Hisobot, maxsus kuzatish, biznes tekshirishlar va ro‘yxatlar
Hisobot - korxona va tashkilotlar faoliyati haqidagi ma’lumotlarni muntazam ravishda belgilangan tartibda va vaqtda olishni ta’minlovchi kuzatish turidir
Hisobot korxona va tashkilotlar faoliyati haqidagi ma’lumotlarni uzluksiz, belgilab qo‘yilgan tartibda va vaqtda to‘plashning muhim yo‘li (shakli)dir. “O‘zbekiston Respublikasi Davlat Statistikasi haqidagi” Qonunga muvofiq respublika hududida joylashgan va yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lgan barcha korxonalar va tashkilotlar, ularning mulkiy va tashkiliy-huquqiy shaklidan qat’iy nazar, o‘z faoliyati haqida aniq va to‘la ma’lumotlarni belgilangan dasturda, tartibda va muddatda tegishli davlat statistika tashkilotlariga taqdim etishga majburdir.
Statistik hisobot shakllari xarakteri va mazmuni, hisobot davri, yuborish uslubi, umumlashtirish darajasiga qarab quyidagi turlarga bo‘linad.
Joriy maxsus tekshirishlar - bu maxsus respondentlarni yollab hodisalar haqida boshlang‘ich ma’lumotlarni muntazam yoki vaqtma-vaqt qayd qilish yo‘li bilan to‘plash jarayonidir.
Joriy maxsus statistik tekshirishlar deganda statistik tashkilotlar tomonidan maxsus respondentlarni yollab o‘rganilayotgan hodisa, jarayon haqidagi boshlang‘ich ma’lumotlarni muntazam yoki vaqtma-vaqt qayd qilib to‘plash tushuniladi. Bunday kuzatishga uy ho‘jaliklari budjeti statistikasi, iste’mol baholari statistikasi, uyushmagan savdo statistikasi, dehqon xo‘jaligi (fermer xo‘jaligi bilan aralashtirib yubormang!) statistikasi va h.k. misol bo‘lishi mumkin.
Biznes-tekshirishlar savolnomalar yordamida iqtisodiy holatni tahlil qilish va qisqa muddatli iqtisodiy istiqbolni belgilash uchun savol-javob yo‘li bilan tadbirkorlardan ma’lumotlar to‘plashdir.
Biznes-tekshirishlar bozor iqtisodiyotiga xos bo‘lgan statistik kuzatishdir. Ularning asosiy maqsadi tadbirkorlarning iqtisodiy faoliyatini o‘rganishdan iborat. Joriy maxsus tekshirishlardan farqli o‘laroq, biznes tekshirishlar tadbirkorlardan intervyu olish, oldin tayyorlangan savollarga yozma yoki og‘zaki javoblarni maxsus savolnomalarda qayd qilishga asoslanadi. Ularning o‘ziga xos xususiyati shundaki, savolnomalar kompleks xarakterga ega bo‘lib, o‘zaro bog‘langan bir-birini to‘ldiruvchi savollardan, ularning ma’lum masalaga oid majmualaridan tashkil topadi, natijada iqtisodiy faollikni har taraflama yoritish imkonini beradi.
Joriy maxsus tekshirishlar va biznes tekshirishlar ma’lum masalalarni o‘rganishda qo‘llanadi. Bundan tashqari, ro‘yxatlar ham statistik kuzatishning muhim tashkiliy yo‘li sifatida qo‘llanish sohalariga ega.
Ro‘yxat – bu barqaror hodisalarning keskin fursatda mavjud holati haqidagi ma’lumotlarni yoppasiga kuzatish yo‘li bilan vaqtma-vaqt to‘plash jarayoni.
Asta-sekin bo‘ladigan o‘zgarishlar jamg‘arib, uzoq vaqt o‘tganidan so‘ng bunday hodisalarni yangi holatda gavdalanishiga sabab bo‘ladi, natijada ularning ma’lum keskin fursat holatidagi qiyofasini suratga olish ehtiyoji tug‘iladi. Bunday kuzatishga hodisalarni ro‘yxatga olish yordamida erishiladi. Nisbatan barqarorlik holatiga ega bo‘lgan hodisalarga misol qilib aholi soni va tuzilishi, yer maydonining qishloq xo‘jaligi uchun yaroqligiga qarab taqsimlanishi, korxonalarning ishlab chiqarish turlari bo‘yicha taqsimlanishini ko‘rsatish mumkin.
Ro‘yxatlar muvaffaqiyatli bo‘lishini quyidagi talablar ta’minlaydi:
• ro‘yxat qisqa muddatda o‘tishi;
• ro‘yxat bir vaqtning o‘zida butun mamlakat hududida amalga oshishi;
• ro‘yxatga olish vaqti kuzatilayotgan hodisaning eng kam tebranishga ega bo‘lgan holatiga tenglashtirilishi;
• har teng vaqt oralig‘ida ro‘yxatlarni takrorlab turish;
• yangi ro‘yxatni o‘tkazayotganda olinadigan natijalarni taqqoslamaligini ta’minlash niyatida oldingi kuzatish tartibini saqlab qolish kerak.
Do'stlaringiz bilan baham: |