A.A.Uxtomskiy tomonidan ilgari surilgan dominantlik tamoyili ham diqqatning fiziologik asoslarini aniqlash uchun katta ahamiyatga ega. Dominantlik tamoyiliga muvofiq miyada qo‘zg’alishning har doim ustun turadigan hukmron o’chog’i mavjud bo’ladi, bu hukmron qo‘zg’alish o’chog’i aynan shu damda miyaga ta'sir qilib, unda yuzaga kelayotgan hamma qo‘zg’alishlarni qandaydir ravishda o‘ziga tortib oladi va buning natijasida boshqa qo‘zg’alishlarga nisbatan uning hukmronligi yanada oshib boradi. Nerv tizimi faoliyatining tabiati qo‘zg’alishning hukmron bo’lishi yoki dominantning mavjudligi bilan asoslanadi.
Bu hol psixologik jihatdan biror qo‘zg’atuvchilarga diqqatning qaratilishi va ayni chog’da ta'sir qilib turgan boshqa qo‘zg’atuvchilardan diqqatning chalqishida ifodalanadi. Jiddiy diqqat, odatda o‘ziga xarakterli bo’lgan tashqi ifodalari bilan bog’liq bo’ladi. Narsani yaxshilab idrok qilishga qaratilgan harakatlar bilan (tikilib qarash bilan eshitish) ortiqcha harakatlarni to’xtatish, nafas olishni sekinlashtirish, diqqat uchun xos bo’lgan yuz harakatlari bilan bog’liq bo’ladi. Diqqatning fiziologik asosini faqatgina orientirovka refleksi bilangina tushuntirib bo‘lmaydi. Diqqatning fiziologik mexanizmi biroz murakkabroq jarayondir. Masalan, ayni damda qandaydir yangi qo‘zg‘atuvchini doimiy ta’sir etib turadigan qo‘zg‘atuvchlardan ajratib olish uchun muayyan bir mexanizm kerak. Psixologik manbalarda diqqatning fiziologik mexanizlarini tushuntirish uchun ikki guruhi ajratilgan: periferik va markaziy. Periferik mexanizmga sezgi organlarining tuzilishi kirishi mumkin. Past tovushni eshitganda inson boshini tovush kelayotgan tomonga buradi va shu bilan bir vaqtda quloq pardasida ham tebranishlar sodir bo‘ladi hamda sezgirlik oshadi. Kuchli tovushda ichki quloq suprasida tebranishlar sodir bo‘ladi. D.E.Brodbentning fikricha, diqqat — bu ma’lumotlarni saralab olish uchun filtr vazifasini bajaradi. Agar insonning ikki qulog‘iga bir vaqtning o‘zida ikki xil ma’lumot eshittirilsa, chap quloq tomonidangina ma’lumotlar idrok qilinib, o‘ng quloq ma’lumotlarni to‘liq inkor etadi degan fikrni D.E.Brodbent ilgari suradi. Keyinchalik periferik mexaizmlar jismoniy xarakteristika blan belgilanishini ifodalaydi. U.Neyser bu mexanizmni diqqat oldi jarayon deb atagan. Diqqatning markaziy mexanizmi bitta nerv markazlarining qo‘zg‘alishi va boshqasini tormozlanishi bilan bog‘liq. Aynan mana shu darajada kuchli nerv qo‘zg‘atuvchilari tashqi ta’sir natijasida yuzaga keladi.3 Odam ayrim narsalarga o‘z diqqatini ongli ravishda o‘zi hohlab qaratsa, boshqa bir narsalar diqqatni beixtiyor ya'ni bizning hohishimizdan tashqari jalb qiladi. Odam psixik faoliyatining muayyan ob'ektga yo’naltirilishi va to’planishida ifodalanadigan diqqat quyidagi turlarga bo’linadi.