Soliq solish ob’ekti - Yer usti va yer osti manbalaridan olib foydalaniladigan suv resurslari soliq solish ob’ektidir. Suv resurslarining yer usti manbalariga daryolar, ko’llar, suv omborlari, turli xil kanallar va hovuzlar, yer ustidagi boshqa suv havzalari hamda suv manbalari kiradi.
Artezian quduqlari va skvajinalar, vertikal va gorizontal drenaj tarmoqlari hamda boshqa inshootlar yordamida chiqazib olinadigan suvlar esa suv resurslarining yer osti manbalariga kiradi.
Soliq solinadigan baza -Foydalanilgan suvning hajmi soliq solinadigan bazadir.
Soliq solinadigan bazani belgilash tartibi. Suv resurslarining yer usti va yer osti manbalaridan olingan suv hajmi suvdan foydalanishning buxgalteriya (birlamchi) hisobga olish hujjatlarida aks ettirilgan suv o’lchagich asboblarining ko’rsatkichlari asosida aniqlanadi.
Suvdan o’lchagich asboblarsiz foydalanilgan taqdirda, uning hajmi suv ob’ektlaridan, suv olish limitlaridan, suv iste’molining texnologik va sanitariya normalaridan, ekinlar hamda dov-daraxtlarni sug’orish normalaridan yoki ma’lumotlarning to’g’riligini ta’minlovchi boshqa usullardan kelib chiqqan holda aniqlanadi.
Soliq to’lovchilar yer usti va yer osti manbalaridan olib foydalanilgan suv resurslari hajmlarining alohida-alohida hisobini yuritadilar. Suv resurslarining yer usti va yer osti manbalaridan suv keladigan vodoprovod tarmoqlaridagi suvdan foydalanilgan taqdirda, soliq solinadigan baza manbaning har bir turi bo’yicha alohida-alohida aniqlanadi. Suv yetkazib beruvchi yuridik shaxslar vodoprovod tarmog’iga suv resurslarining yer usti va yer osti manbalaridan keladigan suv hajmlarining nisbati to’g’risidagi ma’lumotlarni davlat soliq xizmati organlariga hisobot yilining 1 fevraliga qadar taqdim etishlari kerak. Davlat soliq xizmati organlari bu ma’lumotlarni soliq to’lovchilar e’tiboriga yetkazishi lozim.
Soliq to’lovchi issiq suv hamda bug’ hosil qilinishi bo’yicha soliq solinadigan bazani ishlab chiqarish va texnik ehtiyojlar uchun o’zi foydalangan suv resurslari hajmidan kelib chiqqan holda aniqlaydi.
Binolarning bir qismi, alohida joylar ijaraga topshirilganda soliq solinadigan baza suv yetkazib beruvchi bilan shartnoma tuzgan ijaraga beruvchi tomonidan aniqlanadi.
Binolarning bir qismini, alohida joylarni ijaraga olgan va suv yetkazib beruvchi bilan shartnoma tuzgan soliq solinadigan bazani mustaqil ravishda aniqlaydi.
Soliq to’lovchilar yuridik shaxslar bilan suv yetkazib berilishi yuzasidan solishtirib ko’rish jarayonida olingan suvning hajmini aniqlashtirishda suv hajmi farqini solishtiruv amalga oshirilgan davrdagi hisob-kitoblarda aks ettiradi.
Yuridik shaxslarning hududida ta’mirlash-qurilish va boshqa ishlarni bajaruvchi soliq to’lovchilar bu ishlarni bajarish jarayonida foydalaniladigan suv uchun suv solig’ini to’lamaydi. Тa’mirlash-qurilish va boshqa ishlarni bajarayotganda foydalaniladigan suv hajmi uchun bu ishlar qaysi yuridik shaxslar uchun bajarilayotgan bo’lsa, aynan ular suv solig’ini to’lashadi. Qurilish ishlari yangi qurilish maydonida bajarilgan taqdirda, foydalaniladigan suv hajmi uchun qurilish tashkiloti suv solig’ini to’laydi.
Yagona yer solig’i to’lovchilari bo’lmagan qishloq xo’jaligi korxonalari soliq solinadigan bazani soliq davrida bir gektar sug’oriladigan yerlarni sug’orish uchun sarflanadigan suvning butun xo’jalik bo’yicha o’rtacha hajmidan kelib chiqqan holda aniqlaydi.
Yuridik shaxs tashkil etgan va tashkil etmagan holda tuzilgan dehqon xo’jaliklari uchun soliq solinadigan baza soliq organlari tomonidan aniqlanadi.
Kalendar yil soliq davri bo’lib, hisobot davri quyidagilardir:
suv solig’ining umumiy summasi yilning bir choragida eng kam ish haqining ellik baravaridan ko’pni tashkil etadigan yuridik shaxslar (mikrofirmalar va kichik korxonalardan tashqari) uchun - bir oy;
suv solig’ining umumiy summasi yilning bir choragida eng kam ish haqining ellik baravaridan kamni tashkil etadigan yuridik shaxslar, shuningdek mikrofirmalar va kichik korxonalar hamda yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun - yil choragi;
qishloq xo’jaligi korxonalari va yuridik shaxs tashkil etgan va tashkil etmagan holda tuzilgan dehqon xo’jaliklari uchun - kalendar yil.