SB va sintagma. Gapning tuzilish va mazmun jihatdan birlashgan parchalari nutq jarayonida qisqa to’xtam bilan ajraladi. Bunday parchalar sintagma deyiladi. Masalan: A‘lochi o’quvchilar barcha imtihonlarni muvaffaqiyat bilan topshirdilar gapi uchta sintagmaga bo’linadi:
1)a‘lochi o’quvchilar; 2) barcha imtihonlarni; 3) muvaffaqiyat bilan topshirdilar.
Har bir sintagma bir havo chiqarish bilan - bir nafas kuchi bilan aytilib, qisqa to’xtamdan so’ng yangi sintagma boshlanadi. Gap yaxlitlik sifatida boshqa gapdan kattaroq pauza bilan ajratilsa, sintagmalarni ajratib turadigan pauzalar undan kichikroq bo’ladi. Sintagma grammatik-semantik jihatdan yaxlitlangan fonetik butunlikdir.
Gap bir tugal sintagmali yoki bir necha sintagmali bo’lishi mumkin. Sintagma ba‘zan bir so’zdan ham tashkil topishi mumkin. Sintagma bir necha so’zli bo’lganda ko’pincha yetakchi va unga tobe so’zlardan tashkil topadi. Lekin sintagmadagi hokim tobelik SBdagi hokim tobelik munosabatidan farq qiladi. Sintagmadagi bir hokim so’z keyingi sintagma uchun tobe bo’lmaydi. Masalan, yuqorida keltirilgan gapdagi a‘lochi o’quvchilar sintagmasidagi hokim uzv (o’quvchilar) ga tobe bo’lolmaydi. Lekin SBning tarkibiy uzvida u uchinchi sintagmadagi topshirdilar so’ziga tobelanadi.
Sintagma SBga teng bo’lishi ham mumkin. Bunda SBdagi yonma-yon kelgan tobe va hokim a‘zolar sintagma hosil qila oladi: a‘lochi o’quvchilar birikuvi ham SB, ham sintagmadir. O’quvchilar topshirdilar birikmasi SB bo’lsa-da, sintagma emas, chunki ular bir pauza bilan birlashtirilmagandir.
Sintagmaning SBdan farqli yana bir xususiyati shundan iboratki, sintagmaning unsurlari orasiga boshqa sintagmaning uzvi ajralib kirmaydi. Lekin SBning uzvlari orasida nutqda bu SBga daxldor bo’lmagan boshqa SB uzvlari joylashgan bo’lishi mumkin: kitobni kecha o’qidim gapidagi kitobni o’qidim SBsi orasidagi unga daxli bo’lmagan kecha so’zi joylashgan.
Sintagmalanishning o’ziga xos qonuniyatlari bor. Asosan, yonma-yon kelgan aniqlovchi va aniqlanmish, to’ldiruvchi va to’ldirilmish, hol va hollanmish bir sintagmani hosil qiladi.
Sintagmaning mazmun va grammatik jihatdan nisbiy yaxlitlanganligiga uni bir butun holda ajratib olib, gapning boshqa bir o’rniga ko’chirib ko’rish asosida amin bo’lish mumkin: Barcha imtihonlarni a‘lochi o’quvchilar muvaffaqiyat bilan topshirdilar.
So’zlovchining maqsadi gapni sintagmaga bo’lishda muhim rol o’ynaydi. Demak, sintagma nutqiy, individual hodisa bo’lib, har bir so’zlovchi bir gapni turlicha sintagmaga bo’lish mumkin. Masalan: Salim shofyor akamning o’rtog’i gapini quyidagicha sintagmalash va uni turlicha tushunish mumkin; 1.Salim - shofyor, akamning o’rtog’i. 2.Salim shofyor - akamning o’rtog’i. Demak, gapning lisoniy mohiyatini gap tarkibidagi nutqiy SBlarning qaysi SB LSQsi hosilasi ekanligini aniqlashda sintagmalanishga ham tayanish mumkin.
Adabiyotlar:
Ne‘matov H. va b. O’zbek tili struktural sintaksisi. -T.: Universitet, 2000.
Mengliev B. O’zbek tilining struktur sintaksisi –Qarshi., 2003.
G’ulomov A., Asqarova M. Hozirgi o’zbek adabiy tili. Sintaksis. -T.: 1989.
O’zbek tili grammatikasi. II tom. Sintaksis. - T.: Fan, 1975. - 548 b.
www.ziyonet.
Do'stlaringiz bilan baham: |