ChARLZ DIKKENS IJODI XIX asr tanqidiy realizm davri ijtimoiy o‘zgarishlarlarga boy bo‘ldi. Vujudga kelgan ilm-fan va texnika taraqqiyoti insonlarning bir-biriga bo‘lgan munosabatlariga ham ta’sir qila boshladi. Mana shu davrda ayollarga bo‘lgan munosabat ham o‘zgardi. Viktorian ayollar ovoz berish xuquqi, vasiylik qila olish yoki ajrashish maqsadida sudga murojaat etish kabi xuquqlardan mahrum qilingan edi. Angliyada 1837-1901 yillar mobaynida xukmronlik qilgan qirolicha Viktoriya ayollarning joyi faqat uy bilan chegaralanishini va ayol faqat oila davrasida o‘zini baxtli xis qilsagina, siyosat u uchun ikkinchi o‘rniga tushishini ta’kidlagandi. Ijtimoiy-siyosiy soxalarda yetakchilik qilayotgan erkaklar britaniya ayollarini yuridik jihatdan chegaralab qo‘ygan edilar. Ayollar mamlakatning to‘la xuquqli fuqarosi sifatida tan olinmas va shu bilan birgalikda merosga egalik qilishdan mahrum qilingandi. Erkaklar singari o‘z xuquqini talab qilish maqsadida ayollar ham asta-sekinlik bilan xarakat qila boshladi. XIX asrda vujudga kelgan ayollar xarakati ilk marta tarixda eng kuchli mustaqil xarakat sifatida tan olindi. Mazkur ayollar xarakati o‘z xuquqi uchun kurashi muhim ijtimoiy jarayon bo‘lib AQSh va Buyuk Britaniyada sodir bo‘lib o‘tdi. Mazkur ayollar xarakati nafaqat ijtimoiy hayotda balki adabiyotga ham o‘z ta’sirini o‘tkazmay qolmadi.
Protestant odob-axloqi ayollarning erki masalasida ayol faqat farzandni dunyoga keltirish va uni tarbiyalash bilan xarakterlanardi. Mana shu muhim jihat viktorian aqidaning negizi bo‘lib qoldi. Biroq Britaniya jamiyatida vujudga kelgan ayollarning an’anaviy chiqishlari mamlakatda ayollarning mehnat bozoriga jalb qilinishi bilan yakun topmadi. Ayollarning mexnat qilishi qo‘shimcha daromad topishi boshqa masalaning paydo bo‘lishiga turtki bo‘ldi. Viktorian davrida nikoh yoshidagi ayolning turmushga chiqishi muammoga aylana boshladi. 1870 yilda 20 yoshdan 25 yoshgacha bo‘lgan xar mingtadan 652 tasi turmushga chiqmagan qizlarni tashkil etardi. 1901 yilda bu ko‘rsatkich 726 taga yetdi. XIX asrda ayollar uchun yaxshi xaq to‘lanadigan ish bu uy xizmatkori, tekstil fabrikalarida ishchi bo‘lib ishlash edi. 1851 yilda ayollarning xaq-xuquqi uchun kurashning targ‘ibot tashviqot ishlarini ilk marta Garriet Teyler Mill “Vestminister Revyu” deb nomlangan maqolasida xuddi talab sifatida aniq ifodalab beradi. 1867 yil Buyuk Britaniyada ayollar xarakatining evolyusiya bosqichi deb qayd etiladi.
Sodir bo‘lib o‘tgan o‘zgarishlar adabiyotga o‘z ta’sirini o‘tkazmay qolmadi. Ideal ayol xarakteri o‘zida g‘amxo‘r rafiqa, e’tiborli ona kabi ko‘plab xarakterli qirralarni viktorian adabiyotda aks etirdi. Koventri Petmorning “Uy farishtasi”(The Angel Of The House 1854) deb nomlangan poemasi bunga yaqqol misol bo‘la oldi. Ushbu poema ko‘plab viktorian xususan V.Tekkerey, Ch.Dikens ijodida o‘z ta’sirini ko‘rsatdi.
Berikmen, Makdonald va Stark o‘zining “Chirigan munosabat”(«Corrupt Relations») asarida XIX asr viktorian ayollar mufavaqiyatining uch xil faktorini izoxlab o‘tadi: «… the ultimately successful struggle to change the divorce laws… the even more far-reaching struggle to pass the married women’s property bills. The extention of the suffrage… the widening of occupational opportunities for women … and the opening of the universities to women». “ Mufavaqiyatli kurash mavjud bo‘lgan ajrim qonuniga, qabul qilingan nikox qonuniga o‘zgartirishlar kiritdi. Mulkka ayollarning egalik qilish xuquqi berildi, shu bilan birga ayollarning oliygohlarda tahsil olishi uchun ham imkoniyat yaratildi”. Ko‘rsatib o‘tilgan faktorlar viktorian adabiyotning ayolga ikki xil munosabatda bo‘lishni yuzaga keltirdi. Birinchisi ayolga xuddi bola kabi munosabatda bo‘lish bo‘lsa, ikkinchisi bu ayolga mustaqil inson sifatida qarash edi. “Chirigan munosabat” asarining mualliflari Dikkens, Kollinz, Tekkerey va Troloplarning ijodida ayolga chin insoniy munosabatda bo‘lish masalasiga ham e’tibor qaratishdi “Their novels all reflect, or perhaps more accurately, refract the changing conceptions of women’s roles that characterized Victorian England… Courtship and marriage plots in the works of these four novelists present the primary issues of identity, freedom, and power as they actually confronted most Victorian women of the period”. Tanqidchi bo‘lgan Berikmen, Makdonald va Starklar mana shu to‘rt ingliz yozuvchilari bir xil muammoni o‘z asarlarida ko‘tarishgan bo‘lsa-da, biroq, ularning xech qaysi biri ayolni to‘la xuquqli inson sifatida tasvirlamaganliklarini qayd etishadi. Masalan Uilki Kollinz “Er-xotin”(Man and Wife) asarida yagona va kuchli bo‘lgan bosh qaxramon Xesterni jinni deb ataydi va asar oxirigacha Xesterni qaram ayol sifatida ifoda etadi. Mazkur asarda ayollar odatiy, zerikarli,kuchsiz va ximoyaga muhtoj insonlar sifatida namoyon bo‘ladi.Kollinzning erkak xarakterlari ayolga bola yoki bo‘ysundira oladigan predmet deb qarashadi. Uillyam Tekkerey “Ketrin”(Catherine 1840) yoki boshqa asarlarida o‘z ayollarini savodsiz, o‘g‘ri yoki yolg‘onchi sifatida tasvirlaydi. Erkak obrazlari esa to‘la xuquqli inson bo‘lib, ayolga nisbatan adolatsiz va notabiiy munosabatni aks ettiradi. Adibning “Shuhratparastlik ko‘rgazmasi” (Vanity Fair. A Novel without Hero 1848) asaridagi voqealar XIX asrning boshlari Angliya mamlakatida sodir bo‘lib o‘tadi.Asarning bosh qahramonlari sifatida ikki ayol Bekki Sharp va Emiliya Sedli ismli qizlarni tasvirlaydi. Mana shu ikki qahramon yashab turgan jamiyat muallif ta’rifida shuhratparastlik vasvasasiga to‘lganlar jamiyatidir. Jamiyat a’zolariga ayyorlik, munofiqlik, axloqsizlik kabi illatlar singib ketgan. Bu illatlarni ko‘rsatib berishda ikki ayol xarakteri misolida juda mohirlik bilan ifodalab berilgan. Biroq, adib ikkala ayolni ham asar yakunida baxtsiz, ya’ni hayotda baxt topmagan insonlar safida qoldiradi. Asar boshida pansionatda ta’lim olayotgan qizlar ikki tabaqa vakillarini namoyon etadi. Voqealar rivojida muallif ayollarning nuqsonlarini ko‘rsata turib, baxtsiz bo‘lib qolishiga o‘zlari aybdorligini izohlab o‘tadi. Kollinz va Tekkereydan farqli ravishda Charlz Dikkens ayollarga bo‘lgan adolatsiz munosabatni qat’iy ravishda rad etgan holda mustaqil ayollarning kuchli obrazini yaratdi. Adib zamonaviy erkak obrazlarini yarata turib, ayolga xurmat bilan qarashni, ularning ta’lim olishida xomiy bo‘lish va ayolga to‘la xuquqli inson sifatida ko‘rish kabi xususiyatlarni dadillik bilan namoyon etdi.
Yuqorida ta’kidlab o‘tilgan adiblar o‘z asarlari bilan jamiyatning barcha qatlamlariga mansub bo‘lgan erkaklarning fikrlash doirasiga ta’sir qildilar. Endi ular ayollarning o‘z-o‘zini anglashi va to‘la xuquqli mustaqil inson bo‘lishi mumkin ekanligini anglay boshlashdi. Bu esa viktorian jamiyat ayolning yangi tiplarini qabul qilishga tayyor ekanligini ko‘rsatdi. Shu bilan birga tanqidiy realizm davrida ijod etgan yozuvchilar nafaqat mamlakatda ishlab chiqilgan qonunlarga o‘zgartirish kiritish, balki ayollarga bo‘lgan ijtimoiy munosabatning o‘zgarishiga ham turtki bo‘lishdi. Ta’kidlab o‘tilgan adiblar ijodida mavjud qadriyatlarni inkor etuvchi, mustaqil fikrga ega bo‘lgan kuchli ayollar namunasini ham uchratish mumkin. Bunday tipdagi ayollar jamiyatni boshqarayotgan qonunlar va urf-odatlarni umuman ayolni oyoq osti qiladigan jamiyatni tanqid qilishdi.
Mustaqil ayollar xarakteri nafaqat erkak yozuvchilarda balki, ayol adibalar ijodida ham kuzatildi. Ingliz jamiyatida ayolning shaxs sifatidagi tutgan o‘rni masalasi Jeyn Osten kabi boshqa adibalar singari viktorian Angliyaning erkak yozuvchilarini ham befarq qoldirmadi.