3.3. PSIXOANALIZ
Mashhur yo‘nalishlardan biri venalik psixolog Z.Freyd tomonidan ishlab chiqilgan psixoanalizdir. Psixoanaliz ta'limoti bo‘yicha insonning asosiy ehtiyoji – bu shaxvoniy ehtiyojlardir. Jamiyat axlok normalarining bu ehtiyojlarga qarama-qarshiligi natijasida inson shaxsida turli xil ruhiy kamchiliklar paydo bo‘ladi, deb hisoblaydi. Z.Freydning fikricha, bu jarayon ongsiz holda kechadi, ya'ni odam o‘zida bu narsalar kechayotganligini anglab yetmaydi. Insonning har bir xatti-harakati «U», «men», «Mening menligim»lar o‘rtasidagi konfliktlar (ziddiyatlar) natijasi deb taxmin kilinadi. «U» - biologik ehtiyojlar, «U»ning tabiati asosan ongsizdir. «MEN» - tashqi muhit bilan muloqotdan hosil bo‘lgan ruhiy tuzilmadir. «Mening menligim» - ijtimoiy muhit va bu muhit ta'sirlarining to‘siqlaridir. Shu narsalar orasidagi qarama-qarshiliklar, Z.Freydning fikricha, kasalliklarni keltirib chiqaradi.
Psixoanaliz nazariyasi psixodinamik yo‘nalish katoriga kiradi. Psixodinamik yo‘nalish tarkibiga yana Adlerning individual psixologiyasini va Yungning analitik psixologiyasini kiritish mumkin.
T.Adler – Freydning shogirdi, keyinchalik esa undan ajralib, o‘z nazariyasini ishlab chiqqan olimdir. Uning fikricha, odamda asosan hukmdorlikka intilish hissi ustun turadi. Bolalikdagi bunday intilish unda o‘zini to‘liq anglamaslik hissini paydo qiladi. Natijada u kattalarga nisbatan o‘zini kamsitilgan deb hisoblaydi. Mazkur psixologik holat odamning bundan keyingi hayotida ko‘plab muammolar kelib chiqishiga sababchi bo‘ladi. Ayrim odamlarda bu his kamsitilganlik majmuasini (kompleksini) keltirib chiqarsa, boshqalarda esa ustunlik majmuasini (kompleksini) keltirib chiqaradi. Adlerning fikricha, bu ikki majmua inson faoliyatining asosidir.
Psixolog Yung ham Freydning shogirdlaridan biri edi. U ham alohida bir yo‘nalish, ya'ni analitik psixologiyani ishlab chiqqan. Yungning fikricha, libido (jinsiy aloqaga intilish) inson yashashi, turmush kechirishi uchun zaruriy ehtiyojlar energiyasidir. Uningcha, libido faqat shaxvoniylikdan iborat emas, chunki Yung kollektiv ongsizlik mavjud bo‘lishini ko‘rsatib o‘tadi. Kollektiv ongsizlik mazmuni asosan tushda paydo bo‘luvchi boshlang‘ich obrazlardagi arxetiplarda ko‘rinadi. Ijtimoiy ongi va millatidan kelib chiqqan holda arxetiplar asosida faoliyat ko‘rsatadi. Yungning fikricha, shaxs individualizasiya, ya'ni uzoq davom etuvchi psixologik rivojlanish jarayoni orqali o‘zini anglaydi.
Psixoanalizning terapiya sifatida qo‘llanilishi murakkab va uzoq kechadigan jarayon hisoblanadi.
Psixoanalitik terapiyada 5 ta asosiy holatni ajratib ko‘rsatish mumkin:
1. Mijoz bilan chuqur hissiy munosabatga kirishish. Mijoz bu holat kechishida o‘zining ijobiy va salbiy hislarini terapevtga yo‘naltirishi uchun imkoniyat paydo bo‘ladi. Buning natijasida mijoz terapevtga o‘zining hayot tajribasini tasvirlab beradi. Masalan, onasini rashk qilgan bo‘lsa, terapevtni o‘z otasi deb, ongsiz ravishda yomon ko‘rib qolishi mumkin.
2. Tushlarni talqin qilish. Tushlar, Freydning fikricha, ongsizlik zonasiga yuldir.
3. Erkin assosiasiyalar – mijoz bir-biri bilan bog‘lanmagan fikrlarni bildiradi. Terapevt uni yorqin holda eshitib turib xulosa chiqarishi lozim.
4. Terapevt mijoz qarshiliklarini aniqlab, uning sababini tushunib yetishi kerak.
5. Terapevtning tushuntirishi natijasida mijoz bolaligida bo‘lgan hodisani ob'ektiv ravishda boshidan kechirganday his etib, katarsis oqibatida kasallik yo‘q bo‘lib ketishiga olib kelish jarayonidir.
Bixevioristik yo‘nalish. Mazkur yo‘nalish «Inson faoliyati S-R (stimul-reaksiya) orqali kechadi» degan nazariyaning Dj.B.Uotson tomonidan rivojlantirilishi asosida yuzaga keldi. Keyinchalik bu formula S-i-R (stimul-individ-reaksiya) sifatida o‘zgartirilgan.
Bu yo‘nalish bo‘yicha shaxs – individning qobiliyatlari, hayot tajribasi va atrof-muhit ta'sirida o‘z xulq-atvorini namoyon qilish natijasidir.
Yuqorida tahlil kilingan interpsixik terapiya, freydizm va hakozolar mijozga uning muammolari sababini ko‘rsatib, hal etish yullarini ko‘rsatmagan bo‘lsa, bixevioristik yo‘nalish xulq-atvor terapiyasining vakillari insonning muammolari noto‘g‘ri reaksiya bildirishining natijasi deb, uning xatti-harakatlarini o‘zgartirish muammoni hal qiladi, degan fikrni ilgari surganlar.
Ushbu fikrning negizida mijoz bilan ishlashning metodlari rivojlantirilgan. Bu yo‘nalishning yutuqlari mijozni davolashga kam vaqt sarf etish va samaradorligidir. Lekin keyingi davrdagi tadqiqotlarda aniqlanishicha, bu yo‘nalishning natijalari ham interpsixik yo‘nalishi bilan teng.
Qarama-qarshi shartlantirish. Bu tipdagi metodlardan biri sistematik desensibilizasiya bo‘lib, u noto‘g‘ri javob reaksiyasiga nisbatan qarama-qarshi reaksiya hissini ishlab chiqishga qaratilgan. Masalan, havotirlanish (bezovtalanish) hissini yo‘kotish uchun psixoterapevt mijozini qarama-qarshi reaksiya holatidan bo‘shashga o‘rgatadi. Keyinchalik ijtimoiy turmushda odam bunday vaziyatdan bo‘shashi orqali muammoni yechish yo‘lini topishi mumkin.
Imploziv terapiya, yuqoridagidan farqli o‘larok, mijozda havotirlanishni sezayotgan bo‘lsa, unda havotirlanish kuchayishi natijasida «portlash» keltirib chiqariladi va shu orqali mijoz vaziyatga moslashtiriladi.
Aversiv shartlantirish ijtimoiy zararli xulqni yo‘qotishga qaratilgandir. Bu metod bo‘yicha yoqimsiz holatni yoki ta'sirni keltirib chiqarish muammoni yechishi mumkin. Masalan, alkogol' ichsa, qustiradigan dori beriladi va bu yoqimsiz holat kaytarilish undan olinadigan «kayf»ni yo‘qqa chiqaradi. Keyinchalik davolanuvchi ichishni tashlab yuborishi mumkin. Yuqoridagi metodlar qo‘rqinchli vaziyatlarni yengishda foydalidir. Ulardan foydalanish uchun mijoz roziligini olish maqsadga muvofiq.
Xulq-atvorni vujudga keltirish metodi. Mijozning ko‘nikmalarini har tomonlama o‘rganib chiqish orqali uning uchun ahamiyatli sovg‘a hadya qilish mumkin. Masalan, kerakli xulq-atvorga yaqin harakat qilsa, konfet berib, shu tarzda davom ettirish orqali kerakli xulq turi vujudga keltiriladi. Bu metod bolalarda ishlatiladi.
Jetonlarni yig‘ish metodi. Kasal ijobiy harakatlari uchun jeton oladi. Ma'lum bir mikdorda jetonlar to‘planganidan keyin esa boshqalar oldida ustunlikka erishadi. Masalan, sigaret chekish huquqini oladi.
Modelga taqlid metodi terapevtning berilgan vaziyatga nisbatan reaksiyalarini imitasiya (taqlid) qilish orqali kerakli xulq-atvorni egallash bilan bog‘liqdir.
Do'stlaringiz bilan baham: |