2.2. “Guliston” da ifodalangan ta’limiy-axloqiy qarashlar mazmunida barkamol shaxs tarbiyasi va ularning yoshlar kamolotidagi ahamiyati
Mutafakkirning komil insonni tarbiyalash jarayonida muhim ahamiyat kasb etuvchi “Guliston” asari Sharq xalqlarining pedagogik fikrlari tarixida o’ziga xos uslubga ega didaktik asar sifatida tan olingan. Ushbu asar muallifning boy hayotiy tajribasi asosida yaratilganligi bilan ham qimmatlidir.
Shayx Sa’diy o’zining mashhur asarini yaratilish tarixi haqida shunday yozadi:
“Bir kun kechasi o’tgan kunlarimni eslab, behuda ketgan umrimga afsus-nadomatlar chekdim. Oxirida nadomatda qolmaslik uchun xilvatga chekinishim, do’stlar suhbatini va behuda so’zlarni tark qilishim lozim, degan qarorga keldim. Shu vaqt bir mahallar g’am kajavasida hamrohim, hujramda dilxohim bo’lgan do’stlarimdan biri, eski odati bo’yicha, eshigimdan kirib keldi. U qanchalar xazil-mutoyibalar qilmasin va xandon tashlab kulmasin, men unga javob bermadim, ibodatdan bosh ko’tarmadim. Shunda uning ko’ngli og’ridi. Yaqin do’stlarimdan biri «Sa’diy qolgan umrini toat-ibodatda, sukunatda kechirmoqqa jazm etdi. Qo’lingdan kelsa sen ham shunday qilsang yaxshi bo’lardi»,deb vaziyatni tushuntirmoqchi bo’ldi. Shunda do’stim: « Xudoning azimligi va oramizdagi eski do’stlikka qasamki, agar u men bilan avvalgidek muomalada bo’lmasa, uni tashlab ketolmayman, nafas olmayman, tashqariga yo’l solmayman. Chunki do’stni ranjitgan nodon, ammo qasamni buzmoq osondir. Ichgan qasamining gunohini osongina bartaraf eta oladi, biroq uning tanlagan yo’li nodurustdir”.
Xullas kalom, u bilan so’zlashmaslikning ilojini topa olmadim. Uning suhbatidan yuz o’girishni muruvvatdan deb bilmadim. Chunki u mening sadoqatli do’stim edi. U bidan shahar tashqarisiga chiqdik. Fasli navbahor, qahraton sovuqning kuchi kettan, gulu chechaklar ochilgan edi. Do’stlarimizdan birining bog’ida tunab qolishga to’g’ri keldi. Bu juda ajoyib bir joy bo’lib, g’oyatda safobaxsh, dilrabo, daraxtlari bir-biriga ayqashib ketgan, eriga rango-rang shisha parchalari to’shalganga o’xshar, tepadan osilib turgan uzum boshlari esa, Surayyo yulduzlar turkumini eslatardi. Erta tongda, shaharga qaytmoq fikri bog’da qolmoq orzusidan g’olib kelgan mahalda, do’stim etagini atirgul, rayhon, sunbul, nozbo’ va boshqa gullar bilan to’ldirib, yo’lga chiqmoq taraddudida ekanini ko’rdim. Unga: «Bilasan, gulning ham, gulistonning ham vafosi yo’qdir. Donishmandlar: «har nimarsaki, bevafodir — muhabbat qo’yishga noravodur!» deb juda to’g’ri aytganlar. Do’stim dedi: «Xo’sh, u holda nima qilish lozim?» Men unga : «Mutolaa qilganlarga safo, tinglaganlarga shifo baxsh etadigan «Guliston» nomli kitob yozishim mumkin, uning yaproqlariga kuz faslining shafqatsiz qo’li etmaydi va zamona o’zgarishlari uning xurram bahorini hazin kuzga aylantira olmaydi».
Do'stlaringiz bilan baham: |