Sehrli ertaklar
O‘zbek xalq ertaklarining salmoqli qismi sehrli ertaklardan
iboratdir. Mashhur va taniqli folklorshunos olimlarning
ta’kidlashicha, turli xalqlar ijodida uchraydigan
ertaklar orasida eng bir-biriga o‘xshash mazmunga ega
ekani sehrli ertaklardir. Bunday ertaklarni ko‘pincha
asar qahramoniga nimanidir yetishmasligi, qahramonning
bu narsaga ega bo‘lishi, qandaydir ishni taqiqlash, kuchli
raqibning mavjudligi, havfli safarga chiqish kabi
lavhalar birlashtirib turadi. Eng muhimi sehrli ertaklarda
turli mo‘jizalar, afsungarliklar, fantastik tasvirlar
yetakchilik qiladi. Chunonchi, Hamid Olimjon ≪Oygul
bilan Baxtiyor≫ dostonining boshlanishida aytgan: ≪o‘zi
uchar gilamlar≫, ≪o‘t bog‘lagan qa notlar≫, ≪beqanot uchgan
otlar≫, ≪qiz bo‘lib ochilgan gul≫, ≪so‘ylaguvchi
devorlar≫, ≪bola bo‘p qolgan chollar≫ kabi misralar
aynan sehrli ertaklar ta’rifiga to‘g‘ri keladi.
Sehrli ertaklarda mifologik dunyoqarash belgilari alohida,
aniq seziladi. Chunki uzoq qadim zamonlarda totem
hisoblangan ilon, semurg‘ va fetish hisoblangan yer,
quyosh, suv kabi tushunchalar an’ana bo‘lib mazkur ertaklarga
o‘tgan. Natijada, ≪Semurg‘≫, ≪Devbachcha≫,
≪Yalmog‘iz≫, ≪Mehrigiyo≫, ≪Mohis tara≫, ≪Ur to‘qmoq≫
kabi namunalar xalq orasida ajdodlarimizning fantastik xa -
yolga berilishi mahsuli sifatida shuhrat topdi. Avvalgi
mavzularda qayd etganimizdek, televidenie, telefon, masofa
orqali boshqariladigan qurilmalar, samolyot, avtomobillarning
paydo bo‘lishi ko‘p jihatdan sehrli ertaklardagi
orzular natijasi sifatida baholanishi mumkin.
Sehrli ertaklar mavzularining xilma-xilligi bilan ham
e’tiborni o‘ziga jalb qiladi. Ularda turli sarguzashtlar,
mo‘’jizaviy hayot tasviri, adolatning g‘alaba qilishi, insoniy
68
fazilat madhi keng o‘rin olgan. Bunday asarlarda ayniqsa
tasvir san’atlaridan mubolag‘adan qayta-qayta foydalaniladi.
Eng muhimi tinglovchi yoki kitobxon mubolag‘alarning
birontasiga shubha bilan qaramaydi. Masalan, ≪Mohistara≫
ertagida yugurayotgan kiyik oyog‘i ostidan duru gavharlar
sochiladi. ≪Ota vasiyati≫ ertagida tutatqi tutatilgani zahoti
kenja o‘g‘il qarshisida anjomlangan ot paydo bo‘ladi.
Ammo bunday mo‘jizalarning sodir bo‘lishi hech kimda
shubha uyg‘otmaydi.
Sehrli ertaklarda tilsimli narsa — predmetlar haqida ham
fikr yuritilgan. Masalan, daryoga aylangan oyna, changalzorga
aylangan taroq kabi tasvirlarga keng o‘rin beriladi.
Xulosa qilib aytish mumkinki, sehrli ertaklar halqning
nisbatan qadimgi ijod mahsulidir. Ularda inson xayoli
naqadar cheksiz ekani namoyon bo‘ladi. Shuningdek,
ajdodlarimiz turmush qiyinchiliklaridan tashvishga tushgan
paytlarida bu asarlar ularga umid bag‘ishlagan. Ularda kelajakka
ishonch ruhini uyg‘otgan. Mazkur ertaklarni so‘z
san’atining mukammal namunalari sifatida baholash uchun
ham asos yetarlidir.
Do'stlaringiz bilan baham: |