Rasmiy stilning leksik xususiyatlari
Asli rasmiy stilda bo‘yoqdor so‘zlar ishlatilmaydi. Lekin diplomatik yozishmalarda bo‘yoqdor so‘zlar bo‘lishi taqozo qilinadi. Unda maqtov ifodalari: hurmatli janob, janobi oliylari, Sizga bo‘lgan hurmatimga ishonch bildirgaysiz, bosh ustiga, boshimiz ko‘kka yetdi, eng samimiy tabrik, ezgu tilaklar ila, Sizga chuqur hurmat bilan, minnatdorlik izhor etaman kabilar faol ishlatiladi.
Rasmiy stilda jargonlar, shevaga oid so‘zlar, eskirgan so‘z va birikmalar odatda ishlatilmaydi. O‘rni bilan arxaizm va istorizmlardan foydalaniladi: shahzoda, shoh, malika, janob, hazrati oliylari kabilar.
Yuridik hujjatlardan konstitustiyada har bir so‘z, jumla fikr va mulohazaning aniq, to‘g‘ri ifodalanishiga xizmat qilishi lozim. Shuning uchun unda kasb-korga, yuridik, diplomatik, ma’muriy va boshqa hujjatlarga oid terminologiyaning mavjudligi bu stilning o‘ziga xosligini ta’minlab turadi: akt, guvohnoma, qaror, elchi, nota, shartnoma, bayonot, deklaratsiya, vizit, kodeks, qonun, modda, poshlina, protest (shikoyat), kassastiya kabilar.
Rasmiy stilning grammatik xususiyatlari
Bu stilning ariza, tushuntirish xati, tilxat, taklifnoma kabi ko‘rinishlari jumlalarning qisqaligi va fikrlarning aniqligi bilan ajralib turadi. Hujjatlardagi nutqiy shtamplar matnga rasmiylik belgisini kiritadi.
Yuridik qonun va hujjatlarda jumlalar juda uzun, ba’zan bir fikr yarim betlik gap orqali ifodalanadi. Masalan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 20 oktabrdagi PF-6084-sonli “Mamlakatimizda o‘zbek tilini yanada rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmonidan olingan parcha:
(O‘zbek tilining xalqimiz ijtimoiy hayotida va xalqaro miqyosdagi obro‘-e’tiborini tubdan oshirish, unib-o‘sib kelayotgan yoshlarimizni vatanparvarlik, milliy an’ana va qadriyatlarga sadoqat ruhida tarbiyalash, mamlakatimizda davlat tilini to‘laqonli joriy etishni ta’minlash, O‘zbekistondagi millat va elatlarning tillarini saqlash va rivojlantirish, davlat tili sifatida o‘zbek tilini o‘rganish uchun shart-sharoitlar yaratish, o‘zbek tili va til siyosatini rivojlantirishning strategik maqsadlari, ustuvor yo‘nalish va vazifalarini hamda istiqboldagi bosqichlarini belgilash maqsadida, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 21-oktabrdagi «O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PF-5850-son Farmoniga muvofiq:
1. Quyidagilar:
a) 2020 — 2030 yillarda o‘zbek tilini rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi (keyingi o‘rinlarda — Konsepsiya) 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin va unda quyidagilar nazarda tutilsin.)
Konstitutsiya o‘z tuzilishiga ko‘ra bob va bo‘limlarga bo‘linadi. Demak, har bir bo‘limdagi fikrlar bir- biri bilan mantiqan bog‘lanishi, biri ikkinchisini taqozo qilishi lozim. Shunday ekan, bunda bog‘langan qo‘shma gaplar, bog‘lovchisiz qo‘shma gaplar va ergash gapli qo‘shma gaplarning ayrim turlari shu vazifani bajarishga hizmat qiladi. Chunki bunday qo‘shma gaplarda ketma-ket ro‘y beradigan, bir vaqtda yuz berishi mumkin bo‘lgan, sabab-oqibatli, ziddiyatli voqea-hodisalar ifodalanadi.
Ba’zi bir yuridik hujjatlarda shahslar o‘z nomi bilan atalmasdan ularning muhim belgilari ifodalangan birikmalar ishlatilishi mumkin: uyni ijaraga oluvchi, o‘g‘il qilib oluvchi, korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning mansabdor shahslari yuqori martabali mehmon kabilar.
Hujjatlardan shartnomalar ham murakkab sintaktik qurilishga ega. Uning kirish qismi, alohida bandlarini ko‘rsatuvchi matnlar xatboshlariga ajratilgan bo‘ladi. Bunday xususiyat matnni o‘qishni va tushunishni birmuncha yengillashtiradi.
Hujjatlarning turiga ko‘ra shartli qisqartmalar, turg‘un birikmalar ko‘p ishlatiladi. Masalan: harbiy hujjatlarda Oliy Bosh Qo‘mondon, Mudofaa vazirligi, Bosh shtab, Qurolli kuchlar, harbiy gospital kabilarni ko‘rsatish mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |