Shu va boshqa savollarga javob topish maqsadida OʻzA muxbiri Ichki ishlar vaziri general-leytenant Poʻlat Bobojonov bilan suhbatlashdi.
– Mamlakatimizda olib borilayotgan keng koʻlamli islohotlarning zamirida, avvalo, inson manfaatlari, uning huquq va erkinliklari turibdi, - deydi P.Bobojonov. – Bugun barcha huquqni muhofaza qiluvchi organlar, shu jumladan, Ichki ishlar vazirligi ham xalq manfaatlariga xizmat qilish, fuqarolarning qonuniy huquqlarini taʼminlash, jinoyatchilikka qarshi murosasiz kurashish yoʻlida faoliyat yuritmoqda.
Eskicha ish uslubidan voz kechilib, Davlatimiz rahbari tomonidan qoʻyilayotgan talablar asosida ish olib borilmoqda. Toʻgʻri, yangicha ish uslubiga moslasha olmayotgan xodimlar ham uchrab turibdi. Ammo ularning oʻrnini vatanparvar, zamonaviy fikrlaydigan kadrlar bilan toʻldirishga eʼtibor qaratilmoqda.
Ichki ishlar organlarini xalq manfaatlariga xizmat qiladigan ijtimoiy tuzilmaga aylantirish maqsadida mustahkam huquqiy baza yaratilgan. Jumladan, 6 qonun, Prezidentimizning 7 farmoni va 40 qarori, Vazirlar Mahkamasining 89 qarori hamda 160 dan ziyod idoraviy normativ-huquqiy hujjat qabul qilindi.
Shu asosda mahallalarda jamoat tartibini saqlash, fuqarolar xavfsizligini taʼminlash, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish ishlarini kuchaytirish maqsadida ichki ishlar organlarining quyi boʻgʻinlari mustahkamlandi. Xususan, vazirlik va hududiy boshqarmalarini mavjud shtat birliklarining 85 foizi qisqartirilib, quyi tizim ichki ishlar boʻlimlariga qayta taqsimlandi. 30 tuman-shaharda hududiy ichki ishlar organlarining 160 ichki ishlar boʻlim (boʻlinma)lari tashkil etildi.
Eng muhimi, ichki ishlar organlari oʻz xizmat faoliyatini parlament va jamoatchilik nazorati ostida olib borishi qatʼiyan belgilandi. Yaʼni, Ichki ishlar vaziri Senatga yilda ikki marotaba axborot berishi, hududiy ichki ishlar organlari boshliqlari Xalq deputatlarining viloyat, tuman va shahar kengashlariga har chorakda, tuman-shahar IIB boshliqlarining yoshlar boʻyicha oʻrinbosarlari xalq deputatlari shahar-tuman kengashlariga, profilaktika inspektorlari esa mahalla aholisiga har oyda hisobot berib borishi yoʻlga qoʻyildi.
Aholining barcha qatlami bilan manzilli ish olib borish maqsadida murojaatlar bilan ishlash boʻyicha 256 inspektor, xotin-qizlar masalalari boʻyicha 364 katta inspektor lavozimi joriy etildi. Joylardagi ichki ishlar organlarida 89 shtat birligidan iborat psixologik taʼminlash guruhlari tashkil etildi.
Mahallalarda fuqarolarning muammolarini joyida hal etish, ularga yana-da yaqinlashish maqsadida hududiy ichki ishlar organlariga mahalliy byudjet hisobidan Huquqbuzarliklar profilaktikasi xizmatlarining hududiy boʻlinmalariga qoʻshimcha 459 profilaktika (katta) inspektori lavozimlari joriy etildi.
Fuqarolar yigʻinlarida huquq-tartibot ishlarini samarali tashkil etish va ularning qamrovini kengaytirish maqsadida ichki ishlar organlari tarkibiga qoʻshimcha jami 2 ming 570 profilaktika (katta) inspektori shtat birliklari ajratildi.
Hududlarning oʻziga xos tajribalari sifatida Toshkent shahrida “Xavfsiz poytaxt”, Andijon viloyatida “Namunali hudud”, Buxoro viloyatida “Xotin-qizlar bilan ishlash”, Fargʻona viloyatida “Yoshlar bilan ishlash”, Boʻka tumanida “Prezidentning beshta tashabbusi”, Jizzax viloyatida “Jinoyatga qarshi kurashish haqiqati va adolati”, Sirdaryo viloyatida “Jinoyatdan holi mahalla” konsepsiyalari hayotga tatbiq etildi.
Tizimda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari joriy etilib, “Xavfsiz shahar”, “Xavfsiz poytaxt”, “Xavfsiz hudud”, “Xavfsiz turizmni taʼminlash”, “Yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash”, “Xavfsiz xonadon” konsepsiyalari amalga oshirilmoqda.
– Jamiyatda jinoyatdan holi muhit yaratishda ichki ishlar organlari xodimlari qanday ishlarni amalga oshirmoqda?
– Koronavirus pandemiyasi davrida kiritilgan karantin cheklovlari ayrim oilalarning iqtisodiy va ijtimoiy ahvoli birmuncha qiyinlashishiga sabab boʻldi. Afsus bilan aytish joizki, deyarli har kuni oila-turmush bilan bogʻliq jinoyatlar sodir etilmoqda. Xususan, joriy yilning oʻtgan davrida qotilliklarning har uchinchisi, ogʻir tan jarohati yetkazish jinoyatlarining har beshinchisi oila-turmush munosabatlari doirasida yuz bergan.
Umuman olganda, bugungi kunda 12 mingdan ortiq oilada huquqbuzarlik keltirib chiqarishi mumkin boʻlgan turli oila-turmush munosabatlari doirasidagi muammolar mavjud boʻlib, shundan 4 ming 809 tasi notinch oila hisoblanadi.
Bu masalaga jiddiy eʼtibor qaratishimiz, sektor rahbarlari mahalla raislarining oila, xotin-qizlar va ijtimoiy-maʼnaviy masalalar boʻyicha oʻrinbosarlari va profilaktika inspektorlari bilan birgalikda nizoli oilalarda oilaviy qadriyatlarni tiklash, mavjud nizolarni qonuniy hal etish, ehtiyojmand oilalarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha “mahallabay” tarzida ishlarni tashkil etishimiz lozim.
Prezidentimizning bevosita tashabbusi bilan eng quyi boʻgʻin hisoblangan mahallada xavfsiz muhit yaratish boʻyicha ishlash uslubi tubdan oʻzgardi. “Obod va xavfsiz mahalla” tamoyili asosida huquqbuzarliklar profilaktikasi faoliyati qayta koʻrib chiqildi. Ilgari qariyb 20 foiz mahallada profilaktika inspektori yetishmasdi, bir nafar profilaktika inspektori 2-3 mahallaga xizmat qilar va koʻp hollarda ularga ortiqcha vazifalar yuklatilar edi.
Endilikda har bir mahallada profilaktika inspektori lavozimi joriy etildi. Fuqarolar yigʻini raisining huquq-tartibot masalalari boʻyicha oʻrinbosari vazifasini bajarish ham profilaktika inspektoriga yuklatildi. Profilaktika inspektori mahalla raisi bilan kamida 5 yil mobaynida birga ishlashi belgilab qoʻyildi.
Mahallalarda jinoyatchilikni jilovlash borasidagi ishlarni xolisona baholash maqsadida Bosh prokuratura bilan birgalikda “mahalla jinoyat”lari alohida toifaga ajratib olindi. Har oyda mahallaning oʻzida sodir etilgan jinoyatlarning chuqur tahlili orqali ular uch toifaga, yaʼni “jinoyatlar oshgan”, “jinoyatlar kamayishiga erishilmagan” va “jinoyatlar sodir etilmagan” mahallalarga ajratilmoqda va shu asosda kuch-vositalar taqsimlanmoqda.
Oʻrganish natijalari shuni koʻrsatdiki, aksariyat jinoyatlar viloyatlarning 8-10 mahallasi hissasiga toʻgʻri kelgan. Shu bois kriminogen jihatdan nisbatan ogʻir mahallalarda Milliy gvardiya bilan uzviy hamkorlik yoʻlga qoʻyildi. Jinoyatlar muntazam sodir etib kelinayotgan mahallalar tanlab olinib, ularda qoʻshimcha patrullik yoʻnalishlari tashkil etildi.
Natijada joriy yilning oʻtgan davrida jami mahallalarning 66 foizida yoki 9 ming 145 mahalladan 6 ming 61 tasida bironta ham jinoyat sodir etilmadi.
Har bir mahallani jinoyatdan holi hududga aylantirish maqsadida Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi hamda Milliy gvardiya bilan hamkorlikdagi ishlar ham tizimli ravishda davom ettirilmoqda.
– Zoʻrovonlikdan jabr koʻrayotgan xotin-qizlarga himoya orderi berish joriy etildi. Bu nechogʻli samara bermoqda?
– Himoya orderi jabrlangan xotin-qizlarga davlat himoyasini beruvchi hujjat hisoblanib, odatda 30 kun muddatga beriladi va yana 30 kungacha uzaytirilishi mumkin.
Ushbu yoʻnalishdagi ishlar Oliy Majlis Senatining 2019-yil yakuni boʻyicha oʻtkazilgan yalpi majlisida qattiq tanqid qilinib, bu boradagi ishlarni jadallashtirish vazifasi yuklatilgan edi. Shu nuqtayi nazardan ushbu ishlar yana bir bor tanqidiy koʻrib chiqildi va bunda profilaktika inspektorlarining masʼuliyati oshirildi.
Oʻtgan davrda zoʻravonlikdan jabrlangan 3 ming 592 nafar xotin-qizga himoya orderi berildi va ushbu oilalar profilaktika inspektorlari tomonidan nazoratga olindi. Tazyiq oʻtkazgan yoki zoʻravonlik sodir etgan 5 ming 888 nafar shaxsga nisbatan cheklovlar oʻrnatildi.
Shunga qaramay ijobiy tomonga oʻzgarmaslik holatlari uchramoqda. Odatda, nizoli oilaga himoya orderini berishdan oldin, oila har tomonlama oʻrganilib, psixologlar yordamida muammosini hal etishga harakat qilinadi. Oilaning mavjud muammosi hal etilmagan taqdirdagina himoya orderi beriladi. Cheklov oʻrnatilgan davrda ushbu oilalar bilan manzilli ishlar olib boriladi. Bu davr mobaynida ushbu oiladagi asl muammoni aniqlab, uni hal etish choralari koʻriladi. Milliy qadriyatlar, urf-odatlarimiz asosida oiladagi munosabatni tiklash borasida aniq tizim asosida ish olib boriladi.
Shu oʻrinda himoya orderida nazarda tutilgan cheklovlarga rioya etmaslik holatlari boʻyicha javobgarlik masalasi yuzasidan ham takliflar kiritilgan. Ushbu normaning qonunda oʻz aksini topishi, bu toifadagi fuqarolarning yana-da masʼuliyatli boʻlishiga va salbiy holatlarning oldini olishga zamin yaratadi.
– Senatning yaqinda boʻlib oʻtgan yalpi majlisidagi chiqishingizda ayrim turdagi jinoyatlar umumiy jinoyatlarning salmoqli qismini tashkil etayotganligini taʼkidladingiz. Aynan shu masalaga kengroq toʻxtalib oʻtsangiz.
– Chindan ham ayrim turdagi jinoyatlar umumiy jinoyatlarning katta qismini tashkil etayotir. Misol uchun, joriy yilning 7 oyida jami sodir etilgan jinoyatlarning har uchinchisini firibgarlik, oʻgʻirlik va yoʻl-transport hodisalari tashkil etgan. Oʻtgan davrda umumiy yoʻl-transport hodisalari 18,7 foizga, ularda vafot etganlar soni 10,7 foizga, jarohatlanganlar esa 22,2 foizga kamayishiga erishilgan boʻlsada, bu sohada amalga oshirishimiz lozim boʻlgan ishlar juda koʻp.
Agar qasddan sodir etilgan qotillik jinoyatlarida oxirgi uch yil va joriy yilning 7 oyida 1,5 ming nafardan ziyod odam vafot etgan boʻlsa, ehtiyotsizlik oqibatida sodir etilgan yoʻl-transport hodisalarida qotillikka nisbatan besh barobar koʻp yoki 7,5 mingdan ziyod fuqaro halok boʻlgan.
Oxirgi yillarda yoʻl-transport hodisalari, ayniqsa ogʻir oqibatli holatlarni ijtimoiy tarmoqlarda keng yoritish amaliyoti yoʻlga qoʻyildi. Bundan koʻzlangan maqsad, oʻylamay qilingan harakat qanday ogʻir oqibatlarni keltirib chiqarishi mumkin ekanligini haydovchi va piyodalarga yetkazish va ogohlikka chorlashdir.
Qolaversa, xodimlarning fuqarolarga sifatli xizmat koʻrsatishini taʼminlash va muomala madaniyatini oshirish uchun soʻnggi ikki yarim yil ichida yoʻl-patrul xizmati xodimlari navbatdan tashqari attestatsiyadan oʻtkazildi. Fuqarolar bilan muloqotda qoʻpol kamchiliklarga yoki qonun buzilishiga yoʻl qoʻyganligi uchun 142 nafar xodim ishdan boʻshatildi.
Yoʻl-transport hodisalarining oldini olishdagi eng katta masalalardan biri – bu haydovchilik madaniyati bilan bogʻliq. Raqamlarga eʼtibor qaratadigan boʻlsak, shu yilning 7 oyida 12 mingdan ziyod haydovchi transport vositasini mast holda boshqargan, 87 mingdan ortiq piyoda yoʻl qoidalarini buzgan, 17 ming nafarga yaqini transport vositasini boshqarish vaqtida uyali telefondan foydalangan.
Bu raqamlar kimgadir kam ahamiyatli tuyulishi mumkin. Lekin bu kabi qoidabuzarliklar ogʻir oqibatlarni keltirib chiqarmoqda. Bitta haydovchining aybi tufayli qancha fuqaro hayotdan bevaqt koʻz yummoqda, ularning oila aʼzolari esa aziyat chekmoqda.
Bu kabi salbiy holatlarning oldini olish maqsadida bir qator vazifalarni amalga oshirish kerak. Jumladan, yoʻl-transport hodisalarining oldini olish boʻyicha jamoatchilik rolini keskin oshirish zarur.
Haydovchilarning bilimini oshirish uchun ularni oʻqitish tizimini tubdan takomillashtirish, yoʻllarning sifatini oshirish, fotoradarlarni koʻpaytirish darkor. Yoʻl-patrul xizmati xodimlarining koʻpchilik qismi oʻrta maxsus maʼlumotga ega boʻlganligi bois ularni bosqichma-bosqich oliy maʼlumotlilar bilan almashtirish ham koʻzda tutilgan.
Soʻnggi yillarda firibgarlik jinoyatlari ham koʻpayib, ularning yangi usullari paydo boʻldi. Har uchinchi jinoyat pulni foiz evaziga koʻpaytirishni vaʼda bergan holda sodir etilgan. Oʻqishga kiritish toʻgʻrisidagi vaʼdaga ishongan ikki yuz nafardan ortiq fuqaro firibgarlarning qurboniga aylangan. Bundan tashqari, yerdan foydalanish uchun tegishli hujjatlarni tayyorlash va pullarni elektron tarzda oʻtkazib berish boʻyicha ham fuqarolar firibgarlarning vaʼdalariga ishongan.
Firibgarlik 484 nafar ilgari sudlangan va 382 nafar ishsiz boʻlgan shaxslar tomonidan sodir etilgan. Shularni inobatga olib, bunga moyil shaxslarni aniqlab, ularga qonuniy chora koʻrish, fuqarolar orasida esa firibgarlik jinoyatlarining viktimologik jihatlari boʻyicha targʻibot-tashviqot ishlarini yana-da kuchaytirish lozim.
Yana bir muammoli masalala - yuz berayotgan oʻgʻrilik va boshqa mulkiy turdagi jinoyatlardir. Oʻtgan davrda 3 ming 35 ta oʻgʻrilik jinoyati sodir etilib, ularning 87,4 foizi fosh etilgan.
Lekin misqollab yigʻilgan mol-mulkning oʻgʻirlanishi fuqarolarning haqli eʼtiroziga sabab boʻlmoqda. Ushbu jinoyatlarning oldini olish boʻyicha koʻchalar, bozorlar, xonadonlar bosqichma-bosqich kameralashtirilmoqda, targʻibot-tashviqot va profilaktik ishlar olib borilyapti.
Biroq, bu harakatlar hanuz yetarli samara bermayapti. Oʻtgan 7 oyda 770 xonadonda oʻgʻrilik sodir etildi. 319 transport vositasida oʻgʻirlik jinoyati qayd etilgan. Ularning 50 foizdan koʻprogʻi mol-mulk ochiq holda, qarovsiz qoldirilgani oqibatida roʻy bergan.
Ushbu jinoyatlarning oldini olish maqsadida, “Jamoatchilik nazorat maskanlari”da “Fidokor yoshlar” aʼzolari bilan birgalikda xizmatni tizimli tashkil etish, koʻchalarni yoritish, kameralashtirish, profilaktik hisobdagi shaxslar bilan manzilli ishlarni yoʻlga qoʻyish hamda Milliy gvardiya, mahalla instituti, jamoatchilik vakillarining faolligini oshirish choralarini koʻrish zarur. Shuningdek, xonadonlarni Milliy gvardiyaning qoʻriqlov pultiga ulanishi ham mazkur jinoyatlarning oldini olishga xizmat qiladi.
– Joriy yilda Chiroqchi tumani va Andijon shahrida ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan sodir etilgan noxush holatlar mamlakatimiz ichki ishlar organlari imijiga juda qattiq zarba boʻldi. Xodimlar tomonidan fuqarolarning huquqlarini buzish, ularga tazyiq oʻtkazishning oldini olishga qaratilgan qanday choralar koʻrildi?
– Joriy yil 30-mayda Andijon shahrida, yanvar oyida Qashqadaryo viloyatining Chiroqchi tumanida ichki ishlar xodimlari tomonidan sodir etilgan jinoyatlar kechirib boʻlmas holatdir. Bu tizim shaʼniga katta dogʻ tushirdi.
Ularning xatti-harakati – xalqning keng muhokamasiga, ichki ishlar organlariga nisbatan salbiy fikrlar shakllanishiga va tizimda halol ishlayotgan minglab xodimlar mehnatini puchga chiqarishga sabab boʻldi.
Barchaning eʼtiborini shunga qaratmoqchimanki, agar ichki ishlar boʻlimiga olib kelingan shaxsga nisbatan jarohat yetkazilganligi aniqlansa, bu favqulodda hodisa sifatida baholanadi. Zudlik bilan ishchi guruh tuzilib, voqeaning barcha tafsilotlari oʻrganiladi.
Ilgari bunday salbiy holatlar ommaviy axborot vositalari tomonidan keng yoritilmasdi, aholi xabardor etilmasdi va bu bizning faoliyatimizga xolis baho berishga qaysidir maʼnoda toʻsqinlik qilardi.
Ichki ishlar organlari xodimlari orasida, afsuski, oʻzinikini toʻgʻri, deb bilib, notoʻgʻri yoʻldan borayotgan, oʻz manfaatlarini xalq manfaatlaridan ustun qoʻyadigan, adashgan xodimlar ham uchramoqda. Bundaylarni aniqlab, tizimdan boʻshatyapmiz, ularning rahbarlariga nisbatan intizomiy choralar koʻryapmiz.
Xususan, joriy yilda bevosita vazirlikning oʻz xavfsizligi xizmati xodimlari tashabbusi bilan fuqarolarni noqonuniy ushlab, zoʻravonlik qilish bilan bogʻliq 5 holat aniqlanib, ularga nisbatan qonuniy chora koʻrish uchun materiallar prokuratura idoralariga yuborildi.
Joriy yilning oʻtgan davrida Ichki ishlar vaziri, vazir oʻrinbosarlari, vazirlikning sohaviy xizmatlari rahbarlarining har biri joylarda ikki-uch marta eng quyi boʻgʻinda xizmat qilayotgan safdor xodimlargacha boʻlgan darajadagi shaxsiy tarkib bilan tarbiyaviy-profilaktik yigʻilishlar oʻtkazdi.
Tadbirlarning yakuni boʻyicha xizmat intizomini buzuvchi 822 nafar xodimning xatti-harakatlari mehnat jamoalari va xodimlarning oila aʼzolari va ota-onalari ishtirokida koʻrib chiqildi. Natijada 173 nafari tizimdan boʻshatildi, 114 nafari egallab turgan lavozimidan ozod etildi, 65 nafar rahbarlar rotatsiya qilinib, boshqa lavozimlarga oʻtkazildi.
Shu bilan bir qatorda oʻzining kundalik xizmat faoliyati davomida boshqarlarga namuna boʻlib kelayotgan xodimlarning ota-onalariga minnatdorchilik bildirilib, tashakkurnomalar eʼlon qilindi.
Fuqarolarning haq-huquqlari poymol qilinishiga yoʻl qoʻymaslik maqsadida barcha ichki ishlar organlarida jami 473 ta alohida maxsus xona tashkil etildi. Hozirda ularning barchasi uzluksiz ishlaydigan video va ovoz yozish moslamalari bilan taʼminlangan.
Endilikda ichki ishlar organlariga olib kelingan har bir fuqaro bilan faqat shu xonada suhbat oʻtkazilishi va soʻroq qilinishi hamda ushbu jarayon videokameralarga uzluksiz yozib olinishi qatʼiy belgilab qoʻyildi. Bu ishlar uchun joylardagi ichki ishlar organining birinchi rahbari va tergov boʻlimi boshligʻi shaxsan masʼul etib belgilanib, jarayon qattiq nazoratga olindi.
Bugungi kunda amaliyotda uchrayotgan muammolar hamda xorijiy davlatlarning ilgʻor tajribalarini oʻrganish natijasida, tergov sifatini oshirish maqsadida yosh tergovchilarni kamida ikki oy davomida sud amaliyotini oʻtash tartibi joriy etilmoqda. Natijada tergovchi sud muhokamasida yuzaga kelayotgan muammoli vaziyatlarni oʻz koʻzi bilan koʻrib, kelgusida tergovni har tomonlama, toʻla va xolisona olib borishda eʼtiborga olishi lozim boʻlgan barcha jihatlarga alohida eʼtibor qaratadi. Muhimi, mazkur amaliyot protsess ishtirokchilarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini toʻliq taʼminlash uchun zamin yaratadi.
– Ommaviy axborot vositalarida, ayniqsa ijtimoiy tarmoqarda ichki ishlar organlari xodimlarining faoliyati koʻproq tanqidiy nuqtayi nazardan yoritilmoqda. Vaholanki, el tinchligi yoʻlida jonini qurbon qilayotgan xodimlar ham bor. Shunday emasmi?
– Ichki ishlar organi xodimlarning asosiy vazifasi - jamoat tartibini saqlash va fuqarolar xavfsizligini taʼminlashdan iborat. Jamoat joyida biror qoidabuzarlik sodir etgan yoki boshqalarning tinchini buzayotgan mayda bezorini, yonida tigʻli quroli bor, kim bilandir qasdlashgan jinoyatchini zararsizlantirish, ularga tegishli chora koʻrish xodimning vazifasi hisoblanadi.
Ikki janjallashayotgan shaxsni ajratish hammaning ham qoʻlidan kelavermaydi. Bunday vaziyatlarda xodim ogʻir-bosiqlik bilan muomala qilishi, vaziyatga toʻgʻri baho berib, qonuniy qaror qabul qilishi zarur. Biz hamisha xodimlarni shunday murakkab vaziyatlarda qanday harakat qilish borasida oʻqitib, ularga tushuntirishlar berib boramiz.
Hududlarda jinoyat va huquqbuzarliklarning oldini olish uchun joriy yilning 7 oyida 1,9 milliondan ziyod huquqbuzarlik sodir etgan va shaxsi aniqlanishi lozim boʻlgan fuqarolar ichki ishlar organlariga keltirilib, ular bilan tegishli ishlar olib borilgan.
Ular asosan karantin qoidalarini buzgan, oilaviy mojarolar va bezorilik sodir etgani, jamoat joylarida mast holda yurgani uchun va boshqa sabablar bilan olib kelinib, tegishli choralar koʻrilgan. Bu jarayonda ayrim fuqarolar ichki ishlar organlari xodimlarining qonuniy talablarini bajarmasdan, ularning 57 nafari xodimlarga faol qarshilik koʻrsatib, turli darajadagi tan jarohatlari yetkazgan.
2019-yil davomida 229 nafar xodim turli darajadagi tan jarohatlari oldi, 28 nafar xodim bevosita oʻz vazifasini ado etish va xizmat burchini bajarish chogʻida hayotdan koʻz yumdi. 2020-yilning 7 oyi davomida esa 12 nafar xodim xizmat burchini bajarish chogʻida vafot etdi, 171 nafar xodim turli darajadagi tan jarohatlari oldi.
Ular ham bir oilaning boquvchisi, kimningdir farzandi, kimningdir otasi yoki aka-ukasi. Lekin koʻp hollarda tinchlik uchun, fuqarolar xavfsizligini taʼminlash yoʻlida jarohat olib, nogiron boʻlib qolgan yoki jon fido qilgan insonlar haqida gapirilmaydi. Koʻrinib turganidek, xodimlarimizning kundalik ish faoliyatlari xavf-xatar bilan bogʻliq. Qasamyodiga sodiq xodimlar bunday qiyinchiliklarni yengib oʻtishga oʻrgangan.
Joriy yilda mamlakatimizda kuzatilgan tabiiy va texnogen ofatlar davomida kelib chiqqan talafotlar oqibatlarini bartaraf etishga ham mahalliy ichki ishlar organlari xodimlaridan tashqari, boshqa hududlardan ham Sirdaryo viloyatiga 437 nafar va Buxoro viloyatiga 182 nafar xodimlarimiz jalb qilindi. Ular xalqimiz mushkulini oson qilish maqsadida bir necha oylab, doimiy yashash manzillaridan va oʻz oilalaridan yiroqda kechayu-kunduz tinimsiz xizmat qildi.
Mustaqillik yillarida jami 1 ming 744 nafar ichki ishlar organlari xodimlari “Mard oʻgʻlon”, “Jasorat”, “Sodiq xizmatlari uchun” medallari, “Mardlik”, I va II darajali “Shon-sharaf” ordenlari hamda boshqa koʻplab Davlat mukofotlari bilan taqdirlangani bejiz emas. Fidoyilik va mardlik namunalarini koʻrsatgani uchun 2019-yil davomida 4 ming 359 nafar, joriy yilning olti oyi mobaynida esa 4 ming 210 nafar ichki ishlar organlari xodimlari Ichki ishlar vazirligining idoraviy mukofotlari bilan ragʻbatlantirildi.
Shunday ekan, tizimga, ichki ishlar organi xodimlariga baho berishda birgina holatdan kelib chiqib xulosa chiqarmaslik kerak.
– Ichki ishlar organlari uchun kadrlarni tayyorlash tizimi xaqida ham toʻxtalib oʻtsangiz.
– Hozirgi kunda ichki ishlar organlarida xizmat qilayotgan xodimlarning 51,2 foizi oliy maʼlumotga ega boʻlib, shularning
14,9 foizi yuridik maʼlumotli mutaxassislardan iborat. Shaxsiy tarkibning 49,8 foizi oʻrta-maxsus maʼlumotga ega boʻlsa, xodimlarning deyarli yarmini yoshlar tashkil etadi.
2017-2020-yillarda IIV oliy taʼlim muassasalariga 3 ming 21 nafar yoshlar oʻqishga qabul qilindi. Bundan tashqari, vazirlik Akademiyasi kasbiy tayyorgarlik fakultetini 1 ming 482 nafar xodim (shundan 887 nafar ofitser, 595 nafar serjant) bitirib, ichki ishlar organlarida turli lavozimlarga tayinlandi.
Vazirligimizning Rossiya Federatsiyasi Ichki ishlar vazirligi bilan oʻzaro kelishuvi asosida tor doiradagi mutaxassislik boʻyicha 2017-2020-yillarda 80 nafarga yaqin yoshlar ushbu mamlakat IIV oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga yuborildi.
Xodimlarning kasbiy koʻnikmalarini oshirish maqsadida ichki ishlar organlarining turli sohaviy xizmatlarida faoliyat yuritayotgan 38 ming nafardan ziyod xodim malaka oshirish oʻquv yigʻinlarida oʻqitildi. Shuningdek, ichki ishlar organlariga yangidan ishga qabul qilingan toʻrt yarim ming nafarga yaqin yoshlar boshlangʻich tayyorgarlik oʻquv yigʻinlarida oʻqitildi.
– Joriy yil 22-maydagi Vazirlar Mahkamasining “Ichki ishlar organlarining ozodlikdan mahrum qilish bilan bogʻliq boʻlgan jazoni ijro etish faoliyatining ochiqligi va oshkoraligini taʼminlash boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori haqida ham toʻxtalib oʻtsangiz.
– Ushbu hukumat qarori Prezidentimizning topshiriqlari boʻyicha, tizimda ochiqlik va shaffoflikni taʼminlash maqsadida qabul qilingan.
Amalga oshirilayotgan ishlarga qachon odamlar xolis baho beradi? Qachonki, islohotlar jarayoni keng ommaga shaffof tarzda yetkazilsa, albatta. Bu jarayonda, ommaviy axborot vositalarining alohida oʻrni bor, deb oʻylayman. Lekin ayrim yoʻnalishlarda cheklovlar mavjudligi bugungi kunga qadar jazoni ijro etish muassasalari faoliyatiga doir baʼzi bir maʼlumotlarni keng jamoatchilikka oshkor etish imkonini bermayotgan edi.
Eʼtibor bergan boʻlsangiz, shu paytgacha sir tutib kelingan maʼlumotlar maxfiylikdan chiqarildi. Bir soʻz bilan aytganda, endilikda jazoni ijro etish tizimida ochiqlik, oshkoralik va shaffoflik amalda taʼminlanadi.
Yaʼni, “Davlat hokimiyati va boshqaruv organlari faoliyatining ochiqligi toʻgʻrisida”gi qonun ijrosini taʼminlash maqsadida qabul qilingan mazkur qaror bilan mamlakatimizda jazoni ijro etish muassasalari va tergov hibsxonalari soni, ularning yuridik manzillari, saqlanayotgan shaxslar soni toʻgʻrisidagi maʼlumotlar endi maxfiy hisoblanmaydi.
Shuni alohida taʼkidlash lozimki, soʻnggi vaqtlarda chet el jazoni ijro etish tizimi tajribasi atroflicha oʻrganilib, tahlil qilib chiqildi. Oʻrganish natijalariga koʻra, bir qator davlatlarda jazoni ijro etish tizimiga oid masalalarga tegishli ayrim maʼlumotlar internet tarmogʻida umumiy foydalanish uchun ochiqligi maʼlum boʻldi. Bu esa xalqaro tashkilotlar, ilmiy-tadqiqot tuzilmalari tomonidan ushbu mamlakatlar penitensiar tizimiga doir aniq maʼlumotlarga asoslangan reytinglar tuzish va unga xolis baho berish imkoniga ega boʻladi.
Londonda joylashgan Qamoqxonalarni tadqiq qilish xalqaro markazi tomonidan 2019-yilda eʼlon qilingan maʼlumotga koʻra, respublikamizda har 100 ming aholiga 150 nafar jazo oʻtayotgan shaxs toʻgʻri kelishi, tizimda 43,9 ming nafar shaxs saqlanayotganligi koʻrsatilib, Oʻzbekiston bu borada 222 davlat ichida 105-oʻrinni egallagan.
Aslida Oʻzbekistonda olib borilayotgan islohotlar, jinoyat va jinoyat-ijroiya qonunchiligining liberallashtirilishi natijasida soʻnggi oʻn yillikda jazo muddatini oʻtayotgan shaxslar soni keskin qisqardi. Real holatga koʻra, bugungi kunda jazoni ijro etish tizimidagi mahkumlar soni 22,9 ming nafarni tashkil etib, har 100 ming aholi soniga nisbatan 67 nafar shaxs toʻgʻri keladi.
Ushbu maʼlumotlarning ochiqlanishi Oʻzbekistonning mazkur roʻyxatdagi koʻrsatkichi 70 pogʻonaga yaxshilanishini koʻrsatadi. Hozirda IIV Jazoni ijro etish bosh boshqarmasi tasarrufida 43 jazoni ijro etish muassasasi va 11 tergov hibsxonasi mavjud. Muassasalarning 18 tasi yopiq turdagi koloniya va 25 tasi manzil-koloniya hisoblanadi. Jazoni ijro etish tizimidagi koloniyalarning sigʻimiga nisbatan saqlanayotganlar koʻrsatkichi 56,4 foizni tashkil qilmoqda.
Jazoni ijro etish muassasalarining ishlab chiqarish faoliyati, ishlab chiqarilayotgan tovar mahsulotlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar ham bundan buyon rasmiy saytlarda eʼlon qilib boriladi. Bundan tashqari, jazoni ijro etish muassasalari va tergov hibsxonalarida saqlanayotgan shaxslar orasidagi oʻlim holatlari hamda tibbiy yoʻsindagi majburlov choralari qoʻllaniladigan shaxslar soni toʻgʻrisidagi maʼlumotlar ham endilikda maxfiy sanalmaydi.
Bu esa, oʻz navbatida, mamlakatimizda olib borilayotgan keng koʻlamli demokratik islohotlarni statistik maʼlumotlar bilan izohlash va xalqaro reytinglardagi oʻrnini aniq ifoda etish hamda yurtdoshlarimiz va xorijiy ekspertlarning jazoni ijro etish tizimiga oid aniq maʼlumotlarga ega boʻlish imkonini beradi.
Shu oʻrinda aytib oʻtish kerakki, jazoni ijro etish muassasalariga qarashli korxonalarda 100 dan ortiq turdagi mahsulot ishlab chiqarilmoqda. Mehnatga layoqatli mahkumlarning 80 foizga yaqini foydali mehnatga jalb etilgan. 2019-yil va joriy yilning oʻtgan davri davomida 3 ming 559 yangi ish oʻrni yaratilib, 1ming 352 nafar mahkum mehnat bozorida talab yuqori boʻlgan kasblarga oʻqitildi va ularga tegishli sertifikatlar berildi.
2020-yilning oʻtgan 7 oyi mobaynida shunday korxonalar tomonidan 100,4 milliard soʻmlik mahsulot ishlab chiqarildi. Ishlayotgan har bir mahkumga oʻrtacha 700-800 ming soʻm, ayrim mutaxassisliklar boʻyicha esa, 1,5-2 million soʻmgacha oylik maosh berilmoqda.
– Pandemiya sharoitida ehtiyojmand oilalarni qoʻllab-quvvatlash borasida hududlarda ichki ishlar organlari rahbarlari tomonidan qanday chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda?
– Ichki ishlar boshqarma va boʻlim rahbarlari 3-sektor rahbari sifatida oʻz hududidagi barcha masalalarni puxta bilishi, mavjud loyihalarni amalga oshirish va yuzaga kelgan muammolarni bartaraf etish boʻyicha masʼul hisoblanadi.
3-sektor hududida 8,5 milliondan ziyod aholi yashaydi. Karantin tufayli ehtiyojmand boʻlib qolgan oilalar bilan manzilli ishlar olib borilyapti. Xususan, 3-sektorlarda jami 103 mingdan ziyod ehtiyojmand oilaning roʻyxati shakllantirildi. Ijtimoiy koʻmakka muhtoj oilalarni oʻrganish natijasida 100 ming 469 nafar kishi mehnatga layoqatli ekanligi aniqlanib, bugungi kunda qariyb 90,2 foizining bandligi taʼminlandi.
Bundan tashqari, Davlatimiz rahbarining 2020-yil 30-iyuldagi “Koronavirus pandemiyasi davrida ijtimoiy himoyaga va yordamga muhtoj aholi qatlamlarini moddiy qoʻllab-quvvatlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoni ijrosi yuzasidan bir martalik pul mablagʻi berilishi uchun 284 mingdan ortiq yordamga muhtoj oila va ularning 1 million 189 mingdan ziyod aʼzosining alohida roʻyxati mahalla vakillari bilan hamkorlikda uyma-uy yurib shakllantirildi.
Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan ajratilgan mablagʻlarning oʻz egalariga yetib borishini taʼminlash borasida ichki ishlar organlari xodimlari masʼuliyat bilan faoliyat olib bormoqda.
Karantin eʼlon qilingan birinchi kundan eʼtiboran IIV hamda hududiy ichki ishlar organlarida tezkor shtablar tashkil etildi. Bu boradagi tadbirlarga 24 ming nafarga yaqin xodim jalb etilgan. Ular asosan jamoat tartibini saqlash, harakat xavfsizligini taʼminlash tadbirlari hamda profilaktik-ogohlantiruv va targʻibot ishlarini olib bormoqda.
Suhbatimiz yakunida shuni alohida taʼkidlashni istardimki, ichki ishlar organlari xodimlari shu elu yurtning farzandlari. Ular tizimda ishlashning oson emasligini bilib forma kiygan, qasamyod qabul qilgan. Ichki ishlar organlari xodimlari vaqti kelsa oʻz hayoti va sogʻligʻini xatarga qoʻyib el tinchligini taʼminlash, barqarorlikni saqlash yoʻlida fidoyilik bilan xizmat qiladi. Zero, barchamizning bosh maqsadimiz – xalqimizning, Prezidentimizning ishonchini oqlashdir. Ushbu oliy maqsad yoʻlida, kerak boʻlsa, jonimizni ham ayamaymiz.
Do'stlaringiz bilan baham: |