She’riyatmiz malikasi
Zulfiya opa deganda, daf’atan ko‘z oldimizda turfa chechaklar bilan ziynatlangan bir chamanzor namoyon bo‘ladi . Zulfiya opa qahramon, ulkan jamoat arbobi, murabbiy va muharrirdir. Shoira o‘z suhbatlarida, maqolalarida o‘zlarini g‘oyatda kamtar tutib, kam ijod qilganliklarini chiroyli bir nadomat bilan aytib turadilar .
Mamlakatimizning eng nomdor adiblari Zulfiya opaga she’r bag‘ishlaganlar yoki asarlarida opaning nomlarini ko‘p bora ehtirom bilan zikr etganlar. Ular qatorida Nikolay Tixonov, Mirzo Tursunzoda, Chingiz Aytmatov0, Rasul Hamzatov, Mustay Karim kabi siymolarning nomlarini keltirish mumkin. Adabiy davralarda Zulfiya opaga juda katta mehr bilan boqib, u kishini “ she’riyatimiz malikasi “ deb atab keladilar . Opaning hayot jasorati esa qalamkashlar uchun go‘zal va afsonaviy mavzu bo‘lib kelayotir .
Xalqimiz hayoti sadoqat va vafo bilan yo‘g‘rilgan farzandini, albatta, ardoqlaydi .
(110 so‘z ) ( A.Oripov)
So‘z haqida
Inson jon va tanadan yaratilganidek, so‘z ham ma’no va shaklning birligidan iborat bo‘ladi. Ma’nosiz so‘z – jonsiz tanadek.
Darhaqiqat, Alisher Navoiy ,,Hayrat ul-abror“ dostonida so‘zning umrboqiyligi haqida yozadi. Ammo besh yuz yildan beri zavol yetmasdan, to‘kilmasdan, buzilmasdan xolis xizmat qilib kelayotgan biror ashyo, boylik bormi? Yo‘q, bu muddat ichida oqib turgan daryolarning nechtasi quridi, qurimoqda. Binolar vayronaga aylanib, bir avlod ko‘z o‘ngida yo‘qolib ketmoqda. Ammo so‘zdan odamlar qancha zamonlardan buyon foydalanib keladi. Uzluksiz ishlatilsa suv ham kamayadi, lekin so‘z, aksincha, sayqallanib, boyib boradi. So‘zda beqiyos joziba yashiringan. Chunki hech narsa insonni ko‘ngilga yaqin kishisi bilan suhbatlashgani kabi ta’sirlantirolmaydi. Odamlar shuning uchun doimo dilkash, beozor kishilar bilan suhbatlashishga mushtoqlik sezadi.
So‘zdek mo‘jizakor boyligimizdan to‘g‘ri, oqilona foydalanaylik.
(114 so‘z. D. Abdusattorova, “Ezgulik”)
Tabiat qo‘ynida
Riza tepalikka chiqib borganda bir tekis ochilgan binafsha, har xil o‘t-o‘lanlar, purviqor archalar quyosh nuriga bearmon cho‘milmoqda edi. Ertalabki ovga chiqqan bir tulki bu yerda bexosdan paydo bo‘lib qolgan odamdan cho‘chib, o‘zini daraxtzor ichiga urdi. Mana, ochiq joy tugab, archazor boshlandi. Riza archazorga sho‘ng‘ib, narigi betidan chiqdi. Ikki hatlab, qiyalikda turgan kattakon xarsangga yetdi. Xarsang silliq edi. Riza xarsang ustiga o‘tirib, atrofni tomosha qila boshladi. Uning oldiginasidan boshlanuvchi jilg‘a kengaya-kengaya Oqsoqota soyiga borib tutashadi. Hu ana, tubanda shamolda hilpirab turgan oq lentaday Oqsoqota soyi oqmoqda.
Xarsangning tagidan tip-tiniq buloq viqir-viqir qaynab chiqmoqda. Buloq tubidagi oq, qizil, ko‘k, turli-tuman mayda toshlarning rangi suvga urib, jimir-jimir tovlanadi.
(111 ta so‘z)
Kamtarlik
Kamtarlik - inson qiyofasini bezovchi bebaho fazilatlardan biri. Haqiqiy kamtarlik, insonparvarlik, odamiylik kabi xislatlar bilan uzviy bog‘liqdir. Kamtar odam o‘zini hech qachon mehnatkash xalqdan ustun qo‘ymaydi. Xalq bilan doimo bir tan, bir jon bo‘lib yashaydi. Oilada, turmushda, yurish-turishda, kiyinishda oddiy odamlarga nisbatan samimiy munosabatda bo‘ladilar.
«Kamtar kam bo‘lmas», «Kamtarga kamol», - deydi dono xalqimiz. Isbot talab qilmaydigan bu haqiqat ming yilliklarning sinovidan o‘tib kelmoqda. Shu bois, kuyunchak birodarlarimiz o‘z yaqin qadrdonlariga doimo kamtar bo‘l, kamsuqum bo‘l, kam bo‘lmaysan deb nasihat qiladilar. Chinakam kamtar, chinakam kamsuqum kishilardan har qanday buyuklikni, har qanday fidoyilikni kutish mumkin. Chunki, undaylar ota-ona-yu do‘st - birodarlarga samimiy mehr-muhabbat ko‘rsatishni, ko‘zlagan maqsad sari sabr-bardosh bilan intilishni o‘z hayotlarining mazmun-mohiyati deb biladilar.
Do'stlaringiz bilan baham: |