2.1. Beruniyning tabiiy ilmiy merosi.
“Osor al-boqiya” Beruniyning boshqa asarlari kabi arab tilida yozilgan. Bu kitobni birinchi marta Evropa olimlariga tanishtirgan kishi mashhur nemis sharqshunos va beruniyshunos olimi Eduard Zaxau (1845-1930) bo’ldi. U 1876-1878 yillarda Leyptsigda “Osor al-boqiya”ning arabcha nusxasini birinchi marta nashr etdi1. Zaxau arabcha nusxani nashrga tayyorlashda o’sha vaqtda mavjud bo’lgan to’rtta ko’lyozmadan foydalangan. 1879 yili Zaxau “Osor al-boqiya”ning ingliz tilidagi tarjimasini nashrdan chiqardi2. Tarjimaga Beruniyning mufassal tarjimai holi va izohlar ham ilova qilingan.
Zaxauning arabcha nusxasi asosida 1321 quyosh yili (1943 yil) Tehronda “Osor al-boqiya”ning fors tilidagi tarjimasi Akbar Dono Sirisht Sayrafiy tomonidan nashr etildi.
“Osor al-boqiya”ni 1957 yilda marhum arabshunos olim M.A.Sale birinchi marta rus tiliga tarjima qildi1. Tarjima jarayonida u Zaxau nashr etgan arabcha va inglizcha nusxadan, Leningrad qo’lyozmasi va qisman Istambul ko’lyozmasidan foydalangan. Shuni ham aytib o’tish kerakki, rus tiliga qilingan tarjima ayrim nuqson va kamchiliklardan xoli emas edi. Ba’zi o’rinlarda jumlalar tushib qolgan, ba’zan esa chalkashtirib yuborilgan. Tarjimon qo’lida Istambul ko’lyozmasining fotonusxasi mavjud bo’lishiga qaramay undan to’la foydalanmagan edi.
Ruscha tarjimasi S.P.Tolstov va V.P.Sheglovlarning so’z boshisi bilan boshlanadi. Tarjimaga M.A.Sale tuzgan ilmiy izohlar ham ilova qilingan.
Rossiyada bu qimmatbaho asar bilan mashhur sharqshunos akademik I.Yu.Krachkovskiy qiziqqan edi. U o’zining “Arab qo’lyozmalari ustida” nomli mashhur asarida 1910 yillarda Petrograd Osiyo muzeyida (hozirgi Osiyo xalqlari institutining Leningrad filiali) sotib olingan XIII asrga oid qo’lyozma bilan qiziqqan, bundan Zaxau nusxasini to’ldiradigan o’rinlarini ko’chirib olgani va bularni nashrga tayyorlashni mo’ljal qilib qo’yganini eslatib o’tadi2. Lekin, buni amalga oshirish I.Yu.Krachkovskiyga muyassar bo’lmadi. U o’zining “al-Beruniy va Sharqning XI asrdagi geograflari” nomli asarida “Yodgorliklarga” juda yuksak baho beradi va bu kitob haqida qimmatli fikrlarni aytib o’tadi3.
S.P.Tolstov “Osor al-boqiya”ning ruscha tarjimasiga yozgan so’z boshisida bu asarning qadimgi Xorazm tarixini o’rganish va umuman sotsial tarix va tabiiyot fani tarixidagi ahamiyati haqida to’xtab, unga yuksak baho beradi va Beruniy “Yodgorliklar”da keltirgan Xorazm haqidagi ma’lumotlarning ko’pchiligi arxeologik qazishlar natijasida isbot etilganini aytib o’tadi4. Asarning astronomiya fani uchun ahamiyatga ega ekani haqida V.P.Sheglov “Osor al-boqiya”ning ruscha tarjimasiga yozgan “Beruniyning astronomik nazariyasi” nomli so’z boshisida muhim fikrlar aytadi5. “Yodgorliklar”ning hozirgi zamon fani uchun ahamiyati haqida sovet olimlari tomonidan Beruniyga bag’ishlab yozilgan ilmiy asarlarida to’xtab o’tilgan va bu asarga yuksak baho berilgan.
Buyuk mutafakkir Abu Ali ibn Sino asarlarini tarjima kilishda juda katta tajriba orttirgan va klassik arab tilini har tomonlama puhta egallagan olim filologiya fanlari nomzodi Abdufattoh Rasulov bunday murakkab va mas’uliyatli ishni muvaffaqiyatli bajardi. “Osor al-boqiya” ning 1878 yilda Leyptsigda Zaxau tomonidap nashr etilgan nusxasi tarjimaga asos kilib olindi (Sigl 3). Lekin, Zaxau nashri XVII va XVIII asrlardagi to’rta qo’lyozma asosida amalga oshirilgan. Bu qo’lyozmalar deyarli bir xil nusxadan ko’chirilganligi uchun juda ko’p joylari tushib qolgan edi. Shuning uchun Zaxau nashrida ham tushib qolgan o’rinlar va bir qancha noaniq iboralar mavjud bo’lgan. Bularni to’ldirish uchun boshqa bir yangi qo’lyozma nusxa zarur edi. 1912 yilda anchagina eski davrga oid ikkita qo’lyozma topildi. Bittasi Tehrondan rus diplomatik vakili L.Bogdanov tomonidan Peterburgga - Osiyo muzeyiga (hozirgi Osiyo xalklari institutining Leningrad bo’limi) yuboriladi. Bu qo’lyozma shu institutda D-58 shifri bilan saqlanmoqda1. Leningrad qo’lyozmasi mavjud nusxalarning eng qadimgisi bo’lib, 616G’1219-1220 yillarda ko’chirtirgan. Bu qo’lyozma haqida 1912 yilning yozidayoq Osiyo muzeyining direktori akademik K.G.Zaleman (1849 - 1916) tomonidan maxsus tiklana boshladi va unda qo’lyozmaning to’la ilmiy tavsifi beriladi. Ikkinchi qulyozma esa Istambuldan topiladi. Bu ham hijriy VI -VII asrlarga oid bo’lib, hozir Istambul xalq kutubxonasida saqlashmoqda (4667-sonli)2.
Nemis arabshunos olimlari Karl Garbers va Iogann Fyukklar “Osor al-boqiya”ning Zaxau nashrida tushib qolgan o’rinlarini Istambul qo’lyozmasi asosida to’ldirib, 1952 yili nashr etdilar. Zaxau nusxasida va Q.Garbers hamda I.Fyukklarning qo’shimcha nusxasida tushib qolgan to’rtta parcha A.B.Xolidov tomonidan Leningrad hamda Istambul qo’lyozmalari asosida 1959 yili rus tilida tarjimasi bilan birga qo’shib nashr etilgan. Bunga qisqa so’z boshi ham kiritilgan. A.B.Xolidov bu to’rtta parchaning uchtasi faqat Leningrad qo’lyozmasida emas, balki Istambul qo’lyozmasida ham mavjudligini va buni K.Garbers va I.Fyukklar tushirib qoldirganliklarini ta’kidlab o’tadi. A.B.Xolidov mazkur maqolasida Istambul va Leningrad qo’lyozmalarining qisqa tavsifini ham bergan va tekstni har ikki qo’lyozma bo’yicha solishtirib chiqqan.
Keyingi vaqtda «Osor al-boqiya»ning Texron nusxasi ham borligi ma’lum bo’ldi. Bu nusxa mikrofilmini Sharqshunoslik institutining katta ilmiy xodimi P.G.Bulgakov tayyorlatib olib kelgan.
Tarjimon A.Rasulov “Osor al-boqiya”ning yuqorida ko’rsatilgan hamma bosma va qo’lyozma nusxalaridan to’la foydalangan. Bulardan tashqari, tarjimon Akbar Dona Sirisht Sayrafiyning forscha tarjimasidan ham keng foydalangan1. Bu nusxalardagi farqlar izohlarda batafsil ko’rsatib o’tildi. Tehron nusxasining mikrofilmini tarjima tugatilgandan keyin qo’lga oldik. Shuning uchun undan to’la foydalanilmadi, lekin, ba’zi shubhali o’rinlar solishtirib ko’rildi. Tarjimon bulardan tashqari yana juda ko’p qomus va lug’atlardan foydalangan.
Tarjima va tahrir davomida “Osor al-boqiya” ruscha nusxasi bilan mukammal solishtirib chiqildi va ruscha tarjimada tushib qolgan o’rinlar hamda ba’zi noto’g’ri talqin qilingan iboralar, so’zlar izohlarda ko’rsatildi. Asarda har xil tillardan olingan juda ko’p atoqli otlar keltirilgan. Nusxalarning hech birida unli harflar belgilari qo’yilmagan. Hatto ba’zi o’rinlarda Beruniy o’zi ham u yoki bu otning talaffuz etilishini ajrata olmagan va faqat undosh harflar transkriptsiyasini berish bilan kifoyalanib qolgan. Shuning uchun ana shunday otlar ba’zan rus tilidagi talaffuziga binoan to’g’rilab yozildi, lekin odatda Sharqda ma’lum usulda talaffuz etib kelinayotgan ba’zi otlar shu talaffuzga asosan olindi (Batlimus - Ptolemey o’rniga, Daqlityonus-Diokletian o’rniga, Ibbarx - Gipparx o’rniga, Jolin-Galen o’rniga kabi). Yulduz va yoritqichlar nomlari ham deyarli o’z holicha qoldirildi. Butunlay talaffuz etish mumkin bo’lmagan otlarni faqat undosh harflar bilan ifoda etib, unlilar o’rniga defis qo’yib ketildi. Ko’rsatkichlarni institutning kichik ilmiy xodimi A.L.Kaziberdov tuzgan.
“Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar” ning o’zbek tiliga birinchi marta tarjima qilinishi ulug’ entsiklopedist olim Abu Rayhon al-Beruniy ilmiy merosini o’rganishdagi eng katta yutuqlardan biridir.
Beruniy rostgo’yligi tufayli ko’pincha xokim va amaldorlarning g’azabiga uchrab noxaq jazolangan. Mahmud G’aznaviy bir necha marta Beruniyni o’limga xukm qilgan. Shunga oid bir ibratli hodisani beruniyshunos olimlar yozib qoldirishgan:
Kunlardan birida Mahmud G’aznaviy Beruniyni sinamoqchi bo’lib, unga savol beribdi:
-Ey, munajjim! Aytginchi, Qur’oni karimda bashoratchilik qoralangan, lekin, ayrim munajjimlar Quyosh va Oy tutilishini oldindan bashorat qilaman, deb da’vo qilishadi, sen ham shu fikrdamisan?
-Men masalaga mantiqan yondashish tarafdoriman. Shunday hodisalar borki, ularning harakatlanishini o’lchab, agar unga tashqi kuch xalaqit bermasa, falon narsa, falon vaqtda, falon joyda bo’ladi, deb bashorat qilish mumkin. Shunday hodisalar borki, ularning xolati biz biladigan ta’sirlardan yashiringan bo’ladi, ularning sababini bilmaganimiz uchun bashorat qilib bo’lmaydi. Qur’oni-karimda ana shunday hodisalarni nazarda tutib soxta bashoratchilik, folbinlik qoralangan. Yolg’onchilardan bizni xudoning o’zi asrasin. Osmon yoritgichlarining harakatlanishi bir tekisda o’zgarishsiz boradi va muayyan qonuniyatlarga bo’ysunadi. Shu sababli ularni oldindan aytib berish mumkin. Falakiyot ilmiga tayanib, quyosh va oy tutilishini oldindan bashorat qilish mumkin.
Mahmud G’aznaviy bu fikrni eshitgach, g’azabi qaynaydi va ataylab Beruniyni mulzam qilish niyatida yana savol beradi:
-Ey “bashoratchi”, sen hozir men shu binoning qaysi eshigidan chiqishimni o’z ilmingga tayanib topgin-chi?
Mahmud G’aznaviy shu payt 12 ta eshigi bor aylana shaklidagi binoda majlis qurayotgan edi. Beruniy Mahmud G’aznaviyning vajohatini yaxshi anglab etdi va bir qog’ozga bir qancha so’zni yozib, uni Mahmud G’aznaviyga uzatdi. Mahmud G’aznaviy qog’ozni o’zi o’tirgan o’rindiq tagiga bekitib qo’ydi. Mahmud shunda Beruniyga istehzoli qarab, xizmatkoriga buyurdi:
-Zudlik bilan bu erga duradgorni chaqirib kel, mening ro’paramdagi devordan 13-eshikni ochsin!
Duradgor kelib 13-eshikni o’rnatdi. Mahmud G’aznaviy shu eshikdan chiqib ketdi. Bir oz vaqtdan so’ng, hammalari shu joyga yana to’plangach, Mahmud G’aznaviy Beruniy yozgan qog’ozni bekitilgan joydan oldi. Majlisda guvoh bo’lganlardan biri qog’ozni o’qidi. Qog’ozga shunday so’zlar bitilgan edi: “Hukmdor! Siz bu binodagi 12 ta eshikning birortasidan chiqmaysiz. Ro’parangizdan 13-eshikni ochtirib, o’sha eshikdan tashqariga chiqasiz”. Majlis ahli bu xolatdan nihoyatda hayratga tushishdi. Mahmud G’aznaviyning esa g’azabdan yuzlari qizarib ketdi va amr qildi.
- Bu shakkok olimni zindonga tashlanglar!
Hukm ijro etildi.
Beruniy umr bo’yi ilm-ma’rifat egallash yo’lida tinimsiz mehnat qilgan. Xatto umrining so’nggi daqiqalarida ham unda ilmga intilish tuyg’usi so’nmagan.
Beruniy adolatli va muruvvatli bo’lishni yoqlagan. Bu borada olimning o’zi shunday hikoyani keltiradi: Xalifa Umar ibn Abdulazizning o’g’li Abdulloh ming dirhamga bir qimmatbaho toshni sotib olganini eshitib qolib, o’g’liga xat yozibdi: “Menga etib kelgan xabarlarga qaraganda, bir uzuk olibsan. Senga nasihatim shu, darxol o’shani sotib, uning qiymatiga mingta ochning qornini to’yg’az. O’zingga bo’lsa, kumushdan uzuk qildir, uning ko’zi ham o’zidan bo’lsin”1.
Do'stlaringiz bilan baham: |