Buxoro amirligi moliya tizimi negizida arablar istilosi davrida butun musulmon Sharqi o’zlashtirgan soliq - xiroj turgan. Хiroj yerdan olinadigan hosilning beshdan bir yoki uchdan bir qismi sifatida olingan, ushr solig’iesa o’ndan bir qismni tashkil etgan. Hunarmandlar o’z qobiliyati, didiga mos ravishda bayramlarda xonga o’z buyumlarini taqdim etishgan. Favqulodda hollarda ular har bir do’kondan yig’im to’lashgan.
Buxoro amirligida o’lpon yig’ishbilan devonbegi - moliya vaziri shug’ullangan. Ular daftarlar - o’lpon ro’yxatlarini tuzgan. Moliya amaldorlari devonbegi rahbarligida kadastrlar, amir saroyining moliya hisoboti va moddiy qismi bilan shug’ullanganlar. Natura majburiyatlari ustidan nazoratni arbob olib borgan. XIX asrning birinchi yarmida xususiy mulk yer soliqlari Buxoro amiri xazinasiga eng ko’p daromad keltirgan. Ular ichida eng ahamiyatlisi hali ham xiroj edi. Хiroj yerlari (zamini xirojiy) amirlikdagi dehqon aholiga tegishli yerlarning katta qismini tashkil etgan. Хiroj muayyan yerlardan belgilangan summada pul va ma’lum miqdorda don bilan undirilgan (xiroji vazifa) yoki hosilning beshdan, oltidan, sakkizdan bir qismi miqdorida hosilning mutanosib qismini to’lashda (xiroji muqassama) ifodalangan. To’lanadigan soliq hajmi esa sinov tariqasida yanchish yo’li bilan olingan.
Tokzor, yo’ng’ichqazor va mevali daraxtzorlardan tanobona olingan. 1807 yili amir Haydarning bir yorlig’ida har tanob yerdan bir tillodan tanobona olinishi zarurligi ko’rsatilgan. Agar ekinzor egasi tanobona to’lashdan bosh tortsa, hosilning uchdan bir qismi mol (xiroj:) tariqasida olingan. Ba’zida xiroj hosilning yarmini tashkil etgan. Shohmurod zamonida har bir ziroatchidan qo’shpuli olingan.
ХV-ХVII asrlarda zakot beva-bechoralar, musofirlar foydasiga olingan bo’lsa, XVIII asrdan boshlab xazina foydasiga olinadigan bo’ldi. Zakot to’lashdan bosh tortgan qabilalar ustiga omonpuli (moli omoniy) olingan.
Kanallar, inshoot, qal’a, ko’priklar, yo’llar ta’miri xashar yo’li bilan amalga oshirilgan. Boshda hasharchilar oziq-ovqat bilan ta’minlangan. XVIII asrdan boshlab xasharga keluvchilar oziq-ovqati, ish asboblari, ot-aravasi bilan kelishi lozim bo’lgan. Manbalarda qayd etilishicha XVIII asrgacha qadim zamonlardan olimlar, qozilar, sipohiylar va navkarlar xiroj hamda tanobona to’lashdan ozod etilganlar.
XIX asrning 50-yillari oxirida qishloq dehqon aholisining ko’pchiligi qonun bilan belgilangan yer solig’i-xirojdan tashqari, poliz yoki bog’ bilan band bo’lgan har bir tanob yer (tanob puli) va yo’ng’ichqazor uchun (alaf puli) alohida soliqlar to’langan. Bu ikkala soliq ko’pincha tanoba yoki tanob puli deb atalardi. Zarafshon vodiysida yashovchi bir necha dehqon jamoasi amir Nasrulloga murojaat etib, ularning uyidan olisda joylashgan polizlarga solinadigan tanobani kamaytirishni iltimos qiladi. Amir iltimosni qondirgach, polizlardan alohida soliq - -qo’shpuli olina boshlandi. Zakot eng muhim soliq bo’lib, uni to’lash har bir musulmon uchun besh farzning biri hisoblanib kelingan. Bu mol-mulk solig’ini undirish uchun amaldorlar tayyorlangan va zakot olish ob’ektlari aniqlangan. Ko’chmanchi va chorvadorlardan zakot chorvadan pul yoki natura shaklida (besh tuyadan bitta, qirq qo’ydan bitta) undirilgan. Ishchi mollardan olinadigan alohida yig’im ham mavjud bo’lib, uni yaksara deb atashgan. U bir juft ot yoki ho’kizdan bir botmon bug’doy hajmida olingan. Bitta ishchi moliga ega bo’lganlar bu miqdorning yarmini to’lashgan, u nimsara deb atalgan. Suv tegirmonlari va juvozlardan pul yoki naturada yig’im undirilgan, uning hajmi korxonaning qanday tuzilgani va daromad keltirishiga hamda qishloq xo’jalik jihatidan qanday ahamiyatga egaligiga qarab o’zgarib turgan.
Tarixdan ma’lumki, XIX asrning 50-yillaridan boshlab, Rossiya O’rta Osiyoni bosib ola boshladi. Buxoroning ma’lum qismini bosib olgach, Amir juda og’ir shartnomani qabul kiladi. Rossiya bilan urush paytida amir Muzaffar aminona (sodiq fuqarolik) deb nomlangan maxsus soliqni joriy etdi va u doimiy soliqqa aylanib, amirlik tugatilguncha (1920) amal qildi. Zakot va aminonadan tashqari savdo yig’imlariga (dalloli), bir viloyatdan boshqasiga olib o’tilayotgan tovarlar va umuman yuklardan olinadigan maxsus bojlar ham kirgan. Zakot bilan birga tovar dastlab olib chiqilgan joydan uzoqlashuviga qarab uning narxi ancha ko’paygan. Tovarlarni daryodan olib o’tganlik uchun suv puli, bozordagi joy uchun puli taxtajoy kabi soliqlar ham mavjud bo’lgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |