1) aksiz to’lanadigan tovarlarni realizatsiya qilish, shu jumladan:
- tovar savdo-sotig’i (yuklab jo’natilishi);
- garov bilan ta’minlangan (kafolatlangan) majburiyat ijro etilmagan taqdirda, garovga qo’yuvchi tomonidan garovga qo’yilgan aksiz to’lanadigan tovarlarning berilishi;
- aksiz to’lanadigan tovarlarning tekinga berilishi;
- aksiz to’lanadigan tovarlarning ish beruvchi tomonidan, qonun bilan ko’zda tutilgan hollarda, yollanma xodimga ish haqi hisobiga yoxud yuridik shaxs muassisi (ishtirokchisi)ga hisoblab yozilgan dividendlar hisobiga berilishi;
- aksiz to’lanadigan tovarlarning boshqa tovarlar (ishlar, xizmatlar)ga ayirboshlash orqali berilishi.
Aksiz to’lanadigan tovarlarning bir shaxs tomonidan ikkinchi shaxsga tekinga va/yoki pullik asosda egalik huquqiga o’tkazilishi, shuningdek ulardan mahsulot bilan to’lovda foydalanish aksiz to’lanadigan tovarlarni realizatsiya qilish, deb e’tirof etiladi. Garov bo’yicha majburiyatlar bajarilmaganda aksiz to’lanadigan tovarlar - garov predmetlarining berilishi, shuningdek aksiz to’lanadigan tovarlarning boshqa tovarlar (ishlar, xizmatlar)ga ayirboshlash orqali berilishi ham realizatsiya qilish hisoblanadi.
Aksiz solig’i stavkalari mutlaq summada (qat’iy) belgilangan aksiz to’lanadigan tovarlar bo’yicha soliq solinadigan baza aksiz to’lanadigan tovarlarning mahsulot bilan ifodalangan hajmidan kelib chiqqan holda belgilanadi. Masalan, tamaki mahsulotlari bo’yicha aksiz solig’i stavkasi 1 000 donaga, o’simlik (paxta) yog’i bo’yicha - 1 tonnaga belgilangan, ya’ni
aksiz solig’i summasi = soliq miqdori + soliq stavkasi.
MISOL. Zargarlik zavodi aksiz solig’i va QQS hisobga qabul qilinmagan holdagi qiymat bo’yicha, umumiy summasi 120 000 ming so’mga teng oltin buyumlar turkumini realizatsiya qildi. Aksiz solig’i stavkasi 25%ni tashkil qiladi.
Aksiz solig’i summasi 30 000 ming so’mga (120 000 x 25%), QQS summasi - 30 000 ming so’mga [(120 000 + 30 000) x 20%] teng bo’ladi;
2) aksiz to’lanadigan tovarlarni yuridik shaxsning ustav jamg’armasi (ustav kapitali)ga hissa yoki pay badali sifatida yoxud oddiy shirkat shartnomasi bo’yicha sherik (ishtirokchi) hissasi sifatida berish.
Aksiz to’lanadigan tovarlarni boshqa tashkilotning ustav kapitaliga hissa sifatida berishda soliq solinadigan baza tegishli tashkilot muassislari (ishtirokchilari) o’rtasida muvofiqlashtirilgan hissa qiymati bo’yicha belgilanadi.
MISOL. Korxona - aksiz to’lanadigan mahsulotlarni ishlab chiqaruvchi boshqa tashkilotga ustav kapitaliga hissa sifatida o’zi ishlab chiqargan mahsulotni bermoqda. Mazkur hissaning tannarxi 5 000 ming so’mni tashkil qiladi. Ushbu mahsulot turiga aksiz solig’i stavkasi 29% miqdorda belgilangan.
Aksiz solig’i summasi 1 450 ming so’mni (5 000 x 29%) tashkil qiladi. Mahsulotni ustav kapitaliga hissa sifatida berishda korxona aksiz solig’ini hisobga olgan holda hissa qiymatidan, ya’ni 6 450 ming so’mdan QQS hisoblab yozishi lozim. QQS summasi 1 290 ming so’mni (6 450 x 20%), hissa qiymati - 7 740 ming so’mni tashkil qiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |