Standartlashtirish maqsadlari ko‘p qirrali bo‘lib, ular asosan quyidagilardan iborat: birxillashtirish (har xillikni boshqarish), bir turga keltirish, moslashuvchanlik, o‘zaroalmashuvchanlik, sog‘liqni saqlash, xavfsizlikni ta’minlash, tashqi-muhitni asrash, mahsulotni himoyalash, savdodagi iqtisodiy ko‘rsatkichlarni yaxshilash va boshqalar. To‘g‘ri yondoshilgan standartlashtirish borasida bir maqsadning amalga oshishida bir vaqtda boshqa maqsadlarning ham amalga oshishi mumkin. Standartlashtirishda mahsulotning vazifasiga muvofiqligi deganda belgilangan sharoitlarda muayyan vazifalarini buyum, jarayon yoki xizmatlar tomonidan bajarish qobiliyati tushuniladi. Moslashuvchanlik esa, ma’lum sharoitlarda belgilangan talablarni bajarish uchun nomaqbul ta’sir ko‘rsatmasdan mahsulot, jarayon yoki xizmatlarni birgalikda qo‘llanishiga yaroqliligi deb tushuniladi. O‘zaroalmashuvchanlik - bir xil talablarni bajarish maqsadida bir buyum, jarayon, xizmatdan foydalanish o‘rniga boshqa bir buyum, jarayon, xizmatning yaroqliligidir. Harxillikni boshqarish (unifikatsiyalash yoki birxillashtirish) deb, muayyan ehtiyojini qondirish uchun zarur bo‘lgan eng maqbul o‘lchamlarni yoki mahsulot, jarayon va xizmat turlarini tanlashga aytiladi.
.4. O‘zbekiston Respublikasida “Standartlashtirish xizmati”
Respublika standartlashtirish bo‘yicha ishlarning tashkil etilishini, muvofiqlashtirilishini va ishlarning maqbul darajada olib borilishini quyidagi idoralar ta’minlaydilar:
tarmoqlararo yo‘nalishga belgilangan mahsulot bo‘yicha - “O‘zstandart” agentligi;
qurilish va qurilish sanoati, loyihalash va konstruksiyalash bo‘yicha - O‘zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi;
tabiiy resurslardan foydalanishni yo‘lga qo‘yish, atrof-muhitni ifloslanishdan va boshqa zararli ta’sirlardan muhofaza qilish sohasi bo‘yicha - O‘zbekiston Davlat tabiatni muhofaza qilish qo‘mitasi;
tibbiyot yo‘nalishidagi mahsulotlar, tibbiy texnika buyumlari, dorivor moddalar va respublika sanoati ishlab chiqaradigan mahsulot tarkibida inson uchun zararli moddalar miqdorini tartibga solish sohasida - O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi.
O‘zbekiston Respublikasida standartlashtirish bo‘yicha ishlarni vazirliklar, texnikaviy qo‘mitalar, korxonalar, birlashmalar va boshqa manfaatdor tashkilotlarning istiqbolli rejalari asosida tuzilgan yillik reja bo‘yicha “O‘zstandart” agentligi amalga oshiradi.
Respublika standartlashtirish rejasiga birinchi navbatda milliy standartlar talablari bilan uyg‘unlashtirishni, kishilarning hayoti va sog‘ligi uchun xavfsizlikni, atrof-muhitni muhofaza qilishini, iste’molchilar huquqining himoya qilinishi, milliy ijtimoiy-iqtisodiy va milliy texnikaviy dasturlarning amalga oshirilishini ta’minlaydigan milliy standartlarni ishlab chiqish kiritiladi.
O‘zstandart agentligi, Davarxitektqurilish qo‘mitasi, Davlat tabiatni muhofaza qilish qo‘mitasi, Sog‘liqni saqlash vazirligi (biriktirilgan sohalar bo‘yicha) respublika standartlarini ko‘rib chiqadilar, tasdiqlaydilar, ularning qo‘llanish muddatini cho‘zadilar va bekor qiladilar hamda unga o‘zgartirishlar kiritadilar.
Respublikada ishlab chiqilgan standartlar va ularga o‘zgartishlar tasdiqlanishi darajasidan qat’iy nazar O‘zstandart davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi lozim.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va shaharlarda standartlash-tirish bo‘yicha ishlarni tashkil qilish, muvofiqlashtirish va uning muqobil darajasini ta’minlash ishlarini O‘zstandart, O‘zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi, Davlat tabiatni muhofaza qilish qo‘mitasi va Sog‘liqni saqlash vazirligining tegishli hududiy idoralari va boshqarmalari amalga oshiradi.
Sanoat va qishloq xo‘jaligi tarmoqlarida standartlashtirish bo‘yicha ishlarni tashkil qilish va ularni muvofiqlashtirish uchun zaruriyat bo‘lgan hollarda, vazirliklar, idoralar, uyushmalar, konsernlar va boshqa xo‘jalik tuzilmalarida bo‘linmalar (xizmatlar) va (yoki) fan-texnikaning tegishli sohalaridagi yuqori ilmiy-texnikaviy imkoniyatlarga ega bo‘lgan tashkilotlarda standartlashtirish bo‘yicha tayanch tashkilotlari tuziladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |