Qisqacha xulosalar
Ijtimoiy-iqtisodiy hodisalar juda murakkab bo‘lib, ular orasida ko‘pincha korrelyatsion bog‘lanishlar mavjud. O‘zgaruvchi X belgining har bir qiymatiga boshqa o‘zgaruvchi Y taqsimoti mos kelsa, bunday bog‘lanish korrelyatsiya deb ataladi.
Korrelyatsion tahlilda hodisalar orasidagi bog‘lanishning zichlik darajasi aniqlanadi. U korrelyatsiya koeffitsiyentlarini hisoblash, ularning muhimligi, ishonchliligini baholashga asoslanadi. Korrelyatsiya koeffitsiyenti ikki yoqlama talqin etilishi mumkin: X ni Y bilan bog‘lanish zichligi yoki Y ni X bilan bog‘lanish zichligi. Bu ko‘rsatkich faqat bog‘lanish kuchini o‘lchaydi, ammo uning sababini yoritib bermaydi.
Regression tahlil bir hodisa o‘zgarishi natijasida boshqa hodisa qancha miqdorga o‘zgarishini yoritib beradi, ya’ni omillar samaradorligini aniqlash imkoniyatini tug‘diradi. Buning uchun omil belgi va natijaviy belgini umumiy iqtisodiy sifat tahlili asosida aniqlash kerak. Shunga qarab regressiya tenglamasini X ni Y bo‘yicha yoki Y ni X bo‘yicha tuzish masalasi yechiladi, chunki regressiya koeffitsiyentlari har xil miqdoriy qiymatlarga ega bo‘ladi.
Regressiya tenglamalarini bir belgining berilgan qiymati asosida boshqa belgining tegishli o‘rtacha qiymatini baholash uchun ifoda sifatida qarash mumkin. X ning Y bo‘yicha chiziqli regressiya tenglamasi (ularning o‘rtacha miqdorlari uchun nuqtalar orqali o‘tkazilgan o‘qlarga nisbatan qaralgan) va Y ning X bo‘yicha tenglamasi: , bu yerda ya’ni belgilar qiymatlarining ularning arifmetik o‘rtachasidan tafovutlari; b1,b2 - regressiya koeffitsiyentlari yoki qisqacha regressiyalar.
Nazorat va mustaqil ishlash uchun savol va topshiriqlar.
O‘zarobog‘lanishlar deganda nimani tushunasiz, ularni o‘rganishdan maqsad nima?
Funksional bog‘lanish nima? Korrelyatsion bog‘lanish-chi?
Korrelyatsion munosabat qanday xossalarga ega?
Bog‘lanishlarning qanday turlarini bilasiz?
To‘g‘ri va egri chiziqli bog‘lanishlar deganda nimani tushunasiz? Misollarda tushuntirib bering.
Korrelyatsion tahlil qanday maqsadni ko‘zlaydi? Regression tahlil-chi?
Korrelyatsion bog‘lanishni modellashtirish jarayoni qanday bosqichlardan tarkib topadi? Har bir bosqichda qanday masalalar va usullar yordamida yechiladi?
Adekvat model deganda nimani tushunasiz?
Juft korrelyatsiya nima? Ko‘p o‘lchovli korrelyatsiya-chi?
To‘g‘ri chiziqli regressiya deganda nimani tushunasiz? Tenglamasi qanday ko‘rinishga ega va hadlari (koeffitsiyentlari) nimani anglatadi?
To‘g‘ri chiziqli regressiya tenglamasini yechish tartibini va bunda kichik kvadratlar usulining rolini yoritib bering. Bu usul mohiyatini misolda tushuntiring.
Korrelyatsion jadval deganda nimani tushunasiz? Uni tuzish tartibini tushuntirib bering.
Korrelyatsiya indeksi (yoki nazariy munosabati)ning mohiyatini yoritib bering. U chiziqli korrelyatsiya koeffitsiyentiga teng bo‘ladimi?
Korrelyatsiya koeffitsiyenti bilan regressiya koeffitsiyenti o‘rtasida qanday nisbat mavjud?
Elastiklik koeffitsiyenti nimani anglatadi? U regressiya koeffitsiyenti bilan qanday bog‘langan?
Fexner va Spirmen korrelyatsiya koeffitsiyentlari haqida nima deya olasiz?
Regressiya tenglamasi parametrlarining muhimligi (ishonchligi) qanday baholanadi? Korrelyatsiya koeffitsiyenti-chi?
Ko‘p o‘lchovli korrelyatsiya mohiyatini yoritib bering? Chiziqli ko‘p o‘lchovli regressiya tenglamasi qanday tuziladi va uning noma’lum hadlari qanday aniqlanadi?
Ko‘p o‘lchovli regressiya va determinatsiya koeffitsiyenti nimani o‘lchaydi? Xususiy korrelyatsiya koeffitsiyentlari-chi?
Do'stlaringiz bilan baham: |