli tajribalar ustida o‘tkazardi. Aynan shu yillarda, Los-Alamosdagi laboratoriya kafesida tamaddi qilish chog‘ida Enriko Fermi hamkasblari bilan Koinotda bizdan boshqa ongli mavjudotlar bo‘lishi haqida bahslashib qoladi va o‘sha mashhur "Xo‘sh, qani ular" - degan ibora bilan yangrovchi Fermi paradoksini shakllantiradi. Ushbu paradoks esa, XX-asrning keyingi, ikkinchi yarmida butun dunyo astrofiziklari uchun eng asosiy savol va izlanish obyekti bo‘lib qoldi.
Keyinchalik, yaxshiki, ishlar kutilganidek ketdi va Fermining yuzi yorug‘ bo‘ladi. Uni atom bombasini yaratish loyihasidan ham ahamiyatliroq bo‘lgan boshqa bir loyihaga - atom energetikasining tamal toshi bo‘lgan - tarixda ilk yadroviy reaktor qurilish ishlariga rahbar etib tayinlandi. Shu munosabat bilan, Fermi Kolumbiya universitetidan Chikago universitetiga ko‘chib o‘tdi. U o‘z chizmalari va hisob-kitoblari asosida, Chikagodagi Stegg-Fild stadioni tribunalari ostida jahonda eng birinchi yadro reaktori qurilishiga bosh-qosh bo‘ldi.
Qurilayotgan reaktorni olimlar va texnik guruh "uyum" deb atardi. Chunki, u toza ugleroddan tayyorlangan grafit g‘ishtlaridan barpo etilgan bo‘lib, Fermining rejasiga ko‘ra, ushbu grafit g‘ishtlar uyumi zanjir reaksiyasining tezligini jilovda ushlab turish, ya'ni, neytronlarni sekinlashtirish vazifasini bajarishi kerak edi. Grafit g‘ishtlar orasida esa uran va uran oksidi joylashtirilgan.
1942-yilning 2-dekabrida Fermi Chikagoda o‘sha "uyum" nomli reaktorda kadmiydan tayyorlangan va neytronlarni yutib qolishi ko‘zda tutilgan boshqaruvchi sterjenlarni asta-sekinlik bilan harakatga keltirdi. Olimlar kutgan jarayon boshlandi va tarixda ilk bora insoniyat o‘z-o‘zini ta'minlab turadigan boshqariluvchi yadroviy reaksiyaga ega bo‘ldi. Buning odamzot uchun ahamiyati mislsiz edi. Chunki, ushbu jarayon insoniyatga o‘ta arzon va deyarli bitmas-tuganmas energiya manbaini taqdim qilishi kerak edi. Bu esa, taraqqiyotning yana bir yangi bosqichga ko‘tarilishiga, sanoatning o‘ta arzon energiya manbaiga ega bo‘lishiga va umuman odamlarning turmush farovonligi bir necha karra ortishiga olib keladigan buyuk hodisa edi. o‘sha kuni, shubhasiz insoniyat tarixining eng buyuk olim farzandlaridan biri - Enriko Fermi - odamzotga atom asri eshiklarini ochib berdi.
Keyinchalik u Robert Oppengeymerning taklifiga ko‘ra Los-Alamosga qaytdi va u yerda tashkil qilingan zamonaviy fizika laboratoriyasiga rahbarlik qila boshladi. 1944-yil iyulida unga va oila a'zolariga AQSH fuqaroligi berildi va endi oila Amerikada haqiqatan ham erkin yashay boshladi. Los-Alamosda sinovdan o‘tkazilgan tarixda ilk atom bombasini portlatish jarayonida ham u shaxsan hozir bo‘ldi. Ushbu sinov kutilgandan ham ziyod natija berdi. Nyu-Meksiko shtati hududidagi cho‘lda portlatilgan ilk atom bombasining zarba to‘lqini atrofdagi barcha tirik va o‘lik jismlarni kunpayakun qildi. o‘shanda olim qandayin dahshat balo bunyod etilgani anglab xunobi oshgandi. Keyinchalik, aynan o‘sha atom bombasi asosida yaratilgan ikkita bomba Yaponiyaning Xirosima va Nagasaki shaharlariga tashlanganini va ushbu shaharlarda yuz minglab tinch aholi qurbon bo‘lganini bilgach, Fermi hayotda o‘ta mahzun bo‘lib qoldi. Uni yuzidan tabassum yo‘qoldi. Biroq, olimga o‘zi yaratgan yadro reaktori va atom energetikasi istiqbollari umid bag‘ishlar edi.
Urush tugagach, Fermi Chikagoga qaytdi. U o‘sha yerda endigina tashkil qilingan Yadroviy tadqiqotlar institutiga rahbar etib tayinlandi. U umrining o‘sha yillarini asosan Chikago universitetida dars berish va yangi loyihalanayotgan murakkab ilmiy-texnologik qurilma - siklotron qurilishiga boshchilik qilish bilan o‘tkazdi. o‘sha yillari olim o‘zining eng kuchli shogirdlarini ham tarbiyaladi. Xususan, Mari Gell-Mann, Yang Chenin, Li Szyu-dao hamda, Ouen Chemberlen singari keyinchalik kuchli fizik-yadrochi bo‘lib yetishgan olimlar, o‘sha yillari Fermi qo‘lida tahsil olishgan. 1945-yilda siklotron qurib bitkazilgach, Fermi ushbu tezlatkichda pi-mezonlar va neytronlarning o‘zaro qanday ta'sirlashishini o‘rgana boshladi. Shuningdek, bu paytda u kosmik nurlarning kelib chiqishini aniqlash va ularning bu darajada yuqori energetik potensiali manbaini izohlash borasida ham fundamental ilmiy ishlarni bajardi.
Lekin, ko‘p vaqtini asosan yadro reaktorlarida va yadroviy nurlanish manbalari yaqinida o‘tkazgan buyuk olim - Enriko Fermining sog‘ligi sekin-astalik bilan yomonlasha boshladi. o‘sha paytlarda hali olimlar o‘zi ham, nurlanishlarning inson salomatligiga nechog‘lik salbiy ta'sir ko‘rsatishini anglab ulgurishmagandi. Nurlanish kasalliklari esa ko‘pchilik olimlarda saraton avj olishiga sabab bo‘ldi. Xususan, atom bombasining otasi bo‘lgan Robert Oppengeymer ham tomoq saratoniga yo‘liqqan edi. Bu taqdir Fermining ham boshiga tushdi.
Aslida Enriko Fermi yoshligidan ancha chiniqqan, baquvvat odam edi. U havaskor alpinist hamda, mohir tennischi ham bo‘lgan. Qishki sport turlaridan esa Fermi har qanday professional bilan tengma-teng bahsalasha olgan. Lekin, shunday sog‘lom va deyarli hech qachon salomatligidan shikoyat qilmagan olimning sog‘ligi birdan keskin yomonlashdi.
Unda muttasil qusish va keskin holsizlik bilan kechgan og‘ir dard oshqozon saratonidan ekanini vrachlar ancha kech payqashdi. Shu tariqa, jahon sivilizatsiyasi tarixidagi shubhasiz eng buyuk olimlardan biri, bizga atom energetikasi eshiklarini ochib bergan inson Enriko Fermi 1954-yilning 30-noyabrida Chikagoda, o‘z xonadonida vafot etdi.
Fermi o‘zidan ko‘plab kuchli olimlar pleyadasidan iborat shogirdlar, favqulodda kuchli ilmiy salohiyatga ega ilmiy maktab, hamda atom energetikasidek buyuk ilmiy meros qoldirdi. Uning shogirdlarining aksariyati, xususan, Emil Segre, Ouen Chemberlen, Mari Gell-Mann hamda Li Szyu-dao singarilar keyinchalik Nobel mukofotiga sazovor bo‘lishgan.
Hozirda ham Fermi laboratoriyasi butun dunyo bo‘yicha eng nufuzli ilmiy dargoh sanaladi. Uning vafotidan 1 yil o‘tib sintez qilingan sun'iy kimyoviy element, davriy jadvaldagi 100-raqamli elementga fermiy nomi berilgan. Shuningdek, Oydagi kraterlardan biriga ham olim nomi biriktirilgan. 2008-yilda NASA tomonidan Koinotga chiqarilgan gamma-nurlar diapazonida ishlovchi ulkan orbital teleskopga ham Fermi nomi berilgan.
Zamonamizdagi ko‘plab olimlar va ziyolilar Enriko Fermini haqli ravishda "so‘nggi universial olim" deyishadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |