Sistematikasi. Zoologlar suyakli baliqlar sinfini 4 ta kenja sinfga bo`lishadi: 1.Tog’ay – suyakli baliqlar (Chondrostei) kenja sinfi. 2. Shu`laqanotlilar (Actinopterygii) kenja sinfi. 3. Ikki xil nafas oluvchilar (Dipnoi) kenja sinfi. 4. Panja qanotlilar (Crossopterygii) kenja sinfi.
Tog’ay – suyakli baliqlar kenja sinfiga osyotrsimonlar, ya`ni baqrasimonlar (Acipenseriformes) turkumi va osyotrlar, ya`ni baqralar (Acipenseridae) hamda kurakburunlar (Polyodontidae) oilalari kiradi. Osyotrlar oilasining 3 ta avlodi va 25 ta turi bor. Shulardan 13 ta turi MDHda uchraydi .
Tashqi ko`rinishiga ko`ra osyotlar akulalarga ancha o`xshab ketadi. Ularning rostrumi uchli o`tkir, og’zi kichkina, voyaga yetgan turlarida tishlari yo`q. Bu oilaga uzunligi 9 m va og’irligi 1400 kg gacha keladi. Bunday bahaybat beluganing har biridan 350 kg gacha qora ikra olinadi.
O`rta Osiyo, O`zbekiston suv havzalarida osyotrlardan Orol baqrasi Orol dengizi hamda Amudaryo va Sirdaryoning quyi va o`rta oqimida yashagan. Uning uzunligi 2 m gacha va og’irligi 30 kg gacha borgan. O`zbekistonda soxta kurakburunlarning uchta turi uchraydi. Bu baliqlarning tumshug’i keng bo`lib, kuraksimon shaklda. Boshining pastki tomonida katta og’zi joylashgan. Tanasining qavariq suyak plastinkalari oralig’ida terisi mayda suyak donachalar bilan qoplangan bo`lib, yassi plastinkalari yo`q. Ko`zlari juda kichik, skeleti tog’aydan iborat. Tumshug’ini uchida 5 ta o`tkir va qattiq tikanlari bor.
Karpsimonlar turkumiga 2 ta oila kiradi: Karplar, ya`ni
zog’ora baliqlar (Cyprinidae) oilasi va Laqqa baliqlar (Siluridae) oilasi.
Karpsimonlar (Cypriniformes) turkumi. Karpsimonlar turkumining vakillari ham xuddi seldsimonlarga o`xshab, primitiv suyakli baliqlarga kiradi.
Karpsimonlarning ham suzgich pufagi ichak bilan qo`shilgan, suzgich pufagi ikki qismga bo`linadi, suzgich qanot shu`lalari yumshoq bo`ladi.
Bu baliqlarning havo pufagi bir-biriga harakatchan tarzda birikkan 3 ta suyak zanjir – Veber apparati bilan ichki quloqqa qo`shilgan. Uning vazifasi havo pufakchasi sezgan suv bosimini muvozanat organga o`tkazishdan iborat. Ba`zi turlarida (laqqa baliqlarda) tangachalari bo`lmaydi. Bu turkumning 3000 dan ortiq turi bor. MDHda 120 ga yaqin va O`zbekistonda 19 ta turi uchraydi. Aksariyat turlari chuchuk suvlarda yashaydi. Baliqlar turlarining 15% dan ortig’i karpsimonlar turkumiga to`g’ri keladi.
O`zbekistonda tutiladigan baliqlarning 80% ni karplar oilasi vakillari tashkil etadi. Ularning jag’larida tishlari bo`lmaydi, lekin orqa jabra yoylarida yaxshi taraqqiy etgan halqum tishlari bor. Karplar oilasi vakillari tanasining uzunligi 2 sm dan 1,5 m gacha boradi. Karplar oilasiga ko`l va daryolarda yashaydigan qizilko`z (Rutilus rutilus), Kaspiy – Volga havzasida yashaydigan vobla (Rutilus rutilus caspius), oqcha baliq (Abramis brama), zog’ora baliq(Cyprinus carpio)lar kiradi. Bu oilaga yana Orol dengizi, Zarafshon, Amudaryo va Sirdaryo hamda ularning irmoqlarida uchraydigan mo`ylovli baliq, oddiy qorabaliq, moy baliq, oqcha baliq, oqqayroq qizilko`z (jerex), tovonbaliq (karas), Samarqand xramulyasi, parrak baliq, oq chebak, turkiston qumbalig’i, oq amur va xumbosh ham kiradi. Karplar ham ov ahamiyatiga ega bo`lgan baliqlar qatoriga kiradi. O`zbekiston suv havzalaridan zog’ora baliq, moybaliq, tovonbaliq, qorabaliq, oqcha, oq amur, amur xumboshi va boshqa baliq turlari ovlanadi. Birqancha turlari (karp, tovonbaliq, oq amur, amur xumboshi) suv havzalarida boqiladi.
Laqqa baliqlar (Siluridae) oilasiga kiruvchi baliqlarning terisi ustida haqiqiy tangachalari bo`lmaydi, ayrim turlarida suyak tikan bo`lishi mumkin. Jag’larida o`tkir tishlari bor. Ular, asosan yirtqich baliqlar hisoblanadi.
Laqqalarning uzunligi 5 m gacha va og’irligi 300 kg gacha boradi. Laqqalar oilasiga 1200 taga yaqin tur kiradi. Ko`pchiligi Amerika, Osiyo, Afrikaning tropik va subtropik qismida tarqalgan, deyarli barcha turlari chuchuk suvlarda yashaydi.
Laqqa baliqlarning pastki jag’ida ikki juft va yuqorigi jag’ida bir juft mo`ylovlari bo`ladi. Bu mo`ylovlari tuyg’u vazifasini bajaradi. Laqqa baliqlar yaxshi suza olmaydi, ular 3 yoshida jinsiy voyaga yetadi. May oyida urchib 500 mingtagacha uvildiriq tashlaydi. Erkagi tuxumlarini qo`riqlaydi.
Laqqa baliqlar ko`pincha mayda baliqlar bilan oziqlanadi. Ba`zan suvilonlar, kemiruvchilar va parrandalar (o`rdak)ni yutib yuboradi. Yosh laqqa baliqlar hasharotlar va baliq chavoqlari bilan ham oziqlanadi.
Laqqa baliqlar MDHda Kaspiy dengizi havzalarida va O`rta Osiyoda uchraydi. O`zbekistonda Orol dengizi sohillarida, ko`llarda va daryolarning o`zanlarida oddiy laqqa baliq yashaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |