UMUMIY XULOSALAR
XX asrning oltmishinchi yilaridan boshlab jadal rivojlangan lingvopoetika masalasi yuzasidan dunyo tilshunosligida qator ishlar amalga oshirilib kelinmoqda. So’z san’atkorlarining asarlarida badiiy ifodaga xizmat qiluvchi til hodisalarini indavidual nutq tarkibiy qismi sifatida mahsus tadqiq qilish alohida ahamiyatga ega. O’zbek zamonaviy nasri yetakchisi Shukur Xolmirzayev prozasi tili bo’yicha ma’lum ishlar amalga oshirilgan bo’lsa-da, yozuvchining badiiy nutqida salmoqli o’rin tutadigan badiiy asar sintaksisining ayrim jihatlari o’zbek lingvopoetikasida mahsus tekshirish obyekti bo’lganicha yo’q.
Mazkur kichik ishda adib prozasi tilining sintaksisi, aniqrog’i, murakkablashgan qo’shma gaplarning lingvopoetik hususiyatlari mahsus tekshirish obyekti hisoblanadi. Ishda ko’tarilayotgan barcha masalalar o’zbek lingvopoetikasiga va badiiy stilistikasiga qaysidir darajada zarur hisoblanadi, shuning uchun yozuvchi prozasi lingvopoetik nuqtai nazardan tahlil qilindi.
Umumiy xulosa qilinganda, quyidagilarni qayd qilishimiz mumkin:
1.Murakkab gap sintaksisida sodda gap tarkibida kelib, ularni murakkab gaplarga aylantiruvchi sintaktik konstruksiyalar – gapning ajratilgan bo’laklari, gapning uyushiq bo’laklari, undalmalar, kirish bo’laklar ekspressiv sintaksis vositalari sanalmasa-da, badiiy mazmunni oshiruvchi ifoda sifatida qayd etiladi.
2.Ajratilgan bo’laklar o’ziga xos semantik funksiyaga ega bo’lib, bunda ajratish orqali ma’lum bo’lakning ma’nosi ajratib, bo’rttirib ko’rsatiladi, boshqa gap bo’laklardan ayirilib, diqqat shu bo’lakka jalb etiladi. Bunday logik ajratish intonatsiyada ham o’z ifodasini topadi; ajratilgan bo’lak boshqa gap bo’laklaridan farqlanuvchi alohida yarim hukm, yarim predikativlikka ega bo’ladi.
3.Sh.Xolmirzayev asarlarida uyushiq bo’laklarning ) ikki, uch, to’rt qismdan iborat shakllari qo’llangan bo’lib, turlicha munosabatlarga qarab biriktiruvchi, ayiruvchi yoki zidlovchi bog’lovchilar bilan bog’lanib kelgan. Bu birliklar har bir uyushuvchi qismga qo’shilganda so’zning ma’nosini ta’kidlash, uni ayirib ko’rsatish kabi uslubiy ma’nolar ifodalanadi.
4. Undalmada so’zlovchining tinglovchiga qo’shimcha munosabati mavjud bo’ladi, shuningdek, undash bilan bir o’rinda, ekspressivlik ham ifodalanadi. Undalmalar o’zida turli modal ma’nolarni tashiydigan o’tkir, ta’sirchan vositadir, bunday birliklarda so’zlovchi va tinglovchi o’rtasidagi yaqinlik, hurmat, ishonch; hurmatsizlik, ishonchsizlik kabi kommunikativ munosabatlar ham ifodalangan bo’ladi. Sh.Xolmirzayev asarlarida undalmalar appelyativ (xitob va murojaat orqali muloqotni boshlash), konnotativ (subyektiv munosabat – salbiy va ijobiy munosabatlarni ifodalash), emotiv (hissiy munosabat) funksiyalarni bajargan.
5. Bugungi o’zbek adabiyotida, xususan, Sh.Xolmirzayev asarlarida kirish bo’laklar anchayin faol qo’llanib, badiiy axborotning yanada to’liq, estetik ta’sirli tarzda ifodalanishiga ko’mak bergan. Personajlar nutqida qo’llangan kirish bo‘lak o‘zi qo‘shiluvchi gap anglatayotgan fikrga so‘zlovchining turli aqliy va hissiy munosabatini bildirgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |