Fizik- kimyoviy analiz usullari. Fizik-kimyoviy usullarni asosan uch gruppaga ajratish mumkin. Ular optik, elektrokimyoviy va xromotografik analiz usullaridir. Qishloq xo’jaligiga taaluqli izlanishlarda optik analizlardan biri kalorimetrik analiz keng qo’llaniladi. Turli ob‘ektlar tarkibidagi mikroelementlar miqdori ana shu usul yordamida aniqlanadi. Kalorimetrik analiz usulida aniqlanishi zarur bo’lgan komponent rangli birikmaga o’tkaziladi. Hosil bo’lgan rangning intensivligidan foydalanib aniqlanayotgan komponentning miqdori to’g’risida xulosa qilinadi. Masalan, biologik ob‘ekt tarkibidagi Fe3+ kationi miqdorini aniqlash uchun temir (III) ioni eritmaga o’tkaziladi va unga NH4CNS eritmasidan qo’shiladi.
Fe3+ + CNS- = [Fe (CNS)]2+ Hosil bo’lgan kompleks ionlar eritmani qizil –qon ranga boyaydi. (Bu reaktsiyaga temir (II) ionlari xalal bermaydi). Kalorimetrik analizda tekshirilayotgan va standart eritmalarga reaktivlar bir xil miqdorda, birin ketin solinadi. Eritmalar rangini solishtirishda bir xil tipdagi idishlardan va bir xil tabiatli nurdan foydalaniladi. Standart eritma bilan tekshirilayotgan eritma ranglarini solishtirishni bir qancha usullari mavjud. Vizual usulda eritmalar rangi solishtiriladi. Eitmalarning rangini solishtirishda fotoelementdan ham foydalanish mumkin., bu usul fotokolorimetrik usul deb ataladi.
Spektrofotometriya, fotometriya, alanga fotometriyasi, atom absorbtsion analiz va lyuminestsent analiz kabi usullar ham kiradi.
Elektro kimyoviy analiz usuli.
Tekshirilayotgan modda tarkibidagi aniqlanayotgan moddaning elektrokimyoviy xususiyatlardan foydalaniladi-gan bir qancha analiz usullari mavjud. Potentsiometrik, konduktometrik, polyarografik va elektrogravimetrik usullar xalq xo’jaligining turli tarmoqlariga oid laboratoriyalarda muvaffakiyat bilan qo’llanilib kelmoqda.
Potentsiometrik usul. Eritmaga tushirilgan elektrodda vujudga keladigan potentsialni o’lchashga asoslangan. Potentsialning kattaligi eritmadagi ionlar kontsentratsiyasiga to’g’ri proportsional bo’ladi. Masalan, mis elektrodning potentsiali kattaligi u tushirilgan mis (II) sulfat eritmasidagi mis (II) ionlarini kontsentratsiyasiga bog’liq ravishda o’zgaradi. Ana shu bog’lanish boshqa metallar va ularning eritmalari orasida ham mavjud va u yordamida. eritmadagi ionlar kontsentratsiyasini aniqlash mumkin. Bunda metall eletrod tarkibidagi tuz kontsentratsiyasi noma‘lum eritmaga tushiriladi va elektrodda paydo bo’lgan potentsial o’lchanadi.
Konduktometrik usul. Temperaturaning ma‘lum qiymatida eritmadagi elektrolit kontsentratsiyasi bilan eritmaning elektr o’tkazuvchanligi orasidagi bog’lanishga asoslangan. Odatda eritmaning kontsentratsiyasi qancha yukori bo’lsa, uning elektr o’tkazuvchanligi shuncha katta bo’ladi. Shunga ko’ra konduktometrik usuldan miqdoriy analizda samarali foydalanish mumkin.
Polyarografik analiz usuli ham tekshirilayotgan eritmani elektroliz qilishga asoslangan. Bunda polyarografdan foydalaniladi. Bu usulni 1922 yilda chex olimi Y.Geyrovskiy tomonidan taklif etilgan polyarografik usulining boshqa usullarga nisbatan ba‘zi bir qulayliklari mavjud. Birinchidan, analiz tez bajariladi va sezgirlik darajasi ancha yuqori . Ikkinchidan analiz natijasi to’la ishonchli bo’ladi. Chunki analizda o’ta sezgir galvanometrdan foydalaniladi. Uchinchidan, ayrim ionlarni boshqa ionlar ishtirokida aniqlash mumkin, ya‘ni ionlarni bir-biridan ajratishdek murakkab va ko’p vaqt talab etuvchi jarayonlar bo’lmaydi. Texnikada tarkibida 0,001 % metall bo’lgan namunalar 1% ga yaqin aniqlik bilan topilishi mumkin.
Elektrogravimetriya usuli aniqlanayotgan elementni elektroliz yordamida elektrod yuzasida cho’ktirishga asoslangan. Bunda elektrod yuzasi tozalanadi va uning massasi o’lchanadi so’ng tekshirilayotgan eritmaga tushiriladi, elektroliz tugagandan so’ng elektrodning massasi yana aniqlanadi. Elektrod massalarining farqidan foydalanib, eritmadagi element ( yoki modda) miqdori to’g’risida xulosa chiqariladi. Elektr toki bunda cho’ktiruvchi “Reaktiv” vazifasini o’taydi. Cho’kish elektrodlardan birida roy beradi.