JISMONIY YUKLAMA BAJARGANDA ORGANIZMDA YUZ BERADIGAN
BIOKIMYOVIY O’ZGARISHLAR
Nazariy tushuncha:
Har qanday muskul faoliyati, jumladan sport mashqlari bilan bog’liq jismoniy yuklama
muskullarda ATF sarfining keskin oshishiga olib keladi va organizmning kislorodga bo’lgan
talabi sezilarli darajada ortadi. Kislorodga bo’lgan talabning ortishi ATF resintezini
ta‘minlaydigan oksidlanish jarayonlarining jadalligi bilan izohlanadi.
Resintezning birmuncha tezroq o’tadigan yo’li sifatida ATF va kreatinfosfat o’rtasidagi
qayta fosforlanish reaktsiyasini ko’rsatish mumkin. Biroq muskullarda kreatinfosfatning miqdori
kamligi tufayli bu yo’l samarali hisoblanmaydi. Agar ATF resintezi uchun faqat kreatinfosfat
qatnashganda, uning muskullardagi mavjud miqdori atigi 2-3 sekund davom etadigan maksimal
quvvatli ishgagina yetar edi, xolos.
ATF resintezinng birmuncha samarali yo’llaridan biri bu – nafas zanjiridagi oksidlanishli
fosforlanishdir, ya‘ni turli substratlarning aerob oksidlanishi orqali ATF to’planishidan iborat.
Biroq bu jarayon normal kechishi uchun organizmning kislorodga bo’lgan talabi yetarli darajada
qondirib turilishi kerak.
Bir qator jismoniy yuklamalar bajarishda organizmda kislorodga bo’lgan qarzdorlik
yetarlicha qondirilmay qoladi. Masalan, 100 metr masofaga yugurishda kislorodga bo’lgan talab
7 l bo’lib, amalda 0,5 l kislorod qabul qilinadi. 400 metr masofaga yugurishda esa kislorodga
bo’lgan talab 11-13 l bo’lgani holda, amalda 3 l kislorod qabul qilinadi. Shuningdek 10 000
metrga yugurishda yuqoridagi nisbat mos ravishda quyidagi ko’rinishda bo’ladi, ya‘ni 150 va
125 litr.
Anaerob sharoitda dastlab muskul glikogenidan foydalaniladi, bu jarayon AMF ta‘sirida
va Ca
2+
ionlari ishtirokida faollashadi. Adrenalin va atsetilxolin muskullardagi fosforilaza
fermentini faollashtiradi va bu ferment glikoliz jarayonining boshlang’ich bosqichini
tezlashtiradi.
Uzoq vaqt mashq bajarishda muskullardagi glikogen yetarli bo’lmasligi mumkin, bunday
holatda asosan jigar glikogenidan foydalaniladi. Buning uchun jigar glikogeni glyukozagacha
parchalanishi va qon orqali ishlab turgan muskullarga yetkazib berilishi kerak. Bu jarayonni
adrenalin va glyukagon gormonlari rag’batlantirib turadi.
Organizmdagi uglevod zahiralari to’laligicha parchalanmasligi tufayli muskullar
energiyani yog’larning oraliq mahsulotlari bo’lgan yog’ kislotalari va keton tanachalaridan olishi
mumkin. Qonda glyukoza, sut kislotalari miqdori kamayishi bilan yog’larning parchalanishi
tezlashadi.
Jigardagi yog’larning oksidlanishi natijasida qonga keton tanachalarining ajralishi
tezlashadi. Muskullar esa qondagi keton tanachalarini va erkin yog’ kislotalarini oksidlab,
ulardan foydalanadi.
Yog’larning parchalanishi, ya‘ni lipoliz jarayonini adrenalin hamda gipofiz gormoni
hisoblangan samototropinlar faollashtiradi.
Muskullar uzoq muddatli ish bajarishi natijasida yog’lar energiya almashinuvida ishtirok
eta boshlaydi, shuningdek glyukoneogenez (uglevod bo’lmagan manbalardan uglevodlarning
hosil bo’lishi) jarayoni ham boshlanadi. Glyukoneogenez jarayonini buyrak usti bezidan
ajraladigan kortizol gormoni stimullab turadi. Glyukoneogenezning asosiy substrati bo’lib
aminokislotalar, di- va oligosaxaridlar hamda yog’ kislotalari xizmat qiladi. Bu jarayon asosan
jigarda boradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |