Shukur Xolmirzayev (1940-yilda tug‘ilgan)



Download 33,13 Kb.
Sana22.06.2017
Hajmi33,13 Kb.
#11754

Aim.uz

Shukur Xolmirzayev

(1940-yilda tug‘ilgan)

XX asrning 60-yillaridan o‘zbek adabiyoti ravnaqiga katta hissa qo‘shgan va XXI asrda ham barakali ijod etib kelayotgan yozuvchilar avlodi ichida Shukur Xolmirzayev alohida ajralib turadi.



Adibning hayot va ijod yo‘li. U 1940-yilning 24-martida Surxondaryoning Boysunida tug‘ildi. Ijodi maktabda o‘qib yurgan paytlarida boshlandi. Ilk hikoyalari tuman gazetasida bosildi. 1958-yildan Toshkent Davlat universitetida o‘qib yurgan Shukur talabalar davrasida og‘izga tushdi. Adabiyot to‘garagining markazida bo‘ldi. Asarlari matbuotga tavsiya etildi. Dastlabki qissalari nashr etilib, atoqli yozuvchilarning e’tiborini qozonganida, u hali talaba edi.

O‘zbek adabiyotida tarjimayi holi Shukur Xolmirzayevdek kamtar va kamsuqum adib kam topiladi. Shukur Xolmirzayev universitetni bitirgach (1963), «Yosh gvardiya» nashriyotida muharrir, «Guliston», «Sharq yulduzi» jurnallarida bo‘lim mudiri, ma’lum muddat Muqimiy nomidagi teatrda adabiy emakdosh bo‘lib faoliyat ko‘rsatdi. So‘ng butun umrini badiiy ijodga bag‘ishladi. Shu ma’noda, adibning asosiy tarjimayi holi: orzulari, dardlari, armonlari; amalga oshirgan, amalga oshira olmagan ishlari; nafratlari-yu sevinch iztiroblari, o‘zidan, do‘stlaridan, idealidan o‘tgan sifatlar uning asarlari bag‘rida yotadi.

Xususan, talaba-adib buyuk aktyor Shukur Burhonov rahbarligida tashkil etilgan to‘garakda Shekspirning mashhur asaridagi Gamlet rolini o‘ynagani hayotida va ijodida muhim o‘zgarish yasadi (Ofeliya rolini boshqa fakultetda tahsil olayotgan Saida ismli qiz ijro etgandi. Havasmand aktyorlar keyin oila qurishadi). Sh. Burhonov bilan uzoq vaqt mobaynida ustoz-shogird munosabatlari yozuvchining u haqda kattagina hujjatli esse yozishiga sabab bo‘ldi. Atoqli adabiyotshunos Matyoqub Qo‘shjonov rahbarlik qilgan adabiyot to‘garagidagi mashg‘ulotlar taassuroti ular o‘rtasida do‘stona munosabat uyg‘onishiga va «U ustoz-men shogird» nomli hujjatli qissa yozilishiga olib keldi. Mashhur musavvir, bir muhitda tug‘ilib, tarbiya topgan Ro‘zi Choriyev bilan qadrdonlik rishtalari u haqda ajoyib bir adabiy portret yozilishiga turtki berdi.

Tarjimayi holdagi bu chizgilar izsiz ketmadi. Uning uslubida namoyon bo‘luvchi og‘ir vazminlik va falsafiy mushohada, keskir haqgo‘ylik va hatto ayrim «sharttakilik»da Sh. Burhonov ta’siri-yu, gamletona tabiat, prinsipiallik, hayotga, odamlarga o‘tkir tanqidiy ruh bilan qarash hamda ularga xolis, samimiy munosabatda bo‘lishning uyg‘unlashib ketuvida ustoz tanqidchidan o‘rganishni; tabiatni musavvirona chizish, so‘zda ham rang, bo‘yoqdagi kabi iliqlikni bera olish, rang-tasvirdagi kichik bir cho‘g‘dek detaldan butun asar qiyofasini yoritib yuborish mahoratlarida rassom do‘stining jiddiy ta’sirini sezmaslik mumkin emas.

Yildan yilga, asardan asarga yozuvchi mahorati sayqal topa bordi. «Hayot abadiy», «Bodom qishda gulladi» singari to‘plamlarga kirgan asarlar, so‘nggi yillardagi «Ko‘k dengiz», «Xumor», «Qadimda bo‘lgan ekan» kabi hikoyalar o‘zbek adabiyotida o‘ziga xos mahoratli yozuvchi paydo bo‘ldi, degan fikrni mustahkamladi.

Shukur Xolmirzayev o‘zining «Bukri tol», ,,O‘n sakkizga kirmagan kim bor», «Bulut to‘sgan oy» qissalarini, asosan, yoshlarga bag‘ishladi, ular sajiyasining toblanish jarayonlarini badiiy gavdalantirdi.

Zamonani, o‘tmishni chuqur va atroflicha o‘rganish, xalq dardi va orzularini aks ettirishdagi ehtiyoj hamda hikoya va qissa janrlarida orttirilgan tajriba, jahon va o‘zbek yozuvchilari mahoratini sinchiklab o‘rganish yozuvchini turli yo‘nalishdagi romanlar yozishga olib keldi.

«So‘nggi bekat» ( 1976), «Qil ko‘prik» (1978-1982), «Yo‘lovchi» (1987), «Olabo‘ji» (1991), «Dinozavr» (1996) singari asarlar Sh. Xolmirzayevni jiddiy izlanuvchan romannavis sifatida tanitdi. Ularning barchasi bir xil saviyada emas, albatta.

Romanlarda ham adib o‘z ijodiy yo‘nalishi va uslubiga sodiq qoldi. Xalqimiz hayotining burilish pallalarini, yurtdoshimiz taqdiridagi muhim jarayonlarni, o‘zbekni o‘zbek qilgan fazilatlarni, bir so‘z bilan aytganda, millat ruhini aks ettirish bu romanlarning ham yetakchi xususiyatidir.

«Yozuvchi millat ruhidan kelib chiqmasa, bo‘lmas ekan» degan o‘z iqrornomasi uning butun ijodini, asarlarini, shaxs sifatidagi tabiatini tutashtirib turadi.

Sh. Xolmirzayev el-yurt oldidagi xizmatlari uchun munosib taqdirlandi. Unga ,,O‘zbekiston xalq yozuvchisi» degan yuksak unvon berilgan. Adib O‘zbekiston davlat mukofoti sovrindoridir.

Qahramonlarining aksari uning o‘zi tug‘ilib o‘sgan tuproq-Surxon diyorining mehnatkashlaridir. Asar voqealari sodir bo‘ladigan manzil ham ko‘pincha shu voha bo‘ladi. Shu voha qahramonlari timsoli misolida adib o‘zbek xalqining, o‘zbek tuprog‘ining o‘ziga xosliklarini tajassum etadi.



Sh. Xolmirzayevning hikoya va qissalari

Abdulla Qodiriy, G‘afur G‘ulom, Abdulla Qahhor ijodida namoyon bo‘lgan XX asr o‘zbek hikoyachiligi an’analarini Shukur Xolmirzayev shu asrning so‘nggi choragida yanada boyitdi. O‘zbek hikoyachiligini yangi bosqichga ko‘targan uning qator asarlari bu janrning keng miqyosdagi manaman degan namunalari bilan haqli ravishda bo‘ylasha oladi.

Adib hikoyalarida siyqasi chiqqan xarakterlar, quruq nasihat-go‘ylik, shablon iboralarni deyarli uchratmaysiz. U doim yangi obrazlar yaratishga intiladi. Asar kompozitsion qurilishida bir-birini takrorlamaydigan yangiliklar topishga urinadi. Bu borada tajribalar o‘tkazishdan cho‘chimaydi va ko‘pincha, muvaffaqiyatlarga erishadi. O‘zbek kishisi orzu-armonlarining, aksar hollarda, yashirin iztiroblarining yoritilmagan qirralarini, ruhiyatidagi evrilishlarni qalamga oladi.

Bu qahramonlar o‘zga yozuvchilarning qahramonlariga o‘xshamagan: goh do‘lvor, goh to‘pori, goh dag‘al va chapani, goh kichkinagina bir muhit vakili. Lekin barchasining ichki dunyosi o‘ziga xos, ruhan teran, insonparvar, e’tiqodidan qaytmaydigan, shularga munosib ravishda mulohaza yuritadigan jonli va hayotiy kishilardir. Bu qahramonlar o‘zligini, millatini, yurt tuprog‘i-yu udumini, dini va diyonatini har narsadan ustun qo‘yadilar. Adolat uchun, haqiqat uchun kurashadilar. Lekin biror qahramon bu maqsadda hech qachon balandparvozlik qilmaydi, ayyuhannos solmaydi. Ular tashqaridan emas, ko‘pincha, ichdan jozibali, istarali, mehrtortar bo‘ladi.

Shukur Xolmirzayev hikoyalari hayotda, inson qalbida yechil-may yotgan muammolarning badiiy tahliliga qaratiladi. Yozuvchi qahramonlari asar g‘oyasini, badiiy topilmalarni kitobxon og‘ziga chaynab solmaydi. Noshud, hayotda to‘g‘ri yo‘l topolmagan, beo‘xshov yoki razil qahramonlarini asar nihoyasiga borib tugatmaydi, yaxshilamaydi. Ularni o‘zining badiiy niyati amalga oshirilgan darajada hayotdagiday qoldirib, kitobxon hukmiga havola etadi.

Bu uslub asar va qahramon haqida mushohada yuritish uchun o‘quvchiga keng imkoniyat qoldiradi.

Sh. Xolmirzayevning «Bodom qishda gulladi», «Tabassum», ,,O‘zbeklar», «Qadimda bo‘lgan ekan», «Quyosh-ku, falakda kezib yuribdi», ,.Ko‘k dengiz», «Navro‘z», «Xumor» singari hikoyalari so‘nggi bosqich o‘zbek adabiyotining bu janrdagi ibratli namunalaridir.

«Tabassum» (1984)ga nazar tashlaylik. Jalil ota sho‘ro tuzumi uchun astoydil xizmat qilgan, urush qatnashchisi. Keksayganda dardga chalinib, yotib qolar ekan, hayoti birma-bir ko‘z oldidan o‘tadi. Yigitligida, qizillarning faol jangchisi ekanida quyun qo‘rboshini bandi etdi. Uning bu yo‘lga din uchun, xalq uchun kirganman, degan so‘zlari hamon qulog‘i ostida. Shunga qaramay, essiz, unga o‘limni ravo ko‘rganlar qatorida turdi-ya.

Hayot bilan vidolashuv onlari yaqinlashganda Jalil otaning nabirasiga bir vaqtlar qizillarga fidoyi xizmat qilgan, qo‘rboshi boshiga yetganlarning faoli, qo‘sh-qo‘sh nishonlar olgan Mo‘min cholning nabirasidan sovchi keladi. Jalil ota bu nishonlar egasining qanday fe’1-atvori-yu sadoqati evaziga kelganini yaxshi bilardi. Shu bois, qalbida chuqur iztirob: u xonadonga nabirasini bergisi yo‘q. Lekin iloji qancha. Hatto o‘limim bu to‘yni qoldirishi mumkin edi, degan xayollarga boradi. Qazosi yetganda esa uning yuzida qotib qolgan tabassumni ko‘ramiz.

Bu nima? Jalil otaning o‘z hayotidagi ayrim holatlar, xususan, qo‘rboshiga o‘xshaganlarning umriga zomin bo‘lgani uchun afsusimi? Mo‘min cholga o‘xshaganlarning ko‘ksini soxta aldoq nishonlar bilan to‘ldirgan jamiyat ustidan kulib ketdimikan, balki? Ehtimol, o‘zi istamagan «o‘sha» noma’lum to‘yni loaqal o‘limi bilan qoldirib ketayotganidan shukronalik belgisidir. Xulosa chiqarishni yozuvchi kitobxonning o‘ziga qoldiradi.

Nima bo‘lganda ham, Jalil otaning umr shomida din uchun, xalq uchun jonini bergan quyun qo‘rboshiga xayrixohligi o‘z ifodasini topgan Sh. Xolmirzayev qarashlari, nuqtayi nazari zamirida uning millatparvar sifatidagi o‘ziga xos qiyofasi yotadi, deyish mumkin. Sho‘ro jamiyati hali mustahkam turgan bir davrda bunday fikrni, g‘oyani badiiy talqin etish oson emasdi. Sh. Xolmirzayev buning uddasidan chiqdi. Bu, aslida, ko‘p o‘tmay, ,,Qora kamar» dramasidagi Xurrambekda ochiq namoyon bo‘lajak qarashlarning bir qirrasi edi.

«Bodom qishda gulladi» (1985) hikoyasida yoshlar taqdiri, yoshlar hayoti qalamga olingan.

Bolalik, kasallik bois birmuncha dalliroq, savdoyiroq bo‘lib qolgan Nosirjon balog‘atga yetgan bir choqda xastaxonada o‘zi sezmagan holda Hubbijamolga ko‘ngil qo‘yadi. Faollashaver, seni qiz sevib qoldi deb, aslida esa mazax qilib, ustidan kulmoqchi bo‘lgan atrofidagilar yigit tuyg‘ulari yanada alangalanishiga sabab bo‘ladilar. Qiz esa unga odob yuzasidangina yaxshi muomalada. Nosirjon Hubbijamolning o‘z sevgani borligini bilib qoladi-yu, qalbida ochilib kelayotgan gulchechaklar nobud bo‘ladi. Qarashlardagi, ruhiyatdagi yangilanish, o‘zgarishlarni sovuq urgandek. Ammo, baribir, bu muhabbat baxtsiz bo‘lsa-da, adashgan esa-da, bokira va musaffo tuyg‘ular Nosirjonning qalb ko‘zlarini ochgan edi. U odamlarni, hayotni avvalgidan tiniqroq idrok eta boshlaydi. Yillar davomida unga na devor-darmiyon qo‘shni bo‘lib kelganlar. na xastaxona-yu dori-darmonlar malham bo‘lmagan xasta ko‘nglini ishqning bodom guli yanglig‘ bokira va nastarin gullari sog‘aytirgandek bo‘ladi. Biroq, afsuski, bu qishda ochilgan bodom gullari edi.

Asar o‘smir qalblarni, ilk muhabbat yoshidagilarni hayotga teranroq boqishga, musaffo tuyg‘ularni ehtiyot qilishga chaqiradi. Ularni hech qachon ermakka yo‘ymaslik, bu hissiyot ko‘z ochgan damlardagi hayotning har bir lahzasi qadrini bilishga undaydi.

«Xumor» hikoyasini Sh. Xolmirzayev jiddiy muammolar talqiniga bag‘ishladi. U so‘nggi bosqich o‘zbek hikoyachiligida fars, kinoya, alamzada quvnoqlik usuli qo‘llangan holda yaratilgan asarlardan biridir. Hikoya «Ko‘k dengiz» singari nainki o‘zbek, balki ulkan miqyoslardagi XX asrning bu janr namunalari qatoridan o‘rin olishga haqlidir. Asarda bir millat, bir mamlakatning ma’lum bir bosqichdagi fojiasi kichik bir qahramon timsolida o‘z xarakterini o‘zi ochish yo‘sinida yoritiladi.

Qahramonning yuzi zahil, rangi panoh. Lekin qiyofamni ko‘rib, hayron bo‘lmang, qo‘rqmang, kasalim yuqumli emas deydi u, kitobxon bilan yuzma-yuz muloqotga kirishib. Aybi bor odamdek, kechirim so‘rayotgandek, u fikrini davom etadi: paxtaga sepilgan dorilar ta’sir qilgan, xolos. Hikoya davomida biz qahramonning farzandi yo‘qligini, dalani ko‘rmasa xumori tutishini, o‘rmalab bo‘lsa ham dalaga chiqib turishini bilib olamiz. U xastahol bo‘lsa ham, fikrini quvnoq ohangda bayon qiladiki, san’atkor yozuvchi tomonidan tanlangan mazkur kinoya usuli asar va qahramonning kitobxonga ta’sirini yanada kuchaytiradi. Qahramon kitobxonning «Dalaga o‘rmalab bo‘lsa ham chiqishingdan maqsad nima?» degan savolini qabul qilgandek bo‘ladi-da, o‘zining (ayni vaqtda millatning) shu vaziyatdagi holatini och’ishga yo‘naltirilgan ushbu javobini beradi: «Maqsad-ham xumorni qondirish, ham hissa qo‘shish, Labbay?.. Siz bir narsani tushunmayapsiz: u dori mening tarjimayi holimga singib ketgan, axir! Tushunyapsizmi? Mening butun quvonchlarim, zavqlarim, hayotimning ma’nosi, vatan oldidagi burch, ilk muhabbatim ham o‘sha bilan bog‘liq».

Biz bu o‘rinda qahramon tilidan ishlatilgan va hikoya sarlavhasiga olib chiqilgan «Xumor» so‘zining to‘g‘ri va ko‘chma maqsaddagi nechog‘lik qudratli ma’nosi bor ekanini aytmay qo‘ya qolaylik. Uni aziz o‘quvchining o‘zi juda yaxshi biladi.

Asar uning qahramoni, paxta yakkahokimligi va u tufayli o‘zbek xalqi boshiga tushgan zug‘um, genotsid, jabr, noilojlik qismati haqida nihoyatda muxtasar, lekin badiiy o‘tkir va ta’sirchanligi bilan qimmatlidir.

Shukur Xolmirzayev o‘zbek tabiati, surati va siyratini, o‘ziga xos fazilatlari-yu qusurlarini, xullas, o‘zi mansub bo‘lgan millat ruhiyatini mahorat bilan tasvirlovchi yozuvchidir.

Yozuvchi «Quyosh-ku falakda kezib yuribdi» hikoyasida yangi istiqlol zamoni ta’sirida ro‘y berayotgan inson qalbidagi o‘zgarishlar bilan, asrlar davomida shakllanib kelgan milliy sajiyaning uchrashgan nuqtasida namoyon bo‘layotgan fazilatlar aks ettiriladi. Mustaqillik o‘zbek xalqining mislsiz orzularini ro‘yobga chiqardi. Biroq u birdan va birvarakayiga hamma muammolarni hal qilib berolmaydi, albatta. U bilan ayrim yangi muammolar ham kelib chiqdi. Xususan, ziyolilar hayotida yangi-yangi muammolar ko‘ndalang bo‘ldi. Hikoyada shoir Qudrat, uning oilasi timsolida shu masalalar yoritildi. Bu hikoya ma’lum ma’noda, bo‘lg‘usi «Dinozavr» romanida tasvirlanajak ayrim qahramonlarning eskizi ham edi. Shoir oilasi bilan qishloqqa ketadi, lekin ma’lum bo‘ladiki, turmush bu yerda ham osonmas. Biroq yozuvchi maqsadi faqat shu masalaga e’tiborni tortishdangina iborat emas. Asar davomidan bilib olamizki, yozuvchi nazarida, ahamiyatli moddiy ehtiyojdan kam bo‘lmagan, balki undan ham mo‘tabarroq bir masala bor. Bu xalq-millat tabiatining tirgagi bo‘lgan ma’naviy poklik, vijdonlilik, o‘zining va o‘zganing qadrini baland tuta olish, bu masalada milliy an’analarga sodiq qola bilish-bir so‘z bilan aytganda-ma’naviyat masalasidir. Ana shu narsani yo‘qotmaslik kerak, shunga ehtiyot bo‘lmoq zarur. Qudrat inson hissiyotlari ba’zan sust ketishi mumkin bo‘lgan holatga tushishiga qaramay, bu holat uni o‘zgartira olmaydi. U ma’naviy poklikka sodiq qoladi. Matnda aytilmagan, lekin o‘zimiz uqib olishimiz lozim bo‘lgan ma’no asarni bezab turadi: to‘g‘ri, bozor iqtisodi sharoitlari tufayli ko‘p moddiy qiyinchiliklar tug‘ildi, u odamlarni ne kuylarga solmadi, lekin shunga qaramay, bu qiyinchiliklar Qudratning ma’naviy irodasini buka olmadi, u millatimiz tabiatida asrlar osha sinovdan o‘tib kelgan ma’naviy poklikni saqlab qola bildi. Yozuvchi bu g‘oyani qishloqda tasodifan uchrab qolgan Zumradga Qudratning munosabatlarini ko‘rsatish orqali ochib beradi. Hikoya nomiga mashhur she’rdagi misradan olingan falsafiy fikr asarning ma’no-mohiyati va g‘oyasini joziba bilan ifodalaydi.

Shukur Xolmirzayevning so‘nggi yillarda yaratilgan chiroyli asarlaridan biri «Navro‘z, navro‘z» hikoyasidir. Ma’lumki, sho‘rolar xalqimizni qadimdan davom etib kelayotgan bu go‘zal milliy bayramni nishonlashdan mahrum qilgan edi. Ming shukrkim, mustaqillik Navro‘zni xalqning eng ulug‘ shodiyonalaridan biri sifatida qaytadan tikladi. Lekin yozuvchining maqsadi bu bayramni ulug‘lash, unga madhiyalar o‘qish emas. Adib deyarli barcha hikoyalarida bo‘lganidek, bu asarda ham tabiat bahonasida inson qalbini badiiy tahlil etadi. Tabiat ta’sirida inson ruhiyatida kechajak evrilishlarni yoritadi. Sulton, Obid Odiljonovich, Joniqul Jondorov singari taniqli olimlar hikoya qahramonlari. Navro‘z nainki tabiatni, balki inson qalbini ham yangilaydi, oliyjanobroq qiladi, degan aqidaga ko‘ra, bu ulug‘ shodiyona kunda do‘stlar ko‘pdan buyon arazlashib yurgan ikki olimni murosaga keltirish taraddudini ko‘radilar. Sulton zamonni, o‘zgarishlarni, qiyinchiliklarni, inson ruhiyatidagi turli holatlarni yaxshi tushunadi, ularga to‘g‘ri baho bera oladi. Joniqul Jondorovni esa, na tabiat va na jamiyatda kechayotgan bayram ruhi o‘zgartira oladi, na do‘stlarning unga munosabati. U avval qanday bo‘lsa, hozir ham shunday: o‘ziga ortiqcha bino qo‘ygan, kekkaygan, do‘st uzrini qabul qilishdan ojiz. Navro‘zga mengzalgan mustaqillik ham uning dunyoqarashiga yetarli ta’sir ko‘rsatolmaydi. Uning fikricha, o‘ziga to‘q, badavlat odamdan yaxshilik kutish qiyin, yaxshilik faqat faqir-u haqir kishining qo‘lidan kelishi mumkin. Ma’lumki, sho‘rolar kambag‘alni ham boy qilish o‘rniga, bor boylarni ham qashshoq qilib, kulini ko‘kka sovurgan edi. Yuqoridagi qahramon qarashlaridan uning ongida o‘rnashib qolgan ana shu siyosat hidi kelmaydimi?

Yozuvchi qahramonlarini oqlamaydi ham, qoralamaydi ham. Asosiy e’tiborni ularning qalbi, ma’naviyati, do‘stlarga, yangi hayotga, o‘zgarishlarga munosabatini ko‘rsatishga qaratadi va hukm chiqarishni o‘quvchining o‘ziga qoldiradi: Navro‘z nechog‘lik buyuk bo‘lmasin, baribir, har kimga birdek ta’sir etmas ekan. Navro‘z ham nechog‘lik go‘zal bo‘lmasin, tabiatni, odamlarni uyg‘otmasin, yangilamasin, u ham hayotning bir bo‘lagi-da, axir. ,,O‘zbeklar», «Qadimda bo‘lgan ekan», «Quyosh-ku falakda kezib yuribdi», «Navro‘z, navro‘z» hikoyalarining g‘oyalari bir-birini to‘ldirib boradi, tasvirlangan qahramonlar harakatidan, tabiatidan chiqarilgan xulosalar bir-birini yanada boyitadi, milliy o‘zligimizning turli qirralarini alohida xarakterlar orqali tasvirlab, xalq qiyofasidagi yaxlit qiyofaning turli jihatlarini ochib beradi.



Yoshlar haqida qissa

Badiiy ijod tarixi shuni ko‘rsatadiki, aksar yozuvchilar hikoya janrida anchagina tajriba orttirgach, undan kattaroq qissa janriga o‘tadilar. Sh. Xolmirzayevda bu har ikkala janrda muvaffaqiyatli ijod etish deyarli bir vaqtda boshlandi. Bir necha hikoya yozgach, ko‘p ham vaqt o‘tmay, u o‘zini qissa janrida sinab ko‘rdi. Bu vaqtda u yigirma yoshlardagi talaba edi. «Tog‘lar orasida» qissasi gazetada chop etildi. So‘ng «Oq otli» nomi bilan kitob holida bosilib chiqdi. Yigirma ikkiga kirgan yozuvchi keyingi qissasida turmush muammolariga, ayniqsa, inson tabiatini belgilovchi axloqiy-ma’naviy masalalarga anchagina jiddiy qaray olishini ko‘rsatdi. Asardan asargagina emas, qayta ishlangan bir asar misolidayoq o‘sib bordi. «To‘lqinlar» qissasida qahramon asar oxiriga borib, bizga yaxshilangan, to‘g‘rilangan tarzda taqdim etilsa, qissaning qayta ishlanib, «Bukri tol» nomi bilan kitob holida nashr etilgan nusxasida Ma’murjonni tuzatishdan, yaxshilashdan voz kechadi. Bu hol yosh adibning sotsialistik realizm prinsiplaridan ko‘ra, hayot haqiqati va badiiy haqiqatga amal qilish muhimroq deb tushuna boshlaganini ko‘rsatadi.

«Bukri tol» deb berilgan nom kitobxonni qissa qahramoni va asar mohiyatidan falsafiy umumlashmalar chiqarishga undaydi.

,,O‘n sakkizga kirmagan kim bor» qissasi yigirma besh yoshli yozuvchiga o‘zbek kitobxonlari orasida shuhrat keltirdi.

Muhabbat, oqibat, adashish va qismat, hayotga intilish va yoshlar xarakterining chiniqishi muammolariga bag‘ishlangan bu qissa, mana, deyarli qirq yildan buyon, yoshlar tomonidan sevib o‘qiladi. Bunday masalalarga bag‘ishlangan asarlar o‘zbek adabiyotida ham, jahon adabiyotida ham oz emas. Lekin ,,O‘n sakkizga kirmagan kim bor» qissasi ulardan nainki sujet, qahramonlarning qismat-taqdiri, balki ularning o‘ziga xos tarzda tepib turgan yuragidan taralayotgan nurning yozuvchi qalami ostida xuddi muhabbatning o‘zidek samimiy ohanglarda jaranglashi jihatidan diqqatni tortadi.

Gap qissaning Jamshid, Umida va Tilov muhabbatiga bag‘ishlanishida emas. Dunyo adabiyotida sevgi bobida bunday «uchburchak» talqin bisyor. Gap, taqdir tufayli (Jamshidning otasi, Tilovning esa onasi vafot etib, bu ikki yoshning ota-onalari oila quradilar) Tilov bilmasdan, Jamshid sevib yurgan va bu muhabbati qabul qilingan Umidaga ko‘ngil qo‘yishi, buni sezgan Jamshid o‘zini chetga olganda, Umida achchiq qilib, Tilovga tegib ketishi, to‘ydan so‘ng xato qilganini anglab, pushaymon bo‘lib, sevmagani bilan yashay olmasligini tushunib, uyiga qaytishida ham emas. Hamma gap mana shu voqealar zamiridagi dard, ayanch, iztirobni, umid, ishonch va armonlarni; ularni o‘zida mujassam etgan xarakterlarni milliy bo‘yoqlarda, har bir qahramonga munosib tarzda mehr va sehr bilan badiiy tasvirlashda. Bularni kitobxonlarga «yuqtira» olishda. Va eng asosiysi, shu tasvirlanganlarning o‘quvchi qalbiga o‘tib, ularning ma’naviy yuksalishiga ta’sir ko‘rsatishida, tegishli xulosalar chiqarishga undab, ularga ibrat bo‘lishida.

Hurmatli o‘quvchi, siz o‘zbek adibining bundan qirq yil avval yozgan ushbu asariga qaysi bir jihatlari bilan yaqin turuvchi koreyalik san’atkorlar yaratgan ajoyib «Qish sonatasi» nomli ko‘p qismlik telefilmni tomosha qilgansiz, albatta. ,,O‘n sakkizga kirmagan kim bor» qissasi ham sizda shu filmdagidek go‘zal tuyg‘ularni uyg‘ota oladi. «Muhabbat bu o‘zi eski narsa, lekin har bir yurak uni yangilaydi», degan edi buyuk Xodi Toqtosh. Shunga o‘xshab, Jamshid, Umida, Tilovlarning yuraklaridagi yangi tuyg‘ular yozuvchi Shukur Xolmirzayevning ham qalbidan o‘tib, yangi asar yozilishiga olib kelgan. Bu qissa asosida bizda ham ,,Qish sonatasi» yanglig‘ telefilmlar yaratilsa, nechog‘lik soz bo‘lur edi.

Shukur Xolmirzayevning «Bulut to‘sgan oy» asarida hikoya unsurlari kuchli bo‘lsa-da, u janr jihatidan qissaga yaqin turadi. Bu xususiyat qahramonlarning hikoyaga nisbatan birmuncha ko‘pligida, xarakterlar va voqealarning chuqurroq tasvirlanishida namoyon bo‘ladi.

Bu asarda ham yozuvchi muhabbat bilan aloqador qismatga murojaat etadi. Lekin ilgari yetarlicha yoritilmagan qalb muammolarini ko‘rsatishni asosiy maqsad qilib qo‘yadi. Ko‘rinadiki, qalb va uning dardi, bu xilqatning qirralari tasviri Sh. Xolmirzayev ijodida, umuman muhim o‘rin tutadi.

Alloh Gulsarani go‘zal yaratdi. Dilbar ovoz berdi, bo‘y-bast berdi. Ko‘zi tushgan yigit hech bo‘lmaganda yuragi kaptardek pitirlar edi

Lekin ota qizining ra’yiga qaramay, avvalgi oilasidan farzand ko‘rmagan prokuror do‘stiga tegishga majbur qiladi. Yaratgan bu oilaga ham farzand bermadi. Yozuvchining maqsadi bu oilaning baxtsizligi yoki Gulsaraning bebaxtligini ko‘rsatishgina emas.

Gulsaraning qalbida tug‘yon paydo bo‘ladi, eridan ketadi. Agar yodingizda bo‘lsa, Abdulla Qahhorning «Dahshat» hikoyasi qahramoni Unsin qalbida ham shunga yaqin bir isyon ko‘tarilgan edi. Lekin Gulsaradagisi-boshqacha. Qadamidan nafas olishigacha ta qib va nazoratda bo‘lgan, bamisoli qafasdagi qushdek yashagan Gulsara yuragi otasidan, eridan, hayotdagi hamma narsadan o‘ch, faqat o‘ch olish istagi bilan yonadi. Bu istak uni mudhish yo‘llarning qorong‘u go‘shalariga yetaklaydi. Umr o‘ta boradi. Quvvatjon, Tavakkal ismli es-hushli, mard, to‘g‘riso‘z, ma’naviy dunyosini is bosmagan kishilarga duch keladi. Gulsara qalbida hayot va odamlar u o‘ylaganchalik faqat razil va rasvo emas ekan, degan ishonch tuyg‘ulari uyg‘onadi. Hayot uning qalbiga yana yorug‘liklar sola boshlaydi. Hamma narsadan o‘ch olmoqchi bo‘lgan va noma’qul yo‘lga kirgan Gulsarada vijdonning yulduz ko‘zlari hali batamom yumilmagan ekan. Hatto hayotda imonli, idrokli, hayoli kishilar yo‘q emasligini ko‘rib, ma’naviy pokiza hissiyotlari qayta gul ochishini kuzatgandek bo‘lamiz. Shu bois Tavakkal to‘g‘ri va toza qo‘lini uzatganda, Gulsara o‘zini unga nomunosib deb topadi.

Yozuvchi asarda bosh qahramon, yetakchi personajlarning o‘zidan tashqari, ularni qurshagan muhit va sharoitni ko‘rsatishga ayrim-ayrim chizgi va tafsilotlarda alohida e’tibor beradi, ularga muhim vazifa yuklaydi. Biz ayrim jihatlarini qoralashimiz, qabul qilmasligimiz mumkin bo‘lgan qahramondagi xislatlar uchun o‘zidan ko‘ra va o‘zidan tashqari uni tarbiyalagan, shu kuyga solgan muhit, sharoit ko‘proq aybdordir, demoqchi.

Kimnidir ayblash yoki oqlash yozuvchi maqsadiga kirmaydi. Shunday fikrga kelish uchun bizning qarashlarimizni uyg‘otadi. Shuning uchun hayotga ishonchi qayta boshlagandan so‘ng Gulsaraning ma’naviy dunyosida ko‘ringan qiyofasi kitobxonda o‘ziga xayrixohlik uyg‘otadi.

Ulkan yozuvchilar muhit va sharoit tasviriga alohida e’tibor beradilar. Yuqorida tasvirlaganimizdek, ijodining dastlabki bosqichida Sh. Xolmirzayev «Bukri tol» qissasida muhit va sharoit tasviriga yetarlicha e’tibor bermagan edi. Ijodiy takomil davomida «Bulut to‘sgan oy» qissasida esa shu masalaga muhim e’tibor qaratadi.

Sh. Xolmirzayevning romanlari

«Qil ko‘prik»dan «Dinozavr»gacha. Shukur Xolmirzayevning «Qil ko‘prik», «So‘nggi bekat», «Yo‘lovchi», «Olabo‘ji», «Dinozavr» romanlari turli mavzu va muammolarga bag‘ishlangan. «So‘nggi bekat» (1974) adibning roman janridagi dastlabki tajribasi bo‘lishiga qaramay, sho‘ro davrining so‘nggi bosqichidagi kamchiliklarni zamondoshlar qiyofasidagi norasoliklarni keskin fosh etishi bilan ajralib turadi. ., Bekat» xo‘jaligida yashab, mehnat qilayotgan turli toifadagi kishilar xarakteri, harakati misolida adib, umuman, jamiyatni qattiq qoraladi. Bu, mohiyat e’tibori bilan, mazkur davr jamiyatning umuman so‘nggi bekati bo‘lsa nima qilarkin, degan badiiy fikrga go‘yo ishoradek bo‘lgan edi. Taxminan o‘n besh yil o‘tgach bu badiiy «karomat» o‘zining tasdig‘ini topdi.

1987-yil adib «Yo‘lovchi» romanini yaratdi. Ayniqsa, shakli, kompozitsiyasi jihatdan yangicha izlanishlari mo‘l bo‘lgan bu asar ko‘proq monolog va dialoglar asosiga qurilgan. Yozuvchi qahramonlari xarakterini, asosan, shu yo‘sinda ochishga harakat qiladi.

Oliy ma’lumotli bo‘lish yaxshi. Lekin shunchaki, bilimsiz, jamiyatga nafi tegmaydigan, o‘zini o‘ylashdan nariga o‘tmaydigan xudbin oliy ma’lumotlining nima keragi bor? Undan ko‘ra noilojlik tufayli nainki oliy ma’lumot, balki, hatto, to‘liq o‘rta ma’lumot ham ololmay qolgan, biroq mehnatsevar, halol, el va yurtga qayishuvchi, do‘stga sadoqatli (bolalikda ari chaqqan o‘rtog‘ining azoblanayotganini ko‘rib, dardini biroz yengillatay deb, o‘zini ham ariga chaqtirganini eslang: yozuvchi kichik detal orqali xarakter yaratishga usta) kishi ko‘p bor afzal emasmi? Yozuvchi xuddi shu fazilatlarni romanning bosh qahramoni Bekdavlat qiyofasida aks ettiradi.

«Olabo‘ji» romanida yozuvchi mastaqillik arafalaridagi sho‘ro jamiyatini tanazzulga yetaklagan jarayonlarning ma’naviy va axloqiy asoslarini ko‘rsatdi. Asarda Ulton va Bahor singari yoshlar taqdirini chilparchin qilishda, jamiyatni rasvo yo‘lga yetaklashda To‘qliboy Qo‘chqorov singari kimsan, firqaning manaman degan rahbarlari bosh-qosh bo‘lgani ochib tashlandi.

«Qil ko‘prik» romanini yozish uchun adib salkam besh yil sarfladi (1978-1982). Asarda «qizil»larning istiqlolchilarga (davr tili bilan aytganda, «bosmachi»larga) qarshi olib borgan kurashi va ularni mahv etish jarayonlari tasvirlanadi. Kitob ham sho‘rolar hukm surgan davrda yozilgani bois, firqaviy mafkuraga mos kelmaydigan biror gapni aytish, g‘oyani ilgari surish amri mahol edi. Shu ma’noda, romanda sho‘ro maqsadlarini ko‘rsatuvchi manzaralar, sahifalar oz emas va bu tabiiydir. Lekin yozuvchining asl maqsadi bu emas. Uning qalbida, vujudida milliy istiqlolchilarga, vatanparvarlarga mehri, xayrixohligi tug‘yon uradi. O‘ziga xos usulda, sirli shakllarda bu niyatni «Qil ko‘prik»da amalga oshirish uning bosh muddaosi edi.

Romanning bosh qahramoni Qurbon. Qizillar uni go‘yo o‘zlaridan bezgan, o‘zlaridan yuz o‘girgan kishi sifatida, aslida esa, razvedkachi qilib Ibrohimbek qo‘rboshi tomonga yuboradilar. Qurbonning bir vaqtlar Eshoni Sudurga murid va shogird bo‘lgani, so‘ng undan kelib sho‘rolar yo‘lini tutgani, endi esa, adashgan ekanman, deb yana bu diniy peshvo katta hurmatda bo‘lgan tomonga kelishi qahramonning xatti-harakatini, ya’ni islom lashkarlari tomonga o‘tishini asoslashi kerak edi. Shunday bo‘ladi ham. Lekin yozuvchi butun asar davomida Eshoni Sudurga nisbatan ham, «bosmachi» deb atalgan istiqlolchilarga nisbatan ham kitobxon qalbida zimdan mehr, xayrixohlik uyg‘otib boradi. Buni u ochiq-oydin yozmaydi, lekin qahramonlarini o‘ta ehtiyotkorlik bilan, shunday mushohadalar, qalb kechinmalariga chirmab beradiki, kitobxonda tashqi, mafkuraviy jihatdan go‘yo zararli ko‘rinishi kerak bo‘lgan bu qahramonlarga yashirin ravishda xayrixohlik tuyg‘ularini uyg‘otadi.

Mohiyat e’tibori bilan, bu-nainki bosh qahramonning, balki u va uning atrofidagilar orqali o‘z qarashlari, maqsadlarini ilgari surib olayotgan yozuvchining ham sho‘ro mafkurasi atalmish «qil ko‘prik»dan o‘tib olishi edi.

Romanda kitobxon Eshoni Sudur, Ibrohimbek, Said Olimxon, Anvar poshsho singari obrazlarga duch keladi. Qurbon va Oyparcha muhabbati bilan aloqador kechinmalarni, voqealarni asar markaziga qo‘yadi.

Sho‘ro siyosatiga to‘g‘ri kelmaydigan fikrlarni, qarashlarni, yozuvchi, ko‘pincha, bu tuzumga nomaqbul salbiy qahramonlar tilidan gapirtiradi. Shunday qahramonlardan biri-Eshoni Sudur. Yozuvchi uning qiyofasiga jadidlarga xos ayrim g‘oyalarni singdirishga intiladi. Natijada, bu qahramon timsolida Vatan, istiqlol, millat haqida qayg‘uruvchi kishiga xos fazilatlar yashirin ravishda o‘z ifodasini topadi. Adibning Ibrohimbek qo‘rboshini tasvirlashida ham unga xayrixohligini sezmaslik mumkin emas. Qo‘rboshi deb nom chiqargan bu qahramon butun asar davomida deyarli biron marta o‘z Vatani, vatandoshiga tig‘ ko‘targan holatda ko‘rsatilmaydi.

Sh. Xolmirzayev «Qil ko‘prik» romani orqali sho‘ro zamonidayoq istiqlol uchun kurashgan, mustaqillik g‘oyalarini yashirin tarzda ilgari surishga intilgan adibdir.

Mustaqillik davri kishisi qalbida, dunyoqarashida ro‘y berayotgan o‘zgarishlarni, ba’zan iqtisodiy sharoitlarning shaxslararo va jamiyat bilan munosabatlarga ko‘rsatayotgan ta’sirini, bir so‘z bilan aytganda, yangilanayotgan tabiatli zamondosh, yurtdosh sajiyasini, siymosini ko‘rsatish bu yo‘ldagi qiyinchiliklarni, ziddiyatlarni, yo‘qotish va topishlarni aks ettirish adabiyotimiz oldidagi muhim vazifalardan sanaladi.

Sh. Xolmirzayevning «Dinozavr» romani shu muammoga bag‘ishlandi. Yozuvchi va rejissor Mahkam-asarning bosh qahramoni. Sho‘ro jamiyatida siyosatga, uning va’dalariga ishonib yashagan. Mustaqillik ulug‘ niyatlarning vosili ekanidan qat’iy nazar, yangi zamon o‘zi bilan murakkabliklarni, ziddiyatlarni, qiyinchiliklarni ham olib keldi. Shu sabab Mahkam yangi jamiyat talotumlarini ongi va qalbi bilan yetarlicha chuqur, o‘zi qoniqish hosil qiladigan darajada idrok etolmay qiynalishda. U ba’zilarga o‘xshab kim nima desa, yugurgilagancha ma’qullab ketaveradiganlar xilidan emas. U hayotda o‘zaro munosabatlarda paydo bo‘layotgan har qanday yangilikning mohiyatini o‘zi mustaqil ravishda idrok etishni xohlaydi.

Romanda turli qahramonlarni uchratamiz. Jamoliddin o‘ylab ish tutadi, mushohadakor yigit. Kelajakka ishonadi. Bozor iqtisodi sharoitida yashash, ishlash biz uchun butkul yangilik va mubham emas, bu masalada an’analarimiz bir, deydi u. Shu bois, yurtdoshlarimizning aql-zakovatiga ishonadi, ko‘p o‘tmay o‘zini ham, yurtni ham boyitadigan tadbirkorlar yetishib chiqishiga ko‘zi yetadi.

Yozuvchi tasvirda tirikchilik qiyinchiliklari bilangina o‘ralashib qolmaydi, ma’naviyat masalalariga ham alohida e’tiborni qaratadi. Mahkam akaning xotini Shahlo timsolida oiladagi moddiy yetishmovchilikning milliy tabiatga ko‘rsatayotgan ayrim nomatlub ta’sirini ochadi. Zamon talotumlari ma’naviyatimiz mustahkamligi va mustaqilligida jiddiy salbiy iz qoldirayotganiga ishora qiladi. Bunga, bir jihatdan, avvalambor, jamiyat norasoliklari sabab, qolaversa, ikkinchi jihatdan, bu hol ko‘proq irodasi sust kishilarda namoyon bo‘lmoqda. Irodasi mustahkam kishilarning esa irodasini sinovdan, chig‘iriqdan o‘tkazib, ma’naviyatini yanada mustahkamlamoqda, zamon yangiliklari ta’sirida yanada boyitmoqda.

Romanda Abzal, Toirov kabi qahramonlar ham bor. Ularning maqsadi zamonni idrok etib, og‘irini yengil qilish emas, unga moslashish xolos. Ularning falsafasi: nima bo‘lsa ham baribir, taka bo‘lsin-u sut bersin. Abzal sho‘ro davrida bolalar shoiri edi. Endi esa, hajga borgani-yu, yodlagan to‘rtta hadisini pesh qilish bilan ovora. Bu darajadagi halol, pok kishilar oz emas. Lekin Abzal unday emas, u dunyoviy ilmda ham, diniy ilmda ham borib turgan chalasavod.

Toirov istiqlolgacha firqaviy idoraning kattagina rahbari, sho‘rolar mamlakati tarixi o‘qituvchisi bo‘lgan. Endi esa unga ho‘l-u quruq barobar, avvalgi davrni buralab so‘kib, istiqbolli odamlarga yaltoqlanib, ular ishonchiga kirib olgan. Aslida axloqiy jihatdan ham anchagina tuban kishi.

Biroq hamma Abzal va Toirovlarga o‘xshagan emas. Romanda Bo‘riboy singari qahramonlar timsolida yangi zamonga munosib ravishda shakllanib kelayotgan ishbilarmon, tadbirkor obrazi gavdalantiriladi. U daromadli savdo-sotiq ishidan tashqari «shifoli suv chiqadigan aziz joylar»ni obod qilishga, avvallari savob va niyat ilinjidagina qo‘y so‘yilgan maskanlarni sanatoriyaga aylantirishga ahd qiladi. Topganiga xalq og‘irini yengil qilish umidi bor. Ma’naviyatni yuksaltirishga hissa qo‘shish orzusi ham yo‘q emas. Qalamkashlarning kitoblarini chiqarishga yordam berishni diliga tugib qo‘yadi va h. k. Bu hayotda shakllanib kelayotgan real hamda adib tahayyulida yashayotgan ideal qahramonning birikuvidan paydo bo‘lgan obrazdir. «Dinozavr» «zamonamizning qahramonlarini yarataylik, qani davrimizning, mustaqil jamiyatmizning yangi qahramonlari» tarzida yangi turmush qo‘ygan talablarga roman janrida javob berilgan dastlabki asarlarimizdan biridir.

Adibning bu yo‘nalishdagi ishlari, izlanishlari davom etmoqda.



«Qora kamar» dramasi. Sh. Xolmirzayev rang-barang janrlarda ijod etadi. «Qora kamar» uning ana shu rang-baranglikni tasdiq etuvchi asari bo‘lib, XX asrning oxirlaridagi o‘zbek adabiyotining, dramaturgiyasining sara namunalaridan biri hisoblanadi.

Asar yozilgan 1987-yilda SSSR deb atalgan qudratli imperiyaning shuvoqlari to‘kila boshlab, ustunlarida ham tebranish alomatlari sezilganiga qaramay, mustaqillik haqida ochiq-oydin gapirish, bir vaqtlar «bosmachilar» deb tamg‘a olganlarni ular Vatan ozodligi uchun kurashchilar, istiqlolchilar edi, deb ro‘yi-rost aytish imkoniyati hali yo‘q edi.

Shunga qaramay, butun o‘zbek xalqi qalbida qachonlardan buyon davosiz darddek to‘lg‘anib yotgan muammoni «Qora kamar» dramasida yoritish uchun Sh. Xolmirzayev jur’at va jasorat bilan qo‘liga qalam oldi. «Qil ko‘prik» romanidagi usulni davom ettirdi va rivojlantirdi. «Bosmachi» deb atalgan, aslida vatanparvar va millatparvar, fidoyi Xurrambekning kimligini uning o‘zini o‘zi ochib berish usulida ko‘rsatdi. Xurrambek tarafdorlarining qiyofasi, xarakteri va g‘oyasi ham monolog, dialoglar orqali shu yo‘sinda ochila bordi.

Adib ijodida bayon emas, ko‘rsatish, e’tirof emas, tasvirlash san’atining chiniqqanligi shu tariqa dramaturgiyada o‘zining ajoyib samaralarini berdi. Asar yozilgan vaqtda, orzu qilingan istiqlolning qaldirg‘ochlarini ko‘rsatishda muallif badiiy tahlil va tasvirning retrospektiv tamoyiliga murojaat etdi. Bu kunning yog‘dularini tarixga murojaat orqali ochib berdi.

Dramaturg Xurrambekni chuqur ruhiy iztiroblar ichida ko‘rsatadi. Bu millatparvar shaxs fojiasining sabablarini ko‘rsatishga alohida e’tibor beradi. O‘z tinchini o‘ylash Xurrambekka begona. Uning butun o‘y-fikri, tashvishi, azobi yurt qayg‘usiga qaratilgan. Xurrambek: «O‘rusiyada inqilob bo‘lgach, endi qutuldik degan edik. Falakning gardishini qarangki, millatimiz sotqinlari O‘rusiyadan askar chaqirib, amirlikning tagiga bolta urishdi. Mamlakatni tag‘in O‘rusiyaga qo‘sh qo‘llab berib qo‘yishdi. Men Vatan ozodligi deganda ana o‘sha bosqinchilardan, xoinlardan ham xalos bo‘lishni, o‘zimiz o‘z yerimizga xo‘jayin bo‘lishni tushunaman « deydi.

Bu qahramon ruhiy iztiroblari, qiynoqlarining mehvari-Vatanga, millatga mehrda. U yurtga bostirib kelgan yog‘iylarning kurashlari sababini tushunadi. Lekin o‘z yurtiga qarshi kurashgan, bu maqsadda o‘z yurtdoshlariga qarshi kurashish uchun qo‘liga qurol olganlarning vijdonini, imonini tushunishga ojiz qoladi. Siz sho‘roviylar «Vatanga, mana bu osmonday keng o‘lkaga ozodlik bera olasizlarmi?» deydi Xurrambek Abdulla Nabiyevga va fikrini davom etadi: «Qachon inson ko‘ribdi, bosqinchi bosib olgan o‘lkasidan chiqib ketganini? Axir uyam qon to‘kayapti! O‘z qonini... Bosqinchi hech qachon bosib olgan mamlakati fuqarosining boshini silamaydi! Silasa, aldash uchun silaydi!»



Abdulla Nabiyevning aldangani Xurrambekning ich-tashini o‘rtaydi. Lekin aldoqchi g‘oyalar unga ta’sir ko‘rsatib bo‘lgan edi. «Yomon aldangansan, jigar», deydi u Abdulla Nabiyevga. So‘nggi birgina Jigar» so‘ziga muallif juda katta ma’nolarni, qahramon vujudidagi azob-u iztiroblarni jo qila oladi. Shu birgina so‘zda Xurrambek bag‘ridagi ajib xislatlar bo‘y ko‘rsatadi.

Dramada Xurrambekning ijtimoiy va shaxsiy dardlari yaxlit ravishda, yuksak mahorat bilan aks ettirilgan. Yakka-yu yagona farzandi Umidjonni va uning o‘rtoqlarini Abdulla Nabiyev ta’siriga berilgani va «Yasha Sho‘ro»ni ashula qilib yurganligi uchun o‘limga mahkum etib yuborishi uning bag‘ritoshligi ifodasi va bundan tashqari, bu o‘ta dramatik lavha qahramonning shaxsiy va ijtimoiy fojiasiga ishora hamdir. Ayni vaqtda, bu o‘ta iztirobli ko‘rinishdagi ma’no Xurrambekning Vatan va millat qadr-qimmatini har narsadan ulug‘ qo‘yishining yorqin ifodasidir. Safdoshi, do‘sti Ostonning qizillardan kechirim so‘rashga chog‘lanishi, sho‘rolarga ashaddiy qarshi bo‘lgan Xo‘ja Eshonning asta-sekin yangi tuzumga xayrixohlik ko‘rsata boshlashi ham hayot haqiqatining, ham Xurrambek idealining ichdan yemirila boshlashi edi. Dramaturg asar oxirida qahramonini o‘ldirmaydi, «qizil»larga taslim ham qilmaydi, o‘zga yurtlarga badarg‘a ham etmaydi. O‘z azoblari quyunida tanho qoldiradi. Bu qahramon g‘oyalarining o‘lmasligiga ishora, yozuvchi ideallarining amalga oshuviga umid, badiiy haqiqatning hayot haqiqati sifatida namoyon bo‘lishidir.
Download 33,13 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©hozir.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling

kiriting | ro'yxatdan o'tish
    Bosh sahifa
юртда тантана
Боғда битган
Бугун юртда
Эшитганлар жилманглар
Эшитмадим деманглар
битган бодомлар
Yangiariq tumani
qitish marakazi
Raqamli texnologiyalar
ilishida muhokamadan
tasdiqqa tavsiya
tavsiya etilgan
iqtisodiyot kafedrasi
steiermarkischen landesregierung
asarlaringizni yuboring
o'zingizning asarlaringizni
Iltimos faqat
faqat o'zingizning
steierm rkischen
landesregierung fachabteilung
rkischen landesregierung
hamshira loyihasi
loyihasi mavsum
faolyatining oqibatlari
asosiy adabiyotlar
fakulteti ahborot
ahborot havfsizligi
havfsizligi kafedrasi
fanidan bo’yicha
fakulteti iqtisodiyot
boshqaruv fakulteti
chiqarishda boshqaruv
ishlab chiqarishda
iqtisodiyot fakultet
multiservis tarmoqlari
fanidan asosiy
Uzbek fanidan
mavzulari potok
asosidagi multiservis
'aliyyil a'ziym
billahil 'aliyyil
illaa billahil
quvvata illaa
falah' deganida
Kompyuter savodxonligi
bo’yicha mustaqil
'alal falah'
Hayya 'alal
'alas soloh
Hayya 'alas
mavsum boyicha


yuklab olish