So‘zlashuv stili - bu nutqning dialogik shaklidir. Bu stil yozma nutqqa qaraganda ta’sirchanligi, hissiyotga boyligi, yangi so‘z qo‘llashlar mavjudligi bilan ajralib turadi. Bu stilda so‘zlovchining barcha imkoniyatlari namoyon bo‘ladi. U nutqiga hissiyotini ham qo‘shib gapiradi. Bunda turli imo-ishora va qo‘l harakatlaridan foydalaniladi. Bu vositalar nutqda aytilmay qolishi mumkin bo‘lgan so‘z va iboralarning o‘rnini to‘ldiradi va bayon qilinayotgan fikrni yanada aniqlashtiradi. Bu stilda to‘liqsiz gaplar ishlatiladi, chunki tushirilgan qism boshqa bir replikada yoki boshqa bir nutq vaziyatida ifodalanishi mumkin. So‘zlashuv stilining ikki xil ko‘rinishi bor:
Adabiy so‘zlashuv stili.
Oddiy so‘zlashuv stili.
Adabiy so‘zlashuv stilida o‘qituvchilar, suxandonlar, jurnalistlar, ilmiy xodimlar, yozuvchi va shoirlar, rahbar hodimlar, artistlar gaplashadilar. Bu stil dars jarayonida, sahna nutqida, kino san’atida, telefilmlar, axborotlar, teleocherklar, radioinsenirovkalarda ishlatiladi. Adabiy so‘zlashuv stilida jargon va sheva so‘zlari bo‘lmaydi.
Oddiy so‘zlashuv stilida betakalluflik bilan erkin muomala qilinadi. Bunda shunday so‘zlar ishlatiladiki, ular adabiy tilda bo‘lmasligi mumkin. Lekin bunday so‘zlar badiiy nutqdagi ayrim personajlar nutqining o‘ziga xosligini ta’minlash uchun qo‘llanishi mumkin. Oddiy so‘zlashuv nutqi dialektal nutqni ham aks ettiradi. So‘zlovchi qaysi dialekt vakili bo‘lsa, shu dialektda gapirishi mumkin. Masalan, ashi, mashi, qaydam, qaytayin, shulaymi, jaa, bo‘pti kabilar oddiy so‘zlashuv stiliga xos.
Rasmiy stil. Rasmiy stil diplomatik yozishmalarda, iqtisodiy, davlat idoralaridagi, sudlarda, savdoga doir, yuridik munosabatlar ifodasi bo‘lgan hujjatlarda ishlatiladi, yani bu stil ish yuritish hujjatlarida qo‘llanadi. Bunga ariza, tushuntirish hati, e’lon, tarjimayi hol, ishonch qog‘ozi, tilxat, hisobot, rasmiy notalar, buyruq va farmonlar, farmoyishlar, taklifnoma, rasmiy xatlar, tijorat yozishmalari kabilar kiradi. (Bu rasmiy qog‘ozlarning qanday yozilishi haqida M.Aminov, A.Madvaliev, N.Mahkamov, N.Mahmudovlarning «Ish yuritish» nomli kitobidan har tomonlama ma’lumot olish mumkin).
Bu stilda adabiy me’yorga qat’iy rioya qilinadi, shevaga xos so‘zlar, jargonlar, har xil stilistik bo‘yoqqa ega bo‘lgan so‘zlar ishlatilmaydi. Bu stil qisqa, aniq, lo‘ndaligi bilan o‘ziga xoslikni ko‘rsatib turadi. Jumlalar ham inversiyasiz bo‘lishi lozim. Gaplarda ta’sirchanlik bo‘lmaydi. Rasmiy stilda yoziladigan ayrim hujjatlar shtampga o‘xshash maxsus tartib va shakl bilan yoziladi. Masalan, rasmiy xatlar, ariza, tushuntirish xati, bildirgi, ma’lumotnomalar, qarorlarni ko‘rsatish mumkin.
Hujjatlar stilida ot turkumiga oid so‘zlar ko‘p qo‘llanadi. Hatto, fe’l so‘zlar ishlatilganda, uning otga yaqin shakli - harakat nomidan foydalaniladi. Masalan, qabul qilishingizni so‘rayman, qarorning bajarilishi, stipendiya tayinlash, talabalar safiga tiklash kabilar.
Fe’llar majhul nisbatda va buyruq-istak mayli shaklida qo‘llanadi: qaror qilindi, ko‘rib chiqildi, eshitildi, bajarilsin, tayinlansin, amalga oshirilsin kabilar. Agar pul, buyum miqdori ko‘rsatilishi lozim bo‘lsa, oldin raqam bilan, qavs ichida harflar bilan yoziladi.
Hujjatlarda fikr aniq, lo‘nda bayon qilinishi lozim. Bunda xatboshi (abzas)ning o‘rni muhimdir. Har bir yangi, alohida fikr xatboshi bilan ajratilishi, bir xatboshi bilan ikkinchi xatboshi o‘rtasidagi matn to‘rt-besh jumladan oshmasligi me’yorga mosdir.
Hujjatchilikda imlo va tinish belgilariga alohida e’tibor berish kerak. Hujjatning nomi bosh harf bilan yoziladi. Agar bosma matn bo‘lsa, hujjat nomining har biri bosh harf bilan boshlanadi. Hujjatning nomidan so‘ng hech qanday belgi qo‘yilmaydi.
Diplomatik hujjatlar shakli va so‘z qo‘llanishi jihatidan o‘ziga xos ko‘rinishga ega. Ularni yozishda hujjatning qay shaklda bo‘lishiga e’tibor muhimdir. Ma’lumki, diplomatik yozishmalar bir davlatdagi oddiy korxonalar yoki tashkilotlar orasida bo‘lmaydi. Ular boshqa – boshqa davlatlar o‘rtasida bo‘lgani uchun hujjat yuborilayotgan mamlakat an’analari hisobga olinadi. U yoki bu davlatga hujjatning qaysi turi yuborilayotgan bo‘lsa, huddi shu turi bilan javob qaytariladi. Diplomatik hujjatlarga bayonot, rasmiy nota va xatlar, ilova xatlar, yarimrasmiy shaxsiy xatlar, diplomatik protokol - qaydnomalar, memorandumlar va boshqalar kiradi.
Diplomatik yozishmalarda hujjat yuborilayotgan mamlakatning nomlanishida, shaxsning ismi sharifi va lavozimini yozishda, unga qilinayotgan murojaat ifodalarida xatoga yo‘l qo‘yilishi mumkin emas. Chunki xatolar bepisandlik, hurmatsizlik sanaladi. Bu hujjatlar tashqi ko‘rinish jihatidan ham nuqsonsiz bo‘lishi, fikr aniq, to‘g‘ri, mantiqiy, izchil, asosliy va ikkinchi tomonning xususiyatlarini hisobga olgan holda bayon etilishi zarur.
Rasmiy stilda fonetik xususiyatlar bo‘lmaydi. Chunki unda talaffuzga xos belgilar uchramaydi, adabiy me’yorga qat’iy rioya qilinadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |