II.3. SHOIR SHE’RLARINING BADIIY XUSUSIYATLARI
Shodmon Sulaymon she’rlari soddaligi, ravonligi, samimiy his tuyg`ularga to’lib toshganligi bilan alohidalik kasb etadi. Bu fazilatni ta’minlagan jihat uning badiiy so’z durdonalarini she’riy satrlarga nazokat bilan tizishidir. Shu ma’noda shoir she’rlarida Sharq adabiyotida ko’p qo’llangan badiiy san’atlar (talmeh, tashbeh, tashxis. mubolag`a) singarilar samarali istifoda etilgan. Eng avvalo, shoir she’rlaridagi talmehlarni tahlil etishga harakat qilamiz. “Ona tilim” she’ri quyidagicha boshlanadi:
Humo qanotida sehrli maktub –
Keksa Nuh yo’llagan o’g`li Yofasga.
Bir zot ehtirom-la kaftida tutib,
Sayyoh so’zlaringni “soldi qafasga” –
Ustoz Qoshg`ariydan meros “Devon”im,
Ona tilim, onajonim.
O’zbek tilining qadimiyligi, ko’hna tarixga egaligini ifodalash maqsadida shoir talmehlarga murojaat etadi. Ona tili nima? Shoir nazdida, u “Humo qanotida keksa Nuhning o’g`li Yofasga yo’llangan sehrli maktub”dir. Poetik fikr ohorli. Demak, Nuh payg`ambar va uning o’g`li Yofasga ishora qilinyapti. Yoxud o’zbek tili tarixidagi durdona asar M.Qoshg`ariyning “Devonu lug`otit turk” asaridir. Shoir shu ulug` manba va uning muallifiga ishora qilar ekan, ona tili tarixiga nazar soladi.
Sen –“Irq bitigi”dan kelgan bashorat,
Bobo Afrosiyob so’ylagan kalom.
Ko’zga surtar ekan harfing, ishorang,
Yo’llug` Tegin ko’ksin chulg`agan ilhom.
To’nyuquq, Kultegin, Bilga xoqonim –
Ona tilim, onajonim.
E’tibor berilsa, band boshdan oyoq talmeh bilan ziynatlangan. Ya’ni “Irq bitigi” turkiylarning qog`ozda bitilgan ilk yozma yodgorligi. Afrosiyob turkiylarning qahramoni. Yo’llug`tegin turkiylarning ilk yozuvchisi. “Bilga hoqon”, “To’nyuquq”, “Kul Tegin” esa turkiylarning toshga bitilgan ko’hna yodgorligidir. Shular tarixini bilgan holda shoir ona tili tarixining boyligini asoslaydi.
Yassaviy bag`ridan taralgan hikmat,
Ne baxt, sado berdi har bir yaproqda.
Go’yo mudrab yotgan turkona jur’at
Porladi Alisher yoqqan chiroqda.
“Besh doston” arshidan boqqan Turonim –
Ona tilim, onajonim.
Yassaviy hikmatlari turkiy tilda jaranglagan. Turkona jdur’at mudragan bir paytda Alisher Navoiy “Xamsa”ni turkiy tilda bitdi va uning mavqeini ko’tardi. Shoir shu talmehlar orqali o’zbek tilining sahifalariga kirib boradi.
Uyg`ondi Yugnakiy tortgan fig`onlar
Tinglab dunyo chekkan faryod sasini.
Urush olovini yoqqan nodonlar
Tinglasin Xos Hojib taronasini.
Bashar dardlariga bo’lgan darmonim –
Ona tilim, onajonim...
Yusuf Xos Hojibning taronasi u turkiy tilda yaratgan ilk baddiy doston “Qutadg`u bilig”dir. Qolaversa, bu an’anani “Hibatul haqoyiq” asari bilan davom ettirgan Ahmad Yugnakiydir. Shoir shularga ishora qilgan holda tilimizda yaratilgan ilk badiiy asarlarni qayd qilib o’tadi.
Sizni deb Majnunning bo’g`zida faryod,
Farhod tog`lar aro chekadi afg`on.
Jaloliddin suvga sakraydi, hayhot,
Alpomish chohlardan chiqadi omon.
Mashrab ash’or tutar qo’llaringizga,
Bobur g`urbat aro chekadi ohlar,
Siz shunday siymosiz, yo’llaringizga –
Termulsak, to’kilib ketgay gunohlar.
Ayolga maqtov ruhida bitilgan yuqoridagi misralarda Majnun va Farhod obraziga ishora qilingan. Chunki ular ayol muhabbati yo’lidagi chin oshiqlar timsolidir. Mashrab va Boburga ishor qilinishining sababi, bu shoirlar ayol muhabbati haqida yonib kuylaganlar.
Siz – Furqat madh etgan xayoliy ertak,
Fuzuliy yod etgan sarvi xiromon,
Qodiriy Kumush deb atagan malak,
Usmon Nosir ta’rif aylagan Naxshon.
Siz bilan o’tgandi qayg`u, kadarsiz –
Hamid Olimjonning yoshlik chog`lari,
Sevgisi dil qadar, osmon qadarsiz,
Muhammad Yusufning qizg`aldoqlari!
Aslida she’rni boshdan oxir talmehlar bilan bezash xususiyati H.Olimjonda ko’zga tashlanadi. Sh.Sulaymon ham shu an’anani davom ettirgan. Chunki har bir misrada poetik fikr talmeh orqali yuzaga chiqqan. Binobarin, Furqat va Fuzuliy g`azallarining asosini ishq talqini tashkil etadi. Q.Qodiriy yaratgan Kumush obrazi o’zbek qizlarining, o’zbek ayolining yorug` timsoliga aylangan. Qolaversa, Usmon Nosirning go’zal qahramoni “kiprigi ko’ksiga soya solgan” qiz Naxshon, H.Olimjonning “Eng gullagan yoshlik chog`imda” she’ridagi lirik qahramon, M.Yusufdagi ohorli qizg`aldoq timsoli Ayol obarizining mujassam timsolidir. Shoir talmehlari ana shu ma’noda o’zining mustahkam asosiga egadir.
Jo’mard Alpomishdan olardik saboq,
Har gal dilga joylab millat yodini.
Ko’zlarda yosh bilan tinglardik biroq
To’maris momoning ohu dodini…
Jo’mard Alpomish mashhur “Alpomish” xalq dostonining bosh qahramoni. To’maris momo esa yurt ozodligi timsoliga aylangan obraz. Shoir bu ikki qahramonga ishora qilar ekan, millat yodini o’quvchiga shu bilan tushuntiradi.
Qalbda yig`lar edi xo’rlangan fikrat,
Qonlar daryo bo’lib oqqan tor ko’cha.
Yurtim deb fig`onlar aylagan Fitrat,
Orzusi toptalgan Fayzulla Xo’ja.
Yurt ozodligi, erki yo’lida qatag`onga uchragan Fitrat, Fayzulla Xo’jaevga bejizga ishora qilinayotgani yo’q. Chunki Vatan manzillarining bugungi charog`on yo’llari ana shunday fidoiylar tufaylidir.
Temurbekning adolat so’zi,
Ulug`bekning tole yulduzi,
Daho Ibn Sino vorisi –
Biz buyuk yurt farzandlarimiz!
“Yoshlar madhiyasi”dan olingan bu satrlar g`urur hissi ufurib turibdi. Shoir o’zbekning ko’hna tarixida nomlari zarhal harflar bilan bitilgan Temurbek, Ulug`bek, Ibn Sinoga ishora qilar ekan, o’sib kelayotgan yosh avlodga ularni ibrat qilib ko’rsatadi.
Tashbeh o’xshatish san’ati bo’lib, poetik fikrni ta’sirchan va jozibador qilib ifodalashga xizmat qiladi. Sh.Sulayson she’rlarida tashbehning go’zal namunalari uchraydi:
. Ayollar, Siz hayot bog`bonlarisiz,
Siz – umr shomining charog`bonlari.
Jur’at, jasorati tillarda doston,
Mehru muhabbatning chin posbonlari.
Shoir ayollarni hayot bog`boniga o’xshatadi. Zero, bog`bon bog`ni yashnatgani kabi ayol hayotni yashnatadi. Umr shomining charog`bonlari deydi shoir ayolni. Binobarin, ayol umr kechasini yorituvchi charog`bondir.
Ona, sochingizni qopladi qirov,
Mening yuragimda ko’paydi dog`lar.
Alamdan sochlarin yulmasin birov –
Men edim ko’ngilga solgan firoqlar.
Onaga bag`ishlangan she’rda onaning oqargan sochlari qirovga o’xshatiladi. Haqiqatan, ona oila, farzandi uchun suv kelsa simirib, tosh kelsa kemirib umr o’tkazadi. Natijada sochlari qirovga aylanganini sezmay qoladi.
“Yangi yil tilaklari” she’rida ham tashbehlar ohorli:
Qor misol beg`ubor, qor kabi uyg`oq,
Yurtim, oq tonglaring buncha munavvar.
Bugun yuragim ham qor misol oppoq,
Bugun tilagim ham qordek muzaffar.
Bunda yurt tonglari qorga o’xshatiladi. Misol, kabi ko’makchilari esa o’xshatish vositasi bo’lib xizmat qilgan. Zero, mustaqil yurtning tonglari qor misoli oppoq. Shuning uchun lirik qahramon qali ham shunday oqlikka do’nadi. Natijada uning yuragi va tilagi qorga mengzaladi.
Onamdek boshimni silagan munis,
Ustoz, dard ko’rmasin qadoq qo’lingiz.
Men ham mashaqqatni, mehnatni dedim,
Demak, menga taqdir Sizning yo’lingiz.
Bunda ustoz uchun tashbehlar izlanadi. Nihoyat bir fikrga keladi shoir: ulug` zotni munis deya ta’riflar ekan,uning mehr taftini onaning farzandning boshini silashiga qiyosladi.
“Oshiqona” she’rida shoir o an’anaviy tashbeh qo’llaydi.
Soching kabi tiyra
Bo’ldi g`amu yodim
G`amlarini sochga o’xshatadi. Bunda o’xshatilish sababi sochning qoraligidir.
Biz juft daraxt edik aslida –
Qorda qolgan beg`ubor qalbi.
Ajralishdik xazon faslida
Asir tushgan yaproqlar kabi.
Muhabbat mavzusidagi bu she’rda oshiq va ma’shuqa bir juft daraxtga o’xshatiladi. Biroq ularning ayriliqdagi holati esa xazon faslida erga uzilib tushgan yaproqlarga qiyoslanadi.
Ne tong, ko’rgach, qamashgay ko’kda yulduz,
Sehrgar ko’zlari cho’lpon, keraksan.
Dastlabki misrada mubolag`a mavjud. Ya’ni ma’shuqa go’zalligidan ko’kdagi yulduz qamashadi. Mumtoz adabiyotda ko’zni cho’lponga qiyoslash an’anaviydir. Shoir ham shu an’anaga ergashib, yor ko’zlarini cho’lponga qiyoslaydi. Cho’lpon esa tong yulduzi demakdir.
Asir etdi ko’ngilni xush iforing,
Pariro’y, sumbuli rayhon, keraksan.
Yuqoridagi g`azaldagi tashbehlar ham an’anaviy. Ya’ni pariro’y pari yuzli, sumbuli rayhonga o’xshatiladi.
Singillarim, yuragimning parchalari,
Atirguldek yashnaganim, g`unchalarim,
Haqdan tilay sizga tole darchalarin,
Singillarim, yuragimning parchalari.
Musichadek qimtinasiz, kamtar biram,
Biru borim O’zi sizga qilsin karam,
Men kim bo’ldim, ojiz banda akangiz ham,
Singillarim, yuragimning parchalari.
Shoir singillarga mehrini izhor etar ekan, ularni yurakning parchasiga o’xshatadi. Ularning go’zalligini atirgulga, beozorligini musichaga qiyos etadi.
She’riyat misoli burgutdir,
Olisga tikadi ko’zini.
Shum ajal solganda xavotir,
Toshlarga uradi ko’ksini.
She’riyat haqida shoirning tashbehlari betakror. Shoir she’riyatni burgutga o’xshatadi. Chunki burgut qudratli qush sifatida shum ajal xavotir solsa ham, ko’ksini toshlarga ura oladi.
Shoir she’rlarida mubolag`a, tashxis, sifatlashning ham go’zal namunalari uchraydi.
Qiyosingiz topmoq – mushkuldir, zotan,
Hatto ko’kda Quyosh bo’ladi maftun.
Sizni tashbehlardan bilib mukarram,
Faqat o’zingizga o’xshatmoq mumkin.
Tongda qushlar bilan qurasiz suhbat,
Bahor Sizni deya oshiqar yo’lga.
Tog`lar poyingizda qiladi hasrat,
Siz mangu oshnosiz, ko’ngilga, gulga.
Ayolga maqtov mavzusida yaratilgan she’rda mubolag`a mavjud. Ya’ni uning go’zalligiga ko’kda quyosh ham maftun bo’ladi.
“Shivirlaydi atirgulning yaproqlari” tashxisi ham betakror. Atirgul yaproqlarining shamolda mayin tebranishi insondagi shivirlash xususiti orqali ifoda etiladi.
Sen yovlikni bilmagaysan, munisdirsan,
Sen opamsan, sen singlimsan – nafisdirsan,
Sen otamning ko’ksidagi mangu og`riq,
O’g`lim tutgan bayroq kabi azizdirsan.
Mangu orzu, mangu matlab, mangu armon,
Yodginangdan aylanayin, Buxorojon.
Buxoroga bag`ishlangan she’rda mangu og`riq, mangu orzu, mangu matlab, mangu armon singari sifatlashlar ishlatilgan. Bu sifatlashlar buxoro bilan bog`liq.
Saxovatli qo’rg`oni bor,
Jasoratli Sarboni bor,
Baxtdan yorug` osmoni bor,
Ozod diyor, hur chamanga –
Posbondirmiz shu Vatanga.
Otalarning suyanch tog`i,
Onalarning ko’zmunchog`i,
Jannatning bitta chorbog`i,
Dunyo loldir bu gulshanga –
Qalqondirmiz shu Vatanga.
Saxovatli qo’rg`on, jasoratli Sarbon, yorug` osmon, ozod diyor, hur chaman singari birikmalar sifatlash bo’lib, yurt ta’rifi uchun bitilgan.
Umuman olganda, Sh.Sulaymon she’rlarida talmeh, tashbeh, mubolag`a, sifatlash kabi san’atlardan samarali foydalanilgan. Bu san’atlar orqali shoir poetik fikrni jonli va ta’sirchan qilib ifodalashga erishgan.
Xulosa
Buxoro adabiy harakatchiligi tarixi o’zining yorqin sahifalariga ega. Ahmad Donish, Sadriddin Ayniy singari ulug` adiblardan boshlangan mazkur jarayon davrdan davrga o’tgan sayin to’lisha bordi. Keyinchalik bu qatorga Toshpo’lat Hamid, Samandar Vohidov, Sadriddin Salim Buxoriy, Toshpo’lat Ahmad, Isroil Subhon, Laylo Sharipova singari shoirlar kelib qo’shildilar. Shodmon Sulaymon ham o’tgan asrning 90 yillarida yoniq bir ovoz bilan adabiyot, she’riyat olamiga kirib keldi. Dastlabki she’rlaridanoq kitobxonlar e’tiboriga tushdi, taniqli munaqqidlarning e’tirofiga sazovor bo’ldi.
“Xosiyatli kun”, “Kuz xayoli”, “Tug`ilgan kun” she’riy to’plamlaridan o’rin olgan turli janrlardagi she’rlar: barmoq vaznidagi she’rlar, g`azal, qasida, sochma kabilarda uning iqtidori namoyon bo’la bordi. Bu asarlarda samimiy hislar jo’sh uradi, yuksak vatanparvarlik, yurtga sadoqat ohanglari taraladi.
Shoir she’rlari mavzu jihatidan ham rang barangli kasb etadi. Muhabbatning shirin iztiroblari, onani ulug`lovchi she’rlar, Vatan haqidagi manzumalarida uyg`oq fikrli nozik qalb egasining turfa navolari o’z ifodasini topgan. Ayniqsa, “Men Vatan deb yo’lga tushdim” deb boshlanuvchi sochma she’ri Vatan haqidagi go’zal qo’shiq yanglig` yangraydi. Undagi ichki qofiya sa’jdan foydanish xalq dostonlari uslubini yodga soladi. Vatannning bir parchasi bo’lgan Buxoro haqidagi bitiklar ham nihoyatda ohorli. Bu bitiklar iqtidorli ijod sohibining qadim tarixga guvoh ko’hna shaharga farzandlik mehri bilan limmo lim. Muhabbat mavzusida yozilgan she’rlar ham haqiqiy oshiq qalbning nozik his kechinmalarini o’zida ifoda etadi. Ona, ota va singilga bag`ishlangan she’rlar esa shoirning eng insonlarga beqiyos mehrini, muhabbatini namoyish etib turadi. Qolaversa, shoirning mustaqillikka shukronalik ruhida bitilgan she’rlari bugungi kunlarimizning qadriga etishga chorlaydi.
Shu bilan birga shoirning aruzda ijod qilish yo’lidagi izlanishlari ham e’tiborli. Ramal, hazaj bahrida yozilgan g`azalllar shakl va mazmun jihatdan bir biriga uyg`undir. Qasida janri imkorniyatlaridan foydalangan shoir yurtga faxriyalarini an’anaviy barmoq vaznida yaratgan.
Sh.Sulaymon o’zbek mumtoz shoirlari ijodini yaxshi bilan, zamondosh shoirlar asarlarini mutolaa qilishdan to’xtamaydi. Shuning uchun bo’lsa kerak, uning she’rlari A.Oripov va M.Yusuf she’riyatiga hamohanglik jihatlari seziladi.
Sh.Sulaymon tarix varaqlashdan, uning qatidagi sir sinoatlarni bilishni sira ham to’xtamaydi. U tarix zarvaraqlaridan hikmatlar topib, ularning satrlarga joylaydi va ulardan hayotiy xulosalar, saboqlar chiqaradi.
Shoiri she’rlari Sharq she’riyati buloqlaridan suv ichgan she’riyat. Shu ma’noda u Sharq mumtoz adabiyotida qo’llangan badiiy san’atlar: talmeh, tashbeh, mubolag`a, tashxis, sifatlash singarilarni muvaffaqiyatli qo’llab, go’zal poetik manzaralar yarata olgan. Ayniqsa, shoir talmehlarining asosi mustahkam. Bunga shoirning “Men baxtdan yaraldim” saylanmasidagi she’rlar shahodat bera oladi.
Shunday qilib, Sh.Sulaymon she’riyati hozirgi Buxoro adabiy harakatchiligida, qolaversa, zamonaviy she’riyat takomiliga xizmat qila oladi. Undan kelajakda yana go’zal she’riy bitiklar kutib qolamiz.
Do'stlaringiz bilan baham: |