Sotsiologik tadqiqot natijalaridan amaliy foydalanish.
Sotsiologik tadqiqot natijalarini ilmiy va yuksak saviyada tahlil qilish, ulardan ijtimoiy boshqaruv amaliyotida unumli foydalanish imkonini beradi. Empirik ma’lumotlarni tahlil qilish va umumlashtirish jarayonidayoq o’rganilayotgan ob’ektning muhim jihatlari ko’rina boshlaydi. Bu jihatlarni nazarda tutgan holda ilmiy takliflar, tavsiyalar va tadbirlar ishlab chiqish, sotsiologik tadqiqot natijalaridan amaliyotda foydalanish uchun asosiy vosita bo’lib xizmat qiladi.
Sotsiologik tadqiqot natijalaridan amaliyotda foydalanish bosqichi – ikkiyoqlama jarayon bo’lib, unda olimlar, ilmiy xodimlar ham amaliyotchilar ham faol ishtirok etadi.
Ba’zi sotsiologlar fanning asosiy vazifasi aniq ma’lumotlar yig’ib, zarur xulosalar va o’rganilayotgan ijtimoiy muammo xususida zarur takliflar va tadbirlarni ishlab chiqishdan iborat, ularni hayotga, amaliyotga tadbiq qilish esa jamoat tashkilotlari, ma’muriyatning ishi deb hisoblaydilar. Bunday qarash ilmiy ma’lumotlar va ularni boshqaruvdagi yechimi o’rtasida uzilishga olib keladi. Bizningcha, har ikki bosqich yagona ilmiy-amaliy dastur asosida bo’lmog’i maqsadga muvofiq.
Sotsiologik tadqiqot natijalarini amaliyotga tadbiq etishning turli shakllari va usullari mavjud:
Uning muhim shakllaridan biri, olib borilgan tadqiqot natijalarini mavjud rahbariyat pog’onasi /ma’muriyat, kasaba uyushmasi, bo’linma va boshqalar/ va tadqiqot guruhlari /masalan, ishchi brigadasi, talabalar guruhi kabilar/ oldida himoya qilish.
YAna bir shakli, tadqiqot natijalarini kitob shaklida, uslubiy qo’llanma, maqolalar to’plamida va matbuotda nashr etish.
Sotsiologik tadqiqot natijalari bo’yicha olimlarning radio va televideniyeda chiqishlari ham o’ziga xos amaliy ahamiyat kasb etadi.
Ilmiy-amaliy anjumanlar, seminarlar, simpoziumlar tashkil etish va o’tkazish kabi shakllari ham muhim ahamiyatga ega.
Sotsiologik tadqiqot natijalaridan amaliy foydalanishda sotsial-
psixologik markazlar faoliyatining ahamiyati katta. Afsuski, bunday markazlar bizning respublikamizda juda kam. Har bir viloyat, shahar va tuman hokimliklari qoshida shunday markazlar tashkil qilinsa, jamiyatimiz infrastrukturasidagi mavjud muammolarning hal qilib borilishida jiddiy o’zgarishlar yuz berishi aniq.
Hozirda amaliy sotsiologiyaning muvaffaqiyatli rivojlanishi aniq amaliy vazifalarni, mavjud ijtimoiy muammolarni yechish bilan bog’liq. Ammo, shuni ko’rsatib o’tish joizki, hozirgacha bizda bunga yetarlicha e’tibor berilmayapti. Sotsiologiya fanining jamiyatimiz hayotidagi ijtimoiy-amaliy roli juda past darajada. AQSH va Ovrupo mamlakatlarida keng rivojlangan «ijtimoiy muhandislik» konsepsiyasini birinchi bor ishlab chiqqan ingliz faylasufi va sotsiologi Karl Popler fikricha, «ijitmoiy muhandislik» inson faoliyati va jamiyat hayotini oqilona asosda ta’mirlash demakdir. Ijtimoiy hayot muammolari «muhandislik» faoliyatining natijasidagina to’g’ri hal qilinishi mumkin. «Ijtimoiy muhandislik»ning asosiy vazifasi ham shundan iboratdir.
Do'stlaringiz bilan baham: |